Gurev viloyatining Dengiz tumanidagi Qo‘shaloq qishlog‘ida dunyoga kelgan. Olmaotada Qurmong‘ozi nomidagi konservatoriyada milliy cholg‘u asboblari fakultetini tamomlagan. 1959—1965 yillarda «Jazushы» nashriyotida, 1965—1971 yillarda Qozog‘iston Yozuvchilar uyushmasida, 1971—1983 yillarda “Maktab” nashriyotida ishlagan.
Ilk she’rlar to‘plami 1961 yilda chop qilingan.
Keyinchalik esa “Sivizg‘a sozi”(1962), “O‘z ko‘zim bilan"(1964), “Yo‘q, unutib bo‘lmaydi”(1965), “Yorug‘lik”(1966), “Kuy”(1967), “Manzil ohanglari”(1970) kabi she’riy kitoblari nashr etilgan.
DALA MANZARASI
O‘rkach-o‘rkach qirlarning to‘shi turfa giyohli,
Ola bulutli osmon ayron-chalop siyoqli.
Burqiragan qumli dasht — yoyilgandek donlar niq,
Jilg‘a-irmoq yugurar egri yo‘llar ip-iliq.
Purma’noli o‘landek topar ziynat muqarrar
Ko‘z yetgusiz ufqlar — poyoni yo‘q kengliklar.
Qum-shag‘allar uyulgan oltin xirmon misoli,
Tik qir-jarlar yellarda qotgan tug‘yon misoli.
Keng dalani to‘zg‘itar shamollarning hamlasi.
Nortuya kabi chayir ko‘k yovshan shox-shabbasi.
Qing‘ir qoqshol butalar — barmog‘iday kampirning,
Savr kelib qulunlar sasi tutar adirni.
Yalt-yult etgan qamg‘oqlar — zilol suvlar kabi naq.
Suvsiningni bosmoqqa topilmas bunda buloq...
O, tangri, bu shukuhsiz manzarani ko‘rgan on,
To‘lmasmi qalb kadarga, g‘am-g‘ussaga nogahon!
Cho‘kirtak — kemshik tishday, har yondan qochgan nufuz.
Kapalak uchar horg‘in, fayzsizdir dala-tuz.
Yuksalar tepalikka goh chiranib, goh tinib,
Bir mashina so‘qmoqda “jonin sudrab” pishqinib,
So‘qmoqlar qir yoqalab pastlikka quyilguday,
Ko‘tarilar oq to‘zon — kometa quyrug‘iday.
Ochgandek ilon izi yo‘llarning ajib sirin,
Ufqlar ham qir osha kengayar birin-birin.
* * *
Oq barmoq o‘ynaydi, o‘ynaydi
Qadimgi oq mato ustida.
Va igna ko‘k ipni surgaydi,
Matoga rangin naqsh tushdi-da,
Kashtada chamanlar tirildi.
Unda ufq chamanni quchdi-da,
Ustiga osmon ham surildi.
Ko‘l mudrab ko‘kalam chetida,
Manglayin osmonga tiramish.
Bahoriy zaminning betida
Maysa ham, toshlar ham titramish.
Kashta naq ko‘klamning aksiday,
Men undan iforlar izladim.
Tepamda uchganday chag‘alay,
Yoyiqning sohilin esladim.
Yorimning qo‘liga tikildim,
Mo‘‘jiza yaratmish naqshinkor.
Ehtimol kashtadan olgandir
Betakror o‘z husnin navbahor.
* * *
Anov kelgan kim ekan, bilib kel-chi, kim ekan?
Botirlikmi? — Joy bergum ardoqlab uy to‘ridan.
Boylik bo‘lsa shum bo‘lar, tikilgin-chi ko‘ziga,
Birovlarni xo‘b aldab, aldanmasin o‘zi-da.
Qayg‘u bo‘lsa ortida quvonchi ham bor chiqar,
Biri ko‘nglim gumurtib, biri xandon qarshilar.
Imon bo‘lib kelsa gar, bag‘rim ochiq erta-kech,
Tushir, otda bo‘lsa u, qirovin qoq, to‘nin yech.
Chinlik bo‘lsa gilam sol, dasturxon ham yoz tag‘in,
Yolg‘onlikmi — latta qo‘y, artib chiqsin oyog‘in.
Mirpo‘lat Mirzo tarjimalari