OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Chezare Paveze (1908-1950)

Chezare Paveze (Cesare Pavese; 1908-1950) — mashhur shoir va adib. Kuneo viloyatidagi Santo-Stefano-Belboda tug‘ilgan. Turin universitetining ingliz adabiyoti bo‘limida tahsil olgan. Defo, Dikkens, Melvill, Joys, Sh. Anderson, G. Stayn, Folkner, Dos Passos asarlarini italyanchaga tarjima qilgan. Oilasi tazyiqi ostida fashist partiyasiga a’zo bo‘lgan, ammo aksilfashist faoliyat olib borgani uchun partiyadan o‘chirilgan va bir muddat qamoqda o‘tirgan. Urushdan keyin kommunistlarga yaqinlashgan. Amerikalik kinoatrisa Konstans Doulingga bo‘lgan muhabbati fojiali yakunlangan. 1950 yil 26 avgust kuni o‘z joniga qasd qilgan.
Ilk she’riy to‘plamlarida oddiy italyanliklar turmushini tasvirladi, o‘z zamonining fojiasi bo‘lgan fashizmni la’natladi. Bu yillardagi hayoti, muhiti va zamon manzaralari “Turma” romanida,“Tirikchilik” deb nomlangan kundaliklar to‘plamida teran aks etgan. Chezare Pavezening “Avgustdagi ta’til” hikoyalar to‘plami, “Oy va bazm gulxanlari”, “Go‘zal yoz’ “Sening qishloqlaring”, “Tepadagi uy”, “Tepadagi shayton”, “Yolg‘iz xotinlar orasida», “O‘rtoq» romanlari mashhur va ko‘plab tillarga tarjima qilingan.


O‘LIMNING KO‘ZLARI

Ajal kelar bir kuni
Ko‘zi ko‘zingga boqar

Nogoh kelar u eski vijdon azobi kabi
Baxtiqora yetimning qora xo‘rligi kabi
Har kimsa ham bo‘lguvchi bemaza odat kabi
Ortimizdan quvalab yurgan bir ofat kabi

Ajal kelar bir kuni
Ko‘zi ko‘zingga boqar
Bo‘m-bo‘sh bo‘lar u ko‘zlar
Ma’no rang tuyg‘u bo‘lmas
Oynada ko‘rganingday quvonch yo qayg‘u bo‘lmas
Qotib qolgan hayqiriq
Sukutga to‘la bo‘lar
Ey umid-orzu-havas
Anglarmiz u kun sening
Bir hayot bo‘lganingni
Bir hechlik bo‘lganingni
O‘lim uchun hamma bir
Uning uchun hamma teng

Har kimning ham oldiga bir ajal kelishi bor
Arvoh yuzin ko‘zguda ko‘rib qolganday nogoh
Nogoh noxush bir fe’ldan tamom qutulgan kabi
Tosh qotgan dudoqlarga qarab ma’no tuyganday
Tubsiz qora girdobga jim-jim bota ketgaymiz


IZTIROB

Ko‘chalarda sayr eturman rosa charchab tolguncha
fikrim yotib qolguncha
otib qolmoq yashamoq
kim duch kelsa har kimning ko‘ziga tik boqaman
tomirimda qaynar qon
qorongini yoqaman

Har tong avval yashanmagan bir his-la uygonaman
o‘zimni vujudimdan ko‘ra kuchli tuyaman
har tong sovuq bir titroq bilan titrab qo‘yaman

Yigirma yoshimdagi tonglar qoldi uzoqda
Yigirma bir yana necha yillar bari tuzoqda
Bari yer-ko‘k orasida shuv etdi o‘tdi-ketdi
Erta meni insonlar yangi ko‘z bilan ko‘rar
Bir rasmga boqqanday ko‘z tashlab ketar nari
Bir rasmga boqqanday ko‘z tashlab o‘zim sari
O‘ylayman
Ha yosh edim yoshligimni bilmasdim
U oltin kunlarimga ko‘rday parvo qilmasdim

Xuddi zaif bir bola yillarcha davom etgan
yigili alahsigan uyqusidan uygondi
Ha endi u yigilar hecham bo‘lmagandayin
Faqat ranglar qoldi bu qarshimdagi dunyoda
Ranglar esa yiglamas
Ranglar uygotar meni
Xotinlarday qizlarday ko‘chaga chiqar ranglar
Har bir vujud bir rangdir
Bolalar ham bir rangdir

So‘lginlikdan so‘ng shu och-qizil kiyimlik tana
Yangidan qovushajak o‘z hayotiga yana
Tegramdan menga boqqan ko‘zlarni his etarkan
Men-da o‘z borligimni anglab ruhan yayrayman
Odamlar orasida kezib yo‘lga qarayman
Har tong yo‘lga chiqaman ranglarni axtargancha…

Rus tilidan Tohir Qahhor tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.