OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Qanipa Bug‘ibayeva (1942-2004)

Toldiqo‘rg‘on viloyati, Oqsuv tumanida tug‘ilgan. 1983 yili Qozog‘iston Davlat universitetining jurnalistika fakultetini tamomlagan. Bir qancha she’rlari qozoq shoirlarining rus tilida chop etilgan “Chudesnm sad” to‘plamida e’lon qilingan.
“Alash” nomidagi Xalqaro adabiy mukofot sovrindori.
Uning “To‘ng‘ich kitob” (1963), “Ikkinchi daftar” (1965), “Oq sut” (1968), “Qorato‘rg‘ay” (1970), “Ona tuya” (1973), “Ona qo‘shig‘i” (1974), “Qizdavron” (1979), “Ko‘k bulutlar” (1982), “Mening ovozim” (1984), “Gullar ko‘zini ochganda” (1985) singari to‘plamlari chop etilgan.

UMR KUYI

Onasiman - o‘g‘ilu qiz bolaning,
She’r yozishdan to‘xtamas hech qalamim.
Tinglaganim, tinimsiz umr kuyi,
Bu kuy erur sururi keng dalaning.

Ilhom bergan shu dalam, nechun tongum!
Har tong turib mehriga dildan qongum!
Tole tilab men unga, zafar tilab,
Yuragimning o‘tida lov-lov yongum!

Aylandik biz yuksak bir emanga chin,
Nari bo‘lsin qalblardan adovat-kin.
Sahardagi toshbuloq mavjidayin
Go‘daklarim kulgisi uzilmasin!

* * *

Gullarimni ko‘klamga bildirayin, deb keldim,
Ko‘klamimni ko‘rmoqqa ulgurayin, deb keldim.
Tuyg‘ularim gul ochib - gurkurayin, deb keldim,
Qaramasang qayrilib, jim turayin, deb keldim.

Dildan yonib suymasang, yalinmayman, yomon ko‘r.
Yoshligimning gul chog‘in firoqlarda qildim xo‘r.
Mungin aytib yurakning yalinmayin, deb keldim,
O‘zing borsan, o‘zgani sog‘inmayin, deb keldim.

Kuz kelsa-da, sururin tuyib qolay ko‘klamning,
Mening uchun zindonda bo‘lmoq sensiz o‘tgan kun.
Men ko‘nglingning bog‘ida gul terayin, deb keldim,
Ko‘zlaringning tubida kun ko‘rayin, deb keldim.

Ko‘rib ko‘klam ko‘rkini “uh”lamayin, deb keldim,
O‘zing lov-lov yonmasang, puflamayin, deb keldim.
Qo‘limdagi gulimdan gul tutayin, deb keldim,
Oradagi ginani unutayin, deb keldim,
Ko‘y-chi barin, o‘zingni bir ko‘rayin, deb keldim!..

TUNGI YOMG‘IR

Tungi yomg‘ir — mungli yomg‘ir tomchilar,
Tomchilardan oshgan qanday anchi* bor?
Derazamni chertib turgan saslari —
Mening ma’sum yuragimni qamchilar...

Ey sokin tun, og‘ushingni suydim ko‘p,
Tuyg‘ularning yolqinida kuydim ko‘p.
Ovloqlarda go‘zallari osmonning
Gul-g‘unchalar ila raqsga tushar xo‘b.

Chert-chi tag‘in yurak torin, yomg‘irim,
Faqat senga ishongayman qalb sirim,
Tun yomg‘iri esga solar goh masrur —
To‘rg‘aylarning sasi to‘lgan dasht-qirim...

Ko‘zi yoshli bulut sochin tarab soz,
Tevarakka shafaq berar zab pardoz.
Yodlab olib tungi yomg‘ir qo‘shig‘in,
Qushlar uni aytar tongga takror, boz...

Buncha qisqa sha’n umrning ertagi,
(Yo‘q, bilaman, yakuniga ertadir!)
Yuvib-chayib tun yomg‘irkn saslari
Tuyg‘ularim oynaklarin chertadir...
__________________
* Kuychi, qo‘shiqchi.

Mirpo‘lat Mirzo tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.