OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Robert Byorns (1759-1796)

Shotland xalqining mashhur shoiri Robert Byorns 1759 yilda kambag‘al dehqon oilasida dunyoga keldi.
Uning ota-onasi qashshoqlik va yetimlikda o‘sganlari sabab Robertning tarbiyasiga alohida e’tibor qaratishdi. Robert juda yoshligidayoq ingliz, frantsuz, lotin va nemis tillarini mukammal o‘rgandi hamda bu xalqlar adabiyoti uning ijodiy kamolotga yetishishiga katta ta’sir ko‘rsatdi.
Robertning ilk kitobi 1786 yilda bor-yo‘g‘i 600 nusxada chop etilgan bo‘lsa-da, undagi otashin she’rlar o‘quvchilar qalbini tezda zabt etdi. Kitob shu yilning o‘zidayoq Shotlandiya va Angliyaning bir qancha shaharlarida qayta-qayta chop etildi.
Robert o‘z ijodida xalq og‘zaki ijodiga alohida e’tibor qaratib, unutilayozgan xalq qo‘shiqlari, termalari va balladalarini qayta ishladi, shu she’rlarga hamohang qo‘shiq va she’rlar yozdi.
Shoir 1796 yilda 37 yoshida hayotdan ko‘z yumadi. Biroq u o‘zining yorqin va jarangdor she’rlari bilan dunyo she’riyati muxlislaridan biriga aylandi.


 * * *

Bulutlarning panohi qoyali tog‘lar,
Bag‘ringizdan chuldirab oqar irmoqlar!
To‘ydiray deb bedana bolalarini
Kezib borar archagul oralarini.

Dengiz sohili nima, yashil kenglik ham,
Darz ketgan tog‘larimning o‘zi bir olam!
Axir irmoq bo‘yida yashar jononim,
Mening cheksiz quvonchim, yaxshim-yomonim.

Chopqir-chopqir jilg‘ani sevarman juda,
Tiniqligin aytmay-ku... shaffof ko‘zgu-da!
Jilg‘a kuyini tinglab, yonda yori jon
Qancha bo‘lsa kezmoqqa shayman har qachon!

Yorim nozanin emas va lekin xushro‘y,
Aytarli sepi ham yo‘q, agar bo‘lsa to‘y.
Biroq olov qalb bilan sevdi u meni,
Shuning uchun sevaman, ochiq gap, uni!

Bu go‘zalni qarang-a! Ana ko‘zu qosh!..
Bunday suluv qoshida chidarmi bardosh?
Shu chiroyga aqldan sal bersa bormi,
Unda ko‘ring biz chekkan oh ila zorni!

Yo‘q, g‘amxo‘r ko‘zlardagi jozibayu nur
Men uchun har narsadan bebaho erur,
Otashin og‘ushlarda yonar ehtiros,
Yonar, yonar sof qalbga, pok sevgiga xos!


 KICHIK BALLADA

Qaerdadir bir qiz bor.
Qizmisan qiz, gulruxsor!
 Bir jo‘mardni sevardi ul qiz.
Hijron keldi, na chora,
Dillar ham pora-pora...
 Essiz, urush boshlandi, esiz!
Dengizlarning ortida –
Ajalning-da oldida
 Titramadi yigitning qalbi.
Faqat tun – hordiq oni
Eslar-da mehribonin,
 Titrab ketar qalbi barg kabi...

 
QALBIM MENING TOG‘LARDA

Qalbim mening tog‘larda... Qoyalar bo‘ylab
Yelday uchib boraman bug‘uni quvlab.
Hurkib qochgan ohuda yugurar ko‘zim...
Qalbim mening tog‘larda, yerdaman o‘zim.

Alvido, ey vatanim! Dovruqli Shimol,
Shon-sharaflar o‘lkasi, endi yaxshi qol!
Quvg‘indaman dunyoda, ammo bilurman:
Men bir umr farzanding bo‘lib qolurman!

Alvido, ey qor bosgan zalvorli tog‘lar,
Alvido, ey yam-yashil vodiylar, bog‘lar!
Alvido, ey yuztuban ketgan o‘rmonlar,
Alvido, o‘rmonlardan oqqan suronlar!

Qalbim mening tog‘larda... Qoyalar bo‘ylab
Yelday uchib boraman bug‘uni quvlab.
Hurkib qochgan ohuda yugurar ko‘zim.
Qalbim mening tog‘larda, yerdaman o‘zim!
 
 
 QIZ QO‘SHIG‘I

O‘pich oldi-yu, yiroq –
Tog‘ bag‘rida yo‘qoldi.
Shundan beri o‘shal tog‘
Tarafda ko‘zim qoldi.

Rahm qiling, ranjitmang,
Ey yomg‘ir, do‘llar uni!
Qoru bo‘ron, berkitmang
Tog‘-adir yo‘llarini.

Kechalari, ey shamol,
Boshida bo‘lma giryon.
Uxlasin-da bemalol,
Uyg‘onsin eson-omon.

Vodiyga tashlab nazar,
Meni eslasin faqat.
Olg‘a boshlaydi safar,
Ortga chorlar muhabbat...


 QO‘SHIQ

“Supurgidan olinglar”
xalq qo‘shig‘i ohangida

Supurgidan olinglar!
Yaxshi supurgi mana.
Oyoq tirab o‘tirmang
Pulga kelganda yana

Yaxshimi yo yomonmi,
Menga bir xotin kerak.
Faqat ersiz bo‘lsinu
Nozi ham bo‘lsin andak.

Lorsillagan semizmi,
Cho‘pdaymi yo, bari bir.
Xunuk bo‘lsa ham mayli,
Tun qorong‘i-ku, axir!

Yoshi uchrasa nogoh,
Baxt toparman, mayliga.
Keksa bo‘lsa, ertaroq
Tul qolarman, mayliga.

Tug‘ib bersa ham mayli,
Qiy-chuv bo‘lar uyimda.
Tug‘mas ersa – yana soz!
Tashvish bo‘lmas o‘yimda.

Gar sharobni yoqtirsa,
Kamroq ichsa bo‘lgani.
Yoqtirmasa yaxshi-da,
Menga ko‘proq qolgani!


 SEVGI

Sevgi atirgul yanglig‘
Yashnar mening bog‘imda.
Sevgi – men aytar qo‘shiq
Yo‘lga chiqqan chog‘imda.
Sevgim, sendan-da hatto
Chiroyliroq bir g‘uncha.
U sen bilan birga, to
Ummonlar quriguncha.


Qurimas-ku ummonlar,
Qoyalar-ku qulamas.
Qumday oqar zamonlar,
Oqar-da, tinim bilmas.

Baxtli bo‘lgin, tinch yurgin,
Yaxshi qolgin, ey gulim!
Dunyo kezsam-da, bir kun
Senga keltirgay yo‘lim!
 
 
 * * *

Javdarzorda kechqurun
Shalabbo bo‘ldi Jenni.
Marzalar bo‘ylab shoshqin
Uyga yo‘l oldi endi.

Qizgina xo‘p sovqotdi,
Dildirab qoldi sho‘rlik.
Ko‘ylagi ho‘l, nahotki,
Kam edi shu ko‘rgulik?

Bo‘liq javdarzor aro
Kimdir kimni chorlasa,
Kimnidir kim quchsa yo,
Qandini ursin rosa!

Ishimiz nima, jo‘ra,
Nima bizga – poylab sir?
Shomda javdarzor aro
O‘pishib tursa kimdir!..


SHOIR ROBERT FERGUSSON QABRIGA
BYORNS QO‘YDIRGAN YODGORLIK XUSUSIDA

Bunda na haykal bor, na shon-madhiya...
Bunda na biron gul xush bo‘y taratar...
Faqat, qabr tosh der: “Ey Shotlandiya!
Bunda, tosh ostida shoiring yotar!”


YO‘LDAGI TUNASH

Qolib ketdim tog‘da kechasi,
Yuzlarimni chimchilar bo‘ron.
Ko‘z oldimda qorning pardasi,
Joy yo‘q edi tunashga biron.

Toleimga bir qiz nogahon
Uchrab qoldi ketar yo‘limda.
Taklif etdi uyiga shu on
Olib ketdi tutib qo‘limdan.

Ta’zim etdim u qizga lutfan,
Tishda qoldi qorli izg‘irin.
So‘ng so‘radim tavoze bilan,
Solib bering menga, deb, o‘rin.

Nafisgina choyshabdan jonon
Joy tashladi menga birpasda.
Sharob ila qildiyu mehmon,
“Yaxshi uxlang”, – deb qo‘ydi asta.

Ayrilishni istamasdim men,
Ketmasin deb topdim bahona:
“—... Agar sizga bo‘lmasa qiyin,
Olib keling bir yostiq yana?..”

Yostiqni ham olib keldi qiz
Va boshimga qo‘yib bergan choq,
Yonar edi, qarasam, gulyuz!
Quchib oldim uni banogoh!

Chehrasiga yugurdi ol rang,
Sho‘x ko‘zlari yondi beqiyos:
— Gar sevgingiz chin bo‘lsa, tegmang,
Tegmang menga, bitta iltimos!..

Sochlari-chi, biram jingalak,
Ipakdan ham mayinligi bor.
Taratishda xush bo‘y ul malak
Atirgulni aylardi bekor.

Turar ko‘ksi nafis qalqinib...
Go‘yo ilk qor nafasi atay —
Ushbu ikki kichik cho‘qqini
Oqartirib, silab o‘tganday...

Menga o‘rin solib bergan qiz
Lablaridan terdim men bo‘sa.
Ul sof edi, ufqdagi cheksiz –
Qor sofligi qandayin bo‘lsa.

Gap qaytarmas edi tozagul,
Ochmas edi ko‘zlarini ham.
Men va devor o‘rtasida ul
Uxlab qoldi nihoyat bir dam.

Tong sahardan uyg‘onib darhol,
Ma’shuqamni suydim qaytadan.
— Eh, umrimga bo‘ldingiz zavol! —
Dedi menga gulim daf’atan!

Labim bosdim namxush ko‘ziga,
Zulflarini o‘pgan mahalim,
Yupantirdim: — Jonim, o‘zimga
Ko‘p joy solib bergaysan hali!

So‘ng qo‘liga igna oldi-da,
Tikish uchun tutindi shu on;
Ayozli tong, darcha oldida,
Ko‘ylagimni tikdi ul jonon...

Gul ochilar, uchqunlanar qor,
Kunlar o‘tar, o‘tar yillar ham.
Xotirimdan chiqmaydi zinhor
Menga o‘rin solgan u sanam!
 

YALANGOYOQ QIZ

Yalangoyoq qizning qaroshi
Ko‘z o‘ngimdan ketmas nariga.
Nazarimda, yo‘llarning toshi
Botar nozik oyoqlariga.

Bu oyoqlar saxtiyon etik –
Kiysa, kiyib yursa, arziydi.
Huv kareta bu qizni kutib,
Farmonida tursa, arziydi!

Halqalanib ko‘ksida o‘ynar
Zig‘ir rangli sochlar oqimi.
Yo‘lchi yulduz bo‘lolur tunlar
Dengizchiga ko‘zlar yolqini!

Go‘zallarga ochirmas og‘iz
Muomala, odob, hayoda.
Ko‘zga yaqin chaqmoqday bir qiz...
Bundan zo‘ri bo‘lmas dunyoda.


MEGGI

Bilasanmi, Meggi kimni topibdi?
Bildingmi, hay, Meggi kimni topibdi?
Tegirmonchi qolib, topganin qara:
O‘lguday esi past bitta tasqara.

Tegirmonchi xushfe’l, har ishga qodir,
Hokimlarday ko‘rkam, lorddek bahodir.
Bu-chi, turqi sovuq, ko‘rimsiz, po‘la
Va lekin hamyoni tangaga to‘la!

Dil-dildan sevaman deb aytdi biri,
Biri o‘tirmadi buni gapirib.
Dediki, aylayin ko‘nglingni obod,
Beray egarlangan go‘zal jiyron ot.

Eh, sig‘mas pul kuchi, she’r, qofiyaga...
Xotin olmoq mumkin bitta biyaga.
Ha, qalin deganda juda ko‘p gap bor,
Menga sevging bo‘lsa basdir, aziz yor!


KO‘MIRCHINING DILDORI

— Isming aytsayding, bilsam,
Bilsaydim, uying qayda...
— Ko‘mirchi qayda bo‘lsa,
Uyim ham o‘sha joyda!

— Mana uvayu o‘rmon,
Mayli, mayli, ne desang,
Barin berardim, jonon,
Ko‘mirchingdan voz kechsang!

Ipaklarga o‘rardim,
Yirtiq-yamoqni yechsang.
Cho‘rilar ham berardim,
Ko‘mirchingdan voz kechsang!

— Bo‘yim baravar oltin,
Gavhar uyib qo‘ysang ham,
Gapingni qaytib olgin,
Ko‘mirchidan voz kechmam!

Kunduz tashirmiz ko‘mir.
Biroq kech tun bo‘lganda,
Boshlaymiz shivir-shivir
Ikkov mening kulbamda.

Sevgimiz ko‘p bebaho,
Kulbamiz ham juda keng.
Vafo qilar doimo
Qora ko‘mirchim mening!

Rus tilidan Muhammad Ali tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.