BAYONOT
Ozodlik zindonda tutqun ekan to,
riyo mensimaskan imonni aslo,
xiyonat sharpasi izg‘ib har joyda,
haqiqatni nuqul qorarkan loyga,
o‘ylamay avliyolar o‘z sha’nin mutloq,
socharkan el aro nizoyu nifoq
va yetim farzanddek parcha nonga zor,
muhabbat daydirkan har ko‘chada xor,
toki masrur ekan yurtda qabohat
va mardlik chirirkan qabrda faqat,
toki bilmas ekan g‘urbat intiho,
ha, menga yashashdan o‘limdir a’lo.
YOLG’IZLIKDA
Qor erib bitmadi hali dashtlarda,
tog‘larning to‘shida hali tuman bor,
ayozning vahmi bor hali qushlarda,
kezar yalanglikda izg‘irin g‘addor.
Men esa sog‘indim oq atirgulni,
bir mayin ifori g‘amlarga malham...
Tumanlar qa’ridan ko‘rmoqqa uni
ko‘nglim uchib o‘tdi moviy qirlardan.
Oltin ufqlar, meni eshityapsizmi?
Yolg‘izlikka asir yurak siz-la mast,
axir, zoriqqan qalb ilg‘agan hisni
boshqa hech bir yurak sira ilg‘amas.
Derazam yonida titradi novda,
qaygadir entikkan qushchalar uchdi.
O, nahot qor eriy boshladi bog‘da,
nahot kengliklarni yashillik quchdi?
Oton Jupanchich (1878-1949)
Mirpo'lat Mirzo tarjimalari