Dehotiy Abdusalom Pirmuhammadzoda (1911.14.3, Samarqand yaqinidagi Bog‘i Maydon qishlog‘i — 1962.30.1, Dushanba) — tojik shoiri, dramaturg.
Asarlarida «Pirmuhammadzoda», «Navqalam», «Hardamxayol», «Dehotiy» taxalluslarini ko‘llagan. O‘zbekiston pedagogika akademiyasida tahsil ko‘rgan (1930—31). Faoliyatini «Haqiqati O‘zbekiston» gaz. (1931—34)da boshlagan. Tojikiston davlat nashriyotining Samarqand bo‘limida ishlagan (1934—35).
Ilk hikoyasi — «Baxtiqaro Hamida» (1929). «Uch manzara» (1932), «Mehnat qo‘shiqlari» (1934), «She’rlar va hikoyalar» (1940), «Tanlangan she’rlar» (1949) to‘plamlari bor. «Vose qo‘zg‘oloni» operasining librettosi (M. Tursunzoda bilan hamkorlikda, 1938), «Tog‘dagi nur» (1947) hamda «Komde va Mudan» (1951—53) dramalarini yozgan.
Dehotiy tojik xalq og‘zaki ijodiga oid «Tojik xalq yumori» (1938) kitobi hamda o‘zbek shoirlari xaqidagi maqolalar («Junaydulla Maxdum Hoziq», 1940; «Buyuk o‘zbek shoiri va mutafakkiri Alisher Navoiy», 1948) muallifi.
Abdulla Qahhorning «Shohi so‘zana» (1953), B. Rahmonovning «Yurak sirlari» dramalarini, Muqimiy, H. Olimjon, N. Hikmat she’rlarini tojik tilita tarjima qilgan.
MARHABO
(Bir dasta binafshaga)
Marhabo, marhabo, guli navbahor,
Sendan salomini yo‘llabdurur yor.
Marhabo, bo‘stonlar karvoni, kelgil,
Mushkbo‘ yetkurgil bizlarga bir bor.
Sening ziynatingdan rangindir bog‘lar,
Yellar ham bo‘yingdan erur anbarbor.
Yer uzra maysadan to‘shalmish gilam,
Ilashmasin derlar poyingga g‘ubor.
Marhabo, jonparvar mehmon, marhabo,
Seni e’zozlashga jon ham dil tayyor.
Seni dastalagan qo‘llarga tahsin,
Nozik gulzorlardan uzmish beozor.
Yoronlar bahrini ochay deb, hatto
Bog‘langan bir tarzda aylanding bozor.
Tan mushtoq hamisha vaslingga sening,
Jon esa lutfingdan mudom minnatdor.
Visolingdan doim sarafrozdirman,
Lekin bir ishingga hayronman oshkor:
Sen shunday xo‘bdirsan, qomating raso,
Shuhrating tutibdi chamanni bisyor;
Ne vajdan boshingni egib qolding sen,
Ne vajdan, so‘ylagil, dilingda ozor?
Jabru jafolarmi qaddingni bukkan,
Boshing xam, ayt, bunda qanday sir-asror?
Davr gullariga qo‘shil, binafsha,
Kulgu, g‘ururlardan bo‘lgil baxtiyor.
Yodingda-ku, axir, o‘tgan zamonda
Qizlar xor edilar, xoru xokisor.
Shul bois sen kabi ular ham mungli,
Taqdir qarshisida edilar nochor.
Mana endi qizlar bugun o‘zgacha,
Xushchaqchaq, dillarda g‘urur barqaror.
Sen o‘sha qizlardan ibrat ola bil,
Boshingni xam qilib yurmagil zinhor!
DILBARGA PESHVOZ
Necha yildir yo‘lingda dil intizor, kel,
Jon xonasiga xush kelding, dildor, kel.
Sensiz bu xonam beziyo — zim-ziyo edi,
Jamoling nuridan charog‘on et, yor, kel.
Yigirma yetti yoshda sochim oqardi
G‘ussai firoqingdan, bevafo nigor, kel.
Dilim rafiqlar rashki tig‘idan majruh,
Diydoring dardimga davo, shifokor, kel.
Uyg‘oqlikda visolingni ko‘rolmadim, loaqal
Bir kecha tushimga kira qol, dilim zor, kel.
Ko‘cha past-balandligi zahmati bor desang,
Chaman bulbullaridek uchib havodan zinhor kel.
Nozu g‘ururing so‘z aytishga bermasa imkon,
Ko‘z qiri-la aylagil imo, berma ozor, kel.
Yuz zulm bandin uzib, hajringda band bo‘lgan
Miskin Dehotiy xonasiga bo‘lib bahor, kel.
DARVOZ SHA’NIGA
Ikki-uch kun sayr etdim senda, Darvoz,
Ko‘rib bo‘stonlaring bo‘ldim sarafroz.
Bahordek bahra berding, qalbga sayqal,
Ko‘zimga tog‘laring serishva, sernoz.
Pishar bir yonda gilos, bir tomon qor,
Shuncha xislatga boymi sendagi yoz.
Anoriston, chamanzoringda bo‘ldim,
Yuzidan nusxa ko‘chirmish sarvinoz.
Huzurbaxsh chashmalar mehringmidi yo,
Senga qurbon etsam jonu tanim — oz.
Darvozlik jo‘ralar, xushbaxt zamonda
Baralla kuylangiz birga-jo‘rovoz.
Bayrog‘ing nuridan ko‘rshapalakdek
Dushmanlaring qocharlar, ey, shovvoz.
Kelsa dushman, qazilgan ul uchun go‘r
Panjing to‘fonlari qa’rida, Daroz.
Tarovat mulkining yaktosi sensan,
Bilar kim bog‘laringda qilsa parvoz.
Ko‘rinishda sodda, ammo sehrlanursan,
Qorako‘z ko‘z qirida aylasa roz.
Dehotiy bir umr xumordir endi,
Bo‘lgan ondin xo‘blaringga hamroz.
SEN HAM YOD AYLA MENI
Menga, yorim, jafo qilding,
O‘zingga oshino qilding,
Ham zoru mubtalo qilding,
Sen ham yod aylagin meni.
Na bir ko‘zimga hamdamsan,
Ammo yoddasan har dam san,
Holdan toydim-ku bu g‘amdan,
Sen ham yod aylagin meni.
Yolg‘izlikdan yuragim qon,
Ko‘zim yo‘lda kun-tun, har on
Ki, shoyad bo‘lursan mehmon,
Sen ham yod aylagin meni.
Nasimi bodni iskayman,
Yuzing gulini istayman,
Yuz nola birla aytay man:
Sen ham yod aylagin meni.
Qanday baxtli o‘shal inson,
Ki do‘stga baxsh etolsa jon,
Yoding-la jon beray, jonon,
Sen ham yod aylagin meni.
Orzu qilib sening yoding,
Dehotiy bo‘ldi Farhoding,
Darig‘ tutma, bas, imdoding,
Sen ham yod aylagin meni.
Tilak Jo‘ra tarjimalari