OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Mikoyil Mushfiq (1908-1939)

http://ziyouz.com/images/poets/mikoyil_mushfiqAsli ismi Mirzo Abdul qodir o‘g‘li Ismoilzoda bo‘lgan Mushfiq Boku shahrida ziyoli oilasida tug‘ilgan. Otasi she’rlar yozgan. Mushfiq bir yarim oyligida onasidan, olti yasharligida otasidan yetim qoladi. Hayot mashaqqatlarini kichikligidan tortadi. Buvisi Qizhayit bibidan ertak, qo‘shiq va bayotlar eshitib, kichikligidan she’r yozishni mashq qila boshlaydi.
O‘rta maktabni bitirgach, universitetga kiradi va uni 1931 yilda tamomlaydi. Maktabda o‘qituvchi bo‘lib ishlaydi, ayni vaqtda matbuotda faol qatnashadi. Shoir vatanparvarlik, mardlik, muhabbat tuyg‘ularini mahorat bilan tarannum etdi.
"Ullar", "Kun tovushlari”, "Janglar", "Shangul, Shungul, Mangul", "Sharshara" singari 11 kitobi, jahon klassik adabiyoti namunalaridan besh jildlik tarjimalari nashr qilingan. Shoir 1939 yil 12 martda fojiali halok bo‘lgan.

ISHQIM

Otayu onasiz Ofeliya kabi
Sochlari parishon bir qizdir ishqim.
Qalbimning bulutli samolarida
Titragan bir g‘arib yulduzdir ishqim.

Eh oshkor bo‘laroq bu ona yerdan,
Buyuk tangri kabi tushib nazardan,
Chehrasi kulmagan xarobalardan
G‘amliroq, bo‘mbo‘shroq, baxtsizdir ishqim.

Hayotga boqmagay telbasar kabi,
Har bir hodisadan bexabar kabi,
Yot ellarda qolgan yetimlar kabi
Boshi balolidir, yolg‘izdir ishqim.
1929 yil


YASHA KO‘NGIL

Oh, bu uzun ishqim yo‘li
Yetarmi hech boshga, ko‘ngil?!
Mo‘ljal oldim, kamon tortdim,
Tegdi o‘qim toshga, ko‘ngil!

Olov tushdi bulutiga,
Duchor bo‘lding ishq o‘tiga,
Qolding hijron umidiga,
Ayo singan shisha ko‘ngil!

Tarlonsan, yerga qo‘nmaysan,
Bu tuproqda quvonmaysan,
Men to‘ngdimu, sen to‘ngmaysan,
Yasha ko‘ngil, yasha ko‘ngil!


OQIM

Baland tog‘ning moviy ko‘zidan balqib —
Quyilgan ul sevinch yoshlari misol —
Oqarkansan, dilim qinidan chiqib,
Vujudim uchgaydir go‘yoki shamol.

Ey buyuk oqim, ey pokiza yurak,
Yo‘qmi oramizda bir ko‘ngil bog‘i?
Sasingga sasdosh bir bastakor kerak,
Ey quvvat bulog‘i, ey nur bulog‘i!

Sen ham shalolasan tab’i o‘yimda.
Yuraklar, aqllar, ruhlar sharqirar,
Sening qo‘shig‘ingda, o‘lmas kuyingda.

Fikrlar tuprog‘i, hislar tuprog‘i,
Obihayoting-la chechaklar ochar,
Ey havas bulog‘i, qo‘shiq bulog‘i!
1937 yil


BIR QUYOSHU, BIR NIGOH

Hammayoqda sovuq, qoru qahraton,
Chillaning joni ham kelmish bo‘g‘ziga.
Kechki izg‘irinu shomgi bu bo‘ron
Tushmish naql bo‘lib xalqning og‘ziga.

Borliq sokin, borliq go‘yo lol,
Va lekin yaqindir fasli guliston.
Yashil manzaralar xuddi bir xayol,
Halitdan o‘ngimda bo‘lur namoyon.

Qorga tegib subhiy Kuyoshning qo‘li,
Sharqirarkan so‘lim suvlarning yo‘li,
Har yondan bahorga yog‘di olqishlar.

Sen ham o‘t nigoh-la menga boqqan on
Erib dilda hijron, bu qish, gulandom,
Senga quchoq-quchoq gul etar in’om.
1936-1937 yillar

G‘ulom Ismoilov tarjimalari


YASHA,KO’NGIL!

Oh,bu uzun savdo yo’li
Qachon tushdi boshga,ko’ngil?!
Nishon oldim,kamon otdim,
Tegdi o’qim toshga,ko’ngil!

Bir o’t tushdi bulutina,
Yondi ko’ngil ishq o’tina,
Qolding hijron umidina,
Ayt,netarsan,shisha ko’ngil?

Tarlonsan,ko’kdan enmassan,
Bu tuproqda sevinmassan.
Men ko’naram,sen ko’nmassan,
Yasha,ko’ngil,yasha,ko’ngil!

SENING KULISHLARING

Qarshimda nozlanib yana kulursan,
Bilsang kulgularing nimaga o’xshar?
Men desam ortiqdur,o’zing bilursan –
Lola yaprog’ida shabnamga o’xshar.

Sening kulgularing bir epkin kabi
Esarkan,orzumda gullar ochilur.
Kulsa dudoqlaring - yulduzlar kabi
Ruhimga bir sarin nurlar sochilur.

So’yla,go’zallarning dudoqlarinda
Bu yangroq kulgular pinhon tushmidur?
Sening har qahqahang - oy qanorindan
Kechgan bulutmidur,uchgan qushmidur?

Sening kulgularing yoz saharindan
Hissimga,fikrimga go’yo rang olur.
Kulgin! Shoirlaring kulishlaringdan
O’lishni bilmagan bir ohang olur.

Sen kular ekansan bu shod kunimda,
Qarshimda ochilur, jonlanur bahor.
Ba’zan tushlarimda,ba’zan o’ngimda
Chaqmoqlarim chaqar,toshadi anhor.

Jahonkim,so’lmagan bir bog’cha-bog’dur,
Bunda ravo erur kulgudan o’lmak!
Bechoradir,kimki qaroqaboqdur,
Naqadar yarashar insonga kulmak!


ISHQIM

Onasiz,otasiz Ofeliya kabi
Sochlari parishon bir qizdir ishqim.
Qalbimning bulutli samolarinda
Titragan bir g’arib yulduzdir ishqim.

Bir mehr kutgancha ul shan ko’zlardan,
Buyuk Tangri kabi tushib nazardan,
Chehrasi dildagi xarobalardan
Yana g’amli,yana hissizdir ishqim.

Hayotga boqmagan darbadar kabi,
Har bir hodisadan bexabar kabi,
Yot ellarda qolgan yetimlar kabi
Boshida ming savdo,tengsizdir ishqim.

Ozarbayjonchadan Xurshid Davron tabdil etgan.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.