OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Qachay Ko‘charli (1936)

Shirinov Qachay Farmon o‘g‘li (Qachay Ko‘charli) 1936 yilda Tartar tumanining Ko‘charli qishlog‘ida tug‘ilgan. O‘rta maktabni tugatib, armiya safida xizmat qilgan, keyin neft konida operator, chilangar bo‘lib ishlagan.
1966 yilda Politexnika institutini, 1976 yilda universitetning filologiya fakultetini sirtdan bitirgan. Texnika maktabida mexanik, mudir muovini, Ozarbayjon teleradiosida muharrir, Bosh muharrir o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.
Ilk she’ri 1960 yilda "Boku" gazetasida chop etilgan. O‘ndan ortiq kitoblar muallifi. Yozuvchilar uyushmasining a’zosi.


SAROYLARDA PARISI BOR

Nechun, bilmam, bu dunyoning
To‘g‘ridan ko‘p egrisi bor.
Har zamon son-sanoqda yo‘q
Ochko‘z tulki, bo‘risi bor.

Yerdan chiqar har injusi,
Yerga kirar zar, injusi,
Ko‘chalarda tilanchisi,
Saroylarda parisi bor.

Boylarga baxt, oltin berar,
Yo‘qsillari toshin terar,
Sevinchlari qisqa bo‘lar,
Dard, qayg‘uning barisi bor.

Dunyo yaralgandan beri
Maydonda nayrang hunari,
Tog‘ni yutgan ucharlari,
Och yurgan yosh-qarisi bor.

Ko‘rmoq uchun ko‘z yaralmish,
So‘rmoq uchun so‘z yaralmish,
Aqllilar oz yaralmish,
Aqlsizning surusi bor.


QARILIK MULKI

Kirib keldim qarilikning mulkiga,
Ulug‘ tangrim, nelar bormish bu yerda,
O‘tli quyosh o‘t purkaydi har tongda,
Osmonidan yoqqan qormish bu yerda.

Ko‘nglim siqar har bir kunduz, har kecha,
Jon og‘ritar har bir yo‘lu har ko‘cha,
Yurakka g‘am ildiz otar gizlicha,
Keng dunyosi yomon tormish bu yerda.

Kecha-kunduz yolg‘izlikka yemdirman,
Nolam boru o‘zim yo‘qman, oldim tan;
Yo‘qdir biror ingrog‘imni eshitgan,
Menga o‘xshab barcha karmish bu yerda.

Holsizmanu biroq holim so‘rgan yo‘q,
Qaytib chiqmas ko‘ksimga har kirgan o‘q,
Hamma qarar, faqat meni ko‘rgan yo‘q,
Menga o‘xshab hamma ko‘rmish bu yerda.

Meni bo‘g‘ar uyimdagi devorlar,
Har devorda bir vahima, qo‘rquv bor.
Bir tobutdir g‘ira-shira bu g‘ubor,
Shu o‘z uyim menga go‘rmish bu yerda.


G‘ARIBLIK

Ufqlarga bu oqshom
Yana cho‘kar g‘ariblik,
Yomg‘ir bo‘lib yog‘ilar,
Ko‘z yosh to‘kar g‘ariblik.

Ilohiy bu dunyoda
Bu oqshom, ko‘r, nelar bor;
G‘ariblarcha sayraydi
G‘arib daraxtda qushlar.

Soy oqar g‘arib-g‘arib,
Bu g‘arib tun ham o‘tgay.
Qaydan keldi g‘ariblik
Men tug‘ilgan bu yurtga?

Ko‘kda ko‘k yuzi g‘arib,
Yerda yeryuzi g‘arib.
Bu dunyoning o‘zida
Dunyoning o‘zi g‘arib.

Oy ham ko‘zimda g‘arib,
Ruhim, so‘zim-da g‘arib,
Nechun axir bu oqshom
O‘zim o‘zimda g‘arib?..

Oh, yuragim siqilar
G‘ariblikning ichinda.
Bu oqshom hech bo‘lmishman
Men hechlikning ichinda.

Oqshom qani? Aytinglar,
Qayga ketmish bu zamon?
Bo‘lmish endi g‘ariblik
Bo‘sh dunyoga hukmron.

Ufqlarga g‘ariblik
Cho‘kib borar bu oqshom,
Bu g‘ariblik ichinda
O‘zimni yo‘qotmisham...

Tohir Qahhor tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.