OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ajdar O‘l (1958)

Sabiev Ajdar Fayzulla o‘g‘li 1958 yilda G‘ozimammad shahrida tug‘ilgan. 1979 yilda Ganja davlat pedagogika institutini tamomlagan. Maktabda o‘qituvchi, "Ishiq" (Hyp) nashristida musahhih, kichik muharrir, "Shur" nashriyotida bosh muharrir bo‘lib ishlagan. Hozirgi vaqtda moliya vazirligi matbuot xizmati boshlig‘i.
She’r, hikoya, pesa, badia janrlarida ijod qiladi. Yigirmadan ziyod kitob muallifi. Asarlari Turkiyada, Eronda, Polshada nashr etilgan.


ISTIQLOL

Hammaga faxr bilan so‘ylaganim Istiqlol!
Erkimizning rangi deb o‘ylaganim Istiqlol!

Qizargan tong o‘xshaydi bayrog‘im ol qoniga.
Na qilar qonsiz o‘lim maslagim g‘altoniga.
Ko‘ksimni qalqon qilib kirdim jang maydoniga,
O‘z ichimdan tug‘ilib etdi zuhur istiqlol!
So‘zda ish, ishda g‘urur, ma’no shudir istiqlol!

Bizlar seni kutgandik behuda to‘kmadik qon,
Boshini asraganga dedik bosh eg, harqachon.
Qon rangda Kura, Araz, moviy Hazar, yer-osmon,
Ey Yonartog‘da yongan mash’alimiz Istiqlol!
Ey Gobustonda to‘ngan haykalimiz Istiqlol!

Aytaman men uzoqqa, ham yaqin, ham o‘zimga,
Bermayman qo‘ldan uni, diqqat qilgin so‘zimga,
Ammo sherik qilgayman Zanqonim, Tabrizimga,
Mayli o‘tsin Arazni surgun bo‘lgan Istiqlol!
Ey mening erkim bo‘lgan, ko‘rkim bo‘lgan Istiqlol!

Tildan qolar yog‘iylar, soqov kabi, qor kabi,
Ajratolmas bayrog‘im uch rangini ko‘r kabi.
Shonlidir o‘tmishimiz — yigirma yanvar kabi.
Ey shahid o‘g‘li shahid, mangu hayot Istiqlol!
Qahramonlik ishimiz, obi-hayot Istiqlol!

Toki qonxo‘r yovuzlar makrli, hiylasi bor,
Bu go‘zal mamlakatga g‘anim tahlikasi bor,
Garchi dunyoning azizim quruq bir haq sasi bor,
Milliydir, milliy bo‘lib, milliy qolar Istiqlol!
Ballidir*, balli bo‘lib, balli qolar Istiqlol!

Vatani hur bo‘lganning fikri, so‘zi hur bo‘lur,
O‘zini hur qilganning o‘g‘li-qizi hur bo‘lur,
Qaddini tik tutadi, demak o‘zi hur bo‘lur,
Aytaverayinmi yana naylayajak Istiqlol!
Ajdar O‘l der: — bizlarni biz aylayajak Istiqlol!
______________
* Balli — aniq, belgili.


CHAPAQAY

O‘ng qo‘limni yo‘qotdim Qorabog‘ savashida,
Qo‘lim uzilib qoldi yurtimning u boshida.

Xushlamay har narsani ellik bora chizishni,
Bir amallab o‘rgandim chap qo‘limda yozishni.

Chapaqayman, desangiz, yarashmas, bu boshqacha,
O‘ng qo‘l bilan ko‘rishish lazzati ham boshqacha.

Kechikkan chapaqaylik yomon bajaradi ish,
O‘ng qo‘l o‘tmishin eslab battar ortadi tashvish.

Na to‘yda o‘ynay olgum, na mashina suraman,
Tobutning ostida ham chap tomonda kiraman.

Nima qilay, na chora, ko‘nglimni ko‘tarishdi,
Bir qo‘l bajaradigan mosroq bir ish berishdi.

Maqtangulik joyi yo‘q, na bedarak yitganman,
Na-da vatan yo‘lida qurbon bo‘lib ketganman.

Bir qo‘l — yolg‘iz qanotdir yetmasa ham uchmoqqa,
Lekin kifoya qilar bir bolamni quchmoqqa.

Alam qilgan tomoni — na yara, na xastalik,
Qo‘ldan ketdi Qorabog‘, o‘ng qo‘lim ham ustalik*.
_______________
* Ustalik — ustiga ustak.


JUDA YOQADI

Juda ham yoqadi ayvonimizda,
Jimgina o‘tirib o‘qisam, yozsam.
Bir dasta gul bo‘lsa guldonimizda,
Chechaklar atrini hidlasam, yozsam.

Yengil epkin essa ko‘k makonimdan,
Sahar quyosh deyman, oqshom oy deyman.
Har zamon ozmudi istaganimdan,
Qultimlab choy ho‘plab miriqay deyman.

Biram yoqtiraman ishkomdan uzib,
Yuvib qo‘yib ketsam sariq toyfini.
Qo‘llarim belimda qaytsam sal kezib,
Qushlar titkilabdi surib kayfini.

Ana bir kapalak uyg‘otib havas,
Shudringda cho‘milar — gullar oshig‘i.
Qarasam misramni ustidan emas,
Ostidan ham chizmish chumchuq tumshug‘i.

Ko‘nglim chechaklardan iforga to‘lsa,
Hislarim she’r bo‘lib oqsa qog‘ozga.
Shunday yayraymanki ilhomim kulsa,
Bo‘ylansam qalamdan, boqsam qog‘ozdan.

Fayzi Shohismoil tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.