OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Islom Turkoy (1950)

Ahmadov Islom Haftik o‘g‘li (Islom Turkoy) 1950 yilda Qazax tumanining Temirchilar qishlog‘ida tug‘ilgan. O‘rta maktabni tamomlagach, Sumgait kimyo zavodida ishlay boshlagan. 1977 yilda Ozarbayjon davlat universitetining jurnalistika fakultetini tamomlagan. "Yozuvchi" nashriyotida kichik muharrir, 1983 yildan muharrir vazifasida ishlab kelmoqda.
"Kecha lavhasi" nomli ilk she’ri 1979 yilda bosilgan. Yozuvchilar uyushmasining a’zosi. "Bir kun kelar" (1981), "Hammasini yangitdan boshlashim kerak" (1985), "Orqada hasrat bor" (1986) kabi o‘nlarcha kitobi nashr etilgan.
Inson, uning ma’naviy dunyosi, ruhiy siqilishlari, bu kunga va kelajakka ishonchi, yurt, tuproq, Vatan mavzusi she’rlari va dostonlarining asosiy mag‘zini tashkil etadi.


VATAN

Ko‘zimga to‘tiyo tuproq Vatanim,
Non chiqqan har joyni Vatan demasman.
Onam aytgan alla yangroq Vatanim,
Meni siqqan joyni Vatan demasman.

G‘urbatda Alloh bo‘l, kimsa yo‘qlamas,
G‘urbatni o‘limdan battar, deganlar.
Orzular gullaru ammo shoxlamas,
O‘t ildizi uzra bitar deganlar.

Ko‘rdimki, ko‘ksida vatani borlar
Ko‘zlari xayolga to‘lgan hamisha.
Vatanida yurib vatanga zorlar
Ko‘rdimki, sarg‘aygan, so‘lgan hamisha.

Bir parcha vatandir Fuzuliy qabri,
Chidamay, yonidan o‘tgan yig‘laydi.
Qo‘l qisqa, un yetmas, tugagan sabri,
G‘urbatning qo‘lida vatan yig‘laydi.

Bu g‘am yuraklarda yongan shamchiroq,
Doim nur taratib sevinch berar ul.
Men qanday izohlay bu sirni biroq —
Vatanda vatanga ketmoqham mushkul.

Vatandan gap ochmoq bo‘lgandi yomon,
Vatansiz bo‘lishdan ammo xoliman.
Bul aniq sel kabi oqar vaqt, zamon,
Ilondek tilimni chiqarmaliman.

O‘lka bor, yashar u og‘aga qulday.
"Bu yer adolatli!" "Men ozodman!" der.
Millat bor, uyatsiz, uyatsiz shunday,
Qon to‘kilib turgan yerin vatan der.

Vatan mol-dunyo deb kezganlar qancha,
Chumoliday izg‘ir, tinchimay joni.
Vatandan to‘yganlar, bezganlar qancha,
Vatan deb bilganlar butun dunyoni.

Birovlar oladi haryoqdan bir oz —
Ularning ruhlari ham olaquroq.
Bir elni ikkiga ayirgan Oraz,
Qonli sadolarga bermaslar quloq.

Qadim Savalonning esgan shamoli
Yongan o‘chog‘ining tutuni Vatan.
Sobirning, Jalilning dardi, savoli,
Bulbulning, Jabborning sas, uni Vatan.

Vatandir qilichdek dardli Srazim
Vatanning qalbiga sanchilib yotgan.
Vatandir kuylagan sadafli so zim,
Haq uchun yonayotgan — qorayayotgan.

Ko‘zimga to‘tiyo tuproq Vatanim,
Non chiqqan har joyni Vatan demasman.
Onam aytgan alla yangroq Vatanim,
Meni siqqan joyni Vatan demasman.


SENGA NIMA QILDIM ...

Senga nima qildim, ko‘nglimga tegma,
Men-ku sendan oldin o‘tganman o‘tdan.
Hamda qalbimni pok saqlamoq ychun
Kechganman unvondan, kechganman otdan.

Seni nurday bilib uchdim yelingga,
Yolg‘on loflaringga aldandim yomon.
Inondim tilingga, tushdim qo‘lingga,
Meningdek kimlarni qilmading sarson.

Hali umidim bor: o‘zimga kelaman,
Yaxshi nimang bo‘lsa soxtaykan, yolg‘on.
Oyoq uzra kezgan bir tosh haykalman,
Yana yuragimdir sog‘-omon qolgan.

Manim har odimda jonim olgansan,
Yotlarning ko‘zida yoshga aylandim.
Sen farishta tusli qora yolg‘onsan,
Qarshingda hayratdan toshga aylandim.

Yashaydi yuragim bu tosh qafasda,
O‘zim o‘z ichimda qamokda hali.
Orzu qo‘li boshim silaydi asta,
Xayollar qo‘ynida uyg‘oqman hali.

Senga tosh lozimdi devor urishga,
Senga tosh lozimdi sarhad qurishga.

Qo‘limni tosh kabi berganman senga,
Tilimni tosh kabi berganman senga.
Teginma, panohim bir yuragim bor,
Toshlashsa inonki, qasringni yiqar.


MENMI GUNOHKOR, SENMI GUNOHKOR?

Bu ne bir savdoki, bu ne mo‘‘jiza,
Bir ish qilay deyman, qila olmayman.
Kunim ham mo‘‘jiza, tunim mo‘‘jiza,
Yashay ham olmayman, o‘la olmayman.

Umrimga kechikkan ilk bahormisan,
Taqdir gulimisan, yoqqan qormisan?
Yo‘llar ayrosida daydirman nochor,
Menmi gunohkor, senmi gunohkor?!

Tushganman savdoning ters kamandiga,
O‘zim o‘z o‘timda yoniblar ketdim.
Moslashdim shuhratning fe’li-pandiga,
Aybimni men endi tushunib yetdim.

Ne ham qilolardim, yonaman o‘tda,
Bu achchiq tolega boq, qayta-qayta —
Sening qo‘llaring-la meni quchoqlar,
Menmi gunohkor, senmi gunohkor?!

Siynalar tog‘ingda sarg‘ayib ketar,
Kuzdan gina qilma, kuzda nima ayb?
Umr bog‘imizni qor olib ketar,
Uylik-bolalikmiz, bizda nima ayb?

G‘arib ko‘rinadi aytgan so‘zim ham,
Aksini ko‘rurlar ikki ko‘zim ham.
Seni yo‘qotmisham,
Yo‘qman o‘zim ham...
O‘zimni o‘zimga qaytar, desam zor,
Menmi gunohkor, senmi gunohkor?!

Naylayin, bu umr — bu tole, qismat...
Sochimga yoqqan qor erigan emas.
O‘rtadagi Oraz soyi bir hasrat,
Million yil oqsa ham qurigan emas.

Aytarding: Qo‘l yetmas tog‘san, darasan,
Sof suvsan, havosan, ovsan... ko‘rasan...
Bir payt chaqirganding million karra san...
Orqada hasrat bor, oldinda g‘ubor, —
Menmi gunohkor, senmi gunohkor?!


* * *

Ey umrimning saodati, kezma uzoq,
Hasratingga, malolingga qurbon bo‘lay.
Yo‘llaringda umidlarim chiroq-chiroq,
Jamolingga, visolingga qurbon bo‘lay.

Sen uzoqsan, yuksakdasan, yetmas qo‘lim,
Hasratingdan yurak-bag‘rim tilim-tilim,
Xayoling-la o‘tar kunim, oyim, yilim,
Suratingga, xayolingga qurbon bo‘lay.

Miraziz A’zam tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.