OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Aminjon Shukuhiy (1933-1979)

Aminjon Shukuhiy 1933 yil 10 iyunda Xo‘jand nohiyasining Ro‘mon qishlog‘ida tug‘ilgan. Muallimlar tayyorlash kursini tamomlagach bir muddat o‘qituvchilik qilgan. 1947-1952 yillarda «Haqiqati Leninobod» gazetasida bo‘lim boshlig‘i, mas’ul kotib, muharrir o‘rinbosari bo‘lib ishlagan. 1955 yilda Oliy partiya Maktabining jurnalistika maktabini tamomlagach, «Sovet Tojikistoni» gazetasining muharriri etib tayinlangan. 1961-1967 yillarda Tojikiston yozuvchilar Ittifoqida kotib, rais o‘rinbosari vazifalarida, so‘ngra umrining oxirigacha televizion va radio Qo‘mitasining raisi vazifasida mehnat qilgan.
Aminjon Shukuhiy avval bolalar shoiri sifatida tanilgan. Keyinchalik hikoya, qissa, dramalar yozgan. «Vatani sulh», «Ro‘zhoi mo», «Sadoi dil» she’riy to‘plamlari, «Ko‘chabog‘i ishq» dostoni, «Chormag‘z» to‘rtliklar va ruboiylari unga shuhrat olib kelgan. «Shahlo va Shifo», «Imzoi shaxsiy» qissalari, «Pechutobi rohho», «Sadafi siyoh» romanlarini yozgan. Uning asarlari Dushanbe va Xo‘jand teatrlarida sahnalashtirilgan.
Abu Abdulloh Ro‘dakiy nomidagi davlat mukofoti bilan taqdirlangan. 1947 yilda Tojikiston yozuvchilar Ittifoqiga qabul qilingan. 1979 yilda olamdan o‘tgan. 1994 yilda (o‘limidan so‘ng) Tojikiston xalq Shoiri faxriy unvoni bilan taqdirlangan.

VATAN MEHRI

Vatanim mehrini o‘ylasam mudom,
Yangi jilo birla so‘z olar ilhom.
Agar fido etgin, desa, umringni sen ham,
Bag‘ishlardim unga jonimni tamom.

Agar kelsa yarqirab oy boshimga
Ham aylansa Zuhro suhbatdoshimga,
Vatanimga keltirmasam agar baxt,
Chaqirmayman men ularni qoshimga.

Vatan men-chun na bir qishloq, na xonam,
So‘zim na bir she’ru na bir fasonam.
Vatan erur aziz xalqim yuragi,
So‘zim erur lafzi otash jononam.

Vatanni men jondan ortiq jon dedim,
Jonu jononadek jonajon dedim.
Agar yomg‘ir yog‘sa, bilgilki, men ham
Uning kabi ko‘zlari giryon dedim.

Vaqtu bevaqt yo‘lga chiqsam men agar,
Yaxshi-yomon duch keladi muqarrar.
Qo‘rqmadim hech, cho‘chimadi dilim ham,
Chunki Vatan mehri edi hamsafar.

Vatan mehri erur qalbim-xayolim,
Saodati erur baxtu iqbolim,
Gar shoirim aytgin desa dil so‘zing,
Vatan deyman, dil so‘zimu kamolim.

RUBOIYLAR

Suhbat sohibidan may ichmoq kutsang,
Arzir oy yuzlining sog‘arin tutsang.
Jahonda ne bor yana lazzatliroq,
O‘zing qazgan ariqchadan suv yutsang.

* * *

Tunda kelib, o‘ltirib, tunda jilsang,
Bordi-keldi erur tiriklik, bilsang.
Gar bir kuni birov berkitsa eshik,
Boshqalari ochar eshikni, kelsang.

* * *

Vaysaqidan har bir kishi qilar or,
Boshi egik shoxga qara, hosildor.
Xiyonatkor sadoqatning xislatin
Tildan qo‘ymas, maqtaydi bisyor.

* * *

Garchi sen yulduzday mendan yiroqsan,
Tunlari tikilsam olis chiroqsan.
Jigarim ishqingda laxta-laxta qon,
Dilim pora, alqissa, sen firoqsan.

* * *

Nigohingga qarab qolaman takror,
Seni ko‘rgan choqda yonaman takror.
Sevgi kitobini qayta ochibmen,
Undan ishq sabog‘in olaman takror.

* * *

Bahor bulutidan tomchilar dona,
Mayin sabzalarga inar durdona,
Sen kelsang, lutfu malohat gavharin
Naqsh aylar yuziga bu sohib xona.

* * *

Ezgu kunlarga men bo‘lib umidvor,
Oydin kechalarni o‘tkazdim hushyor.
Sen uyquda, men esa seni o‘ylab,
Uyqusizlik etagin tutdim, bedor.

* * *

Boqqanimda qora ko‘zingga, dildor,
Mehring nigohidan topdim e’tibor.
Naqsh olardi, yashnar edi g‘unchadek,
Bo‘satalab, bo‘sabaxsh lablaring, yor.

* * *

Gulim, seni bukun tushimda ko‘rdim,
Yoshli ko‘zim oldi — qoshimda ko‘rdim.
Ko‘z ochib ko‘rdimu yoshli ko‘zimni,
O‘rningda-chi, oyni boshimda ko‘rdim.

* * *

Olimlarning istak, so‘zi hikmatli,
Hikmatlari duru gavhardek qimmatli.
Umri o‘tib, undan hikmat yaralmas,
Hikmatni yaratadi kim pokdil, kim himmatli.

* * *

Sher ketib, qolgandek tulki o‘rmonda,
Nola ketib, oh, qoldi bu jismu jonda,
Rahm aylagin, tentirar ishq karvoni
Kimsasiz yo‘l, ul dashtu biyobonda.

Tilak Jo‘ra tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.