OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Atantoy Akbarov (1960)

YULDUZLAR

Azro‘y-azal osmondagi yulduzlar
Bir maromda yog‘du sochib turishar.
Yerda esa ikki “yulduz” qirpichoq,
Bir-birini ko‘rolmasdan urishar.

G‘ayirlikning botqog‘idan chiqolmay,
Paxta qo‘yib-tovon o‘pgay, yalingay.
Soxta shuhrat ilinjida sarosar,
“Yulduz” degan kasallikka chalingan.

Yakto bo‘lish ishtiyoqi uxlatmay,
Iqtidorning yo‘lin to‘sar g‘ov bo‘lar.
Pokdomonlik unutilgan manzilda,
Qashqirlarday qasos olar, yov bo‘lar.

Ming afsuski, qalbi qurum ba’zilar,
Insof berib, g‘uborlarin aritmas.
Shu boisdan o‘sha soxta “yulduzlar”,
Hatto qadam bosgan yerin yoritmas.

Osmon uzra ziyo sochgan yulduzlar
O‘zlariga bino qo‘ymay, kerilmay.
Qaro tunning pardalarin parchalab,
Nur ulashib, yog‘du sochar erinmay.


KUZ

Kuz kelib, qovog‘i solinib,
Hukmini o‘tkaza boshladi.
Dalalarning sochu soqolin,
Supurib, tozalab tashladi.

Dehqonday his qilib bog‘larni,
Tartibga keltira boshladi.
Qovunga to‘r ko‘ylak kiygizib,
Sabzini o‘raga tashladi.

Keyin u laylakni, turnani,
Marjonday qatorga safladi.
Kunlarni tasbehning toshiday
Sanamay, sidirib tashladi.

Sho‘x-shaddot boladay oshiqib
Shoxlarni silkitib quchardi.
Yaproqlar cho‘chigan qushlarday,
Butoqdan olislab uchardi.

O‘ktam bir ohangni sog‘inib,
Kuz uchun shukrona aytaman.
Barglar-ku, qush kabi qo‘nsa ham,
Kaptarday ucholmas qaytadan.


DARVESH

Uylanmapti bir darvesh,
Hayot zavqin surmapti.
Bu bevafo dunyoga
Oshiq bo‘lib yurmapti.

Haqiqatni qidirib,
Tubiga ham yetibdi.
Kuylay-kuylay nihoyat,
Oqin bo‘lib ketibdi.

Yozgan mashqi ancha qurch,
Oddiy so‘zdan iborat:
“Maftun bo‘lma o‘zingga,
Mo‘rtdir bunday imorat.

Yoshlik – omad faslidir,
Savob ishga shaylangin.
Bo‘rilarga duch kelsang,
Sen arslonga aylangin.

Tutqich bermas yigitlik,
O‘tar-ketar quyunday.
Sevmay olgan ayoling,
So‘rab olgan buyumday.

Boyligingga ishonib,
Kerilib ketma ortiq.
Ko‘z yosh to‘kma, bu hayot –
Zahar ham qilar tortiq.

Baxillikka qul bo‘lib,
O‘z baxtingdan qolmagin.
O‘zgalarning poyiga
Tushov, tuzoq solmagin.

G‘aflat-tuman, ko‘rsatmas –
Hatto oyoq ostini.
Qazo kuni yetsa ham
Rostini ayt, rostini...”


* * *

Shunday xolis she’r uchun,
Uning tilin kesibdi.
Bir yumalab shu darvesh
Qo‘shiq bo‘lib ketibdi...


YAYLOVDA

Cho‘ponlarga maysa – to‘shak,
“Ko‘kat” deydi bilmagan.
Qulunlarni ergashtirib
Yilqi tushar jilg‘adan.

Tungi orom-hordiq uchun
Olqish aytib o‘tishar.
Yaylovdagi gulni ilk bor
Kapalaklar o‘pishar.

Ko‘zlaridan sevinchning 
Yoshin sochar buloqlar.
Nafaslarin ichga yutib,
Kuzatar otquloqlar.

Bo‘z bedovning tuyog‘idan,
Chang o‘rlaydi chilimday.
Chavandozning qalbi qalqir
Nozik qo‘biz qiliday.

So‘na chaqqan buqadayin,
Chaqmoq chatnar – yomg‘ir tayin.
Vaqt aylanar arqonlangan
O‘ta o‘jar g‘unondayin.

Yaylov ko‘rkam tumor qilib,
Osgim kelar bo‘ynimga.
Eh, qaniydi suluv qizday
Kirib olsa qo‘ynimga.

Qirg‘iz tilidan Tursunboy Adashboyev tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.