Qo‘jaev Fikrat Go‘yush o‘g‘li 1935 yilda Ag‘dash tumanining Kotanarx qishlog‘ida tug‘ilgan. Ozarbayjon xalq shoiri, xizmat ko‘rsatgan san’at xodimi. 1964 yilda Moskvadagi Gorkiy nomli Adabiyot institutini bitirgan.
"Ozarbayjon yoshlari" gazetasi va "Ozarbayjon" jurnalida ishlagan. Bir qator poemalar va qissalar, she’riy kitoblar muallifidir. M. Lermontov, T. Shevchenko, E. Mejelaytis, I. Volker, X.Risal, I.Taufer asarlarini ozarbayjonchaga o‘girgan.
ILK SEVGI
Seni sevganimdan qo‘rqib qolganman,
O‘zim ham o‘zimga beraman savol.
Billur o‘yinchoqli bola bo‘lganman,
Qo‘rqaman tushirib sindirsam uvol.
Ko‘zlarim hamisha yuzingda bo‘lar,
Qo‘rqaman qarashing sovusa birdan.
O‘ylasam ko‘zlarim yoshlarga to‘lar,
Bunday baxtiyorlik ko‘rgan emasman.
Sevgilim, sen menga ko‘ngil ochgancha,
Hijroning vaslingdan itqitar meni.
Baxtiyorlik menga yondashsa qancha,
Badbaxtlik shunchalar qo‘rqitar meni.
Bunga ishonmaydi hatto tentak ham,
Umr uzun bo‘lar, baxt unday emas.
Uzoq umr bordir oldinda hali,
Umrni baxtiyor yashamoq bo‘lmas.
Har shirin damlarning achchiq oni bor,
Bizning u onimiz avval bo‘lsaydi.
Har sokin dengizning bir to‘foni bor,
Bizning to‘fonimiz avval bo‘lsaydi.
Avval qolsam edi yomg‘irda, qorda,
Zaxmatim shu qadar ishqda yoqsaydi.
Avval chiniqsaydim po‘rtanalarda,
So‘ng esa yuzimga quyosh boqsaydi.
Shunda birdaniga qarshimdan chiqding,
Dedimki: Sevaman... — Sevaman deding.
Sen butun umrimni yo‘llardan yig‘ding,
Bir onning o‘zida baxtli aylading.
Yaproqdek titrayman sening yoningda,
Kunim quyoshsizdir, tunim ham oysiz.
Uchrab qolib ishqing girdibodiga
Cho‘kib ketayapman jim va dod-voysiz.
KECHA JUDA HAM UZUN
Ko‘zim nuriga, erkam,
Har kiprik bir yuk bo‘lar,
Kecha juda ham uzun,
Ba’zan bir umrdan ham
Bir kecha buyuk bo‘lar.
O‘ylarimda sen har zum
Xayollar shirin-shirin
Xayollar achchiq-oji.
Kecha juda ham uzun,
Qalb visoling muhtoji.
Shodon kecha kunduzing,
Balki tushingda o‘zing
Xumor-xumor kularsan.
Eh,... qaydanam bilarsan,
Kecha juda ham uzun.
TARJIMAI HOLIM
Uyim — avtobuslar,
vagonlar, tayyoralardir.
Manzilim — qishloqpar,
shaharlar, sayyoralardir.
Mil yonlab chaqirim bilan
O‘lchanadi umrim — hayotim.
Kim biladi,
Qayda so‘nggi bekatim?!
Fayzi Shohismoil tarjimalari