OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Salim Bobullo o‘g‘li (1972)

Salim Bobullo o‘g‘li hozirgi Ozarbayjon modern she’riyatining yorqin vakillaridan biri, shoir, essenavis. U 1972 yilda tug‘ilgan. Ko‘plab she’r va hikoyalar muallifi. Turk, rus, o‘zbek, ingliz, gurji shoirlarining asarlarini tarjima qilgan. O‘rxon Vali, Iosif Brodskiy, Cheslav Milosh kabi shoirlarning kitoblari uning tarjimasida chop etilgan. Bir qancha xalqaro va milliy mukofotlar sovrindori. "Dunyo adabiyoti" jurnalining Bosh muharriri, Ozarbayjon Yozuvchilar uyushmasining a’zosi.


DO‘STLARIMGA

Bir oz olislardan axtaring meni,
Suhbatlar quraylik bu yerdan uzoq.
Bir oz xayollardan axtaring meni,
Bu loyqa suvlardan ketaylik yiroq.

Oydin saboqlardan axtaring meni,
Unda quyosh boshqa, sezim boshqadir.
Tangri gunohlarni afv etgan yer,
Xayolim u yerda kezinmoqdadir.

Umr vafo qilsa, yozgayman, biling,
Bugunning, ertaning qo‘shiqlarin men.
Meni o‘z ichimdan axtaring faqat,
Bir kun o‘z ichimdan ozgayman, biling.

So‘nik satrlardan so‘ramangiz meni,
Yonurman Karamdek* o‘tda tobora.
Dalli fikrlardan axtaring meni,
Bir kun aqlim kirsa mening ham zora.
_______________
* Karam - «Asli va Karam» xalq dostoni qahramoni.


OTAMGA

Sen mendan ancha ko‘rkamsan,
Men sendan ancha asabiy...
Sen — hassos,
Men bir oz ulfatkash,
bir oz isrofgar,
o‘zidan rozi.
Bir oz baxtsizman —
Ki, sen mendan norozi.
Mening umidsiz xun ohlarim ko‘p...
sendan uzoqqa,
bu ma’nosiz — ulkan shaharda
Tentirayman — yuragim qiyma-qiyma,
gunohlarim ko‘p...
Tongda suratingga,
oqshomlar ko‘zguga boqurman.
bormoqdaman kundan-kun qarib.
ko‘paymoqda sochlarimda oq...
Ko‘p narsaga erisholding sen —
Yo‘qotmoqqa hech bir narsang yo‘q.
Men hech narsa qozonolmadim,
bir oz o‘zimni yo‘qotdim,
Qo‘ridim sening yaxshi nomingni,
to‘rt xonali uyni qo‘ridim,
kitoblaringni...
Sen juda ham yaxshi otasan,
men — yomon o‘g‘il.
Bo‘larkan-da shunaqasi ham...
Ammo vaqtdan o‘zib, ayta olurman:
sen juda zo‘r bobo bo‘lasan,
jumladan, men ham...


BA’ZI KO‘RINISHLAR

Qo‘llarni ko‘ryapman, qo‘llarni
do‘st qo‘li bo‘sh qolmas havoda
yig‘layotgan yuzlarni to‘sar
Qo‘llarni ko‘ryapman, bilaklarni
bilaklardagi kishanlarni parchalamoqda
Qullarni ko‘ryapman, kaftlarni
baxtlarni, baxtsizliklarni
taqdir chiziqlari, umr bitiklarini
xiromantiya bilan mashg‘ul bo‘lmasang hamki
qadoqlarning baxtdan xabar berishi ayon
Qo‘llarni ko‘ryapman, mushtlarni
ko‘ngilni sindiruvchi bosh suyagiga urilayotir.
Qo‘llarni ko‘ryapman, barmoqlarni
usta pianinochinikiga o‘xshab ketsa-da
bszbetlarcha kimningdir cho‘ntagiga tushayotir
Qo‘llarni ko‘ryapman, silashlarni
sho‘rlik bir kimsaning sochlariga qo‘nib
bir lahza bo‘lsa-da foniylikni unut aylagan
Qo‘llarni ko‘ryapman, ajinzorlarni
keksalar kulbasiga borguvchi unutilgan, to‘zonli
yo‘llarni yodga soluvchi
Qo‘llarni ko‘ryapman, barmoqlarni
tirnoq-la et bitgan joyi yorilib ketgan
avitaminoz tashxisi qo‘yilgan hayot tarzidan so‘zlar
titroq dudoqlarni qimtibon qattiq
favqulodda hodisalarni abadiy bekitgan
Qo‘llarni ko‘ryapman, nozik bellarni quchib
sevgi haqdagi eng shirin so‘zlarning
haqiqiy ma’nosi anglatmoqdadir
Qo‘llarni ko‘ryapman, qo‘llarni
iyaklar ostita qadalib
odamlarni o‘z asl shaklidan rozi qilmoqda
Qo‘llarni ko‘ryapman, oyoqlar ostida toptalgan
Katlarning* ustidan osilib tushgan
ushbu kun bola-chaqasidan uzoqda
bir ona tushida bosinmoqdadir
Qo‘llarni ko‘ryapman, qo‘llarni
kesilgan barmoqlar tushlarida o‘z egasi tomon uchmoqda
Qo‘llarni ko‘ryapman, amallarni
har ilinjga uzangan
sevgi maktublarini yozgan
eshiklarni zarb bilan qoqqan
ko‘chat ekish uchun yasalgan belkurak sopidan tutgancha
jasadni ko‘mmoqqa yer qaziyotir
Qo‘llarni ko‘ryapman, barmoqlarni
umidsiz orzularga qarshilik kabi
uch barmoq qovushgan nuqtada eng qo‘pol rad javobi
berilayotgan
Qo‘llarni ko‘ryapman, qo‘llarni
qimmat kursilarning kimxob jildiga
mahliyo bo‘lgancha farog‘atli turmush tarzin yaratarkan
katta pullardan —
demakki jinoyatlardan
qaltiroq va qo‘rquvlardan so‘zlayotir
Qo‘llarni ko‘ryapman, barmoqlarni
eng arzon fotoapparat tugmasini bosarkan
eng qimmatli onlarni — abadiyat elchilarini
suratga olayotir
Qo‘llarni ko‘ryapman, ko‘klarga uzangan, ochiq
duo qilayotir
qo‘llarni ko‘ryapman, bu duodan tug‘ilajak do‘mboq
qo‘lchalarni
bir ko‘ring, havo xil’atini tutgani kabi
malaklarning etagidan tutmoqda ular
Qo‘llarni ko‘ryapman, qo‘ng‘ir sochlarni taroqlab
qora ko‘zlardan uyquni quvayotir
chakkasini changallab turgan qo‘llarni ko‘rayotirman
so‘nggi sigareta qolgan quti uzra
Tinchib qolur tong nasimida
Voz kechadi nuqta qo‘ymoqdan...
_________
Kat - so‘ri, karavot (mahbuslar yotadigan nard)

Usmon Qo‘chqor tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.