OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Muzaffar Alimboyev (1923)

Pavlodar viloyatining Sharbaqti tumanidagi Maraldi ovulida tug‘ilgan. Qozog‘iston Davlat universitetini bitirgan.
Iste’dodli shoir o‘z mavzusi, chuqur tafakkuri, o‘ziga xos ohanglari bilan qozoq she’riyatini boyitdi. "Qozog‘iston xalq shoiri” faxriy unvonining sohibi.
U xalqchil she’riyati, didaktika va hajvga moyil ijodiyoti bilan XX asr qozoq adabiyotiga munosib hissa qo‘shgan shoirlardan biri sanaladi.

OQIN

Tug‘ilmas ulashgali oqin qayg‘u,
Bergay u yuraklarga faqat yog‘du.
O‘lanin dastro‘mol ham qiladi el,
Odamlar ko‘z yoshini quritgay u.

Olmaydi o‘z hasratin u giliga,
Solmaydi gina-kudrat hech diliga.
Yuragin ko‘prik qilib to‘shar oqin:
“Yetsin, — deb, — yurtim tole sohiliga”.

Surur-la samolarga chiqmoq bo‘lar,
Ikki bor tug‘ilar u, bir bor o‘lar.
Oldinda tashna qalbi har avlodning
Oqinning shukuhi-la lim-lim to‘lar.

* * *

Hozirgi bu chog‘imda
Ketmon soqol erkakman.
Yangalarning oldida
Boyagi bir “Tentakman”.

O‘ttizdan o‘tganimda
O‘zimcha bir donoman.
Otalarning oldida
“Quyulmagan bola”man.

Shundoq turib... qara-chi...
Men birovning bolasi,
Men birovning og‘asi,
Men birovning tog‘asi.

Men bir kichik bolacha,
Erkalikdan qolarman.
Kichiklikka yarasam,
Kishilikka yararman.

* * *

Ko‘ra olganin tun ichra
Ko‘zsizlar qandoq qiyolgay?!
Aylanib yoshim yomg‘irga,
Cho‘maman teran xayolga.

Issiq qalb bilan quchgayman,
Qaytmagay endi yoshlik dam.
Unutdim, suymay seni man,
Sen ham kech endi ginangdan.

Cho‘zaman tag‘in qo‘limni,
Yoddadir yongan hislar ilk.
Sarg‘ayib to‘sdim yo‘lingni,
Ko‘rsatma qayta yetimlik.

Mirpo‘lat Mirzo tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.