OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Fariza O‘ng‘arsinova (1939-2014)

Fariza O‘ng‘arsinova (adabiy taxallusi - Sanduvoch) Gurev viloyatining Novobogat tumaniga qarashli Manash qishlog‘ida tug‘ilgan. Gurev Davlat Pedagogika institutining til va adabiyot fakultetini bitirgan.
Ilk she’rlari respublika gazeta-jurnallarida bosilgan.
F. O‘ng‘arsinovaning xizmatlari qator orden-nishonlar, faxriy yorliqlar bilan taqdirlangan. Respublikada xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi. “Vatanim - uyim mening” va “Mang‘ishtov monologlari" she’riy to‘plamlari uchun 1984 yili Qozog‘iston Davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan.
Uning “Qizg‘aldoq haqida ballada”(1971), “Men tug‘ilgan kun”( 1972), “Kichkintoy” (1975), “Kamalak”( 1979), “Oftobshuvoq” (1980), “Ochiq osmon” (1981), “Temirqoziq yulduzi” (1982), “Qironqiya” (1984), “Mening tuprog‘im” (1985) kabi to‘plamlari chop etilgan.

ERTA TONGDA CHIQAR BALIQCHI...

Shiddat bilan guvillar shamol.
Dengiz aro mavjlanar tug‘yon.
To‘lqinlari – oq vulqon misol,
Otilganday xuddi sen tomon.
Bir g‘alayon – atrof suv changi
Yashin chaqnar, uchar chag‘alay...
Go‘yo ummon va osmon jangi,
Parchalanar to‘rlar ham talay.
Kimki olar dengiz-la nafas,
Uning uchun bu oddiy holdir.
U qilmagay yengilin havas,
Sevar kasbin – bo‘lsa ham og‘ir.
Tezda tinar betizgin to‘fon,
Baliqchi der ufqqa sari:
“O‘tib ketar bari begumon,
Beva ayol g‘ami singari.
Dengizda yo‘q aslo shum niyat,
Hazillashmoq istaydi goho.
Yosh baliqchi sabotin faqat,
Sinamoqni sevar u tanho...”
Erta tongda chiqar baliqchi,
Qarshilaydi qirg‘oqda quyosh.
Dengiz esa o‘rmalab chiqib,
Oyog‘iga asta urar bosh.

Qozoqchadan Nosir Muhammad tarjimasi

YO‘L

Ufqlarga qora yo‘l qadaladi,
Adirlardan oshib ildam.
Qizg‘aldoqlar chekkasida jim qoladi,
Yuzlarida billur shabnam.

Yorilmasin qoq belidan deb yer bexos,
O‘rab turar yo‘llar bu choq.
Qolib ketgan dengiz ortda elas-elas,
Osmonida bulut oppoq.

Turfa gullar nozlanadi yelda bu dam,
Sevinchlari bilmaydi chek.
Odamlarning shodmon-shodmon odimidan
Uyg‘oq yotar dalalar tek.

Men kelaman. Tinglab qalbim ohanglarin,
Shavqin tuyub ajib sirning.
Ko‘rmoq uchun bugun uning o‘t ranglarin
Bir kezdagi “ola qirning”.

* * *

Sog‘inch xatin yo‘lladim
Sizga, ovuldoshlarim.
Men seni ham qo‘msadim,
Do‘l-dovulli osmonim.

Hush yerlarda yursam-da
Yodda fayzu qutlaring;
Yero‘choqda lovillab
Yonib turgan o‘tlaring.

Qaragaysiz har doim —
O‘zgacha faxr etib-la,
Bormi deya she’rlarim
Gazet-jurnal betida.

Maqtaysizlar meni, ha,
Bolalarga do‘ndirib,
Yuribdi deb poytaxtda
Ulug‘ ishlar tindirib.

Har yil senga, ovulim,
Kanda qilmay borgayman.
Ko‘ngillar tubidagi
Sirlarni axtargayman.

Boraman, qaytadan chin
Zavqlarga to‘lmoq uchun!
Boraman, qaytadan men
Bir go‘dak bo‘lmoq uchun!

* * *

Ot minsam, yigitlardek
Yeldirgum ur-ho solib.
Aytishsam yig‘inlarda,
Bo‘lurman, shaksiz, g‘olib.

Ingichka yo‘l qadamim
Hadikka topshirmasman.
Hazilda bo‘z bolaning
Og‘zini ochirmasman.

Tortinma, sho‘rlik bola.
Men bir qiz, bahsga shayman!
Kuy chalsam do‘mbirada,
Dina*ni tiriltgayman.

Izlayman botir miqti —
Ko‘z solib umidlarga:
Mendagi botirlikni
Bermapti yigitlarga!
_____________
* Dina Nurpeisova - Jambulga zamondosh taniqli xalq oqini.
 
* * *

Bu she’rlar yozilmas edi hech,
Men qayg‘u yutmagan bo‘lsam.
Bu yurak topinmas edi hech,
Sen ko‘pga o‘xshagan bo‘lsang.

Nazarga ilmas edim men,
Chiqa olar joyim bo‘lsang gar.
Tavozeni bilmas edim men.
Har kun xokpoyim bo‘lsang gar.

Men bundoq yurmas edim hech,
Umrimda bo‘lmagan bo‘lsang.
Sevgini bilmas edim hech,
Qalbimni xo‘rlagan bo‘lsang.

* * *

Oltin zarin sochganda tong nurlanib,
Ko‘klam har yon yoyganida ajib gilam.
Quchog‘im — gul. Kelaman men lov-lov yonib,
Men yoshlik sururiman.

Dilni o‘rtar, shubhasiz, uchqur yillar,
Shirin tuyg‘u yurakda, ko‘zlarda ham.
Olam tutib turganda msnga gullar,
Masrurlar masruriman.

Yoshligimga vaqtning o‘zi oshiq,
Yetaklaydi bog‘larga qiyg‘os, ko‘rkam.
Sevgim dilda yonadi nurin sochib,
Jonimda o‘zing, erkam.

... Tug‘yoni mo‘l, har oni to‘la sirga,
Qalbga hasrat-quvonchlar olib kirgan...
Bosh egamiz har vaqt biz bu asrga —
Ikkimizni tanishtirgan.

* * *

Yurak mudom moyildir o‘yga ezgu,
Olqishlarni ko‘rdi bisyor, titramas u.
Netay, sendan qolmadi qalbimda iz:
Na bir quvonch, na qayg‘u — hech bir tuyg‘u.

Go‘yoki men yurar edim ishqing-la shan.
Lekin yurak bu tuyg‘uga bermasdi tan.
Zinhor sevgi sanalmaskan yakkash hurmat.
U juda kam uchraydigan bir dard ekan.

Bu kun kelib bundoq hurmat kelar malol,
Er yigitga nomus bo‘lar bunday iqbol.
Suydirmasang, suyolmasang kuyib-yonib,
Tuyg‘ularing topar zavol.

Mirpo‘lat Mirzo tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.