Almammadov Rustam Hidoyat o‘g‘li 1957 yilda O‘rdubod tumanining Behrud qishlog‘ida tug‘ilgan. 1979 yilda Naxchivon davlat pedagogika institutining tarix-adabiyot fakultetini tamomlagan.
Oldin maktabda o‘qituvchi bo‘lib ishlagan, keyin "Yozuvchi” nashriyotida kichik muharrir, muharrir bo‘lgan, 1990 yildan "Ozarbayjon" gazetasida bo‘lim mudiri.
Adabiy faoliyati 70-yillardan boshlangan. Shoirning ikkita she’riy to‘plami nashr qilingan. "Shomon duosi" kitobi turkiy davlatlarda shuxrat qozongan. She’rlari Turkiya, Eron, Avstriya, Germaniya, Belgiya mamlakatlarida nashr qilingan.
SHOMON DUOSI
Bu kunim ham shunchaki
o‘tadi, kechib ketar,
Shu yoshgacha ne qildim,
ey Tangrim, umr — yarim.
Meni hech tinch qo‘ymaydi
ichimdagi g‘am-kadar,
Tinch qo‘ymas shahidlarning
tunda kezgan ruhlari.
Termular ezgin-ezgin
kechalar bosh ustimdan,
Cheksizlik — Tangri kabi
oyi, yulduzi bilan.
Shomon kabi ko‘klarga
yuz tutib turibdirman,
Turibdirman yuzma-yuz
ko‘kning yolg‘izi bilan.
Bundoq g‘arib chog‘imda
kelib men-la tillashgan
Og‘ochning yaprog‘iga,
guliga ishonaman.
Yurtim uzra tayanib,
so‘ngan o‘choqlarning man
Ichida qo‘r saqlagan
kuliga ishonaman.
Yaramga tuzdek bosar
savdolar o‘z o‘tini,
Hademay kul bo‘laman...
qolmishman yona-yona.
Tavba duosi kabi
pichirladim otingni,
Tovshim senga yetdimi,
eshitdingmi, ey ona?!
Inson bo‘lmoq istayman,
aytgan har bir so‘z — bandam,
So‘zga tilsim etmishman
yuragimning ohini.
Men jonimni bergali
bir yangi so‘zga bandman.
Ey menga jon bergan zot,
kechirgil gunohimni.
Shomon kabi so‘zlardan
men tole to‘qiydirman,
Yuragimda talotum,
ruhimda bir zil zila...
Har kecha osmonlarga
men duo o‘qiydirman —
Ilohim, bu millatni
yo‘q bo‘lmoqdan hifz ayla.
GUNOHKOR JONIMDA, MENDAN XABARSIZ
Ruhim vujudimga aziyat chekar,
Tilimda so‘zlarga chevrilar ohi...
Gunohkor jonimda, mendan xabarsiz,
Qafasda qolgandir ruhim, Ilohi!
Gunohkor jonimda gunohsiz ruhim
Negadir hamisha ko‘klarga boqar.
Ne ychyn meni tinch yashashga qo‘ymas,
Men ham o‘zgalardek odamman, axir!
Men ham o‘zgalardek odamman, axir...
Mening ham jonimda hasrat, sevgi, g‘am...
Bu maskan qayg‘usi, bu uy, bu farzand...
Nahotki ruhimga qo‘shilib uchsam.
Nahotki ruhimga qo‘shilib uchsam...
Yuksalsam, poklasa meni bu falak.
Meni qo‘yib yubor, gunohkor jonim,
Poklikdan ne uchun qo‘rqasan, yurak?
Poklikdan ne uchun qo‘rqasan, yurak,
Nega odamlarning har yuzi shundoq?!
Bu dunyo, bu dunyo o‘zidan qochar,
Gunoh ichidadir yer yuzi shundoq.
Ey ruhim, yashama gunoh ichida...
Shundoq ham yuzlaring qancha sarg‘aydi.
Ey meni o‘ldirmoq istagan odam,
Ruhim falakdadir, jonim aldaydi.
Ruhim vujudimda aziyat chekar,
Tilimda so‘zlarga chevrilar ohi.
Gunohkor jonimda, mendan xabarsiz,
Qafasda qolgandir ruhim, Ilohi!
19 FEVRAL YOKI UYG‘ONISH
Qahraton bir fevral kechasi...
Xonam ichra meni uxlashga quymay
ruhlar bir o‘yin boshlar.
Quloqlarimda —
Endigina tilga kirgan
go‘daklarimning sasi...
Ko‘zlarim o‘ngida —
Bobolarimning vasiyati yozilgan
qora toshlar.
O‘t va suv orasidaman, qardoshlar!
O‘t va suv orasidaman,
Bu kecha o‘t va suv orasida kezdim:
Vatan tuprog‘ining bundoq bepoyon,
Ruhimizning bu qadar o‘lmas,
Dardlarimizning bu qadar buyuk,
Orzularimizning bu qadar cheksiz,
O‘zimning bu qadar imkonsiz ekanimni
bilmasdim,
Bilmasdim, bilmasdim, qardoshlar!
Basdir, shuncha dardli-g‘amli
qo‘shiqlar aytdim...
Bu bepoyonlikni egnimga kiydim,
Bu dardlarni sevdim,
Bu cheksizlikka g‘arq bo‘ldim,
Bu o‘lmaslikka yuz tutdim
Va go‘daklarimning ustidan kechib
olov ustiga ketdim...
O‘lsam... meni yangidan
Kurashlar tug‘adi, kurashlar.
Men olovning ustiga ketdim
Olovning ustiga, qardoshlar!
Usmon Qo‘chqor tarjimalari
Rustam Behrudiyning "Salom, dor og'ochi" she'ri 1989 yili e’lon qilinishi bilan katta muhabbat qozondi, Ozarbayjon, Turkiya va boshqa ko‘plab mamlakatlar nashrlarida chop etila boshlandi. ”Salom, dor og‘ochi” she’ri tom ma’noda Rustam Behbudiyning nomini turkiy xalqlar adabiyoti daftariga kiritdi.
”Salom, dor og‘ochi” she’ri O‘zbekistonning jahonga mashhur shahri, insoniyat tamadduni beshiklaridan biri hisoblangan Samarqandda yozilgan. Aniqrog‘i, she’r shavkatli Sohibqiron Amir Temur maqbarasi bo‘lmish Go‘ri Mirning ziyorati paytida dunyoga kelgan.Shu sababdan she’rda Amir bobomizga qaratilgan murojaat yangraydi.
Ozarbayjon turklaridan bo‘lgan va Naxichevanda tug‘ilgan shoir Rustam Behbudiy o‘z she’rida Amir Temurga qarata murojaat qilishida bu birlik tuyg‘ulari Ozarbayjon turklaridayam mavjudligini san’atkorona tarzda ifoda etadi.
SALOM, DOR OG‘OCHI
Yo‘limni ko‘zlading har sahar, oqshom,
Salom dor og‘ochi!
- Alaykum salom!
Ajal-la o‘lmakka tug‘ilmaganman,
Salom, dor og‘ochi!
- Alaykum salom!
U qaysi millatdir tole’i sirmish?
Yuz ot-la bo‘lingan, yana-da birmish!
Meni huzuringga shu dard keltirmish,
Salom, dor og‘ochi!
- Alaykum salom!
Hazarni, Boyko‘lni, Orolni ko‘rdim,
Ko‘rdim jon taloshda, yaroli ko‘rdim,
Tangrini bandadan oroli ko‘rdim,
Salom, dor og‘ochi!
- Alaykum salom!
Mudom ters aylanar charxikajraftor,
Turon bog‘larida soya hukmdor,
Rangin bayrog‘imda yaproqlaring bor,
Salom, dor og‘ochi!
- Alaykum salom!
Avvalin oxiri, oxir avvali
Shu emish, bilmayman, bilmay kuygayman,
Qo‘rquv yo‘q, ne bo‘lsa bo‘yin qo‘ygayman,
Salom, dor og‘ochi!
- Alaykum salom!
Eli yag‘mo aro ming bitta bo‘lgan,
Soylari qurigan, ko‘llari o‘lgan,
Haq-hisob qilmoqqa mana men kelgan,
Salom, dor og‘ochi!
- Alaykum salom!
Eshit, Amir Temur, shumi oqibat,
Bo‘ynimda oq kafan, tilimda oyat,
Darsini ters bilgan bitta menmi, ayt,
Salom, dor og‘ochi!
- Alaykum salom!
Seni men ekmisham...manga sen g‘anim,
Seni sovurmakka haloldir qonim,
Yaprog‘ing rang olgan qonimdan manim,
Salom, dor og‘ochi!
- Alaykum salom!
Ey, dorning og‘ochi, kimdan kamman...Ayt!
Yo seni yondiray, yo senda yonay,
Yo-da butog‘ingda yaproqqa do‘nay,
Salom, dor og‘ochi!
- Alaykum salom!
Qirg‘izman, O‘zbekman, QozoquTurkman,
Boshqirdman, Kerkukman, elimga ko‘rkman,
Sening ko‘zlaganing g‘arib Turk menman,
Salom, dor og‘ochi!
- Alaykum salom!
Qabul et navbatli qurboning manam,
Manim jonim sanda, bil, joning manam,
Qo‘limga tushmagin, har yong‘in manam,
Salom, dor og‘ochi!
- Alaykum salom!
Ozarbayjonchadan Xurshid Davronning erkin tarjimasi