OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shohin Qodirov (1969)

1969 yilda Lochin tumanida tug‘ilgan. 1989 yilda harbiy xizmatni o‘tagan. Birinchi Qorabog‘ urushi qatnashchisi.
1990 yildan davriy matbuotda chiqishlar qila boshlagan. Ixtisosi filolog-psixolog. Psixologlar assotsiyasining a’zosi.
Ozarbayjonda va chet ellarda o‘tkazilgan qator adabiy-badiiy musobaqalarda qatnashib, faxriy unvonlarga loyiq ko‘rilgan. Beshdan ortiq almanaxlarda she’rlari nashr etilgan. Ozarbayjon Yozuvchilar uyushmasining a’zosi.
"Muhabbatning so‘ngi yo‘qdir", "Quyosh chiqar botgan yeridan", "Ikkinchi Qorabog‘ urushi" kabi she’riy kitoblar muallifidir.


SHU TUPROQQA QURBON DE

Indamasang, botmas emish shu kema,
Indamasang, yonmas bu yerlar dema,
Qurbonlik deb nazar tashlading kima?
Ota, meni shu tuproqqa qurbon de!

Yig‘lash bilan na izlab, na toparsan,
Bir jonim bor, bir o‘q otsa otar-da,
Sen ahd ayla, bizni da’vo qutqarsin,
Ona, meni shu tuproqqa qurbon de!

Yurtimizga qora boyqush qo‘nmasin,
Xush tabassum dudog‘ingdan do‘nmasin,
Qo‘y, ayriliq ko‘zingdan yosh ummasin,
Opa, meni shu tuproqqa qurbon de!

Xazon bo‘lsam, senki, bir ilk bahorsan.
Istagimga yugurarsan, choparsan,
Men o‘lsam-da mendan keyin sen borsan,
Uka, meni shu tuproqqa qurbon de!

Na yig‘arsan yer chopmasang, ekmasang?
Toleingni ro‘molingga tugma, san,
Ko‘zlaringni yo‘llarimga tikma san.
Gulim, meni shu tuproqqa qurbon de!

Uzoq qilgin yomonini-pesini,
Yo‘qot yurtdan gina-gidir isini,
Balki Tangri tinglar qalbing sasini,
Vatan, meni shu tuproqqa qurbon de.


QORABOG‘IM

Qorabog‘im, changaldasan, g‘amlisan,
Xunuklashding, usti-boshi changlisan.
Ne asosda so‘lar qo‘yningda gullar,
Nega sayrolmaydi shaydo bulbullar?
Ustingdan tez tarqar qora tutunlar,
Bu suyangan kimga soxta ustunlar,
Seni yuragingdan chaqmoq istarlar,
Yulib qo‘limizdan olmoq istarlar.
Haq yo‘lga, yo‘q, to‘siq bo‘la bilmaslar,
Qo‘limizdan seni ola bilmaslar.
Men ham Go‘ro‘g‘lining nevarasiman,
Titrar yuraklari zo‘r na’rasidan.
Bunda mening bobom ot o‘ynatgandir,
Bunda mening otam qilich chopgandir.
Yodimga qay nomard qo‘yar oyoqni?
Toptolmas hech kimsa bu gul tuproqni!


XIYOBONDA

Shahidlar Xiyobonida bir opa ukasining qabrini quchoqlab "Seni bunda qoldirib qanday ketay, ukajon" deya faryod qilardi.

OPA:

Siynam bo‘ldi burda-burda,
G‘amli havo, suvim kunda.
Tur, ukajon, tur, ukajon,
Qoldirolmam seni bunda.

SHAHID:

Achchiq tolenoma, opa
Sochlaringni yulma, opa
Yoq, uyga bor, chirog‘imni,
Yurt uchun jon nima, opa?

OPA:

Hasratimni tuyib ketding,
Yuragimni o‘yib ketding.
Sen o‘lguncha men o‘lsaydim..
Nega meni qo‘yib ketding?

SHAHID:

Orsizlardan kuldim, bilsang.
G‘ayratni haq bildim, bilsang.
VATAN, TUPROQ, ONA, OPA!!!
Sizlar uchun o‘ldim, bilsang.

OPA:

Onamizning yuzi yo‘lda,
Otamizning tizi yo‘lda.
Kuyov to‘ni tiktirganman,
Kelinchakning ko‘zi yo‘lda.

SHAHID:

Quyosh yongan, so‘ngan emas,
Inson o‘lgan, tingan emas.
Ketar-kelmas yo‘lidir bu...
Ketgan ortga do‘ngan emas.

OPA:

Azizim oldi, ketdi,
Cho‘qqidan soldi, ketdi.
Bitta ukam bor edi.
Azroil oldi-ketdi.


BILMAYMAN

Er yigitlar ot belida, yaroqda,
Uzun sochlar nozlanardi taroqda,
Bizning qizlar gilam yuvgan buloqda
Kimlar yuvar, kimlar yoyir, bilmayman...

Oqizaman ko‘zlarimning selini,
Yashayman bu umrim qora yilini,
Tog‘larimning chechagini, gulini
Kimlar uzar, kimlar terar, bilmayman.

Yaralidir bir millatning kullari,
To‘kilibdur otlarining taqalari,
O‘quvchilar darsga borar yo‘llarni
Kimlar bosar, kimlar borar, bilmayman.

Xalqimizning azasi bir diyorda,
To‘yi boshqa, qazosi bir diyorda,
El-qarindosh hammasi bir diyorda,
Kimlar o‘lar, kimlar qolar, bilmayman.

Qorabog‘im, sensiz hayot zulmdir,
Har tarafing bir bezangan kelindir.
O‘g‘il uchun qochqin bo‘lmoq o‘limdir,
Kimlar bilmas, kimlar bilar, bilmayman...

Miraziz A’zam tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.