Ozarbayjon xalq shoiri Nigor Rafibeyli (Nigor Xudodat qizi Rafibeyli) 1913 yilda Ganja shahrida tug‘ilgan. Boku pedagogika texnikumini, keyin Moskva Pedagogika institutini bitirgan. Boku kinostudiyasida, "Ozarnashr", "Ushoqganchnashr" nashriyotlarida muharrir bo‘lib ishlagan. Shoira va tarjimon.
Ilk she’ri "Chodra" 1928 yilda, birinchi she’riy to‘plami 1934 yilda nashr etilgan. Ozarbayjon Yozuvchilar uyushmasi a’zosi. U Ganjaviyning ruboiylarini, Yevripidning "Ifigeniya", Shillerning "Makr va muhabbat", A.P. Chexovning "Vanya tog‘a", "Olchazor" daramalarini, Ye..Voynichning "So‘na", O.Goncharning "Bayroqdorlar" romanlarini, Alisher Navoiy, A.S. Pushkin, M.Yu. Lermontov asarlarini tarjima qilgan.
1981 yilda Boku shaxrida vafot etgan. U shoir Rasul Rizoning turmush o‘rtog‘i, yozuvchi Anorning onasi va yozuvchi Gunel Anor qizining buvisi.
ANORGA
Hijroning og‘irdir, bo‘lmaydi o‘lchab,
Baland tog‘lar qolsin, Sen kel, Anorim.
Nozik oyoqlaring yomon yaralab,
Siynamning ustida tinch bo‘l, Anorim.
Sensiz na kecham bor, va na kunduzim,
Sen ketgandan buyon kulmaydi yuzim.
Kel, uzun kiprikli beg‘ubor qo‘zim,
Anorim, Anorim, erkam Anorim.
Sen jayron ko‘zlisan, tutash qoshimsan,
G‘animlaring yo‘qdir, yor, yo‘ldoshimsan.
Balki mendan ayri ko‘zi yoshlisan,
Bitsin bu ayriliq, kel, kel, Anorim.
Tog‘larning siynasi lola, binafsha,
Yaylovlar mehmoni bo‘l Sen hamisha.
Yo‘l qo‘yma tog‘larga bir xazon tushsa,
Notekis yo‘llarga tirgak Anorim.
DO‘STIMGA
Yoshlik qiyofamga boqding:
— Qanday go‘zal eding, qanchalar nafis, — deding.
O‘yga toldim. Ko‘zlarim to‘ldi.
— Nimaga yig‘laysan? — dedim.
Allohga shukr, o‘lmadim.
Ko‘zlaridan oqdi tomchi-tomchi yosh,
Yonog‘iga tushdi tomchi-tomchi yosh.
Va nogoh tushundim. Sen go‘zallikning,
Navnihollikning va qaytmas yoshlikning
O‘limiga yig‘larding tinmay —
Yoshlikning bir nusxasi kabi...
SENSIZ
Yana bir bahor ketdi
Umrimning taqvimidan.
Senga na muhabbatim,
Va na hasratim yetdi.
Hayotni bilmadim hech,
Umr nelarga soldi.
Ko‘zim yo‘lda erta-kech,
Sening yo‘lingda qoldi.
Qani ulkan tog‘ bo‘lsang,
Seni izlab borardim.
Yuragimdan eng nafis
She’r bilan yolvorardim.
Dunyoda go‘zallar ko‘p,
Go‘zal yuraklarda ko‘p.
Shirin-shirin orzular,
Toza tilaklarda ko‘p.
Bir sen olding bu ko‘nglim,
Yaqin do‘stu hamdamim.
Sen bo‘lmasang bo‘lmasdi
Qo‘llarimda qalamim.
Sen bo‘lmasang bahorning,
Yozning atri bo‘lmasdi.
Sen bo‘lmasang bu dunyo
Sevging bilan to‘lmasdi.
Bahorim chechaklari,
Kurtak kulmasin Sensiz.
Umrim Sensiz o‘tmasin,
Shirin bo‘lmasin Sensiz.
Xosiyat Rustamova tarjimalari
* * *
Goh asabiy, goh yurg‘undir,
Goh to‘fonli, goh turg‘undir,
Goh oshiqdir, goh vurg‘undir,
Mening shoir qardoshlarim.
Har suhbatda so‘zi bordir,
Go‘zallarda ko‘zi bordir,
Yer yuzida bir bahordir,
Mening shoir qardoshlarim.
G‘ururning jonli haykali,
Ozodlikning hur mashali,
Kechirmas yovuz amalni
Mening shoir qardoshlarim.
Uzoqlardan kelar uni,
Salomlashar nurli kunni,
Xalqqa berar o‘z umrini
Mening shoir qardoshlarim.
Asrlardan berdi so‘roq,
Zulmatda yondirdi chiroq,
Tushdi vatanidan uzoq
Mening shoir qardoshlarim.
Qorong‘uda nur ayladi,
Xalqqa ozodlik tiladi.
Tarix bo‘yi shunaqadir
Mening shoir qardoshlarim.
Tovonidan so‘yildilar,
Ko‘zlaridan o‘yildilar,
Zulm dastida ezildilar
Mening shoir qardoshlarim.
Zolimlarga bosh egmadi,
Gulning bargiga tegmadi,
Zulm yukini chekmadi
Mening shoir qardoshlarim.
O‘z yurtining nafasidir,
Zamonaning haq sasidir,
So‘z mulkining ustasidir
Mening shoir qardoshlarim.
Karim Bahriyev tarjimasi