Og‘amali Sodiq (Afandiev Og‘amali Ahmad o‘g‘li) Ozarbayjonning Qazax tumani Qaymoqli (Ingichka dara) qishlog‘ida 1947 yilda ziyoli oilasida dunyoga kelgan. 1964 yilda o‘rta maktabni tugatgach, mehnat faoliyatini Sumgait superfosfat zavodida elektr montyorlikdan boshladi.
1972—1977 yillarda Ozarbayjon Davlat universitetining jurnalistika fakultetida tahsil oldi. Keyin “Yozuvchi” nashriyotida musahhih, so‘ng "Maorif" nashriyotida muharrirlik qildi. "Yulduz" jurnalida adabiy xodim, Madaniyat nozirining muovini vazifalarida ishlagan (1992—1993). 1995 yilda yurak xuruji xastaligidan vafot etgan.
Asarlari: "Menga umid bering" (1982), "Ayil sendan kechay dunyo" (1996), "Vatan uchun yashagan afandi umri" (2005), "Boshsiz" (Qissa), "Qishloqdan kelgan odam" (Hikoyalar, 2007), "Boshsiz" nomli qissasi o‘zbek tiliga tarjima qilinib, "Yoshlik" jurnalida 1987 yil oktyabr sonida e’lon qilingan.
BOKUNI TOG‘LARGA OBORGAN KO‘NGLIM
Ko‘p bo‘ldi tog‘larga yo‘lim tushmadi,
Zumrad suv o‘pmadim qachondan beri.
Boshimning ustidan kelib uchmadi
Ma’yus turnalarning siyrak qatori.
Ko‘p bo‘ldi osmonim burgutsiz, g‘arib,
Bahor bulutiga to‘lgandir u yon.
Tog‘lar qoyalarni kiftiga olib,
Shalola sozini chalarmi hamon?
Ko‘ngli ginalimi xonim korizning?
Ko‘p bo‘ldi, hech borib yo‘qlay olmadim.
Yo‘l uzra egilib kelin nargizning
Muattar gajagin qo‘qlay olmadim.
Eh, onatil qushning tungi chahchahi!.. —
Hamon yo‘qotganin so‘roqlaydimi?
Bir qayin bor edi ishqim guvohi —
Xotira yozgandim yaproqlariga —
Yellar tebratarmi, varaqlaydimi?
Ay, ona, ko‘nglimda hasrat berar un,
Men tog‘dan bo‘lingan bir tosh bo‘lakman.
Oq otli o‘g‘longa aylanib bir tun
Yo‘llarda tumanga qorishajakman.
Uyqusiz ko‘zimning intizori cho‘x,
Bu sirni hilolga besas ocharman.
Chaman shabnamiga oyoq emas, yo‘q,
Tongda uyg‘onganda yuzim bosarman..
Ko‘klarda qolmasa bulut uyumi,
O‘zim bulut bo‘lib to‘larman unda.
Axtarib pajmurda bolaligimni
Bir ota allasi chalarman unda.
Yana yetib kelib ayriliq kuni
Kuz fasli ortimga yeldirajakmi?
Bokuni tog‘larga yuborgan ko‘nglim
Tog‘larni Bokuga keltirajakmi?
YO‘LIN ChO‘QQILARGA SOLGAN TOPILAR
Bu yo‘llar sening-chun o‘yin-o‘yinchoq,
Mening-chun — o‘tiga yonishli o‘choq.
Men yo‘l boshladimki tong sari uzoq
Orqaga yo‘l yo‘qdir, yo‘l yo‘qdir mutloq.
Oldinga, oldinga, oldinga faqat,
Bu yo‘lda ko‘p bo‘lar o‘lim-halokat.
Chetga tur, ilashma qo‘l-oyog‘imga,
Bu yo‘lda tizzangni tiladi toshlar.
Bu yo‘lda ko‘zingni yondirar yoshlar,
Chaqmoq lozim bo‘lar San’on tog‘iga
Va bu tog‘ ketma-ket to‘fonin boshlar.
Toshlarga urmoqqa tizing bo‘lmasa,
Ichingni yondirgan so‘zing bo‘lmasa,
Chetga tur, chetga tur, chetga tur faqat,
Bu yo‘lda ko‘p bo‘lar o‘lim-halokat.
Tuproq, sovuq mozor, besh quloch kafan
Uchta so‘z zimmangda og‘ir tog‘ bo‘lsa,
Yuksak ulkularing, buyuk falsafang
Hayotda bir yaxshi yashamoq bo‘lsa,
Uy-joy yuki bo‘lsa zimmangning yuki,
Saboting o‘tmasa temirdan, toshdan,
Bu yo‘l yuksalishi fil tizin bukar,
Odam bo‘l, odam bo‘l, chekil bu boshdan.
Qo‘y, meni yondirsin bu o‘t, bu o‘choq,
Bu san’at yo‘lida so‘nggi kurash bor,
Bu kun bo‘lmasa u, erta bo‘lajak.
Bu yo‘l senikimas, chekil bu yo‘ldan,
Tunlarning bagrini tilgich topilar.
Bu yo‘lning achchig‘i shirindir boldan,
Bu yo‘lni cho‘qqiga solgich topilar.
Unutma faqat,
Nimjon qalbingdagi kichkina nafrat
Bu tepalarning qirovi, qori
Qondirmas yonishga yaralganlarni.
Bir o‘tman, lovullar ichda alangam,
Bir nurman, ichimda isinar jahon.
Chetga tur, chetga tur, chuqurdir yaram...
Ko‘zingga qon sachrab bu bag‘ri qonning
Dali "evoh"idan seskanar jahon.
Erkaksan, bag‘ringga bos bu jahonni,
Sening ham dunyoda o‘g‘ling bor axir.
Kiftida ketyapsan Ozarbayjonning,
Qaydadir bir yerda o‘lim bor axir.
Seniki bir yoni yarali dunyo,
Lozim — ko‘p tugunlar yechilsin sendan.
Bir-biridan ayro... orali dunyo...
Ko‘prik bo‘l, zid yoqqa kechilsin sendan..
Yoki bir daf’aga chekil bu yo‘ldan,
Tunlarning bag‘rini tilgich topilar.
Bu yo‘lning achchig‘i shirindir boldan,
Bu yo‘lni cho‘qqiga solgich topilar.
AYIL, SENDAN KECHAY, DUNYO
Dunyo, sening onang o‘lsin,
Tulkili dunyo ekansan.
Hayf-ey, mening ko‘zyoshimga,
Kulgili dunyo ekansan.
Chirpindim, ucha olmadim,
Devordan kecha olmadim.
Shunday eshiklaring bo‘ldi,
Qilichsiz ocha olmadim.
Onang o‘lsin, xasis dunyo.
Seni deya kelganga boq,
Keladi u yig‘lab-yig‘lab.
Sendan qaytgach o‘lganga boq,
O‘ladi u yig‘lab-yig‘lab.
Bu qanday holatdir, dunyo?
Bu tuproqni kim yaratdi,
Kim yedi, tugatdi, dunyo?
Bundan nari ucholim yo‘q,
Tayanmoqqa majolim yo‘q,
Yuz daf’a o‘ldim, tirildim,
Men Odamman, ajalim yo‘q,
Uzil, sendan kechay, dunyo.
Miraziz A’zam tarjimalari