Olmaota viloyati Norinko‘l tumanidagi “Qorasoz” manzilida tavallud topgan.
M.Maqatoev qisqa ijodiy faoliyati davrida qozoq she’riyatida inqilob qilgan novator shoir sanaladi.
U badiiy tarjima sohasida ham katta ishlar qildi. Jumladan, Dantening “Ilohiy komediya”sini, V. Shekspirning sonetlarini, Uolt Uitmenning she’rlarini qozoq tiliga tarjima qilgan.
Uning “Hormang, do‘stlarim”( 1966), "Qaldirg‘ochim, keldingmi?” (1968), “Mavr”(1969), “Vodarig‘, yurak”(1972), “Oq qushlar uxlaganda” (1974), “Shu’lam mening”(1975), “Umr dostoni”(1976), “Umr o‘zani” (1978), “Basira”( 1981), “Yurak zarblari” (1982), “Cho‘lpon” (1984) kabi she’riy to‘plamlari chop etilgan.
DASTURXON USTIDA
(O‘zbek yigitiga)
Tegrangda turfa ne’mat hamda qimiz.
O‘yda — she’r, ko‘ngilda — kuy, jonda — tamiz
Jannatning durkun fayzi shu zaminda,
O, do‘stim, ko‘p go‘zal-a Olmaotamiz?
Ayniqsa ajib bunda manzaralar,
Olatov bag‘ridan bir sas taralar.
Ohuday bir-birining izin quvib,
Otilar qoyalardan sharsharalar.
Yurakda shahrimga bor chin sadoqat,
Havo ham havo emas — istirohat.
Tomoshaga kelgin bir,
O‘zbek do‘stim,
Soyalarda o‘ynab-kul, ayla rohat.
Qimiz ich, qazidan ol, tortinmagin,
Toqqa chiq, daryoga tush, salqinlagin.
O‘zingning xalqing kabi bag‘ri ochiq,
Unutma, qozoq degan xalqning borin.
Esingga solib qo‘yay men yana bir,
Albatta, Olmaotaning bog‘iga kir.
Kiyikday sho‘x va ma’sum qizlarimiz
Joniga joning bilan o‘t yoqa bil.
Tegrangda turfa ne’mat hamda qimiz,
O‘yda—she’r, ko‘ngilda—kuy, jonda—tamiz.
Toshkentdek cho‘ng shahardan tashrif etgan,
O, do‘stim, ko‘p go‘zal-a Olmaotamiz?!
XAYR, OQQUVLAR!
Ko‘lni tashlab ketib borar oqquv-g‘ozlar,
Xayr endi, yaxshi boring, suluv nozlar!
Yuragimda mahzun-mungli doston qoldi,
Oqqordayin qanoti-la oqquv yozgan.
Oqquvlar sizga boqib dilda dog‘lar,
Termular ortingizdan hazin tog‘lar.
Adashib siz-la birga ketdi balkim,
Bokira tuyg‘ularim, ma’sum chog‘lar!
Havoni qanotingiz tebratgan on,
Tuyg‘ular og‘ushida titraydir jon.
Ufqqa singarkansiz, ko‘nglim oqib —
Ko‘zimni tikib qoldim men nigoron.
Oq ko‘lni oydin mavjlar chulg‘ab oldi,
Sizlardan dalam ko‘zi qiymay, toldi.
Nega men yaralmadim oqquv bo‘lib,
Odam bo‘p o‘z-o‘zimga sig‘may qoldim.
Oqquvlar, armonlarim dilda bisyor,
Uchmoqqa mening na bir qanotim bor!
Qirlarim unsiz o‘krab qoldi mening,
Ko‘llarim yetimdayin qoldi zor-zor!
EY, O‘LAN!
Ey o‘lan, menga tekkan enchim eding,
Yuksalayin, qonimga kel-chi mening.
Mening senda azaldan ko‘nglim bordir,
Sen ham meni xush ko‘rib, ko‘nglim, deding.
Qoshimga kel, qalbimni uqqin — tushun,
Tez kela qol, bobom Abay ruhi uchun.
Behishtdagi uyangni qo‘yib turgin,
Sen umrimga keraksan, ardoq qushim.
Ey o‘lan, jon berayin senga qandoq,
Jonsiz o‘lan jonimni so‘rar har choq.
Bir o‘yim — yuragimda qazo topib,
Bir o‘yim — bo‘g‘izimda turibdi naq.
Ey o‘lan, jon berayin senga qandoq?
UMR O‘ZI NE DESAM
Umr o‘zi ne desam,
Umr uchqur tulpor, ha.
Cho‘chib ketding nega sen?
Qo‘ygil, jonim, cho‘chima.
O‘z-o‘zingni ayamay,
Umr degan — chin yonmoq.
Bir narsaga xumorday,
Bir narsadan jirkanmoq.
Birovlarni aldash — u,
Birovlarni aldamoq.
Kimdadir ko‘rsang qayg‘u,
Qo‘ldan kelsa qo‘llamoq.
Dil to‘la hasrat va g‘am,
O, do‘stim, bersin to‘zim!
Umr o‘zi ne desam,
O‘zim ekan, ha, o‘zim...
KUYLA, JONIM
Qarshi olmagan
Qarshi olmasin hech qachon.
Sen kuylab ber,
Kuying ila baxsh aylagin jon!
Yangrog‘ing yetsin yashil tog‘larga,
Aks sado bersin unga qirlar qadrdon.
Kuyla, jonim, bobong qo‘shig‘in kuyla.
“Ko‘kjendet” taralsin ufqlar bo‘ylab.
Ajib ertaklarning dunyosi sari
Yetaklasin meni tuyg‘ular, o‘ylar.
Kuyla, jonim,
Dardlarni ko‘krakdagi!
Tinsin bir zum hayot
Yer-ko‘kdagi!
Qir tinglasin,
Aks sado taratsin tog‘lar,
Mangulik qo‘ynida — yo‘rgakdagi.
Mirpo‘lat Mirzo tarjimalari