Atoqli latish shoiri Oyar Ottovich Vatsietis (latishcha. Ojārs Vācietis; 1933 yilning 13 noyabrida Trapen volostining (bugun Ap o‘lkasi) Dumpi qishlog‘ida tug‘ilgan. 1949 yili, hali maktabda o‘qib yurganida ilk she’ri e’lon qilingan. U Latviya davlat universitetining latish filologiyasi fakultetini tamomlagach (1957), «Liesma», «Bērnība», «Draugs» jurnallarida va Riga kinostudiyasida ishlagan.
Ilk she’riy to‘plami «Olis sayohatlar epkini» (Tālu ceļu vējš) nomi bilan 1956 yili nashr etilgan. Shundan keyin shoirning 17 she’riy va 2 nasriy kitobi chop etilgan. Mixail Bulgakovning «Master va Margarita» romanini latish tiliga tarjima qilgan. Oyar Vatsietis qator mukofotlar bilan taqdirlangan.
Shoir 1983 yilning 28 noyabrida Riga shahrida vafot etgan.
* * *
Yig‘lasangiz ham mayli,
Kulsangiz ham:
Mening bir otim bor –
U tunlar qo‘shiq aytar.
Qo‘shig‘ining kuyi yo‘q.
Qo‘shig‘ining so‘zi yo‘q.
Asli olganda-ku, o‘sha otning o‘zi yo‘q.
Lekin, do‘stlar, bari bir
Tunlar qo‘shiq aytuvchi
Oti borlar dunyoda
Yashab o‘tgay bearmon.
* * *
Qani, yur, ko‘zi ko‘r odam,
O‘tkazib qo‘yaman seni ko‘chadan.
Mashinalar uchar boshlari garang,
Farroshlar dangasa –
Yo‘llar sirpanchiq.
Yolg‘onniyam qotiryapman-da!
Harakatga to‘la ko‘chadan
Ko‘r odamni o‘tkazib qo‘ymoq –
Menga shuning o‘zi kifoya.
Yolg‘onniyam qotiryapman-da!
Bormoqchi emasman, biroq, men o‘zim
Ko‘rga izma-iz.
Qaerga borishniyam yaxshi bilmayman
Aslini olsak.
Mengayam qo‘limdan yetaklab yurib
Yo‘l ko‘rsatishga bir odam kerak.
Ko‘r bo‘lsa
Yanayam yaxshi.
Bekorga ko‘chaga chiqmas hech qachon
Ko‘r odam.
Xurshid Davron tarjimalari