OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

To‘xtag‘ul Sotilg‘anov (1864-1933)

http://ziyouz.com/rasmlar/worldlit/tohtagul_sotilganov

Qirgiz xalqining ulug‘ oqini va bastakori To‘xtag‘ul Sotilg‘an o‘g‘li 1864 yilda dunyoga keldi. Yoshlik chog‘laridan boshlab qo‘biz chertib, xalq qo‘shiq va dostonlarini aytishni mashq qilgan To‘xtag‘ul sekin-asta o‘zi ham jir aytadigan, original kuylar bastalaydigan bo‘ldi. 
Xalqparvarlik faoliyati uchun To‘xtag‘ul tuhmat bilan qamoqqa olinib, Sibirga surgun qilindi. Olti yildan keyingina Krugo — Boyqol temir yo‘li qurilishiga ishga yuborildi. U rus muhojirlari yordamida surgundan qochib, ko‘p darbadarlikdan so‘ng, 1910 yilda o‘z yurtiga qaytib keldi. Biroq yana qamoqqa olindi. Bu safar uni yurtdoshlari kafilga oladilar.
To‘xtag‘ul Sibirda o‘z boshidan kechirgan mudhish voqealarni «Tutqunning jiri», «Quvg‘inda», «Eshmambet bilan uchrashuv» jirlarida juda yaxshi tasvirlab berdi.
Usta san’atkor yangi mazmunni ifodalovchi yangi she’riy formalar yaratdi. Shuning uchun uning ijodi qirg‘iz progressiv adabiyoti taraqqiyotida chuqur iz qoldirdi.
To‘xgag‘ul Sotilg‘anov 1933 yilda vafot etdi. 1964 yilda To‘xtag‘ulning «Sog‘inib keldim» to‘plami o‘zbek. tilida bosilib chiqdi.


QOBON

Ahmad, Diqon — aldamchi,
Otaxon, Mingboy — yolg‘onchi.
Egamberdi, Baxtiyor —
Talovchiga yordamchi.

Qo‘l to‘pladi besh qobon
Yurt talash-chun bexato.
Qo‘radagi qo‘y tugul
Qumaloq bermas Yetti ota.

Yetti otada Tosh barang
Tosh barangga botmagan.
Chopib, talab, yeb yurib,
Fuqarodan ayrilgan
Risqulbekdan besh qobon.

Karimboy bilan Mirzaxon,
Kelsang yorar qorningni.
To‘rt ming uyli Yetti ota
To‘kmay qo‘ymas qoningni.

Yedirmak tugul Yetti ota
Oralatmas Arimni.
Soliq solib el yeding,
Chirqiratib yorlini.

Yakka otin sen yeding,
Yaqin ko‘rding boylarni.
Jam kambag‘al birlashdi,
Topolmassan hiylangni.

Yetim-esir, holsizni
SavalaDing, besh to‘ng‘iz.
Odam o‘rnida yo‘qsulni
Sanamading, besh to‘ng‘iz.
Yeb-ichishdan boshqani
Tan olmading, besh to‘ng‘iz.

O’nta otga tushirding
O’razali qarini,
Yurt haqin yeb o‘tkazding
Umringning yarmini.

Ko‘rolmading kambag‘al
Yaxshi ot minganin,
Ahmad, Diqon, Otaxon,
Go‘rkovliging bul sening.

Tentiratding sen, talab
Bo‘ramboyning Sarisin.
Kunda yulding ayblab
Yurt topganin barisin.

Tortib olding, besh cho‘chqa,
To‘yalining chalishin.
To‘xtatdi ancha bechora
To‘y va oshga borishin.
Yetim bilan yesirning
Tan olmading ko‘z yoshin.

Qasd bilan Mingboy, Otaxon
Meni ham yiqib tuyarsiz.
To‘qam ko‘r, deb bo‘ynimga
To‘qqiz ayb qo‘yarsiz.

Jahlingiz chiqsa, quturib
Uy-joyimni talarsiz.
Qonxo‘rliging avj olsa,
O’ldirib, qonim yalarsiz.

Tirnog‘i zahar byosh qobon,
Yalinmayman hech qachon.
Mayli, o‘ldir, dunyoga
Qaytib kelmas chiqsa jon.


ESHON XALFA

Cherta qolsam torlarin
Sayrab ketar qo‘bizim.
Aytib dilda borlarin
Jo‘r bo‘ladi har so‘zim.
Quloq solgin so‘zimga,
Ko‘pni ko‘rgan bo‘lisim,
Tikka aytay o‘zingga
El qonini so‘rishing.
Siznikidir uy turi,
Elni talash kasbyngiz.
Xalqimizning siz sho‘ri,
Tiyolmaysiz nafsingiz.
El oralab yuruvchi
Eshon o‘sal, der edi.
Elni aldab yemasa,
Eshon kasal, der edi.
Eshon bilan enchilash
Xalfa bo‘lar, der edi.
Orqasiga osilgan
Xalta bo‘lar, der edi.
Balo kelsa boylarga,
Orqa bo‘lar, der edi.
Oramizda izg‘igan
Aldamchi bor, der edi.
To‘g‘ri so‘zni bilmagan
Yolg‘onchi bor, der edi.
Qur’on ochib avrovchi
Mullasi bor, der edi.
Imom bo‘lib tovlovchi
To‘ymasi bor, der edi.
Eshonlarning behishtda
Cho‘ng eshigi bor, derdi.
Ming teshigi bor, derdi.
Un qoradan bir qora
Zakoti bor, der edi.
Sira qo‘ymay oluvchi
Odati bor, der edi.
Go‘yo jannatni ko‘rgan
Yetugi bor, der edi.
Har baloni suruvchi
Tetigi bor, der edi.
Buning bari el-yurtni
Talash yo‘li emasmi?
Yetim-esir, yo‘qsulni
Tovlash yo‘li emasmi?
Oxirat deb har yerda
Baqirganlar sizmasmi?
Payg‘ambarga bosh eg, deb
Chaqirganlar sizmasmi?
Avom xalqqa qalp aytib,
Sotilganlar sizmasmi?
«Falokatlar qayda», deb
Otilganlar sizmasmi?
El sig‘ingan xudoning
Elchilari sizlarmi?
Ko‘pni ko‘rgan bilgichday
Tilchilari sizlarmi?
Kuni-tuni izg‘iysiz
Izlab yog‘liq taomni.
Hech ko‘rmaysiz ko‘z solib
Mehnatkash xalq avomni.
Sizni izlab keladi
Oq sallali odamlar.
Eshon, xalfa va begi —
Bari birga qadamlar.
Oq elachak o‘raydi,
Ma’lum, bizning xotinlar,
Ovuldan kelgan oq salla,
Qaydan bo‘lar zotinglar?
Shariatdan so‘zlashga,
Ayting, ko‘pmi chamangiz?
Ajratish qiyin, bosh garang,
Xotinchalish hammangiz.
Hammangizning ishingiz
Elni talab yeyishdir.
Yolg‘on so‘zni ko‘pirtib
Men donishmand, deyishdir.
Oppoq salla o‘rashgan,
Yurt holini bilmaysiz.
Adolatni kuylasam,
Ko‘zingizga ilmaysiz.
Oqin bo‘lib yoshlikdan,
Otga minib chiqqanman.
Otgan o‘qday har so‘zni
Aytib ko‘pni yiqqanman.
Kelgan so‘zni qaytarmay,
Nomin aytib kuylayman.
Qo‘shiq koni o‘zimda,
Qimizday achib so‘ylayman.
Aytsam oltin so‘zimni,
Yasharadi odamzod.
Ayting, qani qo‘shiqdan
Lazzatlanmas, qaysi zot?
O, bo‘lis!
Qilma menga chiringni,
Bilmaysan hech sirimni.
Xalfa, mulla, eshonlar,
Bilib yurgin siyingni.
O, bo‘lis!
Yemagi yo‘q, ichmagi —
Kambag‘alni bilasiz.
Soliq solib ayamay,
Terisini shilasiz.
Zo‘rlik qilib, qo‘rqitib,
Yakka sigrin olasiz,
Ming nayrangni ishlatib,
Ne-ne jafo solasiz.
Keldi eshon mehmoning,
Kutib turgan odaming,
Yulib-yulqib talangiz,
Kelgani shu omading.
Oxiratning borligin
Go‘yo ko‘rgan, bilishar,
Aldamchining solig‘in
Holsiragan fuqaro
Noilojdan berishar.

G’. Shodi tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.