OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Mixail Kuzmin (1872-1936)

Rus she'riyati tarixida 'Kumush asr' deb e'tirof etilgan XIX asrda ijod qilgan mashhur rus shoiri. U 1872 ylning 6 oktabrida Yaroslavl shahrida tug'ilgan.Shoirning oilasu keyinchalik Peterburgga ko'chib boradi.Mixail Kuzmin gimnaziyani tugatgach, 1891 yilda konservatoriyaga o'qishga kiradi.

Shoirning ijodiga juda katta ta'sir qilgan voqea 1895 yilda yuz beradi: u Misrga sayohat qiladi. Keyinchalik Italiyaga ham brogan M. Kuzmin butun ijodi davomida mana shu ikki sayohat ta'sirida bo'ldi.Uning katta adabiyotga kirib kelishi 1906 yilda nashr etilgan birinchi kitobi 'Iskandariya qo'shiqlari' bilan boshlandi.Xuddi shu paytda u simvolistlar bilan yaqinlashdi, N. Gumilyov, O. Mandelshtam, A.Tolstoylar bilan do'stlashdi.

Bir umr faqirlikda yashagan Mixail Kuzmin 1936 yilning 1 martida zotiljam kasalidan vafot etadi. M. Kuzmin she'rlarining tarjimalari 1989 yilda nashr etilgan "Qirq oshiq daftari" kitobiga  kiritilgan.

 

"ISKANDARIYA QO'SHIQLARI" TURKUMIDAN

BO'lSAYDIM AGAR...

Lashkarboshi bo'lsaydim agar,
Zabt etardim Habashu Forsni,
Ag'darardim fir'avnni taxtdan
Va o'zimga ehrom tiklardim
Heops ehromidan baland -
Butun Misr mamlakatida
Bo'lmas edi mendan kuchliroq odam.

Epchil, ayyor o'g'ri bo'lsaydim agar,
Ship-shiydam qilardim maqbaralarni,
Gavharlarni pullar edim Iskandariya juhudlariga,
So'ng sotib olardim yer va tegirmon -
Butun Misr mamlakatida
Topilmasdi mendan boy odam.

Agar men donishmand bo'lganimdami,
Yelga sovurardim butun borimni,
Voz kechardim mansab, vazifalardan,
Qo'riqlardim o'zgalarning tomorqasini -
Butun Misr mamlakatida
Ozod odam bo'lmasdi mendan.

Eng xo'rlangan quling bo'lsaydim,
Sening zindoningda yashasam agar
Va yilda bir,ikki yilda bir
Zindonim yonidan o'tar chog'ingda
Men ko'rib qolsaydim oppoq poyingga
Kiygan sandalingning zarbof gulini -
Butun Misr mamlakatida
Topilmasdi mendan baxtiyor odam.

 

TO'RT OPA-SINGIL EDIK...

To'rt opa-singil edik, to'rt opa-singil edik,
Sevar edik to'rtovlon, to'rtovlon ham sevardik -
Opamiz sevar edi otamiz aytgani uchun,
O'rtanchamiz sevar edi yori boy bo'lganidan,
Kenjamizning qallig'I juda mashhur zot edi,
Men bo'lsam sevar edim yorimni sevganimdan.

To'rt opa-singil edik, to'rt opa-singil edik,
to'rtovlon to'rt orzuga mubtalo bo'lgan edik -
Opamiz bola tug'ib,ularni boqsam derdi,
O'rtanchamiz har kuni bir ko'ylak kiysam derdi,
Kenjamiz o'ylar edi: El ichra mashhur bo'lsam,
Men bo'lsam sebgilimga sevikli bo'lsam derdim.

To'rt opa-singil edik, to'rt opa-singil edik,
To'rtovlon ham oxiri yorimizdan ayrildik -
Opamiz eri o'lib qolganidan ayrildi,
O'rtanchamizning eri gado bo'lib ayrildi,
Kenja singlimning eri tashlab ketib, ayrildi,
Men bo'lsam uni sevmay qolganimdan ayrildim.

To'rt opa-singil edik, to'rt opa-singil edik,
Balki bizlar to'rt emas,besh opa-singil edik?..

Rus tilidan Xurshid Davron tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.