BO‘Z UY
Bir o‘tov — bo‘z uy turar keng jilg‘ada,
Tepasiga qistirilgan o‘qiriq*.
Pastda esa parvo qilmay suv oqar,
Oshib-toshib, qirg‘oqlarni o‘pirib.
Bosh silkitib, yilqi chivin qo‘riydi,
Mast qiladi mayna-qushning xush sozi.
Shu payt birdan buzdi tog‘ning oromin
Chaqaloqning «inga» degan ovozi.
Tog‘da tovush aks-sado qaytarib,
Bamisoli qoyalarga jon berdi.
Qirg‘iz soni milliondan oshdi, deb
Xabar berdi, chor atrofga bong urdi.
Odam bo‘lar vaqti kelib bu go‘dak,
Shu torgina bo‘z o‘tovda tug‘ilgan.
Balki nomi yer shariga tarqalar,
Shu chodirda tog‘u toshda yo‘g‘rilgan.
Bolalikda chibiq minib, yalangbosh,
Shu torgina bo‘z o‘tovni aylanar.
Ammo keyin, er yetganda kosmosga —
Raketada uchmoqqa ham shaylanar.
Zotan, bizda ona yerni odamlar
Unutmaydi, shundoq tashlab qo‘ymaydi.
O‘sha o‘g‘lon vaqti kelsa bo‘z uymas,
Butun jahon taqdirini o‘ylaydi.
Tursunboy Adashboyev tarjimasi.
___________
* O‘qiriq — uchiga qil arqon bog‘langan tayoq.