OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Sar Kapun (1934)

Kambodja shoiri Sar Kapun 1934 yilda Siyemrean viloyatida, dehqon oilasida tug‘ildi. O‘rta maktabni bitirgach, pedagogika markazida o‘qidi. 1963-1966 yillarda Fransiyaning Sen-Kru maktabida malaka oshirdi. 1975 yili Kambodjada hokimiyatni Pol-Pot to‘dasi egallagach, Sar Kapunni mehnat tarbiyasiga surgun qilishdi. Surgunda yoddan she’r to‘qib yurdi, chunki yozishga ruxsat etilmasdi. Keyinchalik xalq xokimiyati o‘rnatilgach, shoir she’rlarini qog‘ozga tushira boshladi. L.Tolstoy, N.Ostrovskiy, V.Mayakovskiy, S.Yesenin asarlarini kxmer tiliga tarjima qildi. 1982 yilda shoirning birinchi to‘plami «She’rlar guldastasi» bosilib chiqdi. E’tiboringizga havola etilayotgan she’rlar shu to‘plamdan olingan.


TONLESAP* KO‘LI 

Qurg‘ochilik mavsumi:
 Baliq isi hammayoq,
 To‘r suvdan olinar choq!
 To‘yar bolalar qorni,
 Bundan katta baxt bormi?
 Hayot bo‘lur farovon,
 Ov kelsa baroridan!

Yomg‘irlar mavsumida:
 Daryo oqmoqda toshib,
 Qirg‘oqlaridan oshib,
 Yomg‘irdan jo‘shgan zamon,
 Shoshilmoqda ko‘l tomon.
 Tonlesap – qadrdon ko‘l,
 Bizlarga madadkor bo‘l!

Mekong** suvi limo-lim:
 Shoshilib ko‘lga oqar,
 Tonlesap baliq boqar.
 Semiz baliq o‘zgacha,
 Tez ko‘payar kuzgacha.
 So‘ng ovlanar tashlab to‘r,
 Baliq ovlash gashti zo‘r!
Tonlesap baliqqa boy:
 Orzu tugib diliga,
 Xalq chiqar sohiliga.
  Chor atrofi beozor,
  Bo‘liq o‘sgan qamishzor.
  Qamish ko‘zlardan to‘sar,
  Baliqlar yayrab o‘sar.

Suvning salqin qo‘ynida:
 Jo‘shqin hayot barq urar,
 Baliq to‘q – bazm qurar.
 Ko‘l tegrasi keng o‘rmon.
 Havosi dardga darmon.
 Yayrab o‘ynagan quvnoq
 Baliqlar raqsiga boq.

Qo‘rg‘oqchilik avj olgan:
 Tonlesap juda tolgan,
 Charchagan, kuchdan qolgan.
 Mekonga, shoshilar, bas,
 Uni to‘xtatib bo‘lmas.
 Yomg‘ir mavsumi payti,
 Ko‘lga oqadi qaytib.

Sog‘inib bir-birini:
 Izlab tusharlar yo‘lga,
 Daryo oshiqar ko‘lga,
 Ko‘l esa daryo tomon.
 Bir-biriga fido jon.
 Ishq bilan to‘lg‘anarlar
 Va visolga qonarlar!

Oshiqqa zor ma’shuqa***:
 Ishdan qaddi bo‘lib dol,
 Sohilga cho‘kib behol,
 Yig‘lab chorlaydi yorin,
 Lek, bilar dil ozorin –
 Sevgilisi unutmas,
 Nomard yo‘lini tutmas.

Asrar u sadoqatin:
 Qiynar ekan hasrat, g‘am,
 Qizga qiladi alam:
 Axir, bir necha kunga,
 Yor bo‘lgan edi unga.
 Endi yigit yiroqda,
 Qiz o‘rtanar firoqda.

Tonlesap baliqqa boy:
  Voblalar**** sakrab o‘ynar,
  Ko‘lda go‘yo suv qaynar.
 Ovla, qovur, pishirgin,
 Dudlab mazasin ko‘rgin.
 Harqanday baliqdan bor,
 Savatdan g‘amla bisyor.

Istasang qoqla, tuzla,
 Istasang qozonga bos,
 Yo ipga tiz, shiftga os.
 Yog‘ini xumga joyla,
 Qishga zahira ayla.
 Er-xotin birdam bo‘lib,
 Baliq ovlang jam bo‘lib.

Pol-potchilar davrida
 Kiyim qora, qalb qora,
 Xalq bo‘ldi ko‘p ovora.
 Guruch yo‘q, baliq qayda?
 G‘am-g‘ussa hamma joyda.
 Hech vaqo yo‘qdi, faqat,
 Bor edi sabru toqat.

Haydaldi yovuz Pol-Pot:
 Endi yo‘q ochlik, o‘lim,
 Chekindi zo‘rlik, zulm.
 Do‘st, adashma yo‘lingdan,
 Erkni berma qo‘lingdan
 Yasha, ishla, dadil yur,
 Yangi hayot gashtin sur!

Cho‘zdi yordam qo‘lini:
 Bizning haq ishimizda,
 Erk deb kurashimizda,
 Vetnamlik birodarlar,
 Erkparvar do‘stu yorlar.
 Quchdik g‘alaba azim,
 Barcha, barchaga ta’zim!
___________
* T o n l e s a p – Kambodja g‘arbidagi ulkan ko‘l.
** M e k o n g – Kambodjadagi daryo, u Loas va Vetnam hududlaridan ham oqib o‘tadi
**** Bu yerda XV asrda bitilgan xalq rivoyati «Tum va Teau»dagi yigit va qizning fojiali sevgisi nazarda tutilmoqda.
**** V o b l a – uncha katta bo‘lmagan baliq turi.



UNUTIB BO‘LADIMI?

Bo‘ladimi unutib, axir,
 Biz o‘tkazgan qora kunlarni,
 Tongga ulab zulmat tunlarni
 Oyoqlar ingichka qo‘limizdan-da,
 Suyakka yopishgan ustixonimiz.
 Faqat ruh yashardi badanda,
 Vujudni tark etib jonimiz.

Tepkilangan tanalarimiz,
 Tillarimiz shishib yopishgan
 Qurib qolgan tanglayimizga.
 Azob-uqubatdan yo‘q majolimiz,
 Qaqshagandi qalblarimiz ham.
 Musht qisishga kelmas holimiz,
 Qaddimizni bukkan edi g‘am.
Pol-Pot degan la’nati qattol
 Oshib ketdi haddidan juda,
 Man etdi u yashashni hatto.
 Bizni ko‘mdi chalajon yerga,
 Mozor – chala qazilgan go‘rga.
 Qonlar yutib o‘tdik erta-kech
 Eh, unutib bo‘ladimi hech!


KO‘Z ILG‘AMAS DALALAR

Yosh do‘stim, bir qaragin,
 Yorishib kelmoqda tong,
 So‘ngsiz sholizor dala.
 Go‘yo atrofga yashil
 Gilam to‘shalgan palla.
 Saxiy ona tuproqda
 Sholi o‘sar baralla.

Qushlar chug‘urlashmoqda,
 Quyosh botmoqda asta.
 Suvlar tiniqki biram,
 Yayrab sakrar baliqlar
 Do‘stim, ketdi dildan g‘am.
 Mehnat qilgin, ilm ol,
 Bo‘lmagaysan sira kam.


MEKONG

Mekong – ilohiy tuhfa:
 Suv beradi, boqadi
 Kxmerlarga yilma-yil.
 Mekong bag‘ishlar hayot,
 Kuch beradi mutassil.
 Mekong oqib turarkan,
 Biz o‘lmaymiz, yaxshi bil!

Mekong bu saxovatdir,
 Mekong o‘zi nafosat,
 Yaltirar oydin oydan.
 Bunday huzurbaxsh suvni
 Topa olamiz qaydan?
 Bormaymiz hech suv izlab
 Bizlar begona joydan!

Mekong ekin sug‘orar,
 Yashnatar dala, bog‘ni.
 Dehonlarga madadkor.
 Jonga bag‘ishlar orom,
 Yerga malham va mador.
 Jo‘shib oqib tur, Mekong,
 Sensiz dunyo ko‘zga tor.

Mensimadi ba’zilar,
 Yetmadilar qadringga.
 Sen-la faxr etmas kim?
 Seni asrab, avaylab,
 Ko‘zlariga surtmas kim?
 O, Mekong! Ona nahrim,
 O, xaloskorim manim!

Juda qadim-qadimdan
 Birga yangrar ikki so‘z –
 Bu Mekong va Hayotdir!
 Suvingdan icha turib,
 Kimlardir seni sotdi.
 Ular sarhadlaringni
 Sotib gunohga botdi.

Sening zilol suvingni
 Ichaman to‘yib-to‘yib.
 Sho‘ng‘iyman, cho‘milaman.
 Bag‘ringda yayrab-yayrab
 Rohatga ko‘milaman.
 Hayotbaxsh qatralaring,
 Jondan aziz bilaman.

Sen muqaddas oqimsan,
 Shaffof, toza va teran,
 Tomirimda jo‘shib oq!
 Sen ustozlar ilmidan
 Yongan hayotbaxsh mayoq.
 Hamisha olg‘a chorlab,
 Porlab turasan har choq.

Suving qalblarimizga
 Boqiy muhabbat ekar.
 Bog‘lab mehrgiyo bilan.
 V’etnam, Laos, Kombodjani
 Bir taqdir, bir daryo bilan.
 Qon-qardoshlik rishtasin
 Haqiqat – ziyo bilan.


ANGKOR

Angkor!* Noyob mo‘‘jiza,
Asr osha, ko‘p zamon
Mag‘rur turibsan hamon.

Ajdodlar merosisan,
Avlodlar qalbida nur
Bo‘lib yashaysan masrur.

Bunyodkorlar ijodi
Aks ettirgan xayolsan,
Najibsan, bezavolsan.

Bobolar shijoati
Namuna bo‘lib bizga
Kuch qo‘shar kuchimizga.
Ter to‘kib ishlaganda,
Har bir hatti-harakat,
Keltiradi barakat.

Qo‘yib tamal toshini,
Tiklab senday inshoot,
Quramiz yangi hayot.

Birlashib yaratar baxt,
Olimlarning yumushi,
Ishchi va dehqon ishi.

Bilim va mehnat bilan
Ongimiz ochadi yo‘l,
Yutuqlar bo‘ladi mo‘l.

Bizga haq-hayot bergan,
Sabr va toqat bergan,
Ilg‘or g‘oyaga balli!

Ochib ongimiz ko‘zin,
Ko‘rsatgan dunyo yuzin
Ilmu ziyoga balli!

Go‘zalligi bir olam,
Bino qurgan muhtasham,
Me’morlarga ofarin!

Yangi hayot yo‘lida
Ishga tushdik bog‘lab bel,
Qani, do‘stim, sen ham kel.

G‘ayratimiz oshadi
Tosh ustiga qo‘yib tosh,
Ishdan hech tortmaymiz bosh.

Belchani olgin qo‘lga,
Ishlagin, qurgin, yarat,
Mehnating-la dong tarat!

Endi dunyo yo‘llari
Senga intilar, Angkor,
El qadring bilar, Angkor!

O‘lmas ruhing hamisha
Zavq uyg‘otib ellarda,
Boqiy yashar dillarda!
_______________
* A n g k o r – IX–XIII asrlarda tiklangan ulkan me’moriy yodgorlik majmui.

Rus tilidan Fayzi Shohismoil tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.