OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

O‘ljas Sulaymonov (1936)

Qozoq she’riyatining yorqin namoyandalaridan biri O‘ljas Sulaymonov 1936 yili Olmaotada tavallud topgan. 1954 yilda Qozog‘iston Davlat universitetining geologiya-qidiruv fakultetiga o‘qishga kirib, uni bitirgach, 1958-61 yillarda Moskvadagi M.Gorkiy nomidagi Adabiyot institutida tahsil oladi.
Shoirning 1961 yili chop etilgan «Arg‘umoqlar» nomli ilk she’riy to‘plami adabiy jamoatchilik orasida katta e’tibor qozonadi. Keyinchalik uning «Quyoshli tunlar», «Tun – parijlik qiz», «Maymun yili», «Sopol kitob» nomli she’riy to‘plamlari ham nashr etiladi.
1961 yili shoir bir necha kun ichida Insonning koinotga ilk parvozini kuylagan «Zamin, insonga ta’zim ayla!» dos-tonini yaratadi. Bu doston unga olamshumul shuhrat keltiradi.
Shoirning 1975 yili chop etilgan «Az i Ya» asari katta shov-shuvga sabab bo‘ladi, biroq 100 ming adadda bosilgan mazkur kitob do‘konlardan, kutubxonalardan yig‘ishtirib olinadi. O‘sha davr saltanatining yuksak doiralarida bu nashr mafkuraga qarshi ruhda yozilgan kitob sifatida qattiq qoralanadi.
Amerikada chop etiladigan «Kommunizm muammolari» jurnali 1986 yildagi nashrida «Az i Ya»ni qayta qurishni tayyorlagan sanoqli kitoblar qatorida qayd etib, A.Soljenitsinning «Gulag arxipelagi»dan keyingi – ikkinchi o‘ringa qo‘ygan.
So‘nggi yillarda shoirning turkiy dunyo tarixiga doir ko‘plab yirik tadqiqotlari e’lon qilindi. Uning faoliyati ko‘plab yuksak mukofotlarga, shuningdek, «Turkiy dunyoga qo‘shgan hissasi uchun» (2002 yil, Turkiya) mukofotiga ham sazovor bo‘lgan.
Shoirning she’rlari, yangi ilmiy mulohazalarga boy asarlari jahonning turli tillariga tarjima qilingan va qilinmoqda.

 

ARG'UMOQ

Yilqisi bilan mashhur,
Qadim qipchoq yerida
Oqib boradi uyur
Kuygan o'tlar selida.
Tomirimda qaynar qon,
Tulporidan saylab ber.
Yeldiray misli bo'ron,
Ostin-ustin bo'lsin yer.
Yellar alanga solsin
Arg'umoqning qoniga.
Qiyoq,alaflar qolsin
Tuyoqlar to'zonida.
Hujum,yashash - bu nadir,
Arg'umoq bilib qo'ysin.
Jasorat bizga taqdir,
So'qmoqlar guldurasin!

Azim Suyun tarjimasi

SARATON

Oh, bir xotin,
Chang bosgan olma tagida
Uxlab yotar chalqancha,
Shildirar ariq,
O'ynaydi kun nurlari ko'kragida,
Ezilgan bedazorda g'o'ng'illar ari.

Otda og'ib boraman o'q ariqqa,
Vah, bir xotin,
Sochlari vayron xotin,
O'ynar kaftdek kun nuri ko'kragida,
Uyalib chetga qarar qarigan otim.

Shavkat Rahmon tarjimasi

SAMAD OQINNING AYTGANLARI
(19-asr)

Samad Ozarboy oqinning yosh,chiroyli zaifasini olib qochdi. Aytichlari-cha,ilgaritdan ahdu paymonlari bor ekan.Ushlab keldilar.Ikkalasining taqdiri Ozarboy qo'lida qoldi.
Chilvirda bo'g'langan Samadni o'tovga kiraverishda otdan tashladilar.Samad qiynalib o'rnidan turdi.Ozarboyning o'g'li Alibek esa kulimsirab bir siltovda arqonni ikki joyidan kesdi.Samad oyoqlari ostida kulcha bo'lib yotgan ikki bo'lak chilvirga ijirg'anib qaradi-yu tepvordi.
Qora terga botgan otlar pishqirgancha,o'tov atrofida bosilgan maysalarni iskar.
Samad uvishgan bilaklarini uqalab,o'tovning nimqorong'I ichkarisiga tikilib turib bir so'z aytar:

"...Aksimga tikildim 
sovuq bodlardan
Jimirlagan ko'lda -
qayg'irmadim-a.
Har kimning yukini tortdim otlarday,
Och yotdim och cho'lda -
qayg'irmadim-a.
Yaxshi-la hamisha borim bo'lishdim,
Yomon-la o'lishdim -
qayg'irmadim-a.
Saharlar - qurumda,
qaro tunlari
Qorlarda cho'mildim -
qayg'irmadim-a.
Yo'l oldi xurjunga yovosh ayolim
nonu tuz solmadi -
qayg'irmadim-a.
Bir do'stim bo'lsa deb,ezildi jonim,
orzum ushalmadi -
qayg'irmadim-a.
Tizzamga o'tqizib, silab, suyunib
suymadim o'g'limni -
qayg'irmadim-a.
Quvib bo'lmadi baxt - uchqur bug'uni
hattoki burulda -
qayg'irmadim-a.
Har tosh panasida poyladi o'lim -
Egri pichoq bilan,
qayg'irmadim-a.
Faqat bir narsadan qayg'irar dilim,
mumkinmas umrni qayta boshlamoq.
Faqat bir narsadan qayg'irar dilim,
o'tarman yuzlardan sirg'algan yelday,
o'tarman, og'riqni sezmas vujudim,
hasrat-da,sog'inch-da qaytadan kelmas.
Faqat bir narsadan qayg'irar dilim,
seskanib turarkan o'lim sasidan,
hech qayda ko'rmadim suluvroq kelin
Ozarboy oqinning zaifasiday.

Samad buni bir nafasda kuyladi. Shoshilmay,zo'riqmay kuyladi. Qorong'ida gavdasi kelishganroq,yuzi ko'rkamroq tuyuldi.
Kunduzi u xunuk ko'rinar - qiyofasiga ovozi yetishmasdi.
Shundagina yig'inlarda uni ko'p ko'rganimizni,biroq ovozini eshitmaganimizni esladim.
Birdan o'tovga kirishdagi parda ko'tarildi.Ichkaridan past bo'yli Ozarboy qariya chiqdi.
- Alibek! - chaqirdi o'g'lini.
- Shu yerdaman,ota.
- Ikkita ot ber,ketishsin!
- Ota?!
- Eson-omon ketishsin!
Ozarboyning ortida yuzini guldor ro'molda qiya to'sgan Bayan ko'rindi.Samad burul otiga Bayanni o'tqazdi.O'zi Alibekning otini tutib,bir sapchib egarga mindi-yu,ikkalasi qorong'I cho'l qa'rida g'oyib bo'ldi.
- Ota! - qichqirdi Alibek cho'nqayib o'tirganicha alamidan yig'lamsirab.
- Quloq sol,bolam.Sizlaram eshiting! Yigit Samad meni sharmanda qildi.Biroq shoir Samad Ozarboy oqin dovrug'ini davom ettiradi.Go'sht pishdimi,aylanaylar?
- Pishub qoldi,ota, - javob berdi jaranglagan ovozda oq jovlik kiygan juvon.
- Kim ochiqqan bo'lsa,kirsin, - dedi-yu mo'tabar qariya o'tovga kirib ketdi.

Shavkat Rahmon tarjimasi

TUNGI TAQQOSLAR

Sen bolsan go‘yo,
esladimmi — labim tamshanar,
sen — bir kulgu,
shiddatidan ko‘z ham yoshlanar,
men g‘aribman, kim ham xafa qilardi!
Do‘zax ko‘rdim, endi jannat istar dil.

Eh, boshqalar nechun seni sevadir,
sevma sen, odammas ular, axir...
Ularda dard va iztirob ne qilar,
Ular faqat kishnab yurgan yilqilar!
Ayt, qachon tillarim so‘ylasin biyron!
Qay lahzada ko‘zlarim sochsin alanga?
Noshudlikni ko‘rib turib beisyon,
Itoatda chidashni ham o‘rgatgin menga
va tunlar qurbaqadek bo‘zlamaslikning
aytchorasini!..

Men seni sevaman,
beva — oh urishni,
baliq — tez suzishni
sevsa qanchalik;
men seni sevaman
ojiz — shuhrat-shonni,
quyosh — keng osmonni
sevgani kabi.

Sen ziqnasan, senga yashash oson,
menga rizqin tutdi hatto gado ham
murg‘ak chaqaloqni emizgan kabi.

O, men Xayyom bo‘lsaydim agar,
o, men Hofiz bo‘lsaydim agar,
o, Navoiy bo‘lsaydim agar,
murodimga yetardim balki!..

Asl she’rlar esa yozilib bitgan.
Shundoq sevisharlar tog‘u dashtda ham —
yuraklarga solib orzu va alam.
O’zgacha sevib ham bo‘lurmi yoki?..
Men seni sevaman, shunday sevamanki...


BOLALIK, BOG’LAR, SARATON...

Yo‘q, men to‘lmagandim o‘n ikkiga ham.
Bolalik. Yoz. Olis front orqasi.
Uycha. Arava yo‘llarida suzib yurar chang,
Saraton,
Bog‘lar, siynasida g‘ubor ko‘rpasi.
Va sho‘xchan bir ayol bizning hovlida.
Ijarachi ayol,
Uni shunday atardi bobom,
Yonoqlarim lovullardi ertalabdanoq,
Io‘q, o‘n uchda edim o‘sha choq.
Jilmayar edim men u kulgan onda,
Laqmalik qilardim so‘z topolmasam.
Goh, u yuvinishga soyga tushganda,
Haydardim bolalarni pana-panadan.
Bular bari — o‘tmish,
Hozir esa kelar yodimga:
Tun, mo‘‘jaz derazali paxsa imorat.
Men o‘sha torgina darcha ostida
Oqlangan devorga suyanganimcha,
Turar edim dilgir, betoqat.
Urushdan qaytgandi u —
Buni anglardim,
U o‘sha yigit-la quchoqlashardi.
U noshud, o, uni quchdi-ko‘tardi
Va u ham yigitni
Tinmay o‘pardi...
Bilmasdim,
Qo‘llarim titrar nimaga,
Deraza ortida qorong‘i, jimlik
Va yengil shivir-shivir...
E-e, qandoq chidaysan bunday ta’naga —
Tosh bilan oynani sindirdim chil-chil.
Yugurib chiqdi kimdir:
— Senmi?
Uning ko‘zlariga boqardim karaxt,
Xuddi tushdagidek, kelmay hushimga,
Shunda men, bir go‘dak,
Dedim ilk bora:
— Bo‘ldi bas, nari bor, eh, onang shunga...
U esa yigitni itardi nari:
— Tegma.
So‘ng meni yupatib dedi jimgina,
Yumshoq ko‘kragiga bosgancha mahkam:
— Oh, mening ko‘ngli bo‘sh aqlsizginam.
Otilib chiqdim men uning bag‘ridan,
Tomga ko‘tarilib,
Yoyib qo‘yilgan
Eski gilam uzra tushdim uzala.
O, katta bo‘lsaydim shu bir kechada!
O, agar hoziroq yetsaydi kuchim,
Bu qattiq xo‘rlikning qasosi uchun!
Bolalik unutildi,
Yillar uchar, ha.
Biroq menga qiyin bo‘lar sen bilan,
Ko‘shnining bolasi
Suqlanib bizga
Kechirilmas sog‘inch-la termulsa ba’zan.
Tikilib turar u, oppoq devorga
Suyanganicha,
Qorako‘z, tund, bir iztirob yoqar qonini.
O’zining ilk mehrin bag‘ishlar senga,
Bolaligi,
Bog‘lar,
Saratonini.

ARG‘UMOQ

Tulpori bilan mashhur,
Ey, poyoni yo‘q diyor!
Qara, kezar hov uyur,
Yashnar cho‘lda maysazor.
Bergin
Qorato‘rig‘in,
Shamollarga kelur bas.
Ustida egib bo‘yin,
Parvoz etay bir nafas.
Sezsin yel alangasin
Arg‘umoq ham o‘zida;
Qizg‘aldoqlar porlasin
Uning qora ko‘zida.
Mayli, kurash neligin
Bilib qo‘ysin arg‘umoq.
Olg‘a yo‘l boru doim,
Ortga yo‘l yo‘qdir biroq...


QIZQUVDI

Quvib yet qani, yigit,
Ayama otni, yigit,
Sevsangu bo‘lsang o‘ktam,
Ot yetajak o‘lsa ham.
Sevaman seni, yigit,
Yetginu tez,
O‘p mahkam.
Bo‘saga intiq yuzim
Qizib ketdi uyatdan.
Yellar meni quvmoqda,
Ko‘kragimga to‘shalib
Quchmoqda, eh, quchmoqda...
Sen esa ortda, yigit!
Ko‘kda oy ham kular jim,
Men yolg‘iz,
Hamon yolg‘iz.
Tizgin tutgan qo‘llarim
Qahrdan bo‘lar qonsiz.
Odamlar,
Eh, noshud odamlar,
Yer bo‘ldi-ku chavandoz dong‘i.
Tutqazibsiz jasur yigitga,
Tutqazibsiz yovqur yigitga
Va kelishgan, mag‘rur yigitga
Uchqur tulpor emas,
Qirchang‘i!..


* * *

Yozda bir qiz keldi
janub shaharga, bir 
juft kokilida
bir juft oq bantik.
Ko‘hlikkina qiz,
ismi uning — Bella.

Shu yerlik bolalar ko‘nglida g‘ulu.
Yuvinib-tarangan,
oyoqda shippak,
deraza tagida o‘ralishardi,
gap otishardi.
Farroshlar, negadir, jerkib berishdi:
bunday sho‘xliklarga yo‘l qo‘yilmaydi.

Lek qizcha,
baribir bittasi bilan do‘stlashib oldi — 
deraza tagiga kelar har tongda
kichkina bir bola
va bo‘yin cho‘zib,
qizchani chaqirar cho‘chib, alanglab:
— Bel-la...

Qizcha olmaxonday tushar zinadan,
so‘ngra qo‘l ushlashib soyga chopishar.
Onasi ham dildan o‘zicha xursand:
zo‘r quyosh, sof havo, suv va qizchasi.
Bir kuni keldiyu telegramma,
tungi samolyotda uchib ketishdi.
Yoz-ku tugamovdi. Tong payti esa
bola ovoz berar odatdagidek:
— Bel-la...
Balkonga chiqaman va kuzataman.
Bola chaqiradi sekin, xotirjam:
— Bel-la...
Yasanib kiyingan — tungi shippakda,
ozoda kalta shim tizzasigacha:
— Bel-la...
Urishib berdim men:
— Uchib ketdi u.
Go‘dak shaxt qaradi
yigitlarga xos.
To‘ng‘illadi (balki “Senga daxli yo‘q”),
so‘ngra davom etdi o‘z qo‘shig‘ini.

Har kuni ertalab,
siz ishonmaysiz,
bevadek bo‘zlar u
oyna ostida.


* * *

Ha, mag‘rursan,
Sen faqat menga mag‘rursan,
Boshqalarga yuvosh, hatto mehribon.
Yillar o‘tib borar yillar ortidan,
Sen esa qoshimda mag‘rursan hamon.

Juda soz,
Xush ko‘rmayman men
Qarshimda birovning taslim turishin.
Lekin o‘zgalarga shundoq bo‘lgan sen,
Menga og‘ir botar ular oldida
Mag‘rur yurishing.

Dildan o‘tinaman,
Mag‘rur bo‘l loaqal yolg‘iz men bilan.
Men seni sevmasman ojiz, xafahol.
Yillar uchib o‘tar yillar ortidan,
Barcha mag‘rurliging sening —
Men uchun,
Mag‘rur bo‘lib qol.


QORATO‘RG‘AY

Eduard Bagritskiy qushlarni sevardi.
Avjga chiqardilar tor kabinetda
to‘ti, kanareyka, bulbul, sa’valar...
Jim faqat –
qorato‘rg‘ay.
To‘rg‘ay o‘lkasining muqim qushchasi,
zeriktirib yuborgan u o‘z dashtlarin.
«Janubga uch», — desak,
yo‘q, xohlamaydi.
Diydirab in izlar To‘rg‘ay yurtida.
Junjikar.
U yoqda qish qattiq.
Yoqimsiz bo‘ronlar chiqar junbishga.
G‘aramga kirgandek,
qo‘ylar yungiga —
behadik ko‘milib olar, erkatoy.
Cho‘pon uni bir kun topdi chalajon
va bir gazetchiga berib yubordi.
U uchuvchiga sotdi qorato‘rg‘ayni.
Uchuvchi hadya qildi shoir do‘stiga.
Ikkilandi shoir,
ammo qabul qildi hadyani.
Qafasga soldi-da, qo‘ydi bir chetga.
Choy ichishdi.
Mehmon to‘g‘riladi ko‘k pilotkasin.
Jilmaydi. Uchib ketdi.
Halok bo‘ldi osmon bag‘rida
Bagritskiy yig‘ladi mash’um xabardan.
Sa’valar qichqirar, to‘tilar esa
javrardi loqayd...
Jim edi qorato‘rg‘ay chekka burchakda.
Mening to‘rg‘ayginam saqlardi sukut.
O, sukunat — u ham bir nido.
U sukutda.
Yo‘qotgandi yana bir marta
o‘z To‘rg‘ayi, qorli o‘lkasin.

Darveshfe’l zotlarga goh lol boqaman!
Yashash shartlaridan voz kechib, aynib,
sa’vani ermakka saqlardi odam,
oldi mangulikka qorato‘rg‘ayni.
Va men bu o‘lkaga kelganda har gal,
sokin oqshomlarda tinglayman bot-bot:
ulkan bulutlarning ostida to‘rg‘ay
uchuvchi haqida jim chekar faryod.


* * *

Qabri Chingiztog‘in poyida uning,
Chechakka ko‘milib yotar anvoyi.
Takallufsiz, razil to‘da bir kuni
Kelib davra qurdi bunda 
     yovvoyi.
Ichdilar,
  kuldilar,
   sakrashdi g‘addor...
To‘lg‘andi chechaklar chiqarmay unin – 
Bu badbin to‘dadan chekdi jim ozor...
Qabri Chingiztog‘in poyida uning.


 * * *

Kurgaljino ko‘llarida
    kuz to‘poloni,
Yoz tugagan bu diyorda 
    tashvish hukmron.
Parrandalar o‘ylarida
    safar tug‘yoni –
Gala-gala ko‘chmoqdalar
    janubga tomon.
Yo‘q, ularni qaytarolmas
    hech narsa shu tob.
Uyalari uzra bir bor
    doira qurib,
So‘ngra uchib ketadilar
    qayrilmay, shitob –
Haroratli yurtlar ufqi
    sari to‘sh urib.
Oq galalar,
  o, nomuqim, sargashta g‘ozlar,
Qo‘yvormaymiz,
   oshiqmangiz o‘zga yurt sari.
Tutib qolar sizni
   oshna, qadrdon joylar –
Yo‘lingizga to‘siq bo‘lar
    g‘ussa to‘rlari.
Tutib qolar,
  qo‘yvormaydi Vatani uni,
O‘z bag‘riga qaytaradi
   o‘q bilan shu on.
Kuz purviqor kezib yurar
    bog‘lar qo‘ynini,
Otilgan g‘oz ko‘l ustiga
    qular chalajon.
Hech qayerga motamsaro
    uchmadi xabar,
Axir, bu na yo‘qotishdir
    va na og‘ir g‘am.
Anqo emas,
  semurg‘mas edi bu jonivor –
Shunchaki g‘oz,
  nari borsa uch kilogramm.
«O‘ldirsalar nima bo‘pti,
    fojeami, xo‘sh?
Buning uchun she’rlar bitib,
    faryod urmoq bas.
Yuzta emas – axir bitta,
    tag‘in oddiy qush.
Qolaversa, she’r qonun ham,
    qaror ham emas.
Yaxshisi, sen tashbeh etib, 
    «xol» deb atagin –
O‘q izlarin,
  garchi ular jarohat tanga.
Va bu ko‘lni,
  atay qolgin,
    uning Vatani.»   
Shundoq esa,
  la’nat bo‘lsin qattol Vatanga!

Kuz keldi.
 Ilk pag‘a qorlar charx urur g‘ujg‘on.
Parday zarrin zarralarda
 qahrli nufuz.
U bahorni keltirgandi,
 axir, bir zamon –
Endi uchay desa,
   qo‘yib yubormaydi kuz.


QAYRAG‘OCH

Pastlikda — teraklar,
chashma va o‘tloq,
soya esa og‘u kabi quyular.
Bu yerda ildizlar kalta,
kuz ham haq,
mog‘or ichra xazon bo‘ladi ular.

Ammo hov yuksakda —
shamollar kuylab,
bo‘rilar to‘dasi yig‘lar joyda och,
mening yuragimga ildizin qadab,
chayqalib turibdi
yolg‘iz qayrag‘och.

Uni yiqa olar na yomg‘ir,
na qor,
na sarin kunlarning armon rohati.
Turar u,
ko‘kragin kergancha poydor,
shamollarga ochiq chayir qomati.

Omadi kulgan bir yo‘lchi chavandoz
unga ko‘zi tushib – yig‘lar,
so‘ng ketar.
Pastlikda otini sug‘orar beso‘z,
qayrag‘ochni alqab,
jim tavof etar.


* * *

Betbak-dala
Hamisha tund, mudom yaydoq,
Ot ko‘ziga qarashga ham, oh, uyalar...
Tulporlarim
Ayozlarda tuyub titroq –
Yo‘larini oldingamas,
Ortga solar.
Betbak-dala –
Qozog‘imga yozuq bo‘lgan Badbaxt-dala,
Yalanglikdir
Ufqlardan ufqqa qadar.
Kimlar bunda
Yuragiga umid qalab,
Kezmadilar zor-sargardon shomu sahar.
Almashdilar nasl-avlod birin-ketin,
Tebranadi keng egarda suvoriy jim
Tarashlaydi oftob tafti
Uning betin,
Termiladi kengliklarga,
Ufqlar - tilsim.
Bosh ustida qaynoq osmon,
Sahro - sarxush.
Qovriladi bunday palla
Uchgan har qush.


LUVR

Sevaman seni, Fransiya.
Sening noming-la atashgan barcha   
    bosqinchilarni –
«Faranglar» deb.
Sening askarlaringni
Otda sudraganman arqon bilan
Va oltin-kumushlar uyumi ustida o‘tirib
Zargarlik qilganman,
Tillalarga naqshlar chizganman,
Endi esa ko‘zlarimda
G‘ussa va sog‘inch.
Tentirab zallarni kezaman,
Boqaman bebaho olmoslarga.
Qotaman hayron-lol:
«Osiyo, sen qayerdasan?
Asl olmoslardadirsan balki?
Balki dudama xanjarlardadirsan –
Seni qarshi olish uchun yasalgan?
Qachonlardir dovrug‘ solding dunyoga
Va qolding jim.
Kim buzar, ayt,
Sening bu sukunatingni?
Qaysi ulug‘ yetib borar G‘arbga
Va zabt etar,
Qilich bilan emas,
Bu zallarni, 
Bo‘m-bo‘sh zallarni?..


SADOQATLI DO‘ST

Agar so‘rab qolsalar mendan —
hayotingda qancha do‘st orttirding, deb.
Do‘stim, shunda seni esga olaman
va javob beraman o‘ylab o‘tirmay — ko‘p.
Deyman — u ham sofdil, ham jasur,
tanti ko‘plardan,
ixtiyorim uning qo‘lida faqat,
uning izmi boshlar meni yo‘llardan.
Sen meni qaytarding jar yoqasidan
yana menga kulib boqqanda omad,
sen undading meni yutuqlarimdan
mamnun bo‘lishga
va yanada kuchga to‘lishga,
kimgadir kurashda achchiqma-achchiq.
«Mamnun bo‘lish mumkin hozircha, biroq —
chinakam quvonishga hali ertaroq».
Sen qattiq urishding
labda kulgum ko‘rib — 
mahzun raqibimga shod boqqanimda.
Bahslashib o‘tirmading,
jerkib berding sen
ish uchun cho‘chib, sust tortishganimda.
Senga yuzlanaman, sokin yuragim,
sen — mening vijdonim hamda irodam,
sen — mening imonim,
quvvatim-kuchim,
sen do‘stlar baxsh etasan, sira tolmaysan,
taftli qadamlarsiz yo‘llarim mening
bir lahza ham sovib qolmasin uchun...


AYLANAYIN

Yaqin insonga «aylanayin» deyiladi. «Atrofingda 
 aylanay» – so‘zma-so‘z tarjimasi. «Dardingni olay», 
 «mushfig‘im mening»– mazmunan tarjimasi.

Derlar menga – ko‘rkam imoratlar qur,
men esa 
 dunyoni kezaman masrur,
qulay imkoniyat tug‘ildimi, bas,
yana otlanaman yo‘lga shu nafas.
Nyu-Yorkda dostonlar o‘qiyman jo‘shib,
Misrda she’r bitgum anduhim qo‘shib. 
Qaytaman, 
  hamyonim yana tap-taqir,
tag‘in pul g‘amlayman – 
   yo‘l chorlar, axir! 
So‘nggi qipchoq – 
   so‘nggi dengizgacha to!
Qarshimda tag‘in dasht-sahrolar paydo!
Bizni
 shahdimizni bilib ko‘mganlar – 
oyog‘imiz g‘arbga qilib ko‘mganlar.
Milliardlar shukuhi bo‘lib kunbotar
sarg‘aygan cho‘llarning ostida yotar - 
no‘g‘aylar,
  bulg‘orlar,
   sahroyi qozoq 
bilmasdan Osiyo –
   G‘arbdan ham g‘arbroq!
Chorladi G‘arb mudom tilsim yaratib,
va bizni ko‘mdilar g‘arbga qaratib!
Tegrangda charx urib tinmadim bir on,
Aylanayin sendan,
   Zamin-onajon!
Bag‘ring dog‘lanmishdir bu kun shunchalik, 
hech kim tushunolmas seni menchalik -
dardlaringni olay,
    bo‘lma g‘amga g‘arq,
kezgum yo‘llaringda
    mudom urib charx...

Ruschadan Mirpo‘lat Mirzo tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.