OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Osip Mandelshtam (1881-1938)

Buyuk rus shoiri Osip Mandelshtam 1881 yilda Varshava shahrida savdogar oilasida tug'ilgan. Uning bolaligi va yoshligi Peterburgda o'tadi. Keyinchalik bir muddat Parijda tahsil oladi,ammo so'ng Peterburg universitetida o'qiy boshlaydi.

Keyinchalik u Moskvaga ko'chib keladi. Inqilobni qabul qilmagan shoir juda og'ir hayot kechiradi. Stalinni qoralab yozilgan she'rlari uchun 1934 yilning 13-chidan 14-chi mayga o'tar kechasi Osip Mandelshtam NKVD tomonidan qamoqqa olinadi.

Shoir 1938 yilda Vladivostok shahri yaqinidagi lagerlarning birida olamdan o'tadi. 

 

* * *

O'ltiribmiz xonada yolg'iz,
Kerosindan anqir xushbo'y is.

O'rtada non va o'tkir pichoq...
Gar istasang, yondirgin o'choq,

Yo bo'lmasa, bu qavat-qavat
Ipni olib to'qiylik savat -

Chiqmoq uchun yo'lga - yiroqqa -
Bizni hech kim topolmas yoqqa...

* * *

Sening bu nozik yelkang qamchilardan qizarar,
Qamchilardan qizarar, sovuqlarda bo'zarar.

Qo'llaring bo'lar ado dazmolni ko'tarmoqdan,
Dazmollar ko'tarmoqdan, arqonlarni o'rmoqdan.

Tovonlaring qonaydi shishalarga tilinib,
Shishalarga tilinib, tikanlarga shilinib.

Men-chi, sen deb, seni deb, qora shamdek yonarman,
Qora shamdek yonarman, duolardan tonarman.

Rus tilidan Xurshid Davron tarjimalari

* * *

Kechqurun hovlida yuvindim: suv — muz,
Yer zarang — to‘nggandek qahraton qishda.
Bolta yuzida sho‘r — bamisli yulduz,
Yax qotib qolgandi yog‘och idishda.

Darvozada qulf osig‘liq turar,
Tevarak qaxrli boqar chunonam...
Haqiqatning bundoq suvrati sira
Biron-bir asarda emas mujassam.

Tuz yanglig‘ eriydi idishda nurlar,
Yaxlagan suv esa qorayar juda.
O’limning qo‘li naq ko‘ksingga kirar,
Borliq qat’iy hukm kabi osuda.


* * *

Hali sen tiriksan, emassan yolg‘iz,
Hali yonginangda g‘amkash do‘sting bor.
Ko‘zingni yayratar dashtdagi ang‘iz,
Hatto tasallidir zulmat, ayoz, qor.

Kabir qashshoqliqda, buyuk xorliqtsa
Yasha osoyishta, dilga ber taskin.
Bu damlar chindan-da g‘animat, zero
Mute umrda ham huzur bordir, chin.

Baxtsiz ul — qo‘liga kishanlar kiyib,
Shamol va itlardan zada bo‘lgan zot.
Sho‘rlik ul — yashashga so‘ng bor intilib,
Manfur soqchilardan tilangan najot.


* * *

Nurlar izdihomi jazb etar takror,
Mast aylar ruhimni ajib ifori.
Xalqqa havo kerak toza va zangor,
Unga non kerak va Elbrus qori.

So‘rab ko‘rmoqlikka kimsa yo‘q, zotan
Qaerdan izlayman yakto sirdoshni.
Topmaslar na Qrim, na Ural yoqdan
Bunaqangi shaffof yig‘loqi toshni.

Xalqqa ash’or kerak sirli va ezgu,
Har tong ajib ruh-la uyqudan tursin.
Undan tuyub hargiz ifor va yog‘du,
Ohanglari aro cho‘milib yursin.

Mirpo'lat Mirzo tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.