Janubiy Qozog‘istonning O‘rdaboshi tumanida tug‘ilgan. Muxtor Avezov nomidagi viloyat Pedagogika institutining filologiya fakultetida tahsil olgan. Matbuotda 80-yillarning boshidan she’rlari bilan ko‘rina boshladi.
Ayni paytda Respublika Yozuvchilar uyushmasining Janubiy Qozog‘iston viloyati bo‘limida mas’ul kotib vazifasida faoliyat ko‘rsatmoqda.
Uning “Laylo” (1993), “Do‘maloq ona” (1997), “Yuragimda” (1998), “Oltin beshik” (1999) kabi she’riy to‘plamlari chop etilgan.
OTINGNI YOZDIM OQ QORGA
Otingni yozdim oq qorga,
Uyingdan chiqqach ko‘rsin deb.
Shoshilib borayotganda,
Menda ham ko‘ngling bo‘lsin deb.
Oq qorga seni mengzadim —
Samodan kelib qo‘nuvchi.
Sen esa sevgim sezmading —
Qalbimda shamdek yonuvchi.
Bilmadim, ko‘rding-ko‘rmading,
Ruhlandim ajib kuydan men.
Qoshimga biroq kelmading,
Borishga men ham iymandim.
U paytlar parvo etmabman,
Bu damlar tezda o‘tarin.
Ismingni ham men sezmabman —
Oq qor-la erib ketarin.
* * *
Har yurakdan chiqadi armon sasi,
Ketar unga har bitta dil havasi:
Hovli uzra kir yoyar bir kelinchak,
Chiroyda naq Vinchining madonnasi.
Titradi dil — hech kuyi chalinmagan,
Ishq bobida hech kimga yalinmagan.
Erka yellar ko‘ylagin yulqilardi,
Eng oxirgi tugmasi solinmagan.
Kun ovora bulutlar girdin yoqib,
Ahyon-ahyon borarkan ko‘kda oqib.
Yel ovora kelinchak etagi-la,
Ovoraman men esa unga boqib.
IZLA MENI
Ayriliq azobidan bo‘lib sarang,
O‘zimni yig‘idan men tutdim arang.
Qaradim qora-qo‘ng‘ir bulutlarga
So‘rab ko‘r ulardan, gar ishonmasang.
So‘ragin kaptarlardan — ular anglar,
Yurakka o‘tganini ne alamlar.
Ortimga ko‘p bor boqtsim — nadir chora,
Qoshingdan vido aytib ketar damlar.
Shudringdan sirg‘a taqqan changalzor, o,
Sen kelgan mahallarda edi zebo.
Termildim ularga-da sirim aytib,
Bilmadim: uqdimi yo, uqmadi yo.
* * *
Sevgimizning eng murg‘ak — ilk mahali
Qo‘limizdan kelmasdi jur’at hali.
Kapalakday qiz eding, qanotingda
Kuch yo‘q edi hatto so‘z ko‘targali.
O‘taverdik goh g‘amgin, gohi kulib,
Bir-birimiz goh yaqin, goh yot bilib.
Osmongina bizlarga panoh bo‘ldi,
Kechalari bo‘yniga marjon ilib.
Goh anglamay ishqni, goh anglab yetdik,
Goh umiddan yurakni mamnun etdik.
Qo‘l ushlashib ochunni kezdik-da bir,
Keyin moviy ufqqa singib ketdik.
Ko‘rgim kelar men seni ko‘rgan sayin,
Hisga to‘lar yuragim biram mayin,
Bukildim-ku men so‘roq belgisiday,
Quvvat bergin, qaddimni ko‘tarayin.
Senga qarab, ertamni chamalayman,
Yashamoqqa seni deb doim shayman.
Seni ko‘rsam chiroyli bo‘lgim kelar,
O‘z-o‘zimni tuzayman, tarangayman.
Har lahzada takrorlar noming tilim,
Yurakdagi sevgimni angla, gulim.
O‘zing bo‘lsang qoshimda yashnagayman,
Bo‘lmasang-chi, yomg‘irday yig‘lar dilim.
Mirpo‘lat Mirzo tarjimalari