Iste’dodli shoir Vadim Muratxanov 1974 yili Frunze (Hozirgi Bishkek) shahrida tug‘ilgan. 1996 yili Toshkent Davlat universitetining xorijiy filologiya fakultetini tugatgan. 2002 yili «Zvezda Vostoka» jurnalining she’riyat bo‘limi mudiri bo‘lgan, 2006 yildan esa Moskvada chop etiladigan “Novaya Yunost” jurnalining she’riyat bo‘limi mudiri, “Interpoeziya” (AQSh) jurnali mas’ul kotibi. She’rlari«Новый мир», «Дружба народов», «Октябрь», «Знамя», «Озод этилган Улисс», «Литературный Азербайджан», «Вавилон», «Литературная Азия», «Ark», «Анор/Гранат» singari o‘nlab jurnal va bayozlarda nashr etilgan. “До сумерек” (“Qorong‘i tushguncha”), “Непослушная музыка» (“Itoatsiz musiqa”), «Портреты» (“Portertlar”), “Ветвящееся лето» (“Shoxlayotgan yoz”) singari she’riy to‘plamlar muallifi.
Bundan tashqari, Vadim badiiy tarjima bilan ham shug‘ullanadi, bir qancha o‘zbek shoirlarining she’rlari uning tarjimasida rus tilida bosilib chiqqan. Ayni paytda Rossiya Federatsiyasining Moskva viloyatida yashab ijod qiladi. Vadimning she’rlarini «holatlar poeziyasi” deb atash mumkin. U – kayfiyat va sog‘inch musavviri. Bir she’rida o‘ziga tinchlik bermayotgan So‘zga uy qurib bergisi keladi. Ushbu majoz ortidan obrazli fikrlashdan ko‘ra yurt sog‘inchi tinch qo‘ymayotgan yurakning talpinishlari, orziqishlari yuz ko‘rsata boshlaydi va asta-sekin satrlarga ko‘chadi.
SALQIN
Yoz. Issiq elitar. Darmon ham yorti.
Zo‘rg‘a uzaladi piyolaga qo‘l.
Qaydadir, zangori tog‘lar ortida
Salqin bor, salqinki, keragidan mo‘l.
Oppoq qo‘zichoqday irg‘ishlar salqin,
ma’rar. Ariq yozib olar barini.
Yozning qulog‘iga chuldirab talqin –
qilib berar so‘ngra tovushlarini.
SO‘Z
Xona muvozanat, sukutga cho‘mgan.
Parda orasidan nur tushar unga.
Tokcha. Kitoblarda unlar jamuljam,
har bitta tovushning o‘z narsasi bor.
Men o‘ylab topgan so‘z topolmaydi joy,
bir aks-sado u – uyqusiragan,
xonamda tentiydi u yondan-bu yon.
Ishdan cho‘tka olib kelaman bir kun,
mix bilan randa ham topgum axtarib:
uy qurib berishim kerak so‘zga men.
* * *
Ko‘hna uy va qarovsiz bog‘im...
Rangi, hidi qalbimga yaqin.
Kimdir qurgan, uning chirog‘in
yoqib ketgan bir zamon tag‘in.
Lekin ko‘nglim to‘sinu pechka –
bari-barin vaqtdan taroshlab
olganday tuyular kichkina,
hali go‘dak chog‘imdan boshlab.
* * *
Tunuka ustiga baravar sachrab
yotgan tomchilardan olis yoqlarda
negadir sen mendan borasan ajrab,
o‘rtamizga tushadi parda.
Yomg‘irni sen bilan kelar tinglagim,
qariyb birgamiz, demak, malagim.
* * *
To‘kib bo‘ldi daraxtlar xazon.
Har kim tepa qavatga qarar:
– Mavlud yaqin – archaning marjon
chiroqlari miltillab turar.
Xona sovuq, sukutga botgan.
Pishlog‘ini maydalar ekan,
tinmay qarar taqvim soatga
toqati toq bo‘lgan uybeka.
Qadahlarni qayta boshidan
sanar, lekin ko‘ngli to‘lmaydi.
Qop-qora deraza tashida
esa qordan darak bo‘lmaydi.
* * *
Xonalarni yoritmasa ham
kun nuri, chiroqni yoqmaymiz.
Har narsani kun nuri bekam
qaytarib beradi. Boqmaymiz.
Sen daftaru chirog‘u ustal –
bariga qaytasan biryo‘la.
Bolalar ham atrofda balki
o‘ynab yurar qo‘llari to‘la.
Qish kechasi. Yarimlaydi tun.
Katta uyga – bir termometr,
tashqarida muzlaydi beun,
sovuqlarning uzilmas keti.
* * *
Qish, izg‘irin yurar uloqib.
Tinglayin deb suvning shovurin,
burayman kranning qulog‘in
badanga xush yoqar hovuri.
Bu rohatni suv menga ravo
ko‘radi, pasaymas sur’ati.
Unga inson tilida javob
berishga yetmaydi jur’atim.
ZAMIN
(Erkin tarjima)
Sovuqning ham o‘z hikmati bor,
har narsaga shakl soladi
qish kechasi. Ko‘zyoshlar, izlar
tunga borib to‘ng‘ib qoladi.
Ko‘lmaklar to‘n yamog‘i kabi
olaquroq bo‘lib muzlaydi.
Kunduz chekkan g‘amlaring sabil
qolar tunda – panoh izlaydi.
SHAXMAT
Shiyponcha yop-yorug‘ va quruq.
Piyodalar raso, qoramtir.
Tikilar ustalga misli o‘q
istehzoli nigohlar bir-bir.
Shaxmat taxta yoriqlariga
Tomir otar sipohlar shoshmay.
Bolakay zerikar baridan,
Hali kun tush mahaldan oshmay.
* * *
Yozgi chilla qumrining nola –
xonishiga sho‘ng‘ir. Yaxshi-da.
Yangi ma’no yuklaydi bola
bobomeros gilam naqshiga.
Yozning tafti, dardimni olib,
to tonggacha jilma nariga,
tushlarimni qo‘riqla, qolib
yostig‘imning g‘ijimlarida.
GAMLET
Voqealar sustdir. Tergamoq
istagi yo‘q zarracha, yohu!
Hushim bor na qilich sermamoq
va na jomga solmoqqa og‘u.
Oqsoch dengiz quturmas birdan.
Ishtibohlar ko‘ngilga kelmas:
to‘rt ko‘z tugal qaytar safardan
hech kimsaning qoni to‘kilmas.
Uyga qaytib kelamiz bir kun.
Hademayin Elsinorada
eski gunoh, qayg‘ular uchun
yosh to‘kamiz dilni poralab.
* * *
Og‘rib bo‘lar og‘riqlar bari,
titroqlar ham adoqlab qolar.
O‘zga zotning yuz chiziqlari
meni bir kun yodingga solar.
Tushlaringga mo‘ralab kirib,
bo‘lajakman senga hamnafas.
Xazonni yel ketsa uchirib,
u bahorda qaytajakdir, bas!
SURAT
N.ga
Arqonni tortsang bas, xo‘rsinib bir zum,
eshik ichkariga boshlaydi seni.
Bola labidagi siniq tabassum,
kel, meni kutib ol, gapga sol meni.
Tortinchoq, jur’ati yo‘q bir mendayin
bandaga sabr va vazminlik yormi?
Sen kirgan tushlarni suv bilan tayin
yuvib tashlamoqning imkoni bormi?
Biz ketarmiz, surat qoladi oxir,
ranglari o‘ng‘igan, bamisli qamoq.
(Kimgadir xurmoning yalang‘och shoxi
so‘nggi mevasini asraydi hamon.
Devor ortidagi ko‘zday o‘yilgan
tuynuklar xayolni tubanband etar.)
Albomga yot xeshlar bilan qo‘yilgan
surating ularga qorishib ketar.
Nabiralarimni injitmas aslo
zulmatdan balqigan pari jamoli.
Na tubsiz ko‘zlarni, na uryon xurmo
shoxini ko‘rmoqqa bo‘lmaydi holi.
Kimdir bizni eslar suratga boqib,
biz uning yodida bir-birimizni
tush ko‘ramiz yonib, sog‘inib, yoqib.
Tor hovli ochadi bor sirimizni.
* * *
Yovuq edi u menga asli,
qaydan keldi bu qo‘qqis jazo:
men qidirdim uni tonglasi,
topolmadim valekin aslo?
Kirib olganmikan tanimga,
bo‘lmasa, u gizlandi qayon?
Ichimga sig‘sa ham – g‘anim-da –
ko‘nglimga sig‘maydi bu xayol.
Zarra xafa emasman bundan,
sir boy bermay yurakni ezar.
U men bilan ovqat yer, tunda
turib birga she’rlar ham yozar.
Vadim Muratxanov (1974)
Ruschadan Faxriyor tarjimalari