OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ulug‘bek Yesdavlat (1954)

Sharqiy Qozog‘iston viloyatining Zaysan tumanidagi Ulkan Qoratol qishlog‘ida tug‘ilgan. 1977 yilda Qozog‘iston Davlat universitetining jurnalistika fakultetini bitirgan.
1974 yilda yosh shoirlarning she’rlaridan tuzilgan “Qanot chiqdi” to‘plamida ilk she’rlari e’lon qilindi. Xalqaro “Alash” mukofoti sovrindori. 2001 yilda chop etilgan “Kigiz kitobi” nomli to‘plami uchun Abay nomidagi Davlat mukofotiga sazovor bo‘ldi.
Ulug‘bek Yesdavlat - zamonaviy qozoq she’riyatining ko‘zga ko‘ringan yirik vakillaridan hisoblanadi.

BULUTLAR VA YILQILAR

Onamga
Yillar xuddi yilqilarga o‘xsharlar,
Toshlari bor — naq tepangdan ucharlar.
Tuyoq tegib ketmasmi deb bexosdan,
Onang seni ming hadikda qucharlar.

...Bolaligim — endigina es kirgan.
Sirtga chiqdim,
Tashqarida kech kirgan.
Osmondagi lov-lov yongan bulutlar
Ogoh etmoq bo‘lar edi bir sirdan.

Ufqlarga tashna, xumor choqda men,
Bilolmadim bulutni kim yoqqanin.
Ko‘rdim bir payt — yilqilarning uyurin
Ko‘cha to‘lib menga tomon chopganin.

Yo‘q, qochmadim!
Qo‘rquv ham yo‘q o‘yimda,
Turaverdim karaxt qotgan ko‘yimda.
Quyun kabi kelar edi yilqilar,
Tushmoqchidek mening-la naq o‘yinga.

Bir to‘p tulpor chetlab o‘tdi qoshimdan,
Qolganlari sakrayverdi boshimdan.
Qarab qoldim sag‘risiga otlarning,
Osmondagi bulutlarim yashirgan.

Dupur-dupur...
Titrar edi zamin zir.
Tevaragim zo‘r talotum edi gir.
Tosh tuyoqlar uchar ekan tepamdan.
Qulog‘imga o‘tkir nido keldi bir!..

Yalt qaradim —
Qo‘lin cho‘zib ushbu on
Turar onam chehrasidan qochib qon.
Quyundayin ko‘char edi yilqilar,
Tuyoqlarning orasida — men omon!..

Yillar xuddi yilqilarga o‘xsharlar,
Toshlari bor — naq tepangdan ucharlar.
Tuyoq tegib ketmasmi deb bexosdan,
Onang seni ming hadikda qucharlar.

O‘shanda uch yosh ekanman men, yohu!
O‘ttizdaman bu kun —
Dilda g‘am-qayg‘u...
Kecha tag‘in Onam kirdi tushimga,
Turardi men tomon qo‘lin cho‘zib u...

OLTOY AYOZI

Qizil oy o‘y bosqonini bosganda,
Qoyalar naq tunukaday qizarar.
Bamisli o‘q ilondayin osmonda
Dumli yulduz og‘ib borar!

Chakmonini kiygan cholday indamay
Yulduzlarga termiladi tun karaxt.
Qizilqanot izg‘iringa chidamay,
Chaqmoqdayin qarsillaydi dov-daraxt.

Kengliklarda, qadam yetmas joylarda
Yaxlagan qor uzra shu’la jim inar.
Qavat-qavat muz bog‘lagan soylarda
Qasir-qusur muz sinar.

Tund tog‘larning tinch avzoyi buzildi,
Ulib qoldi och qashqirlar bag‘rida.
Va bu ulish titrab-titrab uzildi,
Singib yitdi qir-adirlar qa’riga.

Izg‘irinda to‘ngan itlar ushbu on
G‘ingshigancha eshiklarni quchardi.
Cho‘ponlarning bolalari xush-xandon,
Oy nurida yaxmalaklar uchardi.

Dasturxonda hamma narsa bor, tayin...
Biroq kampir yuragini dam sayin —
Xavotirlar bosar, ko‘nglin qilar g‘ash
Mehmonlarning birortasi kelmayin.

Tug‘ilgan kun.
Birortasi kelmadi...
Keksa dilga iztiroblar tomadi.
Bir o‘tirib, bir turgancha alanglab,
Tor kulbaga o‘z-o‘zini qamadi.

Bu yolg‘izlik yetsa-da yoshga talay,
Bu kun yolg‘iz o‘ltirolsin u qalay?!
“Kel-may-di!” deb soat chiq-chiq qilardi,
Turar edi telefon toshbaqaday.

Tashga chiqdi...
Oy berar ko‘kka pardoz.
Gir aylanib ifor yellar aytar roz.
Biram mayin edi ko‘klam oqshomi -
Qushlar sayrar, havo iliq, biram soz!

Izhorini durkun shoxda etib jam,
Olma gulin tutar unga ushbu dam.
“Qutlug‘ bo‘lsin, buvijon!..” deb bamisli,
Bir tomonda bidirlardi chashma ham.

Yulduzlar ham ushbu dam jim turmayin,
O‘paverdi kampirning nur manglayin.
Qeksa ona quchog‘in ochdi asta,
Mehmonlarin qarshilab olgandayin.

Mirpo‘lat Mirzo tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.