OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Baxtiyor Vahobzoda (1925-2008)

Ozarbayjon xalq shoiri, taniqli olim Baxtiyor Vahobzoda 1925 yil 16 avgustda Ozarbayjonning Sheki shahrida tug‘ilgan. Boku Davlat universitetining filologiya fakultetini bitirgan.
Samad Vurg‘unning ijodiy faoliyati tahliliga bag‘ishlangan nomzodlik ishini 1951 yilda, doktorlik ilmiy ishini esa 1964 yilda himoya qilgan. Zamonaviy Ozarbayjon adabiyoti hamda adabiyot tarixi bo‘yicha yirik mutaxassis. U 40 yil davomida universitetda talabalarga ana shu fanlardan saboq bergan.
Bugungi kunda Baxtiyor Vahobzodaning nomi va asarlari o‘z mamlakati hududidan tashqarida ham ma’lum va mashhur. U Ozarbayjon Parlamenta deputati, Ozarbayjon Fanlar akademiyasining muxbir a’zosi, adabiyot va fan sohasidagi yuksak mukofotlar laureati edi. 2008 yilda Bokuda vafot etgan.
Asarlari dunyodagi ko‘plab xorijiy tillarga tarjima qilingan. O‘zbekistonda shoirning "Mening yo‘lim" nomli she’rlar kitobi 1981 yilda Jumaniyoz Jabborov tarjimasida chop etilgan.


KIMDIR MENING DUSHMANIM

Kimdir manim
Eng qo‘rqinchli dushmanim?
Bilolsaydim buni men
Zarba bermasdan yovim
To‘sar edim yo‘lini,
Kesar edim qo‘lini.

Kimdir manim dushmanim?
Yaxshimni tilga olmay,
Yomonimni deganmi?
Yo‘q!
Aybimni yuzga solmay,
Yo orqamdan kulganmi?
Yo‘q!
Mening nuqsonlarimni
Mendan yaxshi bilganmi?
Yo‘q! Yo‘q! Yo‘q!

O, ularning ko‘zini
Taqolsaydim ko‘zimga,
O‘zgalar ko‘zi bilan
Boqolsaydim o‘zimga,
Qolmas edi armonim,
Bo‘lmasdi zarra dardim...
Men unda o‘z-o‘zimni
Aniq, yaqqol ko‘rardim.
Unda o‘z ayblarimga
O‘zim g‘anim bo‘lardim.
Ko‘rsaydim o‘z-o‘zimni.
Bo‘lardi o‘ylaganlarim.
Oh, meni mendan yaxshi
Ko‘ra bilgan do‘stlarim,
Orqamdan gap-so‘z qilib
Mendan kulgan do‘stlarim,
Kuling, oshkor kulingki,
Yetsin quloqlarimga
Sizning har bir so‘zingiz,
Barcha gunohparimdan
Tezda xabardor bo‘lay,
Ko‘zim bo‘lsin ko‘zingiz.

Eng qo‘rqinchli yovning ham
Uddasidan chiqurman,
Lekin o‘zim o‘zimni
Bilolmay entikurman,
Bilolmay entikurman.

O‘zim o‘z qo‘lim ila
Bir kun bol icharman,
Bir kun zahar icharman,
Men hayot yo‘llaridan
Oyog‘im bilan emas,
Imonim-la kecharman.

Jumaniyoz Jabborov tarjimasi


LOTIN TILI

Login tili!
Har so‘zingda dunyo qadar ma’no nihon.
Lotin tili!
Millat o‘lmish, ammo tili yashar hamon.
"Ona" degan, "Zamin" degan, "Vatan" degan
Kalimalar yo‘q bu tilda.
Lekin yana yashar bu til.
Tonglar bizning chegaradan
O‘zga yurtlar hududiga oshar bu til.
Balki... butun yulduzlarni kezar bu til.
Cho‘ng janglarda g‘olib chiqib,
O‘lgan mardga mengzar bu til.
Vatani yo‘q,
Millati yo‘q,
Yashar o‘zi.
Bilimlarning tamalidir
Lug‘atdagi har bir so‘zi.
Kim ham degay uni o‘lik,
Tabiblarning,
Olimlarning tilidir u,
Doim tirik.
Oy oti ham, yil oti ham bu tildadir.
Nabototu hayvonotning,
Tabiatu samovotning
Nomlari ham ushbu tilda bitiladir.
Kim ham degay: "o‘likdir u",
O‘liklarning tili emas,
Tiriklarning tilidir u.
Atlantika sohilida
Jo‘sha-jo‘sha,
Tosha-tosha:
— Men ozodman, men baxtliman, —
Deydi notiq chet tilida.
So‘zla, notiq,
Ishonaylik endi nega —
Quloqqami
Yo ko‘zgami?
Amalgami
Yo so‘zgami?
"Men ozodman, baxtiyorman" so‘zlarini
O‘z tilingda aytmoqqa ham
Ixtiyoring bo‘lmasa gap,
Kim ham seni ozod atar?...
So‘zla, qanday ozoddirsan
Top kulbada qolib ketsa ona tiling?
Necha ulkan anjumanlar, yig‘inlardan
Gungday chiqsang, yonib diling.
Majlislarda ona tiling so‘zi yo‘qdir,
Balki... uning ulkan, rasmiy majlislarga
Chiqmoq uchun tuzi yo‘qdir?
So‘zla, balki sun’iydir u
Otasidan yo‘q xabari?
Balki bu til juda nochor,
Og‘ushiga sig‘magaydir
Buyuk olam fikrlari?..
Ajab holat:
Vatan ham bor,
Millat ham bor,
Ammo uning tili yo‘qdir.
Go‘yo ko‘zgu kabi porloq yuzi boru
Dili yo‘qdir...
O‘zing aytgil,
Qaysi tilni o‘lik deymiz?
Vatani bor,
Millati bor,
Kichik, yo‘qsil kulbalarda
asir bo‘lgan bir tilgami?
Yoki uzun asrlardan
o‘tib kelgan,
Xalqi o‘lgan,
O‘zi qolgan bir tilgami?


BIR KEMADA

"Dunyo" degan bir kemada safardamiz
Sen ham, men ham, u biri ham.
Yaratgan ham asli bizmiz
Sevinchni ham, kadarni ham.
Toleimiz azal-abad mushtarakdir.
To‘fon erur bizlar uchun tanho dushman.
Hamrohlarim taqdirimga javobgardir,
Barchasining qismatiga men ham eshman.

Bir kemada safardamiz,
Birlashtirar yo‘llar bizni.
O‘zgan kema, suzgan kema
Qaylargadir yo‘llar bizni.
Biz sherikmiz dengizdagi to‘fonga ham,
saboga ham,
Xush, yoqimli havoga ham.

Kema suzar,
To‘fonlardan hurkib qochgan
to‘lqinlarning quchog‘ida
qalqib-qalqib,
enib-chiqib...

Eh, ns qadar ayanchlidir
Bir kemaning yo‘lchilari tish qayrasa
bir-biriga,
urib-yiqib.


TO‘LDIR...

To‘ldir, yuragingni ssvinchga to‘ldir,
Bu hayot goh tikka, goh chikka yo‘ldir,
Dunyoda dard ham mo‘l, lazzat ham mo‘ldir,
Qaysini ololsang o‘z qismatingdir.

Shodlik kerak bo‘lsa, ol, yasoq* emas,
Dard chekkan yurakdan dard yiroq emas,
Dunyo ikki rangdir, faqat oq emas,
Yolg‘iz birin ko‘rmoq jaholatingdir.

Poyga maydonidir bu hayot, gulim,
Marraga mardona surgil ot, gulim,
Umr tekin kelgan, qimmat sot, gulim,
Tengi yo‘q bu boylik — o‘z sarvatingdir.

Baxtiyor, bildingmi, sen kimsan, nesan?
Ayt, ne shamollardir boshingdan esgan,
Dunyo motamida gar gam chekmasang,
Dunyoning to‘yi ham musibatingdir.
_______________
Yasoq - taqiqlangan.


* * *

Hududsiz anglardik bir vaqt dunyoni,
Tarqaldi u ko‘hna tasavvur, gumon.
Soatlarda kezib cheksiz samoni,
Angladik, ne qadar kichik bu jahon.

Dunyoni qaytadan bo‘lishmoq uchun,
Qon to‘kdi qirollar, shohlar bir zamon.
Bugun bir bombada qalqiydi ochun,
Gohida ne qadar kichik bu jahon.

Yerning u burchidan lahzalar aro
Xabarlar yetadi bizga ko‘p oson.
Ming yillar yashadik, sir edi dunyo,
Bilguncha ne qadar kichik bu jahon.

Dilda umidlari, orzusi cheksiz,
Xayollar ortidan ulg‘aydi inson.
Oqillar dunyoga sig‘madi hargiz,
Eh, gohi ne qadar kichik bu jahon.

* * *

Chamandagi gul, chechakning
Sog‘-so‘lida alafi bor.
Dunyoda har baxtsizlikning
Ham zarari, ham nafi bor.

Vaqt — tabiblar tabibidir,
Hayot inson habibidir,
Yoydan chiqqan o‘q kabidir,
Har umrning hadafi bor.

Yurakdadir so‘z ildizi,
Mangu qolar unda izi,
Ko‘p og‘irdir mehnat o‘zi,
Ado etsang sharafi bor.

Yurak — tilsim, yonar par-par,
Har burjida minglab gavhar,
Inson ko‘kda oyga mengzar,
Ko‘rinmagan tarafi bor.
___________________
* Hadaf — maqsad, nishon.

Nosir Muhammad tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.