Olmaota viloyatining Uyg‘ur tumanidagi Ulkandixan (hozirgi Ko‘kbostov) ovulida tavallud topgan. Qozog‘iston Davlat universiteti (hozirgi Al-Forobiy nomidagi Milliy universitet)ning filologiya fakultetida tahsil olgan.
Yigirmadan ziyod she’riy to‘plamlar, dramalar, esse va publitsistik kitoblarning muallifi. Ko‘plab dramalari teatr sahnalarida ko‘yilgan. She’rlari o‘zbek, rus, ukrain, bolgar, turk, moldavan, qirg‘iz va boshqa tillarga tarjima qilingan. U qozoq o‘quvchilarini ko‘plab jahon she’riyati va dramaturgiyasi namunalari bilan tanishtirib kelayotgan zabardast tarjimon.
Qozog‘iston Yozuvchilar uyushmasi boshqarmasining Raisi. Qozog‘iston Respublikasi Davlat mukofoti sovrindori.
YILGA TILAK
360...
Kunduz o‘tdi, tun o‘tdi.
Yuksaltirdi, gohi meni unutdi.
360...
Tong bo‘zarib uyg‘ondi,
Ne-ne yurak yangi kunga yuz tutdi.
Yil quyunday tez o‘tdi!
Suydik.
Kuydik.
G‘amlar chekdik. O‘rtandik.
Pushmon qildik.
Nimagadir o‘rgandik...
Yurtimizga yaxshi kunlar yarashdi,
Garchi ne bir jafolarni ko‘rgandik.
Shu yurt uchun o‘rtandik!
Ko‘kimizga moviy, ko‘m-ko‘k tug‘ ildik.
Ko‘k Turkdan biz go‘yo qayta tug‘ildik.
O‘y ham,
Qir ham,
Butun borliq yashardi,
Ozodlikning sururiga yo‘g‘rildik!
Ko‘kka ko‘m-ko‘k tug‘ ildik!
Menga bardosh havas emas — ahddir bu,
O‘tkinchimas hurlik — endi naqddir bu,
Yuragimda — asrlarning nidosi,
Teran o‘yi,
Cho‘ng g‘ururi — baxtdir bu...
Saodatim — naqddir bu!
Davrim keldi — chaman bo‘ldi bog‘im, ha,
Qad rostladi “Qozoq” degan tog‘im, ha.
Ajdodlarning shukuhi bor qalbimda,
Unutmasman
Asrlarning dog‘in, ha...
Keldi yashnar chog‘im, ha!
Yuragimda — yaratgandan ezgu un,
Garchi ruhim g‘amlarga esh tunu kun.
Qachon?
Kimga?
Tekkan, axir, op-oson
Ozodlikning ixtiyori bus-butun?!
Yuragimda ezgu un!
Erk yo‘lida kim oh tortmas,
Demas “uh!”
Hur zamon bu, tugar endi g‘am-anduh.
O‘tdi bir yil. Diyonat bor. Inongum.
Yuragimda — yangi ilhom, yangi ruh.
Muqarrardir bu shukuh!
Oldinda bor ne-ne dovon,
Dashtu cho‘l...
Jannat emas hali senga o‘ngu so‘l.
Xalqim, bir bo‘l, bir-biringga uzat qo‘l!
Istiqlolim — senga esa dong‘il yo‘l,
Sen mangu bo‘l, mangu bo‘l!
TEPALIK YONIDAGI O‘YLAR
Dalalardagi eski tepaliklarni ko‘rgan sayin esimga Gerodotning: “Saklar yurt hududiga yovlar bostirib kirganligi haqda tepaliklar ustiga olov yoqib, bir-biriga xabarlaganlar”, degan gaplari tushadi.
Jirovlarning so‘zlarida yodlangan,
juda ko‘hna zamonlardan saqlangan,
o‘qilmagan kitobdir bu Tepalik,
qolgan qadim xunlar bilan saklardan.
Olis-olis moziylardan un solgan,
bayroq ushlab, Oltoy oshib, yo‘l olgan —
bu Tepalik ko‘zimi yo Ko‘k Turkning,
taqimida talay tulpor — ot tolgan?
Bedovlarin qichab ufqni chog‘lagan,
yovlarini alamlarda dog‘lagan,
xazarlardan qolgan so‘zmi bu elda,
zamonlarni zamonlarga bog‘lagan?
Uysinlar va turkeshlarning ko‘zimi?
qumonlar va qipchoqlarning o‘zimi?
El birligin ko‘rg‘ay yurib, qoldirgan
ajdodlarning kelajakka so‘zimi?
Goh men moziy qalbidagi mungdayman,
tarix sasin tinglab ko‘zim yumgayman,
mo‘r-malaxday mo‘g‘ullarning dupuri
eshitilar quzg‘aydan-da, kungaydan.
Dilda g‘amim
cho‘ng hasratlar gardimi?
Shahid ketgan odamlarning mardimi?
Bu tepalik — Asparaning azasi,
No‘g‘aylining tashlab ketgan dardimi?
Qilich sermab tiriklikning qasdida,
yashiringancha dashtning pana-pastida,
xokiturob bo‘lib bir xalq tarixi
yotgandayin shu tepalik ostida.
Charxi dunning ohi dilda limmo-lim,
aytolmayin uni ro‘yi-rost, balkim
yotgandayin Ipak yo‘lin tizginlab,
jo‘mard bobom ko‘zimizdan chetda, jim.
Er yigitlar surib jangga otlarni,
o‘zin yo‘qlik ummoniga otarmi?
Yo‘q, yotarlar — misli Dala sohibi,
tutashtirib Kunchiqar Kunbotarni.
Jur’atidan yovlar qo‘rquv tuygan chin,
tug‘yonidan titrab turgan Chin-Mochin
boqiy elning shon-shavkati yotganday,
teran kechmish quchog‘ida olib tin.
U zamondan
aylar meni kim ogoh:
qaysi maqsad — ulug‘ cho‘qqi, qaysi — choh?
Kuyunaman... Xo‘rsinaman... Yuragim
otash uzra yotgandayin tortib oh.
U zamonning ayon na kuz, bahori,
ko‘nglimning ham yo‘qdir qurch bir qarori.
Tund Tepalik uzra mahzun turarkan,
vujudimni chirmar o‘ylar sharori.
O, bobojon...
G‘ururidan tonmagan,
o‘z yurtining toleiga qonmagan,
tepalikning — qo‘l cho‘zgudek yaqindan
avlodlarga, afsus, o‘ti yonmagan.
Manzil yetib, cho‘ktirilgan tuyasi —
qay davrning, qay zamonning egasi?
Ko‘zin ishqab,
zulmat tundan o‘tarkan
qayda uning yorqin tongi, ertasi —
bu tepalik qay davronning egasi?
Qay asrga egayin men boshimni?
Qay asrga to‘kayin men yoshimni?
Qay asrga olqishimni aytayin?
Qay zamonga ochay — otib loshimni,
qalbdagi quyoshimni?
Qay davrni kuylar bilan o‘rayin?
Qay davr-chun ezgu so‘zlar terayin?
Qay davrning qarshisida tiz cho‘kib,
qay qalb o‘tin lov yondirib berayin?
Ey dil, davron shakariyu bolina —
o‘ch bo‘lma hech! Aldanma! Va nolima!
Qay zamonni tomirimda chiyratib,
tarmashayin qay zamonning yolina?
Garchi moziy ko‘ylarida bag‘rim xun,
lekin tingla, ko‘kragimdan toshar un?
Ming-ming yillik umrim ezgu mehrobi,
huzuringda ta’zimdaman men bu kun.
OTAM YODI
Ruhim so‘ngan...
Qonda surur oqmaydi.
(“Xoksor uyning egasi bor...” Saqlaydi.)
Otam ketgan, endi mening g‘amxo‘rim
kelib sira eshigimni qoqmaydi.
Hazil-huzul qilmas endi ko‘ngli chog‘,
otlanmaydi shahar sari ko‘ksi tog‘.
Kelmas endi uchib-elib, jonsarak,
yuribdimi o‘g‘lim, deya, omon-sog‘.
“Chiqmadi-ya bir kitobing salmoqli”,
deb qo‘ymaydi va kutmas ham yo‘lim zor.
Urush ko‘rgan oqsoqolning pandini
qizargancha eshitmaydi el takror.
Shu qayg‘ular
ich-etimni tuzlaydi
g‘amgin yurak jimirlaydi, muzlaydi.
Qatag‘onlar jabrin chekkan qalb endi
loqayd do‘stning kayfiyatin buzmaydi.
Mijjasida yaltiramas endi g‘am,
yurt oldida ko‘kragiga urmas ham,
do‘st-yoroni sog‘inadi ko‘p hali,
nomin tildan qo‘ymagay el hech bir dam.
Menga endi martabayu mol g‘ammi —
bular ulug‘ qilmas ekan odamni.
“Otang shundoq degandi...” deb odamlar
hali-hanuz eslasharlar otamni.
Na choram bor?
Kech angladim, kuyindim,
fayzi ketgan — to‘ri bo‘shdir uyimning;
garchi yoniq ko‘zlar boqar suratdan,
mashqi pastdir endi ko‘ngil kuyimning.
Yuragimni munglar o‘rtar pinhon, zor,
kunlar qani — menga bergan avj viqor?
Ilhom so‘nsa... Qayta yozgay qanotin,
chin sog‘insang, jo‘sh urgay u qayta bor.
Ilhom qaytar... dunyo bo‘lar chamanim,
Oh, otam-chi! Armonimdir, oh, manim.
Kelmas endi, eshigimni qoqmaydi,
Shular haqda to‘lib yoz-chi, o‘lanim!
Bir to‘kilgin!
Taningda o‘t yonsin, o!
Ezgulikni yuragingga ayla jo!
Nurin to‘kkay yo‘llaringga samolar,
Otang ruhi bo‘lar sendan ko‘p rizo!
OTASHIN QALB
(Oqin to‘yidagi so‘z)
Yaratganning o‘zi unga madadkor,
oqin uchun qayg‘u — uyat, hasrat — or,
er ustining azobida o‘rtanar,
hammasining birdek o‘jar fe’li bor.
Oqin uchun qadrsizdir siymu zar,
ezgulikka xizmat qilmas bo‘lsa gar;
ishq yo‘lida ayamas hech jonini,
sevgani-la she’r tilida gaplashar.
Sal narsadan u masrur va biyron til,
sal narsadan gohi ichdan ketar zil,
bir ota va bir onadan yaralgan —
shoir degan bu g‘alat qavm shunday, bil.
Yo‘lin kessang yashirmaydi “yovligin”,
eli bilar oqin ko‘ksi tog‘ligin;
tumor yanglig‘ yuragida saqlaydi
u o‘z xalqin saodatin, sog‘ligin.
Oqin ahli chiqishmas ko‘p taxt ila,
shundan mengzar eli uni baxt ila!
Ona — osmon, otasi — yer odamga
so‘z bo‘lurmi o‘lan yozish shahd ila?
O‘lan uning bor borlig‘i ajoyib.
(o‘tli she’rga taqildimi oz ayb?!)
Quvla-quvla qilinsa ham, oqinlar,
qatorlari qolganmi hech ozayib?
Qo‘rqitolmas uni sira dovu do‘q,
noshudlarga aytgan so‘zi misli o‘q;
yurt g‘ururi, el sururi uchun u
jonin tikkan, bundan ko‘ngling bo‘lsin to‘q.
Yasha!
Bor bo‘l!
Oqin otli zo‘r yurak,
otashin qalb — bu zaminda tengi yo‘q!
ONA YURT
Onamday azizsan sen, yurtim manim,
mehringga baxshidadir jonu tanim.
Bir zamon murg‘ak dilda jo‘shdi hislar,
parvozin topdi senda ilk o‘lanim.
Umr bu — oshib o‘tib qirdan-soydan,
rizqimni topmayin men qaysi joydan,
bari bir sening o‘rning bo‘lak menga,
sen menga dasturxonsan onam yoygan.
Men sening ilhoming-la g‘arq yuraman,
sen bilan yuksalaman, barq uraman.
Turmushning ummonida qolsam ojiz,
ko‘yingda chag‘alaydek charx uraman.
Qamishlar ko‘l mavjida titragan on,
oqquvlar uchar to‘p-to‘p ufqqa tomon.
Qo‘msagan damlarim men suluvlikni,
sen sari talpinaman hanuz-hamon.
Armonlar,
yuragimni qiynamang, bas...
Tunlar men yulduzlardan tinglayman sas.
Zoriqqan paytlarimda haqiqatga,
dilda she’r tug‘yon urar, tinchlik bermas.
Ko‘klarga
qanotimni yozib bir qur,
yuksalsam tonglaringda tuyub surur,
uyg‘onar tog‘lardagi sharsharadek
vujudim tub-tubida teran g‘urur.
Qayg‘uli damlarimda — o‘zingdayman,
orzuli damlarimda — ko‘zingdayman.
Men ushbu keng jahonni, axir, netay,
o‘zingsiz ko‘rolmayman, tuyolmayman.
O, sensan — chin toleim, ezgu sha’nim,
madhingni kuylab o‘tgay she’rim manim.
Yuragim... Bor vujudim...
Ona yurtim.
O‘zingsan bu dunyoda suyanganim!
MANGULIK
Ta’nalar otmay o‘tmishga,
zarda qilmay, ushbu kunga ham —
oshiqish kerak!
Yo‘l qisqa,
umr degani — bir tutam.
Yurakning qurir madori,
gar uni asrab-ayarsan;
sezilib g‘amning zalvori,
bir kuni holdan toyarsan...
Cho‘qqiparastdayin bir vaqt sen
qularsan yalang muz uzra,
qalbing tubidagi eng ichkin
so‘nggi umid ham uzilar;
oy botib ketar sen uchun,
otmaydi tonglar endi hech,
taratmas ko‘lda mavjlar un,
qorayar ufqlar erta-kech;
yo‘llar to‘zoni bosilar,
yangramas qirlar kulgusi,
ufqparni to‘sib osilar
noma’lum kunlar tur-tusi;
qorayar osmon zangori,
tuyg‘ular to‘zar, kuy so‘nar,
ortib yuraklar oh-zori,
har bir umrga mung qo‘nar...
Tog‘ ham, to‘qay ham yalang‘och
qoplaydi qorlar har yonin,
sochganda ko‘klam nur qiyg‘och,
tashlaydi qirlar chakmonin.
O‘zandan mutlaq qochar suv,
quduqlar tubi sim-siyoh,
lekin yana ko‘klam kelaru
uradi belga gul-giyoh.
Sog‘ingan ko‘ngil yupanar,
sevingan ko‘zdan yosh tomar,
cho‘qqilar uzra nur yonar.
yangi bir davr boshlanar...
Yuraklar qalqib jim, beun,
tuyg‘ular tuyar ajib tot.
Zavqlanar bizsiz dala, tun,
kuylagay unda yosh avlod!
Bolalar kelib boshqa bir,
er bilan ko‘kni baholar,
xabar bergancha tosh qabr,
ufqlarga intiq qadalar...
Mangulik shudir — bir lahza,
o‘rtanib, yonib, kuyganing,
tole, baxt tilab boshqaga,
uni o‘zingcha suyganing.
Mangulik shudir — bir lahza,
qiynalib terlar to‘kkaning,
ilhoming jo‘shib yurakda
kulganing, azob chekkaning.
Mangulik shudir — bir lahza,
andarmon bo‘lib vaqtga —
unutganing o‘lim borin, ha,
aldanib yolg‘on baxtga.
Mangulik shudir — bir lahza,
eshik va mehrob orasi.
Ohing mavjlanar falakda,
topilmas darding chorasi.
Mangulik shudir — bir lahza!
Orzuning qanoti sinmaydi!
Zavol toparu bog‘-bog‘cha,
Yurakning qo‘shig‘i tinmaydi.
Shu bois, do‘stim, aldanma,
gina qilib bugun, o‘tmishga,
davrni yondirib tug‘yon-la,
kurashish kerak!
Oshiqish kerak!
Yo‘l — qisqa...
Mirpo‘lat Mirzo tarjimalari