OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Bertolt Brext (1898-1956)

Bertolt Brext (Brecht) (1898.10.2, Augsburg — 1956.14.8, Berlin) — nemis shoiri va yozuvchisi, rejissyor. 1933—47 y.larda muhojirlikda. «Berliner ansambl» teatriga asos solgan (1949). Falsafiy-satirik pesalari zamonaviy, tarixiy va mifologik mavzularda yozilgan. «Uch pullik opera» (1928 y.da sahnalashtirilgan, 1931 y.da chop etilgan), «Kuraj ona va uning bolalari» (1939 y.da yozilgan, 1941 y.da nashr etilgan), «Galiley hayoti» (1938—39 y.larda yozilgan, 1955 y.da nashr etilgan),«Sezuanlik saxiy odam» (1938—40 y.larda yozilgan, 1943 y.da nashr etilgan) va b. asarlarida zamonaviy dolzarb muammolar insonparvarlik, antifashistik ruhda o‘rtaga tashlangan. Bertolt Brextning teatr nazariyasiga oid ishlari («Hozirgi zamon teatri yo‘lida»,«Teatrda dialektika» va b.) 20-a. Yevropa teatrshunosligiga ta’sir etgan.

QAYTISH

Ona shahrim,
Meni kutmoqdasan qaysi ahvolda?
Uyimga qaytyapman —
Qaerda uyim?
U — tog‘ kabi oomonga yuksalayotgan
Qora tutun tomonda,
Olov dengizi ko‘pirayotgan
Tomondadir shahrim mening.
Ona shahrim,
Meni qay ahvolda kutib olasan?
Ufqda unadi bombardimonlar,
O‘lim eskadrilyasi xabar qilar senga
Mening qaytib kelayotganimni.
Xabar qilar olovning tili.

ESKI HAMMOM, ESKI TOS

Tovoqlarni gursillatib qo‘yar stolga,
Sachratib yuborar sho‘rvani,
Quloqni teshguday
Yangraydi buyruq: «Tushlikka saflan!»
Prussa burguti
Polaponlar tumshug‘ini yirib,
Tiqar zo‘rlik bilan luqmani.

SARGARDON SHOIRLAR

Gomer uyida yo‘q edi,
Dante ham uyini ketgandi tashlab.
O‘ttiz million jonni yutgan
Goho urushda Li Bo va Du Fu daydib yurdilar.
Yevripidni sudga beramiz, deb qo‘rqitishdi.
O‘layotgan Shekspirning og‘zini ochirmadilar.
Fransua Viyonni faqat muza emas,
Polidiya ham o‘ziga jalb etgan.
«Sevimli» sanalgan Lukretsiy
Surgun qilindi,
Shuningdek, Geyne ham,
Shunpngdek, Brext
Doniyoga ketdilar boshpana izlab.

* * *

Har yil sentyabrda,
Maktablar ochilish oldidan
Shahar chetidagi kitob do‘konlar
To‘ladi sertashvish xotin-xalajta.
Ular sotib olar bolalariga
Daftar, kitob va qarg‘anishar,
Eski sumkasidan eng so‘nggi
Chaqasini olar ekanlar:
— Qimmatlashib ketdi ilm degani ham...
Biroq fahmlamas ular mutlaqo
Farzandlarga o‘rgatilayotgan
Ilmning naqadar bema’niligin.

AKAM JASUR UCHUVCHI EDI…

Akam jasur uchuvchi edi,
Chaqirishdi uni ilk marta.
Chamadonga lash-lushin joylab,
Jo‘nab ketdi janubga shartta.

Mening akam — bosqinchi emas,
Bilasiz-ku, Vatanimiz tor.
Shuning uchun o‘zga yerlardan
Jinday olsak, degan orzu bor.

Mana, akam olibdi o‘sha
Orzu qilgan bir parcha yerin:
Uzunligi naq ikki quloch,
Chuqurligi bir yo bir yarim…

“NEMISChA QAYDLAR” TURKUMIDAN

I

Harbiy marsh paytida hech kim bilmaydi
Dushman – kolonnaning boshidaligin.
Buyruq berayotgan jarangdor ovoz
Dushmanniki, desang, hech kim ishonmas.
Dushman –
Nutq irod etmoqda dushmanga qarshi.
Lekin jang boshlansa, dushman
Oldinda bo‘lmaydi hech qachon –
Ortda.

II

Loyiha ustida o‘ltirar tajang
Aviakonstruktorlar boshin changallab:
Xato ketsa bormi birorta raqam –
Vayron bo‘lmay qolar shaharlar!

III

Tun.
Ko‘rpaga kiradi eru xotinlar…
Endi bir yil ham o‘tmay, bir yil ham o‘tmay
Dunyoga kelajak yetim go‘daklar!

IV

Urush tomom bo‘ldi. Tarqaldi tutun,
Aniqlandi g‘olib va mag‘lub:
Oddiy xalq och edi mag‘lub tomonda,
Och edi oddiy xalq g‘oliblarda ham.

KUYDIRILGAN KITOBLAR

Hokimiyat
Mazmunan zararli kitoblarni
Yoqib tashlash haqda farmon chiqardi.
Kitob to‘la aravani
Zo‘rg‘a tortayotgan
Mo‘min ho‘kizlarning och biqiniga
Musht urib, haydashdi katta gulxanga.

Shunda quvg‘inlikda, xo‘rlikda yurgan
Ajoyib yozuvchisi o‘sha o‘lkaning
Yoqilgan asarlar ro‘yxatidan
Topolmay o‘z kitobini,
G‘azabdan ko‘karib ketdi.

Yozdi hokimlarga: “Yoqinglar meni,
Yoqinglar, deyapman! Unutmang, axir,
Haqiqatni yozgan edim-ku men ham!
Siz bo‘lsa, yolg‘onchiga qaraganday,
Qarayapsizlar menga,
Buyuraman: “Yoqinglar meni ham!”

M.Solih tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.