OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Narimon Hasanzoda (1931)

Narimon Alimammad o‘g‘li Hasanzoda 1931 yilda Ozarbayjonning Qazax tumanida tug‘ilgan. 1949—1953 yillarda H.Zardobi nomli Ganja Davlat pedagogika institutining til va adabiyot fakultetida tahsil olgan. So‘ng Moskvada Adabiyot institutida tahsilini oxiriga yetkazgan.
1965 yilda filologiya fanlari nomzodi bo‘ldi. 1978—1991 yillarda "Adabiyot va injasan’at" gazetasiga bosh muharrirlik qildi. 1981 yilda Ozarbayjonda xizmat ko‘rsatgan injasan’at xodimi unvonini olgan. 1991—1993 yillarda Davlat Matbuot qo‘mitasining raisi o‘rinbosari vazifasida ishladi. 1990 yilda Ozarbayjon Respublikasi Oliy Kengashining deputati etib saylangan.
1950 yillardan buyon she’riyat va dramaturgiya sohasida ijod qilib keladi. 1954 yildan Ozarbayjon Yozuvchilar uyushmasining a’zosi. 40 ga yaqin kitoblari nashr etilgan.


* * *

Elga suyanasan, elni siylaysan,
Men sening qarshingda go‘yo bir toshman.
Ipak sochlaringni birvaqt silagan
Go‘yo men emasman, men o‘zga boshman.

Seni do‘stlarim-la, tanishlarim-la
Men tanishtirardim qachondir har gal.
Endi o‘zgalarni, yot ehtirom-la
Derlarki, tanish bo‘l! Naqadar go‘zal!

Uyquda ko‘rarding qachondir har dam
Meni yo‘ldan qo‘yib, so‘zlab qanchalik,
Endi tushlaringdan chiqib kelmisham,
Bu ham bir tush misol, kel, tanishaylik!

Qo‘ltiqlab olardim... bu yodingdadir.
Kezardik... yo‘limiz, orzuimiz bir...
Qo‘lim qo‘llaringning naq yonidadir,
Teginsa, biz endi so‘raymiz uzr.

Xayolingga kelsam sahar yo oqshom
Izlaysan sen meni, surishtirasan.
Endi ko‘zlaringning qobog‘idaman,
Esingda turayki,
Meni ko‘rasan.


* * *

Derlarki, bu olamning
Jannati, do‘zaxi bor.
Bu — sensiz va sening-la
Bo‘lgan chog‘imga o‘xshar.

* * *

Men qaysar bir go‘zal ila tanishayotgan bir kez
Bir talaba norozidir, menga qaraydi nuqul.
Men bilaman,
Imtihonga hozirlanar u yosh qiz,
Men bu soat imtihondan qolmoqdaman,
Bilmas ul.

* * *

Kinoda ikki joy bo‘sh qoldi bu kun,
Ikki tomoshabin yo‘qoldi bu kun.
Ketdik... ikkimizni yashirdi bog‘lar.
"Kinoga ketgandingiz..."
So‘rar o‘rtoqlar.
So‘rsalar:
"Qanaqaykin?"
Dengki:
"Qiyomat!"
So‘rsalar:
"Ne haqda?"
Dengki:
"Muhabbat!"
Chin aytmang, qo‘rqaman... axir gap bo‘lar.
Bir gal yolg‘on so‘zlang.
Qo‘y, ishonsinlar.

* * *

Bu dunyo bir narvondir,
Chiqqanda mehribondir,
Enishda, voh, yomondir.
Ko‘rishdik pillalarda
Yo‘lning yarmisida biz.
U chiqardi bu damda,
Men enardim xabarsiz.
Uni orzulariga
Chiqarar edi narvon,
Meni xotiralarga endirar edi
Bu on,
birimiz — kunchiqarga,
birimiz — kunbotarga...
Men turolmasdim hali,
Na kuch bor-u, na toqat.
U ham ena olmasdi.
Haqli-haqsiz bergandi o‘z hukmini tabiat.
Koshki yo tushmasaydi
Bu holat hech oraga.
Yo u avval kelsaydi.
Yo men so‘ngra dunyoga.

* * *

Kesishgan yo‘llarga o‘xshaydi hayot,
Hayotning ustida dovdirab bo‘lmas:
Jasorat istaydi, yoki ehtiyot,
Sekinlab bo‘lmaydi ham tezlab bo‘lmas.

Ehtist bo‘ldim men shunday bir vaqtda
Jasorat, jasur bo‘l, degan pallada.
Jasorat qildim men shunday bir vaqtda
Ehtiyot, bas to‘xta, degan pallada.

Bu dunyo g‘aroyib ermakxonadir,
Dunyo shum, men ba’zan bolatabiat.
Yashadim,bilmadim budun yo nadir,
Bilmadim dunyoda nadir saodat.

Kadarim dunyoning vajidan demam,
Qancha sevinchim, bas, tusharmi yoda?
Balki, dunyo-chun bu — hech nima emas,
Qancha sevinch bor-u, g‘am bor dunyoda.

Dunyo sahnasida ko‘rindim, yetar,
Haqiqat dedim men "yolg‘on dunyo"ga.
Dunyoni ermak deb hisoblaganlar
Aylanib boqsinlar bir on dunyoga.

* * *

Sen ketding, hasrating qoldi jonimda,
Keyinroq mot qoldim bir topishmoqqa.
G‘ayrioddiy eding mening yonimda,
Kelding bamisoli soddalashmoqqa.

Senga yalinardim anchadan beri,
Eshikda qish edi, xonada bahor.
Sen ham kelib uyga so‘rding kechirim
Kech qolganing uchun takror va takror.

Seni kechirishmi... dunyoni bir ko‘r.
Bu qalbni, bu ruhni tinglashing kerak.
Seni istaganlar so‘rasin uzr,
Aslida sen uni kechirgin, malak.

Bu qalbning eng aziz shahzodasiyding,
Senga qullik uchun turgan edim shay.
Kelib uyimizda sen unga yaqin
Bir qullik ko‘rsatib, suza qolding choy.

Ketding, yuragimni solib to‘fonga,
Sadoqatning rangi asli mana shu.
Mening sevinchimni ulading unga,
Balki, sadoqatga kerakmasdi bu.

* * *

Sizning qizingiz-la uchrashyapmiz biz,
Kezamiz goh yo‘lda, goh chet so‘qmoqda.
Buni men bilaman, siz-chi bilmaysiz,
Sizning izningiz-la kelar men yoqqa.

Yo‘ldoshi talaba, o‘z xotini bor,
Ishi ham ko‘p bo‘lar, ba’zan darsi ham.
Menman qizingizning, gapirgandirlar,
"Talaba yo‘ldoshi", "xotinli" odam.

Bilaman, onasiz, mehribondirsiz.
Yurakni to‘ldirgan... oti hayajon.
U uyga qaytguncha nigorondirsiz,
U uyga ketganda men ham nigoron.

Umrimning manzili uzoq yo qisqa,
Muhabbat, tavallud... bari qadimdir.
U sizning nozik bir qizingiz esa,
U mening yagona saodatimdir.

Siz ham hayrondirsiz, men ham bu qizga,
U qaysi eshikdan o‘tishi kerak?
Dunyo shunaqaki, bir odam topsa,
Biri, tabiiy, yo‘qotishi kerak.

Soflik timsolidir sizning qizingiz,
Ko‘zidan o‘qilar qalbi, ismati.
Sizning bu savdoda yutqizmog‘ingiz,
Sizning burchingizdir, mening qismatim.

Lozimki, bu ishqqa tegmasin ziyon,
Kimmiz, nimamiz — siz qo‘ymangiz ayb.
Tug‘ilish va tug‘ish borligi ayon,
Dunyo g‘aroyibdir, biz ham g‘aroyib.

Sizga ehtiromim, hurmatim baland,
Ayol qarshisida bosh egar dunyo.
Men ham bosh egaman, vidolashaman,
Qizingiz keladi, men ketgum ammo.

Miraziz A’zam tarjimalari

* * *

Kel yonimga, go‘zal yorim,
Izla mani, axtar mani.
Yuragingda olib borgin,
Ko‘zlaringda qaytar mani.
 
Man na mastman, na ayiqman,
Muhabbatga man loyiqman.
Sen – dolg‘asan, men – qayiqman,
Eshgin, itar-ko‘tar mani.
 
Ichimdadir dodim, ko‘zim,
Ko‘z bo‘libdi sirim, sozim.
Hech bilmayman aytar so‘zim?
Bu zorlikdan qutqar mani.
 
Sen saharda bir saharsan,
Chechak kabi toza-tarsan.
Oxir bir kun kechikarsan,
Keyin tuproq yutar mani.
 
Karim Bahriyev tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.