OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Haynrix Hayne (1797-1856)

http://www.ziyouz.com/images/hayne.jpgXIX asr nemis adabiyotining yirik vakili, samimiy ko'ngil she'riyatiga siyosiy hajviy tanqidni ustalik bilan qo'sha olgan haqgo'y shoir Haynrix Hayne 1797-yilning 13-dekabrida Olmoniyaning Dyusseldorf shahrida savdogar yahudiy oilasida tug'ildi. Bo'lajak shoirning tarbiyasi bilan, asosan, onasi Betti shug'ullandi. Xalq og'zaki ijodi namunalaridan xabardor bu ayol o'g'lida so'zga muhabbat, uning qudratidan hayrat tuyg'usi shakllanishiga ta'sir ko'rsatadi. Otasi Samson Hayne Ovro'podagi zamonaviy fikrlovchi ko'pchilik singari o'g'lining napoleonchi harbiy bo'lishini orzu qiladi. Napoleonning mag'lubiyatidan so'ng ota-ona Haynrixning savdo bilan shug'ullanishini ma'qul deb hisoblashdi. Lekin uning ham o'zlari singari kichik savdogar emas, balki Hamburgdagi amakisi Solomon kabi yirik tijoratchi bo'lishini istashadi.
Shu maqsadda maktabni bitkazgan yigitchani Hamburgga amakisinikiga jo'natishadi. Lekin ta'sirchan, to'g'riso'z va mag'rur Haynrix savdo ishlariga mutlaqo qiziqmas, u kecha-kunduz kitob bilan oshnochilik qilar, ko'p vaqtini she'rlar yozib o'tkazar edi. Faqat iqtisodiy foyda keltiradigan yumushlar bilan shug'ullanishnigina tan oladigan amakisiga uning bu ishlari yoqmasdi. Buning ustiga, Haynrix amakisining suluv qizi Amaliyani shaydolarcha sevib qoladi. Lekin qiz uning tuyg'ularini rad etadi. Xullas, amakisinikida o'tkazilgan samarasiz uch yildan so'ng yigit uyiga qaytadi va astoydil o'qishga tutinadi.
Haynrix Hayne 1819-yildan e'tiboran Bonn, Hettingen va Berlin universitetlarida o'qiydi. Ovro'poliklar tafakkuriga jiddiy ta'sir o'tkazgan mashhur faylasuf Gegeldan ma'ruzalar tinglab, bilimini oshiradi. Yigit huquqshunoslik fakultetini juda yaxshi baholar bilan bitirib, diplom olgan bo'lsa-da, bu sohada biror kun ishlamaydi.
1827-yili Hamburg shahrida o'ttiz yoshli Haynening "Qo'shiqlar kitobi" nomli lirik she'rlar to'plami bosilib chiqdi. Bu kitobga kirgan she'rlarida yosli shoir dunyoning tushunarsiz, hayotning murakkab va odamlar orasidagi mu nosabatlarning chigalligini o'ta ta'sirchan yo'sinda tasvirlagan. U she'rlaridan birida odamlar haqida: "Ba'zisi do'st, kelar qoshimga, Ba'zilari dushniaiulaii battar", — deb yozadi. Haynening anglamsiz tuyg'ular haqidagi she'rlari xalq qo'shiqlariga yaqinligi, tushunarli va musiqiy ekani bilan o'quvchilarni o'zigj maftun etardi. Yosh shoir she'rlarida og'zaki ijodda bo'lganidek, lirik qahramonning ichki dunyosini uning kechinmalari va tabiatning tasviri orqall ochib beradi.
1830-yilda Haynrix Haynening "Yo'l lavhalari" nomli ikkinchi kitobi bosilib chiqdi. Bu kitobda u mamlakat va xalqning ahvolini mardonalik bilan xolis taftish qila oladigan ijodkor sifatida namoyon bo'ladi. Kitob yo'l ocherklaridan iborat bo'lib, Olmoniyaning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy-ma'naviy darajasini haqqoniy aks ettirganligi bilan ajralib turadi. H. Haynening o'tkir nigohi hanuzgacha o'ttizta davlatchaga bo'linib yashayotgan yagona millalning g'arib ahvoli, qoloqlik botqog'iga botganligini ko'radi va afsus-nadomatga to’la achchiq tili bilan uning aybdorlarini fosh etadi.
Umrini nemis xalqining hayotini farovonroq qilish uchun kurashga tikkan Haynening tutumlari o'z manfaatidan boshqa narsani o'ylamaydigan hukmdorlarga yoqmasdi. Shuning uchun ham 1830-yilda u Fransiyaga ketishga majbur bo'ldi. O'sha yilning iyulida sodir bo'lgan inqilobdan keyingi Parijdagi siyosiy va adabiy hayotda faol ishtirok etadi. Nafaqat nemislarning, balki butun insoniyatning baxtli yashashini istagan shoir bu yerda o'ziga ko'plab xayrixohlar, hamfikrlar topdi va umrining oxiriga qadar qizg'in ijod qo'ynida yashaydi.
Haynrix Hayne 1843-yilda insoniyatning hayotini tamomila o'zgartirib yuborish da'vosi bilan chiqqan Karl Marks bilan tanishadi. Marksning ommani baxtli qilishga doir yuqumli xomxayollari ta'siriga berilgan shoir dastlabki vaqtlarda uning g'oyalariga tarafdor bo'lib yuradi. Lekin kommunistik qarashlarda kishining erkiga zo'rlik o'tkazish ustuvorligini payqab qolgach, Marksdan ham, uning g'oyalaridan ham uzoqlashadi. Ovro'podagi qaynoq ijtimoiy-siyosiy hodisalar ta'sirida shoirning poetik iqtidori o'sha yillarda ko'proq siyosiy yo'nalishdagi she'rlarida namoyon bo'ldi. Haynening "Sileziya to'quvchilari" she'ri, "Germaniya. Qish ertagi" dostoni, "Qullar kemasi" balladasi yuksak badiiy kuchidan tashqari, ijtimoiy yo'nalganligi bilan ham o'sha davr o'quvchilarining e'tiborini tortadi.
Shoirning chet eldaligida yozilgan asarlari orasida 1832-yilda yaratilgan "Fransuz ishiari" asari fransuz siyosiy hayotining o'ziga xos yilnomasi sifatida e'tirof etilgan. 1842-yilda bitilgan "Atta Troll" majoziy dostoni alohida e'tiborga molik bo'lib, unda hayvonlar timsoli vositasida tepsa-tebranmas, yurt ravnaqi uchun biror narsa qilishga qodir bo'lmagan millatdoshlar ayovsiz hajv etiladi. Haynening 1854-yilda yaratgan "Lyutesiya" asari ham fran¬suz hayotini aks ettirishga bag'ishlangan. Haynrix Haynening ijodiy taqdirida uning "Romansero" (1851), "E'tirof" (1854) she'riy kitoblari alohida ahamiyatga egadir. Bu asarlar nafaqat shoir ijodi, balki nemis millati she'riy tafakkuri taraqqiyotida jiddiy voqea bo'ldi.
O'n uch yil davomida vatandan yiroqda, sarsonlikda yurgan otashin yurtsevar shoir uni millatga mehrsizlikda ayblagan kishilarga qarata "Germaniya. Qish ertagi" (1844) kitobiga yozgan so'zboshisida: "Men vatanni sizlardan kam sevmayman. Shu sevgim tufayli men o'n uch yil quvg'inda boidim, ayni mana shu sevgim tufayli oh-voh qilmasdan, iztirobdan yuzimni bujmaytirmasdan, yana, ehtimol, butun umrga quvg'in joyimga qaytmoqdaman", — deb yozganda bashorat qilgan edi. U yaqinlari bilan uchrashgach, shu yili yana Fransiyaga qaytib ketdi. Haynrix Hayne 1856-yilning 17- fevralida Parijda vafot etdi.
Haynening buloq suviday tiniq va jarangli she'riyati o'zbek kitobxonlarini ko'pdan buyon qiziqtirib keladi. Shuning uchun ham uning asarlari turli davrlarda Cho'lpon, Oybek, Mirtemir, Abdulla Sher, Xayriddin Sulton kabi ijodkorlar tomonidan o'zbekchaga ag'darilgan.

* * *

O‘tganimda men ayni sahar
Ko‘chang bo‘lib g‘amgin, darbadar:
Suyunardim, darchang yonida –
Turgan bo‘lsang, qo‘zim, sen agar.

Shahlo ko‘zlar tashlagay nazar,
Kiprik qoqmay boqarsan, dilbar:
– “Bechora na axtarar bunda.
Kim ekan bu g‘arib qalandar?..”

– “Men bir nemis shoiri, qo‘zim,
U o‘lkada mashhurman o‘zim,
Yaxshilarni yodlarkan meni –
Shaksiz eslar quralay ko‘zim!

U ellarda g‘amgin ancha bor,
Menga, qo‘zim, xuddi shu darkor:
Og‘ir qayg‘u tilga olinsa,
Ikkimizning qayg‘umiz bo‘lar...

* * *

Bas, ey ko‘ngil! Senga ne bo‘ldi?
Taqdiringga tan bergil sen ham.
Nimaiki qish payti so‘ldi,
Olib qaytar yana soz ko‘klam.

Yo‘qolgan yo‘q, hammasi butkul:
Ajab sozdir, go‘zaldir olam.
Nimaiki istasa ko‘ngil –
Sayla tugal, sev, yo‘q g‘ov bu dam!

* * *

Uyum-uyum yotsin qor, mayli
Qutqu solsin bo‘ronlar, mayli.
Darcha qoqsin, mayli, beqaror!
Bo‘ronlardan hayiqsin dillar.
Qor ostida gul ochar, gullar –
Yor timsoli va so‘lim bahor!

Mirtemir tarjimalari

SHE'RLAR

Bo'sh xayollar chekinmish olis,
Dilda yana sevgi havasi.
Yana hokim nozik ezgu his,
Simiraman bahor havosin.

Yana tongdan to kechki soat
Xiyobonda kezaman butun.
Shlyapaning ostidan shoyad
Ko'rinsa deb chehrasi gulgun.

Ko'prik uzra vaqt o'tkazaman,
Yashil daryo ustida turib.
O'tib qolar balki yonimdan
Meni asta ko'zdan kechirib.

Shalolaning raqsidan yana
Eshitaman oh bilan nola.
Mening uyg'oq qalbimga ayon
Ne xususda kuylar shalola.

Mavhum orzu-o'yga g'arq bo’lib
Surunaman yaqin-yiroqda.
Telba oshiq holidan kulib
Yana qushlar sayraydi bog'da.


* * *

Obod etar kunu tunimni
Shovullagan bahorgi sado.
Bu sadolar ovlab dilimni
Tushlarimga kiradi hatto.

Lekin unda qushlar navosi
Sehr bilan jaranglab turar.
G'oyat mayin ko'klam havosi,
Binafshalar xushbo'y ufurar.

Atirgulning chehrasi alvon,
Qaddin tutib turar tobida.
Parilarni siylagansimon
Nur aylanar gir atrofida.

Shu lahzada o'zginamni men
Sho'x bulbulga etaman qiyos.
Bu gullarga qo'shiqlarimda
O'z sevgimdan aytajakman roz.

O'z sevgimdan aytajakman roz
Toki, meni quyosh kulgan kun.
O'zga bulbul yangratgan ovoz
Tinch uyqudan uyg'ota olsin.


* * *

O, sen qo'rqma, chekmagin tashvish
Dil sirini qilsam oshkora.
Va sha'ningga majozu tashbih
Bag'ishlasam sening ming bora!

Gullar aro erib ketar u
Esganida o'rmon salqini.
Kuydirguvchi pinhon otash bu,
Yuragimning sirli yolqini.

Yo'q, hisobga o'tmaydi aslo
Uchqun sochsa chechaklar porlab!
Alangaga ishonmay dunyo
Turar elni she'r bilan chorlab.


* * *

Suvdan boshin chiqarib asta
Nilufar gul boqadi mas'um.
Yonib ishqi alangasida
Oy qiladi unga tabassum.

Ibo bilan suv oynasiga
Sekin boshin egdi nilufar.
Oy bo'lsa-chi uning poyida
Dir-dir titrar, shu'lasin separ.


* * *

O'tkir bo'lsa ko'zlaring agar,
Kuylarimga nigoh otib boq.
Unda yashar ajoyib dilbar,
Suluvlardan ko'ra suluvroq.

Qulog'ing soz eshitsa agar,
Nozik sasga bir dam quloq os.
Isyon to'la qalbingda yashar,
Qo'shiq, navo, kulgu, ehtiros.

Menga o'xshab qo'shiq, nigohlar
Sehri seni o'ziga bog'lar.
Qizg'in oshiq bo'lib, armonda
Surunarsan tog'u o'rmonlar.


ONAM FON HELDERN B.HAYNEGA

Boshirani tutaman doimo mag'rur,
Hech qahcon yengilmas o'jar idrokim.
Qirolning qohsida turib hattokim,
Ko'zimni men yerga olmayman bir qur.

Men yana, onajon, ta'kidlay masrur,
Bo'y egmam hech kimga tirikman tokim!
Va lekin qoshingda jilmaygancha jim,
Bosh egib turibman doimo maxmur.

Ul sening ruhingmi keladi g'olib?
Ul sening ruhingmi g'ulg'ula solib,
Yoritar qalbimni chaqin misoli?

Boshimni egaman doim, ehtimol,
Keltirganim uchun senga ko'p malol,
Kechirganing uchun barini darhol.

Xayriddin Sultonov tarjimalari

 

RO’YOLAR

1

Tushlarda yondirdi meni qilib tang,
Ehtiros, zarkokil, gullar, sho‘x ko‘zlar,
Bol labdan otilgan ul achchiq so‘zlar,
Alamli qo‘shiqlar, qayg‘uli ohang.

Ul tushlar bugun yo‘q, tortmishlar xira
Surati yodimda hatto o‘ngigan!
Va lekin o‘shanda she’rga singigan
Ehtiros olovi o‘chmagay sira.

Ey yetim qo‘shig‘im! Sen qolding faqat,
Bor endi ul go‘zal ro‘yo izidan,
Ro‘yoviy go‘zalning o‘pib yuzidan,
Ro‘yoviy salomim yetkaz shu fursat!

2

Men tush ko‘rdim, dahshatli bir tush,
Ham qo‘rqitar, ham aylar sarhush.
Ul dahshatli manzara hamon
Yuragimni titratar yomon.

Ajib bog‘da yurar emishman,
Faqat quvonch tuyar emishman.
Menga boqib hatto chechaklar
Qutlar emish aytib ertaklar.

Kuylar emish qushlar ham quvnoq 
Bir yoqimli navoni yangroq
Quyosh zarrin yog‘du socharmish.
Atirgullar g‘uncha ocharmish.

Ko‘katlarda huzurbaxsh nafas,
Xushbo‘y yellar bir zum ham tinmas.
Bari xandon, bari charaqlar,
Maftun qilib dilni, yaraqlar.

O’rtasida gulzorning, lekin,
Marmar hovuz mavjlanar sekin,
Bir chetida ko‘rdim hovuzning
Xush qaddini kir chaygan qizning.

Yuzi mayin, nigohi mayin,
Tillolanar sochi on sayin.
Ro‘paramda bo‘lmishdi paydo
Ham notanish, ham tanish barno.

Kir chayardi go‘zal shoshilib,
Bir g‘alati xirgoyi qilpb:
«Oqib-oqib, oppoq suv,
Oq surpimni oppoq yuv!»

Yaqinlashib ul qizga shu payt
Savol berdim: «Ey nozanin, ayt,
Ayt-chi menga, buning sirini —
Chaymoqdasan kimning kirini?»

Darhol dedi: «Tayyor turgil sen,
Kafaningni chaymoqdaman men».
Chiqar-chiqmas og‘zidan shu so‘z
G’oyib bo‘ldi hammasi izsiz.

Yana chorlar sehrli makon,
Ko‘z oldimda yovvoyi o‘rmon:
Daraxtlari osmonni bo‘ylar,
Meni qurshar cheki yo‘q o‘ylar.

Nogoh yangrab aksi sadosi
Kelar olis bolta ovozi;
Quloq tutib o‘sha tomonga,
Men singaman qora o‘rmonga.

Unda ko‘m-ko‘k yalanglik aro
Ulkan eman bo‘y cho‘zmish tanho.
Boq! O’sha qiz aylanar uni,
Va kesishga shaylanar uni.

Bir me’yorda so‘ng urar bolta
U xirgoyi qilgapi holda:
«O’tkir boltam, keskirsan,
Tezroqqina kesgin san!»

Yaqinlashpb ul qizga shu payt
Savol berdim: «Ey nozanin, ayt,
Ayt-chi menga, shoshib kim uchun
Eman sandiq yasaysan bugun?»

Darhol dedi: «Vaqt ziq, bilgin sen
Tobutingni yasayapman men».
Chiqar-chiqmas og‘zidan shu so‘z
G’oyib bo‘ldi hammasi izsiz.

O’ngga boqdim, so‘lga boqdim g‘ash,
Atrofimda ship-pshydam bir dasht.
Ne qilishni men sho‘rlik bilmay,
Turib qoldim qoqqan qoziqday.

Tavakkal deb, so‘ng, olg‘a yurdim,
Olislarda oq narsa ko‘rdim.
Yaqin borib, hayhot, qoldim lol:
O’sha qizni tanidim darhol.

Dasht chetida kimgadir ilhaq.
Belkurakda kovlarda xandaq.
Yurak yutib boqdim yuziga, —
Dahshatlarning suluv qiziga.

Yer kovlardi suluv shoshilib
Bir g‘alati xirgoyi qilib:
«Belkuragim, sensan zo‘r,
Kovlab bergin katta go‘r!»

Yaqinlashib ul qizga shu aayt
Savol berdim: «Ey nozanin, ayt,
Ayt-chi menga, bu nima demak?
Dasht ichida xandaq ne kerak?»

Darhol dedi: «Sekinroq gapir,
Qaziyapman sen uchun qabr».
Shu so‘zlarni aytar-aytmas qiz
Ulkan chuqur ochdi-ku og‘iz.

Ul xandaqqa quladim nogoh.
Vujudimni muzlatdi titroq;
Meni quchdi sovuq zimiston,
Bir qichqirib uyg‘ondim shu on.

3

O’zimni tushimda qo‘ribman o‘zim,
Egnimda oq ko‘ylak, ipakli libos,
Kattakon bazmga kiribman noxos,
Suyukli yorimga tushibdi ko‘zim.

«Kelin hali sizmi, — debman — gulyuzim
Chin dildan qutlayman, yarashibdi, soz!»
Go‘yo yuguribdi jismimga ayoz
Jaranglab chiqsa-da, garchand, har so‘zim.

Alamli ko‘z yoshlar to‘kmish shunda jim
Suyukli qaroqlar yerga tikilib.
Tomchida qolibdi qalqqan suratim.

Oh, mayin qaroqlar, muloyim nigoh,
Doim-ku aldaysiz qalbimni tilib,
Sizga ishonaman tushda ham, evoh!

4

Tushimda kichkina, baqaloq odam
Soxta bir xiromda yurarmish sipo,
Ko‘ylagi top-toza, chiroyli, ammo
Yuragi qora-yu, o‘zi muttaham.

Yuragi qora-yu, ochko‘z, bekaram,
Garchand bir qarashda oqil, purma’no;
Aslida qo‘rqog‘-u, o‘ta behayo,
Garchandki mardlikdan loflar ursa ham.

«Yaxshilab qara-chi! Bildingmi u kim?»
Deya tush ma’budi ko‘rsatdi — men jim
Sehrli ko‘zguga tikildim giryon:

Baqaloq turardi mehrob qoshida
Yonida kashishga yorim derdi: «Ha!»
«Omin!» deb kulardi ming-minglab shayton!

5

Nega chopar qonim quturib?
Nega yonar yurak jo‘sh urib?
Tinim bilmay gupuradi qon,
Yonishlardan yuragim bejon.

Bunga sabab dahshatli bir tush,
Shundan erur qondagi xuruj:
Qora o‘g‘li tunning kelibdi,
Tezda olib meni yelibdi.

Ko‘rganmishmiz charog‘on bir uy,
Unda chiltor, maishatu kuy.
Bir yon qandil, bir yonda mash’al,
Meni tortmish yasatilgan zal.

To‘y borarmish unda fusunkor,
Ahli mehmon yayrar baxtiyor.
To‘rga boqdim men titrab-qaqshab:
Kelin edi sevgilim, yo rab!

Mening yorim — go‘zal kelinchak,
Kuyov edi unga yot erkak.
Ikkisi ham purviqor, quvnoq,
Men qotmishdim, rangim bo‘rday oq.

Sozlar yangrar, yangrar sho‘x kulgu,
Bu quvonchdan bir menda qayg‘u.
Kelin yashnab, yonardi lov-lov,
Uning qo‘lin qisardi kuyov.

Kuyov, mana, qadah to‘ldirar,
Bitta ho‘plab, kelinga berar.
Kelin ho‘plab jilmayadi shod —
U qonimni ichardi, hayhot!

Naqsh olmani olib bir mahal
Kuyoviga uzatar go‘zal.
Kuyov kesar, labida kulgu, —
Yuragimni kesar edi u.

Bir-biriga, yongancha lov-lov,
Tikiladi kslinu kuyov,
Mana, o‘par kuyov kelinni —
Sovuq o‘lim o‘padi meni.

Og‘zim to‘la qo‘rg‘oshin go‘yo,
Aytolmayman biror so‘z hatto.
Navbat yetdi raqsga ham darrov,
Birinchi juft — kelinu kuyov.

Lol qotmishman men hushim uchib,
Ular o‘ynar bir-birin quchib;
Shivirlaydi kuyov shu nafas,
Qizararu kelin, indamas.

6

Sokin tunda shirin tush aro
Sehru jodu ila, g‘olibo,
Kirib keldi xonamga yorim,
Suyukligim, tengsiz dildorim.

Men to‘ymayman — qanday go‘zal u!
Men to‘ymayman — labida kulgu!
Kulgusidan o‘saru ko‘ngil,
Bulbul bo‘lib sayray boshlar til:

«Ne istasang ayamayman, ol,
Tuni bo‘yi faqat shunda qol,
Meniki bo‘l, quchgil, dilnavoz,
Qichqirgunga qadar to xo‘roz!»

U boqardi, ma’yus, mehribon,
Bor ishqini aylab armug‘on.
Tovshi ketmas qulog‘imdan hech:
«Meni desang — oxiratdan kech!»

«Baxsh etayin jonu zarimni,
Yosh umrimni, yo‘g‘u borimni,
Hammasini baxsh etay, ammo
Oxiratdan kechmayman aslo!»

So‘zim qat’iy, ovozim yangroq,
Mayinlashar nigohim biroq.
Shu sas ketmas qulog‘imdan hech:
«Meni desang — oxiratdan kech!»

Qulog‘imga har so‘z quyilar,
Qalb yongandek go‘yo tuyular:
Haroratdan men bo‘lib lohas,
Zo‘rg‘a-zo‘rg‘a olardim nafas.

Atrofimda sochib zarrin nur
Uchar edi ne-ne malak, hur,
Lekin birdan, boq, shaytonu jin
Malaklarga boshladi hujum.

Malaklarni quvib ketdilar,
Malaklarni mag‘lub etdilar;
Yovuz kuchlar so‘ngra juda tez
Singib ketdi zulmatga beiz.

Men-chi, yana lazzat qo‘ynida,
Yana qo‘lim yorning bo‘ynida,
U ko‘ksimga cho‘chib egar bosh,
Ammo to‘kar ko‘zdan achchiq yosh.

Bilarmishman yosh sababini,
O’parmishman g‘uncha labini:
«Bas qil, gulim, yig‘lama, bas qil!
Muhabbatim taftini his qil!

Muhabbatim taftini his qil!» —
Qonim muzlab birdan qotdi til:
Va yorilib gulduradi qa’r,
Ko‘z oldimda paydo bo‘ldi jar.

Qop-qorong‘u ul jardan nogoh
Insu jinslar uchib chiqib, oh,
Sevgilimni olib ketdilar;
Men turardim tanhoyu besar.

Bir yovvoyi raqs ila, qora, —
Yovuz ruhlar o‘rar tobora,
Qisib kelar tegramdan ular
Va hammasi qah-qahlab kular.

Qisib kelar, mendan uchar hush,
Qulog‘imda dahshatli tovush:
«Sendan bo‘lmas oxirat endi,
Biznikisan to abad endi!»

7

To‘liq tovoi to‘ladim-ku, nechun bu paysal?
Qonli hamroh, yana neni kutasan mahtal?
Xonamdaman, kutmoqdaman qanchadan buyon,
Hatto tun ham yarimladi, kelin yo‘q hamon.

Qabristondan shamol esdi ohista shu payt,
Shamolginam! Qaylig‘imni ko‘rgandirsan, ayt?
Paydo bo‘lib bir to‘p arvoh oppoq kafanda,
Tirjayishib bosh silkitar menga deya: «Ha!»

Ne xabar bor, qani menga aytgin-chi darrov,
Alangadan libos kiygan, ey qora naynov?
«Ajdarlari o‘t pusqurgan harir foytunda
Xo‘jayinlar hozir bo‘lgay sal o‘tmay shunda».

Sen-chi, kulrang libos kiygan mitti baqaloq,
Ne gaping bor, aytgil menga, tinglayin bu choq.
U indamay bir zum menga tikilar zimdan,
So‘ng boshini chayqagancha yitar ko‘zimdan.

Paxmoq do‘stim g‘ingshib-g‘ingshib vovullar muncha?
Qora mushuk ko‘zi, yo rab, lovullar muncha?
Sochin yulib nechun dodlar ayollar purg‘am?
Alla aytar boshim uzra nechun enagam?

Enagajon, bu allangni yig‘ishtir bugun,
O’zga hayot boshlanadi bugun men uchun.
Enagajon, bugun mening to‘yim bo‘lmoqda,
Bir qaragin, mehmonlarga uyim to‘lmoqda.

Bir qaragin! Bular kabi sertavoze’ kam!
Qo‘lga olmish shlyapaga qo‘shib boshni ham.
Oyoqlari hilviragan sirtmoqdagilar,
Shamol yo‘q-ku, kechikdingiz nega bu safar?

Yalmog‘iz ham supurgida keldi, tasanno,
Fotiha ber, bu o‘g‘lingga, yalmog‘iz momo!
Ochildiyu ohaknusxa yuzdagi og‘iz;
«Abadiy qol! Omin!» — dedi momom yalmog‘iz.

Qiltiragan sozandalar — o‘n ikki nafar,
Ko‘r g‘ijjakchi ayol ortda tez-tez qoqilar;
Chaqa qilib qoq suyakdan bechora chovni,
Masxaraboz kelar minib ozg‘in go‘rkovni.

Boq, o‘n ikki rohiba ham raqs tushib qolar
Boq, qo‘shmachi g‘ilay xotin ularga rahbar.
Shahvatparast o‘n ikki pop kelar hay-huylab,
Bir uyatsiz ashulani cherkovcha kuylab.

Eskifurush! Oqarmasin rangingiz, do‘stim,
Nechun menga jahannamda mo‘ynali po‘stin?!
To abadiy unda issiq tekinu to‘kin,
Shodu gado gunohkorga yetarli o‘rin.

Uchib kelar bukri, qiyshiq gulchi qizlar ham,
Xonam ichra boshi bilan yurishar shaxdam.
Shoshilasiz muncha, ahli chigirtkaoyoq,
Qovurg‘angiz shaqillatmang, bas qiling shu choq!

Qochib chiqmish go‘yo bu tun do‘zaxdagilar,
Borgan sari ko‘payishar, uvlab baqirar.
Do‘zax valsi yangrar, mana, jim bo‘ling bir pas,
Go‘zal yorim yetib kelgay, demak, shu nafas.

Jim bo‘linglar, ey arvohlar, yo‘qoling yoki!
Eshitmayman o‘z so‘zimni o‘zim hattoki.
To‘xtagandek bo‘ldi foytun, qara-chi, oqsoch,
Qayoqdasan? Mehmonlarga darvozani och.

Xush kelibsan! Chekmadingmi, jonim, ko‘p zahmat?
Xush kelibsiz kashish ota, o‘ting, marhamat!
Parvo qilmay dumingizu tuyog‘ingizga,
Otaxonim, men o‘zimni baxsh etdim sizga!

Suyukligim, nechun lolsan, buncha ranging oq?
Kashish ota nikohlaydi bizni hoziroq.
Unga, axir, men to‘ladim qon ila tovon, —
Sening vasling oldida u hech gapmas, inon.

Tizza cho‘kkin, diloromim, yonimga tezroq,
Tizza bukdi, asta cho‘kdi — qanday baxtli choq!
U ko‘ksimga — qoqchorakka boshini qo‘ydi.
Men quchdim-u, qalbim go‘yo bir olov tuydi.

Tilla kokil har yonimdan meni o‘rardi,
Yor yuragi qoq yuragim uzra urardi.
Ham quvonchu ham dard ila tepardi ular,
Intilardi Arshi a’lo tomon baravar.

Suzib borar bir oromda, arib g‘amlari
Tangri taxti maqom tutgay yuksaklik sari;
Ammo bunda faqat dasht, faqat alanga,
Do‘zax o‘ti o‘rlay boshlar oyoqdan tanga.

Qora tunning yovuz o‘g‘li, boq, shu tariqa —
Tund tikilib bizga berar qora fotiha.
Donli kitob tutganicha turar — na dahshat!
Ibodati shakkoklikdir, so‘zlari — la’nat.

Chor atrofda qichqirig‘u faryodu hushtak,
Guvlagandek go‘yo dolg‘a, go‘yo guldurak.
Shunda nogoh yarq etadi bir yog‘du — tamom!
«Abadiy qol! Omin!» — deydi yalmog‘iz momom.

8

Men bekam uyidan ketdim bosh olib,
Ko‘z yetgan tomonga, tunda yo‘l solib.
Qabriston yonidan o‘tarkan, lekin,
Nimadir qabr uzra imladi sekin.

Qarasam sozanda chorlar qaltirab,
To‘lin oy nurida oppoq, yaltirab:
«Birodar, beri kel!» deb shivirladi,
Qabr uzra, so‘ng, tussiz bug‘doy o‘rladi.

Sozanda edi u bir payt qadrdon,
O’z qabri ustida cho‘kmishdi bu on.
Sitrapi qo‘liga oldi-yu darhol,
Qo‘shig‘in boshladi bo‘g‘ilib xiyol:

«Boshla sozim qadim qo‘shiqni,
Undan yonsin qalbi oshiqning.
Torlaringda muncha alamlar?
Malaklar der: jannat sharobi,
Shayton deydi: do‘zax azobi,
Ishq deb atar uni odamlar».

Tugashi bilanoq qo‘shiqning so‘zi,
Qabrlar ochildi o‘zidan-o‘zi.
Arvohlar yig‘ilib qoldiyu bir qur,
Sozanda atrofin o‘rab, bo‘ldi jo‘r:

«Oh, ishq! Bizni qildingu majnun,
Bu yotoqqa keltirding u kun,
Ko‘zni bog‘lab, aylading zabun —
Senmi yana chorlagan bu tun?»

Hammasi irg‘ishlar cho‘ng davra olib,
Qiyqirib, uvillab, uvvoslar solib;
Sozanda atrofin tobora o‘rar,
Sozanda torlarga yana qo‘l urar:

«Davra oling, yashang, yashang!
Xush kelibsiz!
Tez yelibsiz
Chorlovimga — o‘yin boshlang!

Biz qancha payt berkindik lol,
Inimizda sichqon misol.
Bir yayraylpk bugun do‘stlar,
Lekin bizni
Kuzatmasmi sinchkov ko‘zlar?

Sho‘xlik qilib hayotda ko‘p
Shov-shuv soldik behuda xo‘p,
Muhabbat deb kechdik jondan.
Har biringiz bugun kuylab
Tarixingiz boring so‘ylab:
Bir payt nechun, ayting, nechun
Baxti qora,
Qalbi qora
Bu Maskanga tutdi nigun?

O’rtaga chiqaru qiltiriq arvoh,
So‘zini boshlaydi g‘o‘ng‘illab nogoh:

Xalfa edim, abjir edim
Nina bilan, qaychi bilan;
Yerdan ko‘kka sanchir edim
Nina bilan, qaychi bilan;
Ustam qizi bir kun ko‘rdi
Nina bilan, qaychi bilan;
Yuragimga nashtar urdi
Nina bilan, qaychi bilan;

Arvohlar jo‘r bo‘lib xaxolar quvnoq,
O’rtaga chiqadi ikkinchi arvoh.

Rinaldoyu Rinaldini,
Shinderhanno, Orlandini
Va ayniqsa Karl Mo‘o‘r
Qahramonim edi eng zo‘r.

Ularga men sevgida ham
Taqlid qilib ichdim qasam,
Yor suvratin va men badbaxt
Xayolimdan quvdim har vaqt.

Men sevardim ohlar urib,
Omad kulmay, yurib-yurib,
Tushar edi qo‘lim nogoh
Cho‘ntagiga qo‘shnimning goh.

Nom chiqardim ko‘cha-ko‘yda,
So‘ng bir kuni dilgir o‘yda
Yoshim artib, tutdi qo‘lim
Hamyonida uning pulin.

Shunda ko‘pdan ayirdilar,
Qo‘lginamni qayirdilar.
O’shandan so‘ng qamoqxona
Menga bo‘ldi g‘amxo‘r ona.

Yorni o‘ylab, to‘kib yoshim,
Jun to‘qirdim egib boshim.
Rinaldoning ruhi qaqshab,
Olib keldi meni boshlab».

Arvohlar jo‘r bo‘lib xaxolar quvnoq,
Pardozda chiqadi uchinchi arvoh:

«Tomoshada qirol edim,
Oshiqlarga timsol edim.
«Yo rabbim!» deb hayqirib goh,
Goh xo‘rsinib tortardim oh.

Men Mortimer bo‘ldim ko‘p vaqt,
Mariyani sevdim bebaxt!
Loqayd edi, lekin, u qiz,
Yetim qoldi mendagi his.

Chidolmadim, bir kun kelib,
«Mariya, sen iloham!» deb,
Yuragimga suqdim titroq
Xanjarimni sal chuqurroq».

Arvohlar jo‘r bo‘lib xaxolar quvnoq,
Chiqar oq chakmonda to‘rtinchi arvoh:

«Professor vaysardi minbardan loqayd,
Men esa bemalol uxlardim bu choq.
Menga xush yoqardi ammo kechki payt
Professor qizin qo‘ltiqlab kezmoq.

Darchadan qo‘l silkib boqardi ul moh,
Gullarning sarasi, suyukli jonon.
Gullarning sarasin, lekin, uzdi, oh,
Badavlat, maydakash, hissiz korchalon.

Men la’nat o‘qidim puldoru pulga,
Men la’nat o‘qidim bevafo gulga!
O’limni chorladim, qadahda og‘u:
«Men — do‘sting o‘limman, ko‘tar!», dedi u»

Arvohlar jo‘r bo‘lib xaxolar quvnoq.
Beshinchi arvoh der bo‘ynida sirtmoq:

«Davrada may ichib kerilar graf,
Chiroyli qiziyu boyligin maqtab.
Ey graf, ne kerak menga boyliging?
Menga bas qizginang — gul chiroyliging.

Tambayu qulfi xo‘b grafning ammo,
Sodiq malayi ko‘p grafning ammo.
Ammo qulf, malaylar menga chikora,
Dovordan oshdim men tunda ilk bora.

Yorim darchasiga chiqay degan choq 
Men so‘kish eshitdim, ortimdan nogoh:
«Shoshilma, bachchag‘ar, to‘xta, mutahham!
Zar-zevar yoqadi xo‘p o‘zimga ham!»

Menga qo‘l uzatdi shunday deb graf,
Malaylar kelishdi darrov hoy-huylab.
«Men o‘g‘ri emasman, qo‘yvoring, la’nat,
Go‘zal yer payida kelganman faqat.

Behuda yolvorish behuda oh-voh!
Zum o‘tmay oradan taxt bo‘ldi sirtmoq.
Chiqdiyu lol qoldi quyosh saharda —
Chayqalgan murdamni ko‘rarkan dorda».

Arvohlar jo‘r bo‘lib xaxolar quvnoq,
Der boshin qo‘ltiqlab oltinchi arvoh:

«Ovga chiqdim, men ishqda intiq,
Pusib bordim, qo‘limda miltiq.
Quzgun sayrar boshimga yondosh:
«Ketsin bu bosh, kesilsin bu bosh!»
Men bor-yo‘g‘i kaptar otaman,
Ovni yorga sovg‘a etaman.

Shu o‘y bilan butazorda jim
Gaza qilib ovni poyladim.
G’uv-g‘uvlashar, kim u, bexatar?
Birdaniga ikkala kaptar!

Men tepkini ko‘tarib bordim,
Qay ko‘z bnlan ko‘rayki — yorim!

Qayliqqinam — eng suluv kaptar,
O’zga yigit bag‘rida yayrar.
Eski mergan mo‘ljalga chaqqon:
Shu on yigit bo‘ldi qora qon.

So‘ngra meni sudradi jallod,
Kundaga bosh qo‘ydim benajot,
Quzg‘un sayrar boshimga yondosh:
«Ketsin bu bosh, kesilsin bu bosh!»

Arvohlar jo‘r bo‘lib xaxolar quvnoq,
O’rtaga chiqadi sozanda arvoh:

«Menga yoqar qadimiy qo‘shiq,
Yorim uchun kuyladim jo‘shib.
Agar ishqda yurak poradir,
Qo‘shiq unga na chikoradir!

Arvohlar xaxolab o‘yin tushadi,
Atrofni qiyqiriq battar quchadi.
Shu mahal soat bir — cherkov bong urdi,
Arvohlar shoshilib qabrga kirdi.

9

Orom bo‘ldi uyqu jonimga,
Unutildi kulfatu qayg‘u,
Kecha tushda keldi yonimga
Suluvlardan suluvroq suluv.

Marmar kabi yuzlari oppoq,
G’aroyibdan g‘aroyib edi.
Kiprigida yoshlari munchoq,
Kokillari ajoyib edi.

Sekin keldi, keldi, dilxasta
Marmar yuzli do‘ndiqcham mening,
Yuragimga bosh qo‘ydi asta
Marmar yuzli do‘ndiqcham mening.

Menda quvonch, menda iztirob, —
Lovullaydi Olov yuragim.
Na quvonchu yorda va azob, —
Muz purkaydi go‘zal ko‘kragi.

«Na quvonch-u, na azob bugun, —
Muz purkaydi ko‘kragim faqat.
Biroq meni albatta bir kun
Lovullatgay qodir muhabbat.

Garchand qon yo‘q labu yuzimda,
Yuragimda gupurmaydi qon;
Sen cho‘chimay o‘pgin ko‘zimdan,
Borligimda muhabbat omon».

Meni quchdi, quvonch, ehtiros
Va azobdan ko‘zim nam mening;
Ammo yitdi qichqirgach xo‘roz
Marmar yuzli do‘ndiqcham mening.

10

Chorlovimga keldilar bu tun
Ruhlar enib so‘z qudratiga;
Ketkazolmay ularni men xun
Yana zulmat saltanatiga.

Hayajonu dahshat ichra lol
Men unutdim sirli duoni;
Endi ruhlar qo‘ymasdan alhol
Sudrashadi men benavoni.

«Keting bundan, qora daymonlar!
Istamayman, keting shu zahot!
Menga suyuk — yashil o‘rmonlar,
Menga suyuk — nurafshon hayot.

Men izlayman doim serfusun —
Qo‘l tegmagan chechakni besar;
Nechun kerak bu hayot, nechun,
Muhabbatni tuymasa agar?

Mayli, uni bir bora ko‘rsam,
Mayli, bossam bag‘rimga bir, bor!
Lablaridan bir bora so‘rsam,
G’amdan forig‘, titrab, baxtiyor!

Tikilaman g‘uncha og‘izga,
«Yur!» desa bas, bir og‘iz kalom,—
Quloq qoqmay, shu onda sizga
Ergashmoqqa tayyorman tamom».

Ruhlar meni tinglashadi jim
So‘zni bo‘lmay, bosh irg‘ab bu payt.
Nozikkinam, yoningga keldim;
Nozikkinam, sevasanmi, ayt?


QO’SHIQLAR

1

Sahar turib fol ko‘raman:
Kelarmi bugun yorim?
Oqshom horib oh uraman:
Kelmadi-ku bugun ham!

Uyqu bermas tuni bo‘yi
Bedor dardim — hamxonam.
Uyqusirab kuni bo‘yi
Tentirayman parishon.

2

Yeru ko‘kka sig‘mayman bu dam!
Sal vaqt o‘tmay keladi yorim,
Go‘zallardan go‘zal dildorim, —
Hovliqasan, yurak, muncha ham!

Eh, soatlar muncha imillar,
Na to‘xtaydi, na ketar tezlab,
Ko‘hna yo‘ldan sudralar esnab,—
Tezlaca-chi, muncha imillar!

Men betoqat, intiq kutaman!
Soatlar-chi, yozuvlar, biroq,
Til birkitib bo‘ladi yengmoq
Ishq shashtini kalaka bilan!

3

Kezinaman, ko‘ngilda qayg‘u,
Daraxtzorni oralab, yolg‘iz;
Armonimga aylangan orzu
Yuragimga sanchadi bigiz.

Kim o‘rgatdi sizga, qushlarjon,
Sayramoqni yayrab yuksakda?
Sizni tinglab uyg‘onar pinhon,
Eski azob yana yurakda!

«Har tong kelib nozanin suluv
Qo‘shiq bilan mast qildi bizni
Va o‘rgatdi biz qushlarga u
Tilla kabi jarangdor so‘zni»...

Ey quv qushlar, bas, gapingizga
Quloq solmoq aqldanmas, bas!
Men dardimni bermayman sizga,
Hech kim uni tortib ololmas!

4

Ko‘ksimga qo‘lingni qo‘ygin, sevgilim, —
Tingla, taqillaydi nedir betinim!
U yerda o‘ltirib yovuz duradgor
Mening tobutimni yasaydi bedor.

Tunu kun tinmasdan taqillatar u,
Ko‘pdanki bu «taq-taq» bermaydi uyqu.
Ey usta, bo‘laqol, tezroq bo‘laqol,
Men juda charchadim, uxlay bemalol!

5

Dardlarimning go‘zal beshigi,
Oromimning gulgun dahmasi,
Go‘zal shahar, ochgil eshiging,
Men ketarman, qolar hammasi!

Xush qol endi, ul suyuk jonon
Oyoq qo‘ygan uy ostonasi;
Xush qol endi, omon bo‘l, omon,
Ilk visolning pok gulxonasi!

Yaxshm edm ko‘rmasam agar
Yuragsmning podshosi, seni,
Qiynamasdan hajru alamlar,
Muhabbatning balosi meni!

Dadil ishqni yashirib besas
Yashasa ham mayli yuragim;
Bir havodan sen bilan nafas
Olish edi yolg‘iz tilagim.

Ammo meni quvding-ku, ey gul,
Bir so‘zingga dil bo‘ldi gado.
Men hushimnp yo‘qotdim butkul,
Iztirobda yuragim ado.

Men ketaman tolg‘in, ko‘zda yosh,
Aso tutib, chidab jabrga,
Men ketaman qo‘yayin deb bosh
Olislarda sovuq qabrga.

6

Shoshma, darg‘a, shiddatli darg‘a,
Bandargohga bir zum qaytay men -
Xush qol deyin suluv dildorga,
Ovrupoga vido aytay men.

Sachrar qonim, ko‘zimdan sachrar,
Ko‘kragimdan otilar qonim,
Qonim bilan bitgayman endi
Dardlarimning qonli dostonin.

Nechun ko‘rib birdan, go‘zalim,
Cho‘chib ketding bugun qonimdan?
Axir, qon-ku yuragim doim
Senga oshiq bo‘lgan onimdan!

Eslaysanmi, jannatda qadim
Makkor ilon keltirgan g‘amni,
Aldaganin olma yedirib
Ajdodimiz bani Odamni?

O’sha olma tufayli Yerga
Olib tushdi o‘limni Havo,
Troyani Eris yoqdi, sen —
Ham o‘ldirdb, ham yoqding ammo!

7

Qasrlaru tog‘lar qaraydi
Oyna qilib Rayndaryoni;
Yelkanimni shamol taraydi,
Yaraqlatar quyosh har yonin.

O’ynar daryo, tovlanadi suv,
Oltin mavjlar meni aylar mast;
Unut bo‘lgan ul totli tuyg‘u
Uyg‘onadi qalbimga payvast.

Daryo mayin, daryo dilkusho,
Zarhalini sachratar nekbaxt,
O’z qa’rida asrar u ammo
Ajal bilan zulmatni har vaqt.

Ichi zulmat, usti yaltiroq, —
Suratisan yorimning, daryo!
Sirtdan boqsa, sen ham sho‘x, quvnoq,
Mehribonsan, shafiqsan go‘yo!

8

Ruhim tushib dastavval behad,
Oh qopladi jonu tanimni;
Men chidadim, so‘ramang faqat —
Qanday qilib chidaganimni!

9

Men bezak yasasam sarv shoxidan,
Atirgul, zarbofu ipak, shohidan,
Kitobim o‘rasam, so‘ng, saqlab sukut,
Toki sha’rlarimga bo‘lsin gul tobut.

Qaniydi svvgimni qabrga qo‘ysam!
Oromgul o‘sardi qabr uzra ul dam,
U gulni pa uzib, men na ko‘rgayman —
Gul bo‘lay o‘zim deb yerga kirgayman.

Olovli qo‘shiqlar bunda to‘fondek,
Bir paytlar Etnada qo‘ngan vulqondek
Otilib chiqmishlar ko‘ngil qa’ridan,
Ishqimning chaqinli ohanglaridan!

Ular endi yotar cho‘zilib bejon —
Tumanga burkangan sovuq bir armon!
Va lekin qo‘zg‘olgay avvalgi olov,
Gar qo‘nsa ularga muhabbat birrov.

Shu ezgu umiddan lovullar yurak,
Qachondir qo‘ngusi muhabbat beshak
Va beshak tushgaydir qo‘lingga, mohtob,
Olis, yot o‘lkada bir payt bu kitob.

Qo‘shiqlar jodudan ul dam qutilar.
O’shanda tirilar beshak harflar ham,
O’shanda ko‘rajak go‘zal nigohing
Ularning qismatin, ishqiyu ohin.


ROMANSLAR

1

G’AMGIN YIGIT

Tortib ketar ortga yuragi
Bu yigitni kim ko‘rsa agar.
U — g‘ussaning so‘lg‘in chechagi,
Yuzlarida rangdan yo‘q asar.

Hatto silar loqayd shamol ham
Sovutay deb cho‘r manglayini.
Eng qo‘l yetmas sohibjamol ham
Izhor etgay unga ra’yini.

U tark etar gavjum shaharni,
O’rmon ichra izlaydi orom.
U tinglaydi quvnoq qushlarni,
Barglar tili uni etar rom.

Ammo qushlar sayrashdan to‘xtab,
Qotib qolar barglar shu onda,
G’amgin yigit oh urib, siqtab,
Qadam qo‘ygan chog‘i o‘rmonda.

2

TOG’ SADOSI

Vodiyga tushadi tog‘dan suvoriy,
Sekinlaydi yo‘rg‘a ot:
«Oldinda yor qo‘li quchgaymi va yo
Qabru zulumot?»
Yangrar tog‘dan shu zahot:
«Qabru zulumot!»

Suvoriy yo‘l bosar dilida alam,
Xo‘rsinib deydi faqat:
«Qismatim o‘limni ko‘rmishmi ravo?—
Demak, qabrda rohat!»
Yangrar tog‘dan shu fursat:
«Qabrda —rohat!»

Suvoriy titraydi, ko‘zini qoplar
Alam yoshi batamom.
«Na chora, topgayman, demak, qabrda,
Demak, qabrda orom!»
Yangraydi tog‘dan kalom:
«Qabrda — orom!»

3

AKA-UKALAR

Cho‘qqi uzra cho‘ng qasr har tun
Qorong‘iga tikilar munglig‘.
Pastda esa — yovvoyi uchqun:
Jaranglaydi ikki olmos tig‘.

Birodarlar chiqmish maydonga,
Tomirlarda quturar g‘azab.
Nechun bunday tashnalik qonga,
Nega qo‘llar tig‘ tutmish, yo rab?

Go‘zal bekach Laura ko‘zi
Otash solmish dillar qatiga.
Ikkisi ham loyiq der o‘zin
Nomdor qizning muhabbatiga.

Qay birodar, lekin, ul suluv
Qiz yuragin zabt etgay abjir?
Bitishuvdir — qonli olishuv,
Ajrim qilgay yalang‘och shamshir!

Avj oladi, boq, shiddatli jang
Zarb ketidan zarblar beomon.
Ey botirlar, to‘xtang, aldanmang,
Bir yovuzlik bu tunda pinhon!

Bu ne qonxo‘r qasrdir, evoh,
Evoh, qanday qonxo‘r vodiy bu?! —
Aka-uka bir-bir tortib oh,
Tig‘ zarbidai qulaydi, yohu!

Yitib ketdi nechalab asr,
Necha avlod kirdi qabrga.
Biroq bo‘m-bo‘sh qayg‘uli qasr
Boqib turar hanuz adirga.

Adirda-chi! Har tun shu odat,
Shu mo‘‘jiza har tun ro‘y berar:
O’n ikkiga borganda soat
Qilichlashar ikki birodar.

4

SHO’RLIK PETER

I

Hans bilan Greta xushhol,
Charx uradi raqsda ikkisi.
Faqat Peter tikiladi lol
Xuddi bo‘rdek oqarib yuzi.

Kelin-kuyov — Hansu Greta,
Taqinchoqlar naqadar go‘zal!
Tirnog‘ini tishida kertar
Jomakorda Peter bu mahal.

Anduh ichra, so‘ngra, shivirlar
Baxtli juftdan ololmay ko‘zin:
«O’ylik yigit bo‘lmasaydim gar
O’ldirardim o‘zimni o‘zim!»

II

«Yurakdagi qattiq bir azob,
Bir og‘riqdan ko‘ksim qontalash;
Qayga bormay o‘sha iztirob
Meni quvar qilib xomtalash.

Yuguraman sevgilim tomon,
Gretamda bor deya davo;
Ko‘zlariga boqqanim zamon
Men qochaman ortimga ammo.

Men chiqaman tog‘ cho‘qqisiga
Va turaman tanho, dilxasta;
Dosh berolmay alam hissiga
Men yig‘layman tikilib pastga».

III

Sho‘rlik Peter mastdek tebranar,
Murda kabi nimjonu rangpar.
Bir oz yurar, so‘ng to‘xtar behol,
Yo‘lovchilar bosh chayqashar lol.

O’rtog‘iga shivirlar bir qiz:
«Go‘rdan chiqqan arvoh-ku, esiz!»
Unday dema, ey mohi tal’at,
Endi kirar go‘rga u faqat!

U ayrilmish yuzi gulgundan,
Endi kechgay dunyoi dundan,
Do‘st tutinib endi qabr ila,
Qiyomatni kutgay sabr ila.

5

MAHBUS QO’SHIG’I

Lizani jodulab qo‘yganda buvim,
Olomon «Yoqilsin!» deb qildi talab.
Qancha zo‘r bo‘lmasin hakam uquvi,
Hech iqror bo‘lmadi buvim ataylab.

Tashlangan chog‘ida cho‘g‘dek qozonga
O’lguday baqirib buvim soldi dod;
Qora dud o‘rlagan payti osmonga
Quzg‘unga aylanib u qoqdi qanot.

Qanotli sehrgar, qora buvijon,
Panjara ortidan ichkariga kir!
Bir bo‘lak pishlog‘u jindak shirin non
Keltirib, buvijon, qornimni to‘ydir.

Qanotli sehrgar, qora buvijon,
Muruvvat ko‘rsatgin osilgan paytim:
Jasadim sirtmoqda chayqalgan zamon
Xolam cho‘qimasin ko‘zimni, aytgin.

6

GRENADYORLAR

Ikki grenadyor — ruslar asiri,
Qaytib kelardilar Farangistonga.
Nomusdan boshini og‘di har biri
Qadam qo‘iganida, hayhot, Olmonga.

Hayhotki, ularni egdi shum xabar:
Aziz Farangiston tiz cho‘kmish haqir.
Hayhotki, yengilmish shunday zo‘r lashkar,
Jahongir asirmish, jahongir asir.

Rostligin bu gapning bilgach, ikki do‘st
Bir-birin quchoqlab yig‘lashdi uzoq.
«Naqadar azob — deb biri ochdi so‘z, —
Eski jarohatim jazillar, o‘rtoq!»

O’rtog‘i der unga: «Bu qismat g‘addor,
O’limdan qo‘rqmaymai, tayyorman, do‘stim,
Faqat oilam deb tirikman nochor,
Norastalarimni qiymaydi ko‘zim.

«Xotin ham, bola ham sog‘ bo‘lishsa, bas,
O’z kunini ko‘rib ketadi bir-bir.
O’zga dard qiynaydi meni bu nafas, —
Jaholgir asirdir, jahongir asir!

Faqat bir iltimos: kirmay darmonga —
Men bunda ko‘z yumsam gar bitib kunim,
Jasadim olib ket Farangistonga,
Farang tuprog‘iga dafn ayla uni.

Nishonga sen alvon bog‘ich o‘tqazib,
Yuragim ustiga qo‘ygin, do‘stginam;
Qo‘limga miltiqni, so‘ngra, tutqazib,
Taqib qo‘y belimga qilichimni ham.

Qabrda men shunday yotayin, ziyrak,
Bir muddat mizg‘igan posbonnamo, —
Toki otilguncha yuzlab zambarak,
Jangovar tulporlar kishnaguncha to.

Mozorim ustiga kelsa jahongir,
Qilichlar jaranglab uchqun sochgan kun,
Men sakrab turaman qabrimdan abjir —
Jahongir shonini pok saqlash uchun!»

7

CHOPAR

O’tirginu egarga tezda,
Ey mahramim, bo‘sh qo‘y yuganni,
O’tib qiru o‘rmonu tuzdan,
Qasriga bor qirol Dunkanning.

Otxonaga otni bog‘larkan,
Bolalardan bilgin sirini:
«Uzatmoqda qiblagoh Dunkan
Qizlaridan qaysi birini?»

«Qo‘ng‘ir sochni!» — desa bolalar
O’qday uchgin ortingga darhol.
«Zarkokilni!» — desa bolalar
Yo‘lga chiqqin shoshmay, bemalol.

Yo‘l-yo‘lakay dam ber bedovga,
Do‘kondordan sotib ol arqon. 
Bir og‘iz so‘z aytmay birovga,
Hovliqmasdan qaytgin men tomon.

8

QAYLIQ OPQOCHISH


Men sensiz qaytmayman bundan, suyuklim,
Birga ketasan
Ko‘hnayu qadrdon, olis uyimga,
Kimsasiz, g‘amginu yolg‘iz uyimga,
Onam bo‘sag‘ada o‘ltirar har kun,
O’g‘liga intizor, yo‘l qarar har kun.

«Ket bundan, tund odam, o‘z holimga qo‘y,
Nechun chorlaysan?
Nafasing qaynog‘-u, qo‘llaring sovuq,
Ko‘zlaring chaqnar-u, rangingda rang io‘q,
Bormayman, xush yoqar bu sirdosh dunyo,
Bu gullar dunyosi, serquyosh dunyo!»

Serquyosh dunyoyu gullarni unut,
Mening shirinim!
O’rgangin sen endi harir libosga,
Ko‘lingni uzatgin jarangdor sozga,
Nikoh qo‘shig‘ini kuyla men uchun;
Olamga taratsin ul qo‘shiqni tun,

9

DON RAMIRO

«Donna Klara! Donna Klara!
Suyukligim, umrim quvonchi!
Mahkum etding meni o‘limga
Mahkum etding achinmay sira.

Donna Klara! Donna Klara!
Hayot — go‘zal, hayot shirindir!
Qa’rda esa, qorong‘u go‘rda
Rutubatu sovuq va dahshat.

Donna Klara! Erta tong bilan
Don Fernando mehrob qoshida
Seni juftim deya ataydi,
Aytasanmi meni to‘yingga?»

«Don Ramiro! Don Ramiro!»
Sanchiladi qalbga har so‘zing,
Sanchiladi qismat yulduzni
Masxarali tig‘idan ziyod.

Don Ramiro! Don Ramiro!
Unut endi qayg‘ularingni:
Bu dunyoda nima ko‘p — qiz ko‘p,
Tangri hukmi ayriliq ekan.

Don Ramiro, sen arablarni
Yengding ajib jasorat bilan.
O’zni yengib endi o‘shanda
Erta bilan kelgin to‘yimga».

«Donna Klara! Donna Klara!
Ont ichaman kelaman deb, ha,
Ha, raqsga ham etaman taklif,
Xayrli tun, xush qol tonggacha».

«Xayrli tun!» — Darcha yopildi,
Xo‘rsinaru pastda Ramiro,
Tosh qotgancha turadi uzoq;
So‘ng nihoyat singar zulmatga. —

So‘ng nihoyat tugab sarkash jang, —
Tun taxtini egallaydi tong
Va Toledo anvoyi bog‘dek
Uyg‘onadi gullar qo‘ynida.

Saroylarning peshtoqlarida
Nayzabozlik qilar kun nuri,
Cherkovlarning yuksak qubbasi
Yarqiraydi quyma oltipdek.

G’uvillagan ari inidek
Sado berar qo‘ng‘iroqxona.
Samolarga uchar munojot
Tangrplarning qutlug‘ uyidan.

Pastda esa, qaranglar! Qarang!
Bozorjoyning butxonasidan
Chiqib kelar shoshqin olomon,
To‘lqinlanar ulkan bir oqim.

Jo‘mardlaru xonimlar xushvaqt,
Tovlanadi zarbof liboslar.
Qo‘ng‘iroqning jaranglariga
Omuxtadir arg‘anun sasi.

Lekin hamma yo‘l berar darhol
Hurmat bilan, tavoze’ bilan
O’tsin deya kuyovu kelin —
Don Fernando, Donna Klara,

Mana, oxir kuyov qasriga
Yetib keldi odamlar mavji;
Bobolarning rusmiga ko‘ra
Nikoh bazmi boshlandi bunda,

Taomdan so‘ng jo‘mardlar uchun
Navbat keldi o‘yin-kulgiga.
Sezilmasdan o‘tib borar vaqt,
Cho‘ka boshlar zamin uzra tun.

Mehmonlarning bari raqs uchun
Yig‘ildilar zal o‘rtasida;
Sham nurida ming shamdek yonar
Taqinchoqlar, zarrin liboslar.

To‘rdagi xos, baland kursidan
O’rin oldi kuyovu kelin;
Don Fernando, Donna Klara
Shivirlashar nazokat bilan.

To‘lqnnlatar zalni tobora
Mehmonlarnipg suronli mavji.
Qo‘shnog‘ora gumburlar o‘zga,
Bir o‘zgacha yangraydi surnay.

«Yuragimning hukmdori, ayt,
Ayt-chi, nechun bu dam nigohing
Qadalmishdir zalning burchiga?» —
Ajablanib so‘raydi jo‘mard.

«Ko‘rmayapsan, nahot, Fernando,
Qora rido kiygan odamni?»
Kuyov esa jilmayar mayin,
«U—bor-yo‘g‘i soya-ku xolos!»

Ammo birdan qo‘zg‘alar soya,
Yaqinlashar qop-qora odam.
Ramironi tanir-u, darhol
Bosh irgatar titrab Klara.

Bu payt bazm chiqadi avjga,
Uchqur raqsda juft-juft mehmonlar
Aylanadi chirpirak bo‘lib,
Farsh silkinar, gumburlar bo‘g‘iq.

«Don Ramiro, jon deb sen bilan
Raqs tushmoqqa men-ku tayyorman,
Lekin, ayt-chi, nima sababdan
Paydo bo‘lding qora libosda?»

Don Ramiro tig‘dek nigohin
Klaraga sanchar jimgina;
Ko‘l uzatib beliga deydi:
«Buyurding-ku kelgin deb o‘zing!»

Turfa juftlar aro ikkisi
Bir yovvoyi raqsda uchadi,
Qo‘shnog‘ora gumburlar o‘zga,
Bir o‘zgacha yangraydi surnay.

«Yuzing hatto qordan ham oppoq» —
Der Klara sirli qo‘rquvda.
«Buyurding-ku kelgin deb o‘zing!» —
Ramironing javobi bo‘g‘iq.

Sirli yolqin sochadi shamlar,
Quyuqlashar raqqoslar mavji,
Qo‘shnog‘ora gumburlar o‘zga,
Bir o‘zgacha yangraydi surnay.

«Xuddi muzga o‘xshaydi qo‘ling!» —
Shivirlaydi titrab Klara.
«Buyurding-ku kelgin deb o‘zing!» —
Yana olg‘a uchadi ular.

«Oh, qo‘y meni, bo‘ldi, Ramiro!
Nafasingda o‘limning hidi!»
Tund va sovuq uning javobi:
«Buyurding-ku kelgin deb o‘zing!»

Qizigan farsh tutaydi go‘yo,
Avjga chiqar g‘ijjaklar rosa.
Xuddi afsun sehriga banddek
Yorug‘ zalda aylanar barcha,

«Oh, qo‘y meni, qo‘yvor, Ramiro!» —
Eshitilar ayolning zori.
O’zgarmaydi ammo Ramiro:
«Buyurding-ku kelgin deb o‘zing!»

«Unday bo‘lsa, ket, xudo haqqi!» —
Yolboradi ingrab Klara.
Chiqar-chiqmas og‘zidan shu so‘z
G’oyib bo‘lar Ramiro izsiz.

Tosh qotadi donna Klara,
Yuragida qabr sovug‘i.
Xayollari kuchsiz qaltirab
Zimistonga singadi bir-bir.

Tarqaladi, nihoyat, tuman,
Ochiladi quyuq kipriklar.
Lekin yana hayrat zarbidan
Ko‘zlarini yummoq istaydi.

Ajab, bazm boshidan buyon
O’z o‘rnidan jilmabdi kelin;
Jo‘mard esa uning yonida
Mehr bilan shivirlar sekin:

«Nega ranging oqarib ketdi?
Nega buncha nigohing gamgin?» —
«Ramiro-chi?» — pichirlar kelin
Tosh qotgancha sirli qo‘rquvda.

Tirishadi kuyov manglayi,
Ijirg‘anib, bir seskanar u:
«Nechun, xonim, qon haqida so‘z? —
Tush paytida o‘lgan Ramiro».

10

BELZATSAR

Yarmidan og‘di ham tun allaqachon;
Oromga bosh qo‘ydi sokin Bobilon.

Faqat yuksakdagi saroyda yolqin,
Shohona davrada tinmaydi shovqin.

Undagi oliyshon koshona aro
Belzatsar bazm aylar, avjida safo.

Mahramlar ta’zimda tutar paydar-pay, —
Tillodek tovlanar qadahlarda may.

Qadahlar jaranglar, mahramlar kuylar,
Podshodan cho‘chimay kayf bilan so‘ylar.

Bir payt shoh qizarar yuzi lovullab,
May uning qonida uyg‘otar g‘azab.

So‘qir kin dastida ketar o‘zidan,
Tangriga haqorat yog‘ar so‘zidan.

Gerdayib keltirar yaratganga shak,
Mahramlar qiyqirib chaladi chapak.

Shoh mag‘rur, chimrilib, siltaydi qo‘lni
Yahvo mehrobiga yo‘llaydi qulni.

Buyurar zud borib olib kelishni
Muqaddas ul o‘lja — oltin idishni.

Ul qutlug‘ idishni to‘ldirib, evoh,
Harom qo‘llariga oladiyu shoh,

Sipqorar sharobni turganicha tik,
Baqirar, so‘ng, sochib og‘zidan ko‘pik:

«Sen, Yahvo, mahkumsan mazaxga mangu, —
Bobilon podshosi — mening hukmim shu!»

Shu so‘zlar og‘izdan chiqar-chiqmas, boq,
Bir qo‘rquv his qildi yuragida shoh.

Qiyqiriq, qahqaha daf’atan so‘ndi.
Qabriston jimligi davraga qo‘ndi.

Boq, yo rab! Shu mahal chiqqandek qordan
Bir qo‘l o‘sib chiqdi oppoq devordan,

So‘ngra yoza ketdi devorga majhul,
Cho‘ng, olov harflarni qiyalatib ul.

Murdadek qotgancha, oqarib yuzi,
Dirillab titradi podshoning tizi.

Mahramlar yuragi bazo‘r urardi,
Bazm ahli vahm ichra qotib turardi.

Donolar, ramollar chorlandi, hayhot,
Olov so‘z sirini bilmadi hech zot.

Belzatsarni esa omad tark etdi:
O’sha tun qullari chavaqlab ketdi.

11

MINNEZENGERLAR

Mana, kelar minnozengerlar
To‘p-to‘p bo‘lib she’r bahsi uchun.
Shoir ahli maydonga kirar,
Zap bellashuv bo‘ladi bugun!

Jo‘shqin xayol, olovyol xayol
Minnezenger uchun tulpordir.
Unga san’at qalqondek qurol,
Uning so‘zdan qilichi bordir.

Tegu taxtli xonimlar bugun
G’urfalarda yonar misli cho‘g‘.
Faqat yo‘qdir yuzlari gulgun.
Asl sovrin ular ichra yo‘q.

Gar o‘zgalar chiqsa maydonga
Yengmoq uchun ot qo‘yib sog‘lom,
Minnezenger azaldan qonga
Bo‘yalgandir qalban batamom.

Kuylab-kuylab, yurak qonidan
Buyuk qo‘shiq yaratgan kuni,
Asta chiqib gul makonidan
G’uncha og‘iz sharaflar uni.

12

DARCHA OSTIDA

Rangpar Haynrix o‘tar besazo,
Tashlar Hedvix darchadan nigoh.
«Yo rab! — deydi qichqirib barno, —
Muncha rangpar, bamisli arvoh!»

Shunda Haynrix ko‘tarib ko‘zin,
Tashlar Hedvix tomonga nigoh.
O’sha kundan Hedvixning o‘zi.
Rangpar erur bamisli arvoh.

Go‘zal Hedvix endi farxunda,
Har kun tashlar darchadan nigoh
Va quchadi Haynrixnn tunda
Chiqqan payti qabrdan arvoh.

13

YARADOR JO’MARD

Qadim naql yodimda doim,
Yangrab turar ul g‘amgin navo:
Jo‘mard yigit ahdida qoim,
Mahbubasi, lekin, bevafo.

U ne qilsin! Nopok dildorga
Majbur boqar nafratli ko‘zi,
U chidolmas alamga, orga,
O’z ishqidan uyalar o‘zi.

Lekin tayyor zarba bermoqqa,
Raqiblarni bo‘yagay qonga:
«Sevgilimni nopok demoqqa
Azm etganlar chiqsin maydonga!»

U hammani jim qilar, yo rab,
O’z dardiga yetmaydi kuchi;
Yuragini teshgay shu sabab
Nayzasining charxlangan uchi.

14

DENGIZ SAFARI

Men machtaga suyanganimcha
Tikilaman bir-bir mavjlarga:
«Alvido, ey, jonajon Vatan!
Uchqur kemam chiqdi safarga!»

Ana, go‘zal yorimning uyi,
Darchasida o‘yinqaroq nur.
Men qanchalar tikilmay, ammo,
Qo‘l silkimas hech kimsa bir qur.

Ko‘z yoshlarim, bas endi, to‘xtang,
Ko‘zlarimga tutmangiz parda!
Saqlan, saqlan, bemor yuragim,
Tors yorilib ketma dardlardan!

15

PUSHAYMON HAQIDA QO’SHIQ

Janob Ulrix boradi tanho,
Barglar yayrar, shovullar o‘rmon,
Ko‘zi tushar yaproqlar aro
Yashiringai qizga nogahon.

O’z-o‘ziga deydi boy: «Evoh,
Menga tanish bu gulgun siymo.
Goho ovda, gavjum joyda goh
Paydo bo‘lib imlar doimo.

Ikki gulbarg kabi lablari
Muloyimu mayin, beg‘ubor.
So‘zlarining, va lekin, bari
Goho tussiz, gohida makkor.

Mo‘rcha miyon og‘zi suluvning,
Atirgulday bag‘oyat zebo,
Makkor bargi ostida uning
Qora ilon vishillar ammo.

Uning momiq yuzida nafis
Kuldurgichi — chuqurchasi bor,
Chuqurchamas, u jardir tagsiz.
Ko‘ngil o‘zin otishga tayyor.

Zar kokili go‘zal begumon,
Go‘zal boshga bezakdir, ko‘rkdir,
Kokil emas, mug‘ombir shayton
Qasdim uchun to‘qigan to‘rdir.

Ko‘zlarida cho‘g‘ bor zangori,
To‘lqinlanar moviy nur titrab.
Eshigiga do‘zaxning borib,
Keldim debman jannatga, yo rab!»

Janob Ulrix boradi tanho,
Barglar titrar, ingraydi o‘rmon.
O’zga arvoh bo‘ladi paydo,
Tikiladi rangparu nolon.

O’z-o‘ziga deydi boy: «Evoh,
Meni jondan sevgan onam bu!
Goh qilig‘-u, so‘zim bilan goh
Unga doim keltirdim qayg‘u!

Oh, qaniydi, mehrim ko‘z yoshin
Quritsaydi mehribonimning!
Ko‘tarsaydi bir zumga boshin,
Berar edim yurak qonimni!»

Janob Ulrix boradi sekin,
Kech ham qo‘nar o‘rmonga shoshib.
Barglar aro bir ovoz, lekin,
Shom yeliga kelar mingashib.

O’z ovozin boy taniydi tez,
Aksi sado bu so‘zlar beshak,
Mayna qilar sho‘x qushlar shu kez
Chirqillashib, chalishib hushtak:

«Janob Ulrix zap qo‘shiq kuylar,
Pushaymon deb qo‘shiq atalar.
Bir qo‘shiqki, tugasa agar
Yana boshdan darhol qaytalar».

16

QADIMGI ROMANSNI KUYLAGAN XONANDA AYOLGA

Yodimdadir, sehrlab meni
Ko‘z oldimda yarq etding ilk bor!
Yangrar ekan aziz ohang, oh,
Yuragimda turdiyu titroq
Yosh quyildi ko‘zimdan nogoh, —
Ketmish edi mendan ixtiyor.

Qaytgan kabi eng shirin tushim,
Bolaligim bo‘ldi namoyon;
Sham nurida nim yorug‘ xonam,
Shivirlaydi xudojo‘y onam,
Ertak bilan andarmon men ham,
Tashqarida g‘uvillar bo‘ron.

Jonlanadi g‘aroyib ertak,
Tark etadi qabrin har jo‘mard;
Ronsevalda boshlanadi jang,
Roland tortar ayilni tarang,
Uchib borar botirlar, qarang,
Ular ichra Ganelon nomard.

U jo‘mardga qilar xiyonat,
Behol Roland so‘ng bor jahd etar,
Qo‘l cho‘zadi bazo‘r burg‘uga,
Keyin ketar so‘nggi uyquga,
Buyuk Karl botar qayg‘uga
Va tushim ham so‘ngiga yetar.

Birdaniga guvillar olqish,
Men o‘ngimga qaytaman darhol.
Chekinadi ajib afsona.
«Yasha!» deydi hamma mastona,
Guvillaydi tomoshaxona,
Ta’zim qilar hammaga ayol.

17

DUKATLAR HAQIDA QO’SHIQ

Dukatlarim, oltin dukatlar,
Qaylardasiz? Beringiz xabar!

Do‘stingizmi oltin baliqlar,
Makoningiz endi dengizmi,
Quvnab-sakrab sho‘ng‘idingizmi?

Yo do‘st bo‘lib oltin gullarga
Adirlarda charaqlarmisiz,
Shudringlarday yaraqlarmisiz?

Yo do‘st bo‘lib oltin qushlarga
Moviy ko‘kda charx urarmisiz,
Gala-gala shod yurarmisiz?

Yo do‘st bo‘lib, oltin yulduzlar
Davrasida socharmisiz nur —
Tungi ko‘kdan qiqirlab masrur?

Oh, dukatlar, oltin dukatlar,
Topolmadim, qayga qochgansiz:
Na yam-yashil adirda borsiz,
Na charx urgan qushlarga yorsiz,
Na ko‘klardan yog‘du sochasiz, —
Sudxo‘rimning changalidasiz,
Po‘lat sandiq qamalidasiz!

18

PADERBORN DASHTIDAGI SUHBAT

Eshitdingmi, olisda sado —
G’ijjak yangrar, yangraydi sho‘x soz?
Davra qurib xo‘b, nozik ado
Qizlar raqsda etadi parvoz.

«Eh, do‘stginam, yaxshi tinglab boq,
U g‘ijjakning ovozi emas;
Cho‘chqachalar chiyillar bu choq,
Cho‘chqaniki xo‘rillagan sas».

Eshitdingmi yangroq burg‘uni?
Mard ovchilar chopar o‘rmonda,
Nay chaladi yoyib suruvni,
Cho‘pon yigit o‘tloq tomonda.

«Eh, do‘stginam, tingla yaxshiroq,
Burg‘u hammas, nay ham emas bu;
Cho‘chqalarga ko‘tarib tayoq
Cho‘chqaboqar soladi hay-huv».

Eshitdingmi qo‘shiqni, dilshod,
Xushovozlar jaranglaydi jo‘r?
Farishtalar qoqishib qanot,
Qarsak ila olqishlar masrur.

«Eh, azizim, ser sol, jim qolib,
Farishtamas ular hech qanday!
G’ozlarini oldiga solib,
Qo‘shiq aytib o‘tar bolakay».

Eshitdingmi, ayt, qo‘ng‘iroqni? —
Bir diltortar sehrli sado!
Cherkov bongi ahli qishloqni
Ibodatga chorlar ruhafzo.

Eh, do‘stginam, u jo‘n qo‘ng‘iroq,
Har kun yangrar mollar bo‘ynida —
Boshlarini silkitgani choq
Molxonaning zulmat qo‘ynida».

Ko‘rdingmi, boq, o‘rtigi harir
Bir nozanin menga silkir bosh?
U — sevganim, tengsiz dilbardir,
Quvonchidan ko‘zlarida yosh.

«Eh, do‘stginam, senga imlar, boq,
O’rmonchining qari xotini;
Qilt-qilt qilar — boshi qaltiroq,
Maymoqlanar tez-tez qoqilib».

Xayolparast, deb mendan bu payt
Kulsang, mayli, qilmayman parvo!
Hech aldashi mumkinmi, xo‘sh, ayt, —
Men ko‘ksimda asragan dunyo!

19

HAYOT SHARAFI

Albom varag‘i

Yerimiz bamisli kattakon bir yo‘l,
Biz esa doimo unda yo‘lovchi.
Goh otda, goh yayov — shoshamiz nuqul
Bamisli ovini quvlagan ovchi.

O’tarkai imlaymiz, beramiz savol,
Ro‘molcha silkiymiz foytundan goho;
Baslashmoq, quchishmoq istaymiz mudom,
Bir zum tek turmaydi otimiz ammo.

Bekatda sen bilan uchrashdik nogoh,
Go‘zal xulq shahzoda Aleksandr, biz.
Pochtachi burg‘uni chalar-u, evoh,
Darhol ayrilmoqqa yana majburmiz.

20

ASL HAQIQAT

Kelganda bahoriy yorug‘ kunduzlar
Kurtaklar barg yozar, g‘unchalar kular;
To‘lin oy sochadi kumush yog‘dular,
Osmonni to‘ldirar shaffof yulduzlar;
Ul shahlo ko‘zlarki, kuylagan payti
Yuragim tubidan otilar baytim —
Va lekin qo‘shig‘u gulu yulduzlar,
To‘lin oy, quyoshu go‘zal ul ko‘zlar
Quvonch baxsh etmasin bizlarga qancha,
Bu foniy dunyoda bari vaqtincha.


SONETLAR

A. V. SHLEGELGA


Egnida beli tor raprap oq ko‘ylak,
Yuzlari bo‘yalgan, serqiliq, tam-tam,
Etigi qo‘shtumshuq, o‘rtigi ko‘rkam,
Aribel, boshida cho‘qqayma turmak.

Shunaqa yasanib keldi oqbilak,
Soxta ilhom bir payt qoshingga xurram.
Ammo sen bormading bu yo‘ldan beg‘am,
Dolg‘ali qismatni his etding beshak.

So‘ng qadim sahroda sen ko‘rding qasr,
Qasr nchra sehrli uyquga asir,
Yotardi yuzlarn marmardek barno.

U sen deb uyg‘ondi, sochdi gul isin, —
Olmonning haqiqiy ilhom parisi
Bag‘ringga tashlandi yayrab ruhafzo!


ONAM FON GELDERN QIZI B. HAYNEGA

I

Boshimni tutaman doimo mag‘rur,
Hech qachon yengilmas o‘jar idrokim;
Qirolning qoshida turib hattokim
Ko‘zimni men yerga olmayman bir qur.

Men yana, onajon, ta’kidlay masrur:
Bo‘y egmam hech kimga tirikman tokim!
Va lekin qoshingda, jilmaygancha jim,
Bosh bukib turaman doimo maxmur.

Ul sening ruhingmi — keladi g‘olib?
Ul sening ruhingmi — g‘ulg‘ula solib,
Yoritar qalbimni chaqin misoli?

Boshimni egaman doim, ehtimol,
Keltirganim uchun senga ko‘p malol,
Kechirganing uchun barini darhol?

II

Savdoyi xayolda seni tark etdim,
Aylanmoq istadim butun dunyoni,
Izladim o‘yimda kulgan barnoni,
Muhabbat lazzatin totay deb ketdim.

Muhabbat izladim, ko‘ksimni sitdim,
Qoqdim har eshikni tilab vafoni:
Ammo men doimo faqat jafoni
Va sovuq nafratni ko‘rib qon yutdim.

Muhabbat izladim har ko‘yda yig‘lab,
Topmadim, afsuski, bag‘rimni tig‘lab
Va qaytdim men uyga bemor oqibat.

O’shanda sen chiqding quchog‘ing ochib,
Ko‘zingda chaqnardi injular sochib
Men uzoq izlagan buyuk muhabbat.


H. SH. GA

Ajib kitobchani ochganim zahot
Meni bot qutlaydi ul tanish jahon,
Bebaho suratlar bo‘lib namoyon,
Bolalik kunlarga uchar xotirot.

Ul yuksak jome’ni ko‘raman men bot,
Ko‘kka bosh uradi olmoniy imon,
Arg‘anun sadosi jaranglar komron,
Muloyim ovozlar jo‘r bo‘lar kushod.

Ko‘raman jome’ning yovlarini ham,
Korchalon pastkashlar halni o‘chirar, —
Naqshinkor gullarni tirnab, ko‘chirar.

Mayliga, yopishib emanga bu dam
Yam-yashil barglarni yulsinlar, biroq,
Yana bahor kelsa ko‘kargay yaproq!


XRISTIAN ZYOTE UCHUN NAQSHIN SONETLAR

I

Egilib taqmayman to‘nkaga gultoj
Oltinga belangan bo‘lsa ham agar:
Qo‘limni cho‘zmayman boyga ta’magar,
Nomardga o‘zimni qilmayman muhtoj.

Men buzuq ayolga ochmayman quloch
Fahshini yashirsa hamki bezaklar;
Aybdor qilmayman, olomon magar
Takabbur hokimga sezsa ehtiyoj.

Bilaman, cho‘rt sinar mag‘rur, cho‘ng eman,
Navda-chi, qutilar egilish bilan, —
Tabiat hayqirib, turganda bo‘ron.

Navdaning qismati, va lekin ayon:
Bir kuni u hassa — silliq, yaltiroq,
Yo ko‘ylak changini qoquvchi tayoq!

II

Bir niqob keltiring, endi men kiyay,
Chapani bir niqob, to‘pori niqob;
Artistcha bezakdor, qimmatli kimxob
Niqobni endi men butkul irg‘itay.

Oddiy so‘z, jo‘n odat beringki shunday,
Gunohkor bandadek qilayin xitob
Va go‘zal qochirim, kiboriy odob,
Soxta qiliqlardan bosh olib ketay.

Niqoblar bazmiga kirdim chamasi,
Olmonning qiroli, rohib, jo‘mardi
Masxarabozlardek xo‘p aylanardi.

Yog‘och tig‘ o‘qtaldi menga hammasi.
Hazil bu. Chunki men bitta zarb urib,
Niqoblarni firtsam qocharlar qo‘rqib.

III

Kulaman — ko‘zimga buzoqdek har dam
Baqraygan nodonniig ustidan men jim;
Kulaman — girdimda mening muloyim
Aylanib, hidlagan quv tulkidan ham.

Kulaman — o‘zimga bilimdon hakam
Sanagan takabbur maymundan doim;
Kulgili — zahrini yashirgan xoin
Mardlikdan bebahra ul ovuz odam.

Zero baxt uyining bebaho, porloq
G’aznasin beshafqat taqdirning qo‘li
Irg‘itgan paytida oyoq tagiga

Va keyin pokiza mard yuragiga
Tig‘ urib tilganda, ong yaxshi yo‘li —
Barini ustidan qahqaha urmoq

IV

Savdoyi boshimda aylanar ertak,
Ertakki, qo‘shiq bor unda biram cho‘x.
Bu qo‘shiq ichra bor bir qiz misli cho‘g‘ —
Lovullab yashaydi, sochi jamalak.

Ul go‘zal qizchada bor erur yurak,
Lekin, ul yurakda, afsus, sevgi yo‘q,
Ul yurak bir parcha muz kabi sovuq,
Qa’rida kibr bor — na his, na istak!

Boq, guvlar boshimda ertak sas borib.
Undagi qo‘shiqchi soladi qo‘rquv,
Qiz esa qiqirlar asta, boshafqat.

Tinchirmi bu azob boshimni yorib, —
Aqldan ozmasam bo‘ldi men, yohu,
Ro‘y berib fojia, haqiqiy dahshat!

V

Osuda, g‘amnishin oqshom chog‘lari
Goh yangrar ul olis, ul unut navo,
Yuzimda ko‘z yoshim bir oqar daryo,
Yana qon sochadi yurak dog‘lari.

Suyukli yorimning gul yonoqlari
Sehrli ko‘zguda bo‘ladi paydo,
Lolarang nimchada, lovullab zebo,
Sukunat qo‘ynida ish tikar pari.

O’rnidan shart turib mana, nogahon
Bir tutam tillarang kokilin shu vaqt
Shart kesib uzatar menga, — bu ne baxt!

Va lekin chang solar baxtimga shayton,
O’shal zar kokildin yasab u chilvir
Meni, necha yilki, sudraydi, qilvir!

VI

«Mana, bir yildirki, tengsiz gulruxsor,
Sen o‘pich bermaysan uchragan chog‘ing».
So‘zim tugamayoq g‘uncha dudog‘ing
Labimga yopishdi cho‘g‘dek, intizor.

So‘ng yulib uzatding kulib, baxtiyor,
Darchang ostidagi mirta butog‘in.
«Solginu bir siqim bahor tuprog‘in,
O’tqaz gultuvakka», — deding ishvakor.

Yillarni yil quvdi. Bir siqim tuproq
Ul xazon mirtadan yodgor chirindi;
Labim ham unutdi bo‘sang totin, boq.

Boq, yana ul uyga keldim boumid,
Tun bo‘yi tikilib ko‘zlarim tindi,
Faqat tong otardi, ketdim noumid.

VII

Saqlangil, do‘stginam: alvasti aftdan,
Undan-da xavfliroq, lekin, malakro‘y.
Ulardan birini sevdimu beo‘y,
Ko‘ksimda panjani sezdim daf’atan.

Saqlangil, do‘stginam, bir xavfdan:
Qari mushukdan ham yoshi yovuz ho‘y.
O’lardan biriga bo‘lib justijo‘y,
Yuragim tirpaldi jeztirnoq kaftdan.

Oh, go‘zal, quv chiroy, sehrli dildor!
Men shahlo ko‘zlarga aldandim nahot?
Yurakni tirnamoq mumkinmi, hayhot?!

Oh, mushukkinamning mayin panjasi!
Sizlarni labimga gar bossam bir zum,
Yurak qon bo‘lsa ham baxtliman o‘zim!

VIII

Sen ko‘rding, kurashdim nozik did mushuk
Hamda ko‘zoynakli laychalar bilan;
Pokiza nomimni qoralab tuban,
Ishimga doimo tiqdilar tumshuq.

Sen ko‘rding, tashlandi maydakash, shumshuk,
Ahli masaxaraboz menga daf’atan;
Sen ko‘rding qon oqdi minglab yaradan —
Qalbimga yopishdi necha yuz zuluk.

Sen turding mustahkam minordek har choq,
Boshing — bo‘ron payti nurafshon mayoq,
Yuraging men uchun bo‘ldi bandargoh.

Bandargoh yo‘lida xatar ulkandir
Mayli, oz kemalar unga kirgandir
Va lekin kirganlar topgaylar panoh.

IX

Ko‘zimga yosh kelsa, yig‘lardim zero,
Ko‘klarga uchardim sog‘ bo‘lsam albat.
Yo‘q, bo‘lar mumkinmas sudralmoq qismat,
Yashayman ilonu chayonlar aro.

Hayotim qilsayding agar purziyo
Uchardim gardingda men, mohi tal’at,
Qaynoq nafasingni simirib faqat, —
Yo‘q, bular mumkinmas, yuragim tanho.

Bu tanho, bu bemor yurakdan, evoh,
Qon oqar, sezaman: ketmoqda mador,
Ko‘zlarim oldini qora bosmoqda.

Olislab boraman sirli titroqda,
Tumanli maskanda qo‘l cho‘zar bedor
Bag‘riga bosay deb meni bir arvoh.


ZERAFINA

1

Men kezaman tungi o‘rmonda,
Orzularim yurtidir o‘rmon.
Latofatli, sirli qiyofang
Unda meni tark etmas bir on.

Ayt, bu — harir o‘rtigingmi yo
Yuzginangning o‘zimi, go‘zal?
Ehtimol u — daraxt oralab
Oydan tushgan samoviy bir hal?

Balki bu men — jimlikni buzgan
Ko‘z yoshimning tomchilaridir?
Balki u sen — yig‘lab besazo
Menga hasrat qilarsan bir-bir?

2

Bo‘m-bo‘sh, jim-jit dengiz sohilin
Tun pardasi qoplab bir zamon,
Oy boqqanda bulut ortidan
Mavjlar so‘rar shivirlab hayron:

Ayt, tentakmi anavi odam,
Yo oshiqmi, kim bo‘ldi o‘zi —
Bir qarasang, yayraru kular,
Bir qarasang yosh to‘la ko‘zi.

Ayyorona charaqlab shunda
Oy shivirlar engashib yaqin:
«U ham tentak, ham oshiq erur,
Boz ustiga shoirdir tag‘in».

3

Havolaydi bir kumush chorloq,
Goh to‘sh urib mavjga ovora,
Goh yuksalar to‘lqinlar uzra;
Oy balandlab borar tobora.

Nahanglaru skat — baliqlar
Suv yuziga chiqar oshkora,
Chorloq esa goh yuksak, goh past;
Oy balandlab borar tobora.

Oh, azizam, ey foniy qalbim,
Sen hadikdan, g‘amdan sadpora:
Shundoqqina yaqin sovuq qa’r,
Oy balandlab borar tobora.

4

Angladimki, suyukliman men,
Sen sevasan jonu dilingdan;
Lekin rosti, bir cho‘chib tushdim
Izhoringni tinglab tilingdan.

Men kuyladim tog‘larga chiqib,
Qo‘shiq aytdim yayrab, jo‘sh urib.
Men yig‘ladim borib dengizga
Quyosh cho‘kkan hududni ko‘rib.

Yuragim ham xuddi quyoshdek
Lovullaydi yog‘duga to‘lib,
U ham cho‘kdi ishq dengiziga
Ulkan bo‘lib, go‘zal cho‘g‘ bo‘lib.

5

Bizga ajib qiziqish bilan
Bo‘ynin cho‘zib mo‘ralar chorloq;
Chunki aqiq dudoqlaringga
Men shavq bilan bosganman quloq!

Uning juda bilgisi kelar
Ne gapligin ikkimiz aro:
Dudoqlaring ne bilan mashg‘ul —
So‘z bilanmi, bo‘sa bilan yo?

Ammo qalbda qanday talotum? —
Bilgim kelar jon deb o‘zim ham:
Ne ajabki, bo‘salar — so‘zga,
So‘z bo‘saga aylanar bu dam!

6

U kiyikdek mendan xavfsinib,
Toshdan-toshga otildi yengil!
G’uvillagan tog‘ shamolidan
To‘zg‘ib ketdi tillarang kokil.

Unga yetdim tog‘ chetida men, —
Sohil bo‘lmish tikka qoyada.
Uning achchiq, shaxt gaplariga
Shirin so‘zlar aytdim g‘oyatda.

So‘ng o‘ltirdik Osmon ostida,
Shundoqqina jannatga yondosh;
Bu payt suvning qora qa’riga
Sekin-sekin botardi quyosh.

Va nihoyat mavjlar qa’riga
Butkul cho‘kdi go‘zal nur, mana.
Dolg‘alarni uning o‘stidan
Quvib dengiz qildi tantana.

Motam tutma quyoshga, jonim!
Nur yitmadi dengiz qa’rida;
Shu lahzadan boshlab ham o‘zi,
Ham bor tafti mening bag‘rimda!

7

Shu cho‘qqida qurib butxona
Toat bilan xushlaylik ruhni, —
Biz uchinchi Ahd ul-jadidga
Berilaylik quvib anduhni!

Endi qalbning ikki xil fe’li
Haqidagi mish-mishlar bitdi.
Bu kunlarda gunohdan cho‘chib
Tag‘in qiynash odati yitdi.

Ilg‘adingmi, tangri sasi bor
Bu ko‘pirgan tubsiz qa’r aro?
Ko‘ryapsanmi osmonda uning
Minglab shami sochmoqda ziyo?

Bor mavjudot ichra tangri bor,
Tangri bilan borliq go‘zal, hur.
Tangri — zulmat, tangri nur, hayot,
Tangri — bizning bo‘salar erur.

8

Miltillaydi mitti yulduzlar
Dengiz uzra tunga qasdma-qasd.
Goh-goh cho‘ziq pishqiriq saslar
Kelar ochiq dengizdan elas.

Sovuq Shimol ayozi o‘ynab
Mavjlar sochin tarar tumanda,
Shunday ko‘pchib arg‘anun nayi
Raqs tushadi har gal chalganda.

Majusiylar ohanglariyu
Cherkov kuyi chirmashib ketar,
Ular sirli Arshi a’loga,
Yulduzlarga jaranglab yetar.

Yulduzlar-chi, tobora chaqnab
Ulkanlashar, raqs tushar shaddod
Va poyonsiz bo‘shliqda kezar
Xuddi ulkan quyoshdek ozod.

Dengiz arzin tinglaru osmon,
Jo‘r bo‘ladi yovvoyi kuylab,
Chaqnab uchar olov bulbullar
Nurga cho‘mgan mehvarlar bo‘ylab.

Dengiz qa’ri, osmon gumbazi
Suron ichra qorishib porlar,
Qalbni buyuk omuxtalikka —
Bo‘ronlarning qo‘yiiga chorlar.

9

Bari sharpa, bari omonat:
Bo‘salar ham, ishq ham, hayot ham!
Ishonasan sengina faqat,
Mangu deya ularni, erkam!

Bizniki deb neniki sevsak,
Bari yolg‘on, oniy bir ro‘yo,
Unutgaydir barini yurak,
Ko‘z uyquga ketgay beparvo.

10

Sohilda bir qiz turib
Tikadi ko‘kka nigoh,
Lovullar ekan g‘urub
Xo‘rsinib chekadi oh.

«Qayg‘urma, qizcha! Bu hol
Quyoshga odat mangu:
Qarshingda cho‘kib behol,
Balqiydi ortingdan u».

11

Mening kemam, qora yelkanim
Uchib borar to‘lqinlar aro;
Bilib turib azoblarimni
To‘xtatmaysan qiynoqni aslo.

Shamol kabi beburd yuraging,
Goh bundayu, undadir goho;
Mening kemam, qora yelkanim
Uchib borar to‘lqinlar aro.

12

Past ketdingki shunchalar, oxir
Odamlarga aytishdan qochdim.
Ammo chiqib ochiq dengizga
Baliqlarga siringni ochdim.

Istardimki, yer uzra seni
Vafodorga mudom yo‘ysinlar.
Ammo dengiz kengliklarida
Beburdliging bilib qo‘ysinlar.

Ko‘chgan tog‘dek solib g‘uluv,
Mavjlar guvlaydi;
Rezalanib ko‘pirar-u,
Qumga qo‘laydi.

Ulkanlashar ular tinmay
Ko‘tarib suron, —
Balki bizga ko‘mak bergay
Betiyiq tug‘yon?!

14

Men xayol suraman sohilda charchoq,
Mox bosgan qoyada o‘ltirib yolg‘iz.
Shamol g‘uvillaydi, qichqirar chorloq,
To‘lqinlar sapchiydi, quturar dengiz.

Yonimda bor edi ne-ne guljamol,
Do‘stlarim davrasi bor edi tengsiz,
Ayt ular qaylarda?.. G’uvillar shamol,
To‘lqinlar sapchiydi, quturar dengiz.

15

G’urub yonib, dengiz bo‘shlig‘i
Alangaga chulg‘andi butun.
Vujudimni dongizga bering,
Birodarlar, men ko‘z yumgan kun.

Men dengizni sevdim doimo,
U do‘st edi menga begumon,
Qasirg‘ali bir tuyg‘u bilay
Baxsh etardi qalbimga darmon.



ISHQIY QO‘SHIQLAR

DEBOCHA

Bir ritsar yashardi qayg‘uli, kamgap,
Chehrasi qonsiz-u, uniqqan, rangpar;
Kezardi u doim gangib, tentirab – 
Tund o‘ylar qo‘ynida bir o‘zi besar.
Hurkib u yovvoyi, chapdan yurardi,
Gullaru sho‘x qizlar o‘ngda turardi –
U munkib ketganda kulib ishvagar.

Shom qo‘ngach, uyidan chiqmay ko‘pincha,
O‘ltirar odamlar ko‘zidan nari.
Goh g‘amgin cho‘zilar qoqmasdan mijja,
Bir og‘iz so‘z aytmas, tunddir nazari.
Har kuni yarim tun bo‘lganda, lekin,
G‘aroyib kuy-qo‘shiq boshlanar sekin,
Shiqirlar eshikning, so‘ng zulfinlari

Va uyga ohista kiradi go‘zal,
Mavjlar ko‘pigidan libosi go‘yo,
Chaqnaydi, qulf urar yonadi yal-yal,
Tillahal yopinchi sochadi jilo.
Tillarang kokili – husniga husn,
Ko‘zida xush imo, hukmron fusun –
Bir-birin quchadi ikkala shaydo.

Yorini qucharu tobora mahkam,
Lovullab yonadi ritsar olovdek,
Qizarar rangpar yuz, uyg‘onar shu dam
Tanida quvvati yangi kuyovdek.
O‘yinqaroq go‘zal shunda noz bilan
Yorining boshiga yopib daf’atan
Oq harir chodrani, bir zum qolar tek.

So‘ng billur suv osti qasri shu mahal
Ritsarni sehriga tortar, al-amon!
Bezagu durlari yaraqlar yal-yal,
Qamashgan ko‘zlarin u ishqar hayron.
Quchar suv parisi, shunda, dilbari,
Oh, ritsar kuyovmish, kelinmish pari,
Hur qizlar soz chalib o‘ynarmish komron.

Atrofda qo‘shig‘u raqs, o‘yin-kulgu,
Qanotga aylanar oyoqlar bu dam;
Ritsarni titratar birdan muz tuyg‘u,
Pariga suqilar, quchoqlar mahkam – 
Mash’allar yitaru beiz shu zahot,
Bir o‘zi o‘ltirar, qarasa, hayhot,
Zaxkash shoirona kulbada purg‘am.

1

Kelganida ajib, go‘zal May
Jam’i daraxt barg yozdi takror,
Shunda mening yosh qalbimda ham
Ishq uyg‘onib, ko‘z ochdi ilk bor.

Kelganida ajib, go‘zal May
Jam’iki qush kuyladi bedor,
Shunda men ham tilaklarimni
Mahbubamga ayladim izhor.

 2

Gullar unib ko‘zyoshlarimdan 
Bo‘y cho‘zadi bir-bir samoga
Va ohlarim  mening aylanar
Bulbul uchun suyuk navoga.

Meni sevsang, seniki bo‘lgay,
Qo‘zichog‘im, shu gullar butkul
Va tonggacha darchang oldida
Jaranglatgay dunyoni bulbul.

3

Atirgul, nilufar, quyoshu kaptarim –
Shularni men yonib, quvonib sevardim.
Endi-chi, sevganim ularmas, yo‘q, o‘zga –  
Oshiqman bir qizga, gul yuzga, cho‘g‘ ko‘zga;
O‘shadir endi, oh, yagonam, sevarim – 
Atirgul, nilufar, quyoshu kaptarim. 

  4

Ko‘zlaringga boqsam, gulbadan,
Ko‘zim tinar qo‘shig‘u g‘amdan;
Lablaringga labimni bossam,
Bag‘ri butun, qodirman shu dam.

Ko‘kragingga bosh qo‘ysam farshda,
Men o‘zimni sezaman arshda;
Lekin: “Seni sevaman!” desang,
Achchiq ko‘zyosh qilar meni tang.

5

Tushda ko‘rdim kecha bo‘yingni
Go‘zal ro‘ying, suyuk ro‘yingni,
U muloyim, u malaknamo,
Juda rangpar, rangpardir ammo.

Qirmizidir lablaring faqat,
O‘lim o‘pgay, lekin, beshafqat.
Ko‘zingdagi ilohiy nur ham
Tezda so‘nib, topajak barham.

6

Yuzlaringni yuzlarimga qo‘y,
Ko‘z yoshimiz birlashib ketsin.
Yuragingni yuragimga bos,
Olovlari chirmashib ketsin.

Shu gulxanni bosganda bir kun
Ko‘z yoshimiz toshqini nogoh,
Mahkam quchib men seni nigun,
Armon bilan o‘lgayman, evoh!

7

Nilufarning billur jomini 
Qalbim bilan to‘ldiray jo‘shib;
Jaranglatsin yorim nomini
Nilufardan taralgan qo‘shiq.

O‘shal qo‘shiq o‘xshar albatta
Lablardagi titroq qasamga –
Mo‘‘jizakor, totli soatda
Yorginamdan olgan bo‘samga.

8

Ming yillarki, g‘ujg‘on yulduzlar
Yuksaklarda qotgancha turar,
Ishq sog‘inchi yongan ko‘z bilan
Bir-biriga to‘ymay telmurar.

Eng boy tilda, eng go‘zal tilda
Roz aytadi ular o‘zaro;
Biror elda biror tilshunos
Tushunmaydi u tilni ammo.

Birgina men o‘rgandim uni
Va umrbod unutmasman hech;
Til darsligi bo‘ldi men uchun
Mahbubamning jamoli har kech.

 9

Qo‘shiqlarning qanotlarida
Kel, uchaylik, jonim, ikkovlon –
Gangadan ham hatto narida
Nurga cho‘mgan go‘shalar tomon.

Unda sokin oydindagi bog‘
Qirmizlanib kutar baxtini.
Nilufarlar kutadi mushtoq
Opajoni kelar vaqtini.

Binafshalar qiqirlab sho‘xchan,
Yulduzlarga boqar mastona;
Shivirlaydi atirgullar shan
Bir-biriga xushbo‘y afsona.

Yaqinlashar ohular cho‘chib,
Tinglaydilar yellardan sado;
Mavjlaridan rezalar uchib,
Chayqaladi muqaddas daryo.

Yonboshlaymiz unda sen bilan
Panoh qilib yuksak hurmoni,
Sarmast bo‘lib ishqu oromdan,
O‘ng qilamiz totli ro‘yoni.

10

Bozillagan jaziramadan
Nilufarning dilida qo‘rquv,
Boshin egib mudraydi, qo‘msab
Tungi shirin ro‘yolarni u.

Oshuftasi uning to‘lin oy
Uyg‘otganda suyuklisini,
Ko‘rsatadi oyga nilufar
Ishva bilan oppoq yuzini

Va qulf urar, chaqnar, lovullar,
So‘ng qotadi ko‘kka boqib lol;
U bo‘y sochar yosh to‘kib, titrab,
Ehtirosu ishqdan bemajol.

11

Rayndaryo, go‘zal daryoni
Va mavjlarni qilgancha ko‘zgu,
Qutlug‘ Kyoln alqab samoni,
Cho‘ng jomeni ko‘z-ko‘zlar mangu.

Ul jomeda, bordir, ma’buda,  – 
Oltin halda aks etgan jamol;
Tund umrimga mening osuda
Quvonch nurin sochdi ul ayol.

Farishtalar, gulu g‘unchalar
Ul ayolni qutlarlar o‘rab;
U yorimga o‘xshar munchalar:
O‘sha ko‘z-qosh, o‘sha yuzu lab!

12

Sen sevmaysan, sevmaysan, jonon
Va lekin men qilmayman parvo;
Chunki seni ko‘rsam bas, shu on
Baxt taxtida podshoman, podsho.

Menga nafrat, faqat nafrat bor
Ol dudoqdan chiqqan har so‘zda,
Lekin o‘psam shu labdan, bir bor
Unutgayman barini tezda.

13

So‘z bermagin, bo‘sa bergin, bas,
Ayol onti ishontirolmas!
So‘zing boldek shirin-u, biroq,
Bo‘sang undan ming bor totliroq!
U – meniki, ishonchlidir u,
So‘z esa – dud, yitgay betutquv.

So‘z ber, jonim, endi men – o‘zga:
Ishongayman birgina so‘zga!
Men ko‘ksingga bosh qo‘yganim vaqt
Ishongayman borligiga baxt;
Ishongayman sen bilan xurram
Yashashimga u dunyoda ham.

14

Yorimning qarog‘in  madh eta-eta,
To‘qidim g‘aroyib kansona*lar men.
Yorimning dudog‘in madh eta-eta,
To‘qidim bol kabi tersina**lar men.

Yorimning yonog‘in madh eta-eta,
To‘qidim ulug‘vor stans*** lar men.
Yorimda yurak yo‘q, afsuski, netay,
Eng go‘zal sonetlar qoldi to‘qilmay.
 
________
* K a n ts o n a – qo‘shiq. (Ital.)
** T ye r ts i n a – qofiyalangan uchlik. (Lot.)
*** S t a n s – she’riy satrlar. (Frans.)

15

Kiborlar ko‘r, kiborlar nodon,
Didsizlashar kundan-kun minba’d!
Ular koyir fe’lingni, jonon:
Senda yo‘qmish biror fazilat.

Kiborlar ko‘r, kiborlar nodon,
Tushunmasdan qilarlar xato:
Bilmaslarki, har bo‘sang – bir jon,
Tiriltirgay o‘likni hatto.

16

Ayt-chi menga, jonginam, bugun:
Sen emasmi, yozda, mabodo,
Kirib shoir tushiga suzgun,
Uning hushin talagan ro‘yo?

Biroq, bunday g‘uncha og‘izni,
Bunday ko‘zu sehrli nafas,
Bunday shirin, suyukli qizni,
Yo‘q, shoirlar yaratgan emas.

Yuholaru zuluk-ilonni,
Badbashara, yovuz, beqiyos,
Afsonaviy ne-ne hayvonni
Yaratolgay shoirlar, bu – rost.

Lekin seni, sening ul makkor
Atvoringu aldamchi nigoh
Va ishvali kulgingni, dildor,
Yaratolmas shoirlar, evoh!

17

Shaffof mavjlar ko‘piklaridan
Tug‘ilgandek balqib turar ul
O‘zga yorning o‘pichlaridan, – 
Qulf urgancha bugun misli gul.

Qalbim, qalbim, chekmagil faryod,
Sug‘ura bil g‘am nishlarini:
Loqayd bo‘lgin, kechirgin bedod,
Nodon yorning qilmishlarini.

18

Ginam yo‘qdir, garchand darding – yurakda igna,
Sen manguga mendan kechding! Qilmayman gina.
Lekin qancha chaqnamasin ko‘zing  olmosi,
Yorishmagay qalbingdagi zulmat dunyosi.

Buni ko‘pdan men bilardim. Bo‘lmishdi ayon
Tushlarimda yuragingni quchgan zimiston,
Tushlarimda yuragingni ilon so‘rardi –
Sen ham baxtsiz ekaningni ko‘rib turardim.

19

Men gina qilmayman: sen baxti qaro; -
Azizam, bizlarga baxt yo‘q dunyoda!
O‘limni quchguncha bemor qalblar to,
Azizam, bizlarga baxt yo‘q dunyoda.

Sen mazax qilasan, labing burasan,
O‘jar nur ko‘raman ko‘zingda har dam,
Ko‘ksingni g‘oz tutib, mag‘rur turasan –
Va lekin baxtsizsan men kabi sen ham.

Ko‘rinmas yig‘i bor, labingda, qara,
Yashirin ko‘z yoshdan ko‘zing aftoda.
Yuraging tubida berkinmish yara, -
Azizam, bizlarga baxt yo‘q dunyoda.

20

Kuy boshladi g‘ijjagu nay,
Jo‘r bo‘ldi-ku nog‘oralar:
Oh, men sevgan qizni, netay,
Bugun erga bermoqdalar.

Yangrar g‘ijjak, qo‘shnog‘ora,
Shovqin aro ammo bir oh:
Maloiklar, dili pora,
Qismatimiz qarg‘ar, evoh.

21

Butunlay unutding ko‘pdan buyon sen
Yuraging sohibi bo‘lganimni men.
Ul yurak bir shirin, bir jajji, bir quv,
Undan quv, shirinroq narsa yo‘q, suluv.

Butunlay unutding sen ko‘pdan buyon
Yuragim bo‘lganin ishq, sitamdan qon.
Bilmam, ishq ko‘pmidi unda yo sitam?
Bilganim – cho‘ng edi ikkalasi ham!

22

Bilganida gullar mabodo
Yuragimning jarohatini,
Yig‘lardilar dardimga oshno
Ayamasdan shafoatini.

Bilsa edi bulbullar ne hol, –
Mening ishqim ta’malarini,
Kuylardilar men uchun darhol
Eng yoqimli na’malarini.

Bilsa edi sitamlarimni,
Oltinnigoh yulduzlar uchib,
Ketkizay deb alamlarimni,
So‘zlardilar yonimga tushib.

Ular bilmas qayg‘umni, ammo,
Bir go‘zalga faqat u ayon:
Chunki o‘sha, o‘sha beparvo
Qilmish mening yuragimni qon.

23

Nechun so‘lmish birdan atirgul,
Aytgil menga, jonginam, nechun?
Nechun ko‘m-ko‘k maysalar malul,
Binafshalar bosh egmish nigun?

Nechun tilar havoni yetim
Bo‘zto‘rg‘ayning alamli sasi?
Nechun hayot daraxtidan jim
Taraladi o‘lim nafasi?

Nechun quyosh sochar sovuq nur,
Adirlarga boqar xo‘mrayib?
Nechun borliq kulrang, besurur,
Qabr kabi yotar shumrayib?

Nechun g‘arib, xastaman o‘zim,
Aytgil menga, jonginam, bu payt?
Aytgil menga, suyukli qo‘zim,
Nechun meni tashlab ketding, ayt?

24

Ular qancha tarqatdilar gap,
Qancha g‘iybat, qanchalar yolg‘on!
Bilmadilar, lekin, yomonlab,
Dil dardimni, afsus, hech qachon.

Achindilar ular g‘aming yeb,
Rahmi kelib chayqatdilar bosh
Atadilar meni yovuz deb,
Quloq tutding g‘iybatga yuvvosh.

Eng yomoni, lekin, to hanuz
Ko‘rinmadi g‘iybatlarida –
Nimadanki men qilsam nomus –
Yopiq qoldi qalbim qa’rida.

25

Jo‘kilar gullagan, bulbullar xushxon,
Quyosh ham jilmayar do‘stona, quvnab:
Bo‘ynimga chirmashib, lab cho‘zding komron,
Potragan ko‘ksingga, so‘ng, bosding yonib.
Qarg‘alar qag‘illar, barglarda g‘ussa,
Quyosh ham xo‘mrayar, avzoyi o‘zga;
«Alvido!» dedik biz – xo‘shlashuv qisqa,
Kiboriy ta’ziming o‘xshardi muzga.

26

Biz u payt hislardan yonardik lov-lov,
U dunyo na go‘zal, qanday bokira!
Kun bo‘yi o‘ynardik biz «kelin-kuyov»,
Janjalu arazni bilmasdik sira.
Biz u payt o‘pishib, bo‘sa sanardik,
Quchishib sho‘xu shan, erkalanardik.
Bolalik qildig-u, o‘rmonda bir kun
Berkinmachoq o‘ynab, yashirdik izni.
Shu-shu biz izlaymiz, chorlaymiz nigun,
Lekin topolmaymiz bir-birimizni.

27

Sodiq qolding sengina har vaqt,
Bir sengina qo‘llading qoim,
Taskin  bo‘lding shafiq, muloyim,
Mendan yuzin o‘girganda baxt.

Non-suvimdan bo‘lding xabardor,
Qarz ham berding, kiyim-kechak ham
Va safarga otlanganim dam
Boshpurtni ham keltirding tayyor.

Jonim! Seni asrasin Xudo
Kun tig‘idan, ayozdan doim
Va shafqating uchun, iloyim,
G‘azabini ko‘rmasin ravo.

 Nemischadan Abdulla Sher tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.