OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ion Karayon

SO‘Z VA NON

So‘zdan non yaralmas,
non yaralar ko‘zyoshdan,
Ammo so‘zlar ila yulsa bo‘lar og‘izdan nonni —
ko‘zyosh ko‘payar.
Ko‘zyoshni ko‘paytgan qanday qilib odam bo‘ladi?
Har qandayin so‘zning
qonli yo‘li bor,
Yo‘liga mengzagan
e’tiqodi bor,
Qon kechib yurasan,
Bu yo‘ldan yursang.
So‘zdan o‘qlar chiqmog‘i mumkin,
Odamlardan ko‘ra o‘qqa ko‘proq ishongan
qanday qilib odam bo‘ladi?
Tillaridan odamlar degan
so‘z tushmagan odamlarga ishondim.

FAQAT ODAMLAR

Qor — qor,
burgan — burgan,
shamol — shamol bo‘lishni o‘rgandi,
Favatgina odamlar
o‘rganolmas odam bo‘lishni.

KONTRAPUNKT

Oftobro‘yada aljiraydi bog‘...
Oq sochli daraxtlar,
qanday qarib qopti daraxtlar
ayni bahor chog‘ida.

YOMG‘IR TOMCHILARI

So‘nggi dunyo.
Go‘yoki
horg‘inlik har kuni
pardalar, ajinlar, chang zarralarin
topadigan bir shaftoli ichidaman.
Oy osmonda delfinday suzar.
Siz, yomg‘ir tomchilari, Mangulikning qahramonligi
Gurillagan bazm
Yer vujudin tomchilarga do‘ndiradigan
g‘ala-g‘ovur sayr.
O, vaqt,
ilm buzolmagan vaqt...
Bir-biriga o‘xshagan,
to‘planishib, jipslashib
tomchilar
go‘yoki
askarlar kabi
zaminni zabt qilishga borar,
suv va hayotning
boshlanishida
burchlarin ado qilib
halok bo‘lishar.
O, soddadil qo‘ylar,
ko‘zyoshlardan yunglari
halqa bo‘lib teshilgan qo‘ylar.
Yomg‘ir novdaday nozik bir qizdir,
Sening esa imkoning bor,
eng so‘nggi imkon —
jarohatga do‘nmoq imkoni,

ABADIY ABADIYLIK

Yonish o‘tga xosdir,
oqish — suvga xos,
va hech qachon bo‘lmas osoyishtalik.
O‘t doimo tirik,
suv doimo tirik,
qo‘rda, kurtaklarda yashringan tiriklik.
Agar bir kunmas bir kun
o‘t va suv g‘oyib bo‘lsa dunyodan,
bari bir boshqa o‘t, boshqa suv paydo bo‘lardi,
va hech qachon bo‘lmasdi osoyishtalik.
Axir o‘t-da, axir suv-da,
axir kurtaklar-da va qo‘r-da
bo‘lmaslik uchun yaralmagandir,
Hech qachon bo‘lmaydi osoyishtalik.

Shavkat Rahmon tarjimalari.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.