OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Dixan Abilov (1907-2003)

Dixan Abilov 1907 yilda Pavlodar viloyatining Bayanovul tumani, Bayantov qo‘ltig‘idagi Moylibuloq qishlogida dunyoga kelgan. Bayan shahridagi o‘rta maktabda, Semeydagi Qishloq xo‘jaligi texnikumida o‘qigan. 1937 yilda Olmaotadagi Jurnalistlar institutini, 1948 yilda Qozoq Akademiyasi aspiranturasini tamomladi. 1942 — 1946 yillarda Ikkinchi jahon urushida ishtirok etib qaytgach, turli gazeta-jurnallarda ishladi, “O‘qituvchi" nashriyotida bosh muharrir bo‘lib xizmat qilgan.
Shu kungacha muallifning ellikdan ortiq kitobi, she’riy to‘plamlari, qissa va romanlari nashr qilingan. Yozuvchining shoir Sultonmahmud To‘rayg‘irov hayotiga bag‘ishlangan “Sultonmahmudning armoni” (1980) nomli roman-trilogiyasi, shuningdek, “Yelkadosh do‘stlar” (1948), “Mayra” (1954), “Birjon sol bilan oqin Sara” (1939) kabi dramalari mashhur.
Adib rus, ukrain, turk, arman mumtoz shoirlarining dostonlarini qozoq tiliga tarjima qilgan.

QORAQALPOQ BOVURLARGA

Ovulingni sog‘indim men ovulimday,
Olmaotadan yo‘lga chiqdim sen deb atay.
Olib keldim Olatovning salomini,
Quchoq ochib kutib olding bovurimday.

Kimligingni azal-azal bilgan o‘zim,
Yuragimda bisyor erur yaxshi so‘zim.
Osmoningdan yerga asta qo‘ngan zamon,
Yayrab ketdi diydoringni ko‘rib ko‘zim.

Dilimga men qayajonlar uydim yana,
Taqdim etgan gullaringni suydim yana.
Musaffoyu moviy Nukus ufqlariday
Toza ko‘ngling osmonini tuydim yana.

Toleimiz yashnar hali alvon qirdek,
Do‘stligimiz abadiydir ajib sirdek.
Ertaklaru hangomayu hazillarga
Azal-azal ishqibozmiz, o‘chmiz birdek.

Qoraqalpoq, sen qozoqning o‘z joniday,
Dil tug‘yoning yurtimning dil tug‘yoniday.
Vujuddagi sof shu yurak o‘rtamizda —
O‘rtadagi moviy Orol ummoniday.

Iltifotlar ko‘rdim har kun har kasingdan,
Istiqbolning shavqin tuydim nafasingdan.
Oftob kabi yuragingning taftin sezdim —
Kaftingdagi haroratdan, qalb sasingdan.

Birga bo‘lsa ellarimiz shunqorlari,
Qolmagaydir yurtning g‘amu g‘uborlari.
Tashrif payti qizlaringdan gullar oldim
Va bag‘rimga to‘ldi chaman iforlari.

Toabaddir omon bo‘lsin yurtning bari,
Qozoqdadir sodda mehr talqinlari.
Olislardan tuqqanim deb izlab keldim,
O‘chmasin hech dilda ishqning yolqinlari.

TO‘QTAG‘ULGA

Yuragimning qatiga
Qanot bog‘lab dovuldan,
Qirg‘iz oqin o‘g‘liga
Olis qozoq ovuldan
Muhabbatim keltirdim,
Ne bor aziz bovurdan?!

Yig‘lasam chin yig‘layman,
Quvonsam chin quvongum.
Ishq-sadoqat o‘tida
Yonsam — baralla yongum.
Abayni o‘qib tunlar,
To‘qtag‘ul deb uyg‘ongum.

Lolalar to‘lqin otgan
Dalasini bir suyub,
Olmosday o‘g‘il topgan
Onasini ming suyub,
Kezdim qirg‘iz elini,
Yuragimdan she’r quyib...

* * *

Saodat Qobulovaga

Keltirib yaqin, biroq .
Tutqazmagan boldayin —
Tamshantirding meni xo‘b,
Taqillaydi tanglayim.

Uzding avjda qo‘shiqni,
Olovga sepganday suv.
Bulbulim, baribir sen
Dilimda qolding mangu.

KUZ BO‘LSA-DA...

Kuz bo‘lsa-da, osmon ochiq, lojuvard,
Ajoyibdir Amudaryo elati.
Odamlari doim uning tanti, mard,
Qozoqlarga juda uyqash keladi.

Dunyoda har ikkisin o‘z o‘rni bor,
Botirlari bilan mashhur har biri.
Sir, Amuday bir ummonda mujassam
Qoraqalpoq va qozoqning taqdiri.

Mirpo‘lat Mirzo tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.