OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Farzona (1964)

Tojikiston xalq shoirasi Farzona (Inoyat Hojiyeva) 1964 yilning 3 noyabrida Xo‘jand shahrida tug‘ilgan. «Kulgi avji»(1987), «Chaqmoq hamlasi»(1989), «Yigirma dona atirgul»(1991, rus tilida), «Ishq oyati»(1994), «So‘ngsizlik qadar»(2000), «Shabnam me’roji»(2001), «Funcha siri», «Osmon gulining muhri» kabi she’riy to‘plamlari nashr etilgan. Abay, A.Axmatova, M.Svetaevalarning asarlarini tojik tiliga tarjima qilgan. A.Ro‘dakiy nomidagi Tojikiston Davlat, M.Tursunzoda nomidagi adabiy mukofotlar sovrindori.
1989 yildan buyon Yozuvchilar Ittifoqining a’zosi.


ISHQ TASBEHI

Yagona so‘z bilaman, bu – ishq,
Uni takror qilaman: Ishq, ishq, ishq…

ERTA KELADI

Keksaygan ma’rifat qazosigacha
Kam qoldi,
Hayotni yakunlash kerak.
Zamonaviy inson, fisqu fujurning
Cho‘qqisiga yetib bordi jonsarak.
Bang eltgan osiylar
Haq hududidan
O‘zga makonlarga qarab yugurar.
Ya’ni, yorug‘likni o‘ldirib nogoh,
Faliz nafas bilan bulg‘ab samoni,
Tupurdi quyoshning betiga ular.
Boylar yutdi
Ushbu dunyoni butkul,
Xuddi, ichketarning dorisi yanglig‘.
Dunyo dunyo emas endi, vodarig‘,
Endi dunyo – Yunus singari asir,
Baliqning qornida, o‘z zindonida.
Endi dunyo qolib ketdi qandaydir
Ochko‘z yuholarning jig‘ildonida.
Mehr,
Savob,
Imon,
Mardlik,
Muruvvat,
Neki, ezgu his bor, bari yo‘qoldi.
Majruhlik vahmi, jon talvasasida
Yuvuqsizlar bo‘g‘zi ichida qoldi.
Vahshiylik kirmoqda hayotimizga,
Shahvoniy filmlar, vahshat-la butun.
Qobil gunohining soddaligidan
Kulib, tong yo‘lini bog‘laydi tugun.
Ey, yer, ey, chidamli, xastahol, aziz,
Bizning gunohlarni ko‘tarding qancha.
Sen ushbu hayotni asrading mudom,
Ne-ne xatolardan,
Qo‘ldan kelgancha.
Ne-ne kufrlarning tajovuzidan
O‘zingni asrading begumon, beshak.
Endi, qari zamon halokatiga
Kam qoldi,
Hayotni yakunlash kerak.
Shu bir nafas yetar tazarru uchun,
Ushbu mittigina yulduzning nuri.
Ulkan sajdagohga do‘nsin nogahon,
Shu bir nafas, ruhni larzaga solib.
Neki, insoniydir, baxsh aylasin jon.
Shu bir nafas ichra Haqning hukmiga
Butun bashariyat intizor bukun:
Ketmoqlik uchun va qolmoqlik uchun,
Bor bo‘lmoq yoki yo‘q bo‘lmoqlik uchun.
Ketmoq uchun yo‘qlik qa’riga qulab,
Tag‘in ko‘zimizni ochaylik desak:
Shu qisqa muddatda, shu bir nafasda
Tiriklikka yakun yasamoq kerak.

Ammo, homilasi qursog‘i ichra,
Ertaning shodligin kutgan ayollar,
Qanday bu hayotni aylasin yakun?
Ammo, nigohida sadoqat nuri
Porlagan begunoh, ma’sum go‘daklar,
Ko‘ylagi ostida hayajondan sof
Ko‘ksi qalqib turgan hayoli qizlar,
Ammo, guldan umid qilgan g‘unchalar,
Kelinchak yuziday qizil olchalar,
Murg‘ak jo‘jasiga mehr-la kun-tun
Rizq tashigan ul tong qaldirg‘ochlari
Bul hayotni qanday aylasin yakun?
Ey, do‘st!
Qo‘lni loqayd siltab shul zahot,
Endi dema: — Erta? Qanaqa erta?!
Bu kunning ertasi bormikan, nahot?!
— Albatta, bor. Kelar, bo‘lgin xotirjam,
Gar bu qavm, imondan Nuhning kemasin
Yasab, kema ichra ishqni joylasa,
Albatta, albatta ertamiz kelar,
Ertamiz keladi.
Xudo xohlasa!

QAFASDAGI OZODLIK

Ey, ishq, seni topgim kelar olis yodlardan,
Bir olmaning ol rangidan o‘rgangim kelar.
Yo yo‘l izlab,
Sahrolarda tentigan suvdan
Yo go‘daklar havas bilan chaynagan shirin
Jo‘xorining poyasidan
Yoki bir guldan.
To‘g‘ri, ishqning ona yurti – yosuman guli,
Ishq bo‘lsaydi ozodlikka limmo-lim qafas.
Salom, Majnun,
Ozodlikka to‘lgan qafasni
Qayga olib ketmoqdasan?
Men ham bir nafas
Zog‘ni tovus libosida ko‘rgim keladi,
Sher bo‘ynidan quchsam deyman men ham sen kabi,
Va ohuning ko‘zlariday ko‘zgu – matlabim.
Ko‘cha uzra kuy taralsa poshnalarimdan
Va bulbullar yaqin kelsa
Atrofimda jam.
Qara, ko‘zing pardasini kattaroq ochib,
Ko‘changdan ishq ahli o‘tib ketmoqda bu dam.
Nechun men ishq deyman?
Chunki, ishq jismi ozod,
Zamon, makon, dinu mazhab panjalaridan.
Ishq zanjimas, farangimas, xurosonlikmas,
Ozod – yapon ashyosining tamg‘alaridan.
Prometey olovi ham, Mitra jilosi,
Iso xochi, ham Buddaning nilufari – ishq
Ishq – Musoning kaftidagi umrboqiy nur,
Ishq – Mustafo me’rojidir, bari, bari – ishq.
Ishq – eng tugal xulosasi ma’rifatlarning,
Anglab yetgin,
Ishq – Xudoga birikkan qasam.
Shunday ekan, balandroq bo‘l o‘zingdan, zero,
Ishq o‘ladi,
Chumoliga ozor bersang ham.

IMON YIG'ISINING SADOSI

Tanam esimda yo‘q,
Qish daraxtiday,
Dag‘al po‘stlog‘ini cho‘qiyotgan zog‘
Tumshug‘in zarbiga qilmaydi parvo.
Osmon – bir berk eshik, ul tomonida
Nafasi bo‘g‘ilib qafasda quyosh
Bahorni kutadi.
Barcha – benavo.
Bahor borligini hech kim o‘ylamas,
Hech kim qalbdan qorni supurmas nari.
Imonin darziga hech kim tavbani
Tikmaydi, xuddi, bir yamoq singari.
Ey, yor!
Ko‘zlaringda nega men uchun
Bir tong pokligini asrab qo‘ymading?
Nima uchun mehring qasidasini
Sen kar quloqlarga tinmay so‘ylading?
Nega firog‘imning vodiylarini
Sabr bilan kechib o‘tolmading hech?
Labimni «kel» degan qurb etganda tark,
Nechun o‘zga aytding, u kelmas sira,
Yoki kelganda ham keladi deb kech?
Kimga intiq bo‘lay?
Intizorlikning
Ul yog‘idan kelmas qadam sharpasi.
Yor labida yo‘qdir taskin xandasi,
To‘g‘ri, men kech keldim,
Tanam – yodda yo‘q,
Axir, jondir mening borlig‘im butkul.
Qalbimga quloq sol, eshityapsanmi?
Imon yig‘isining sadosidir ul.

TO‘RVAMDAGI NADIR?

Bu shahar kengligi iborat erur,
Yigirma avtobus bekatlaridan.
Bu shahar qalbimdan sal kichikroqdir,
Yo kattadir butkul osmon bag‘ridan.
To‘g‘ri, unisi ham, bunisi ham. Ul
Yigirma intiqlik ichra bu umrim,
To‘xtovsiz harakat aylanmasida
Chopadi, chopadi bilmasdan tinim.
Ruhim, o‘jar ruhim ergashadi jim.
To‘g‘ri, kezmoq kerak ul yondan bul yon,
Ushbu shahar ichra mudom tentirab.
Shamoldan-da bekor,
Fazodan-da bo‘sh
Bul tomondan tag‘in ul tomon qarab.
…Qalbim og‘iroyoq ohu dodimdan,
Nimadir, nimadir to‘rvamdagi u?
Suvratim aybining ustidan kulib,
Masxara qilguvchi ul bitta ko‘zgu.
U ko‘zgu, bundan so‘ng, bundan keyin ham,
Menga so‘lg‘inlikdan so‘ylaydi nuqul.
Mening himoyasiz tasvirlarimni
Zavol panjasiga topshirar butkul.
Xullas, bu yolg‘izlik biyobonida,
Bul shahar, yigirma bekat aro jim,
O‘tib ketayotir bu aziz umrim.
Bir umr, jilosiz, cheka-chekkada,
Bir umr, qadrsiz, benavo, chigil.
Biyobon ohusin ko‘zlari kabi
Unga hayron boqar devona ko‘ngil.
To‘g‘ri, to‘xtamaslik kerak bir lahza,
To so‘nggi lahzadan kelguncha xabar,
O‘lim girdobiga cho‘kkunga qadar.
Ammo, tag‘in nima istayman,
Ammo…
Kunim bitmay burun, takroru takror,
Men azon o‘qiyman yaproq, bahorga
Va sening dilnavoz yodingga, ey, yor.

SINIQ SADO

Kel, o‘taylik bozor rastalaridan,
Boshqa yo‘l yo‘q.
Nega men bu yerdaman?
Nega qiyomatday qo‘pgan savdoning
Ufq yanglig‘ cheksiz bag‘ridadirman.
O‘tiribman yetti ravoq ostida,
O‘tiribman yolg‘iz, bo‘lib umidvor,
Topilarmi deya, savob yo‘lida,
Mening dardlarimga biror xaridor.
Zamon madhu sano zamoni emas,
Safarga yo‘l olgan parrandalarning
Firog‘idan yonib, o‘rtanib bir-bir,
Yaprog‘ini to‘kar daraxtlar besas.
Nega qush emasman, go‘zal yurtlarga
Ketolmasman, etib oshyonimni tark.
O‘zga bog‘da yayrab, bul qafas ichra
O‘tirmasdim – g‘amgin sadolarga g‘arq.
Biroq, kel, bor bo‘lib,
Poymol etilgan
Chamanda kuylaylik quvnoq, bekadar.
Toki, ezg‘ilangan qaddini tutib,
Osmonga bo‘y cho‘zsin munglig‘ maysalar.
Tanin bargga ishqab gullar uyquda,
Sarg‘ish daraxtlardan ketsin qayg‘ular.
Kuz kelib, bag‘rini qushlar tark etgan
Chaman aza tutar.

NAJOT

Bor bo‘lmoq xatarli bu kunbotarda
Men nima axtarib boraman bu payt?
Ishqu muhabbatni axtarganimi?
Mehribonlik anqo tuxmiday qahat.
Tong – darcha, kunning xor tashvishlariga,
Yulduz – tunning qora hirsiga asir.
Shuhrat – chirik olma to‘lgan to‘rvadir,
Hayot suvi ham bor,
Ammo, u faqat,
Kavsar arig‘ida oqar birma-bir.
Ishq, ya’ni Hech,
Ketar boylikka qarab,
Ehtimol, Ishq nomi qadimdan-qadim
Manbalarda qolgan bo‘lsa, ne ajab.
Yo gul teraylikmi? Men ne ham deyin?
Bog‘da to‘plar portlab turgandan keyin.
Yashil libosdagi ushbu zobitlar
Kelgandir bahorni o‘ldirmoq uchun.
Bir do‘st huzuriga? Ey, samimiy ko‘z,
Faqat, rostini ayt, bormi istaging,
Mening diydorimni ko‘rmoqqa bukun?
Bir kun qutlagani boraman seni,
Bir pok haqiqatni senga benazir
Hadyaday o‘shanda eltaman, ey, do‘st.
Bilasanmi ul pok haqiqat nadir?
Hayot!? Ayting, yashil to‘nli zotlarga,
Tajovuz qilmasin
Gul nomusiga
Maysalarning nozik xayolligiga,
Lolaqizg‘aldoqning ibolariga,
Parvoz, sodda qo‘shiq nidolariga,
Va tiniq suvlarning halolligiga.
Ey, zaharli odam, bog‘ning tinchini
Nechun buzding, belab bag‘rini qonga?
Quyoshning yarqiroq olmasin bu kez,
Nechun kamon bilan olding nishonga?
Bor bo‘lmoq xatarli bu kunbotarda
Ko‘chadan bolali bir ayol o‘tar.
— Chaqaloqning ismi nima? So‘rayman,
— Najot! – deydi ayol.
Xudoga shukur.

O‘ZIMGA QADAR

Men hayotga ishonaman qiyomatgacha,
Shabnam qurib, tinguncha to bulbul kuylari.
To mo‘‘jiza jo‘nlashguncha,
Ya’ni, ishq bilan
Vidolashmoq uchun yarim nafas bor hali.
O‘lgim kelsa menga ruxsat bermaydi, biroq,
Bitta orzu – olislarda qo‘lim yetmagan.
Qanday oddiy bo‘lay, o‘ylab ishtirokimning
Shartligini bir majlisga. O‘nda. Ertaga.
Qanday qilib oddiy bo‘lay?
Chiroqsiz qolib,
Mahkum bo‘lsam chiroqsizga bergali madad.
Qanday qilib oddiy bo‘lay?
O‘shal xayoliy
Shu’lazorga men ularni aylasam da’vat.
Qanday qilib oddiy bo‘lay?
Axir bozordan
Yangi ko‘ylak sotib olsam har bir qadamda,
Kelganimda har gal sizning ko‘z oldingizga,
Keltirmasam yangi jonni yangi badanda.
Qanday qilib oddiy bo‘lay?
Qachonki…
Asli
Oddiyligim va oddiylik – go‘zal, betakror.
Oddiylik, bu – mo‘‘jizadan, balki, balandroq,
Hali vaqt bor,
Hali tag‘in yarim nafas bor.
Balki, qay bir eski to‘rva, eski sandiqda
Qolgandir ishq va muhabbat yuqidan asar.
Tug‘ilmoqqa qadar bosib o‘tay bu yo‘lni,
To tozarmoq,
To Xudo
To O‘zimga qadar!

KEL, KETAYLIK

Kel, ketaylik, o‘shal toza ibtido sari,
U lojuvard ko‘kdan-da sof bir ibtidoga.
O‘z qa’rimga ketmog‘im shart,
Ammo, qa’rim yo‘q,
Bir darchaday, yuzin burgan undan javhari.
Men tanamni baxsh etganda
Nafis ko‘ylakning
Jozibali og‘ushiga urgan chog‘imda,
Porlasin deb nilufarday ko‘zim ko‘zgusi,
Qabog‘imga niliy kimyo surgan chog‘imda.
Yoxud o‘shal ikki shoxli moshinlar ichra,
Uryon qizlar suvratiga boqqanim mahal,
Nigohimni nafrat bilan burgan chog‘imda
Yoki qay bir yo‘lovchi yot tabassumiga
Men ham yolg‘on va begona tabassum bilan
Unga nogoh javob berib turgan chog‘imda.
Men anglayman, men anglayman qa’rim yo‘qligin,
Men anglayman, puch suvratman, kimningdir yolg‘on
Maqtovidan charx aylanib uchganligimni
Va kimningdir noxush, sovuq nigohidan jim
Qaytib tag‘in yerga qulab tushganligimni.
Ko‘chamizda eski-tuski sotguvchi chol bor,
Baxtli edi,
Kimdir uning sopsiz teshasin
Yoki singan kosasini sotib olgan chog‘.
O‘sha cholni hech kim, hech bir kimsa, negadir,
Bir zum baxtli aylamoqqa shoshmasdi, biroq.
Men olislab ketganim yo‘q,
Chunki, olislab
Ketmoqlik bu – tanholikning hamdami, yori.
Istamasdim, odamlarni
Parranda yanglig‘
Zoru haqir ko‘rmoqlikni, chiqqach yuqori.
Istamasdim, hovuzlarning shaffof jismida
Eng chiroyli, nafis bitta nilufar esam.
Yo tug‘ilgan nur sadosi singari, ariq,
Anhorlarda yashab, umr kechirmoqni ham.
Ul ne sado? Qaydan kelar? Shivirlar sekin:
Yaqinroq kel, qo‘rqma!
Jisming harir niqobin
Aylamog‘im kerak sening taningdan nari.
Yorug‘ nigoh qudratin baxsh etay ko‘zingga,
Nigoh nima?
Nechun bo‘m-bo‘sh nigohlar qa’ri?
Kel, ketaylik, olmalari
Ma’rifatning pok
Daraxtida fonus kabi yongan bog‘larga.
Va jannatiy bug‘doylari o‘shal Odamni
Haqiqatga oshno etgan cheksiz sahroga.
Bir anhorga,
Yor jamoli bo‘lsin namoyon,
O‘sha billur qatrasining hur darchasida.
Kel, ketaylik, o‘sha toza ibtido sari,
Xudovandning bizda mavjud bir parchasiga.

XABAR

Do‘st keladi.
Nigohida – yorqin sadoqat,
Sukutida – andishaning shu’lasi bor jim.
Lablarida tabassumi – shaffof,
Hidoyat
Yomg‘iriday bir mushtoq gul boshida nadim.
Do‘st keladi.
Bu tiriklik uning jismida
Jon oladi, vujudining har bir qismida.
Ikki yuzta to‘fon xohish-istagi bordir,
Endigina yo‘l yurgan bu hayot aslida.
Bu shaharda ma’yus tunlar,
Qurollanganlar,
Beparvo mast-alast, yulduz durining lain
Tamg‘asidan o‘zga narsa qolmasa
Nogoh
Qo‘rqib qochgan farishtalar qaytadi tag‘in,
Chiroq porlar tag‘in baland simyog‘ochlarda
Va ko‘chalar hur hayotga qaytadi yana.
Bu kechada to‘xtab qolgan, ko‘zlari yumuq
Favvoralar zavqqa to‘lib aylar tantana.
Eshikbon yel bo‘salarning kaliti bilan
Yo‘l-yo‘lakay g‘unchalarni ochar sog‘inib.
Va Shayx Kamol haykalining poyiga kimdir
Gul qo‘yar.
Kim ochar Bayram dasturxonini.
Yarim tunda eshik qoqar bir noma’lum zot,
Vahm bosgan el o‘z jonin g‘amini yegay,
Zo‘rg‘a ochar eshikni. U:
— Salomalaykum,
Sizga bukun men sumalak keltirdim, — degay.
Bu tun – shodlik tug‘ilgan kun, g‘amgin qalblarda,
Do‘st keladi.
Kelishiga ishonaylik, kel.
Ko‘chalarga suv sepaylik, shaharni bezab,
Dildan g‘amni aritaylik, yashnab ketsin el.
So‘nik dilga yog‘du muhrin bosaylik, toki,
Kipriklarning kavatida nurlar yeladi.
Kelmasa ham,
To‘rt tomonga jar solaylik,kel:
Do‘st keladi!

ISHQ DA’VATI

Chap qo‘l farishtalari,
O‘ng qo‘l farishtalari,
Qayda o‘shal olov ishqi bor aylab mani,
Darichamga salom berib, hol so‘rgan qani?
Qayda o‘shal tirikligim, o‘shal notamom,
Bu hayotim topgay uning nuridan samar:
Lablarimdan lablarimga yo‘llagan salom,
Ko‘zlarimdan ko‘zlarimga aylagan nazar.
Ikki qo‘llab tutdim tilla quyosh halqasin.
Eshigimiz halqasi bu – aziz
Va ilk bor
Bir yuz xanda nurin to‘kdi eshik ochilib,
Oh, qanchalar ruhoniy va oshno bu ruxsor.
Salom, orzu-istaklarim, qo‘l yetmas ma’vo,
Salom, nurim, yangi chiqqan quyosh – beg‘ubor.
Salom, ey, sen, tilovati namozimga jo,
Salom, ey sen, xayolida tahoratim bor.
Boshqa buyuk uzlatingni etma ixtiyor,
Cho‘kkanlarning holiga sen kulmagin taqir.
Azob bergin, dargohingda axtarsa o‘zni,
Meni menda bor o‘zingga aylama yaqin.
Sen tongning ko‘k jandasini chirmab loshingga,
Quyoshni chal, nog‘oraday ketsin daranglab.
Zinhor tutma qo‘limdan,
To o‘z taloshimda
Baland bo‘lay, bag‘ir bo‘lib o‘sha balandga.
Chap qo‘l farishtalari,
O‘ng qo‘l farishtalari,
Qayda o‘shal sas, baxtga yor borlig‘i, tani?
Ishqqa da’vat aylaguvchi ul sado qani?!..

QAYTISH

O‘ldi yo‘l yarmida
Najot elchisi.
Ulki, ibtidoning go‘zal yurtidan
Kelmog‘i shart edi,
Ezgulik, poklik
Hamda go‘zallikka ma’no berardi,
Ulki, ushoqqina vujudi bilan.
Munaqqash beshigin silkinishidan
Tinmay to‘kilardi tirikligimga
Sado, rang ham yorug‘ orzular tag‘in.
So‘zlar g‘alizligi, ko‘zlar zarari
Hamda nigohlarning haqoratidan,
Fasod do‘stligidan yiroqlashardim.
Nihoyat, bu tiniq buloq berardi
Men uchun tahorat suvini,
Ammo,
O‘ldi
Yo‘l yarmida
Najot elchisi.
Qachonki, xushrabo narkoz dorisi
O‘rmalagach ko‘m-ko‘k tomirlarimda,
Parvoz aylar edim,
Yolg‘izligimning
Qa’riga g‘arq bo‘lgan billur bir yo‘lak
Meni chorlar edi chuqurlik sari.
O‘likday uxlardi ulkan muzlar ham,
Xuddi, handasaviy shakllar kabi.
Ul yo‘lakda ruhim kezardi, faqat,
To‘qinib goh muz,
Goh sovuq fazoda
Behuda sayrini etdirib davom.
Juda g‘amgin edi safarim,
Ammo,
O‘ylardim,
Gul, giyoh bag‘riga qaytsam,
Yovni do‘st shaklida ko‘rardim yana.
Tag‘in xiyonat-la kelib yuzma-yuz,
Yana do‘st uyiga nur la’lin eltib,
Qaytishda zulmatni olib ketardim.
Kezib qishning g‘amgin ko‘chalarida,
Tag‘in axtarardim kimningdir izin.
Axtarardim, garchi, yo‘q bo‘lsa ham ul.
Yana bir tanish-la kelib yuzma-yuz,
Bemor chehram uzra qo‘yardim osib,
Tabassumga o‘xshash nenidir tag‘in.
Yana samimiyat aslini yolg‘on,
Yurak aslin balchiq yanglig‘ his etib,
Mehrning aslini dag‘allik bilan,
Haqiqat aslini kazzoblik bilan,
Poku nopoklikni birga ko‘rardim.
Men yana bozordan bo‘sh xalta bilan
Qaytgan nochorlarni ko‘rardim qayta.
Ko‘rardim, uyimiz oldida har kun
Qora sovun sotgan bolani tag‘in.
Neki poklik bordir ushbu olamda,
Uning kir qo‘lidan so‘ng poklanganin.
O‘g‘li ezib, ado aylagan badbaxt,
Har kech «Uyingizda chiroq bormi?» deb
So‘rgan qo‘shni cholni ko‘rardim yana.
Oh, qaytsam,
To‘p, o‘qlar gumburlashidan
Hayot titrog‘ini ko‘rardim yana.
Ko‘rardim, arzimas g‘araz deb, tongda
Beozor uyquda yotgan Vatanni
Qurbonlikka eltgan to‘dani tag‘in.
Bang! Bang! Bang!
Qaerga qocha olarsan,
Peshonangga bitgan bo‘lsa bu shovqin?
To‘plar o‘qi tinmay portlab turganda,
Qanday qilib aytay Ishq deya, axir?

… O‘lim ayvonida mening safarim
Famgin edi, ammo, etardi davom.
Ikki shaffof sado
Ikki bor chorlab,
Tortmaganda sirtga jajji qo‘lchalar.
Onam unda edi. O‘zga olamda.
Yerning har joyida aziz insonlar
Mangu sadoqat-la kutardi meni.
Bahor, har zarrasi tug‘yonga to‘lib,
Meni huzuriga chorlardi yana.
Deraza ortida keksa chinorlar
Qahratonni kechib o‘tardi tag‘in,
Intilib yashillik manzili tomon.

Do‘st degay: Boqmagin qora darchadan,
Tong gavharin tanib tun tarkibidan.
Qara, qumrilarga sovuq qish tuni
Ayvon tomin panoh etdi mehribon.
Nechuk ters ko‘rasan, ko‘rshaparakka
Kaptar deb nom berding,
Sho‘rlik shaparak,
Kaptar deb nom olgan bo‘lsa-da, garchand,
Qolar ko‘rshaparak bo‘lib baribir.
Do‘stga deyman: Bitta ko‘rshaparakning
Baxtidan zavqlangim kelar…
Do‘st degay:
Ko‘rshaparak qolsin ko‘rshaparakday,
Toki, ul nuroniy tirikligining
Davomin yashasin quyosh ham tag‘in.
Toki, har bir giyoh yashilligining
Haqiqatin anglab yetsin qaytadan.
Ammo, haqqing yo‘qdir umidsizlikni
Oshkor aylamakka,
Zulmatni yoyib,
Yomon ko‘rmoqlikka,
Yomon so‘ylamak,
Yomon deb bilmoqqa haqqing yo‘q butkul.
Masxara qilmoqqa ko‘rshaparakni
Haqqing yo‘qdir,
Zardusht ruhi kechirmas.
Men tag‘in qaytaman.
Keksa daraxtning
Qo‘sh shoxi yashashga moyildir hanuz.
Men tag‘in qaytaman, bilsam-da, garchi,
Kecha meni suygan o‘sha ko‘zlarda
Hafsala chirog‘i so‘ngadir bugun.
O‘zga ko‘z axtarib ketdi u ko‘zlar.
Men tag‘in qaytaman, g‘amgin ko‘zingda
To ko‘ray ishq ufqin so‘nggi izlarin.
Oxirgi iz…
Ilk bor qo‘limga soat
Taqqanimda
O‘n to‘rt yoshligim bilan
Meni qutlagandi saboqdoshlarim.
O‘shanda, bilmasdim, mening soatim
Aylanar fazoning tezligi bilan.
Kecha-kunduz tinmay yugurib-elar,
Behuda aylanib Hech atrofida.
Fasllar almashar bir lahzada tez.
Fasllar almashar bir zumda bu kez.
To‘xtovsiz almashgan bir tasvirdan lol
Oynalarning ko‘zi baqrayar beun.
Barcha ashyolarning harakat yo‘li
Faqat, zavod tomon yo‘nalgan nechun?
Taqqan chog‘ sochimga guldan sochbog‘i,
Miyig‘ida kulib degandi hamma:
U bitta sochbog‘i vositasida
Yoshligini asrab qolmoqchi chog‘i.

Yo‘q! Yo‘q! Oddiygina bitta sochbog‘i
Yoshlikning belgisi bo‘lolmaydi hech.
Yoshlik – qalbda yashar. Ko‘ksimiz ichra
Bir chiroq, o‘chmaydi o‘la-o‘lguncha.
Yoqasan ey, so‘ngsiz intiq, zorligim,
Ey, hech kimga nisor etilmagan ishq.
Hech kim anglamagan ey, sen, Haqiqat,
Essizlik tokida qolgan ey, Kitob.
Ey, sir biyoboni, ne-ne tashnalar
Seni kechib o‘tar,
Lek, bilmas hech kim.
Agar hassasini chuqurroq ursa,
Sendan toshib chiqar Xizr bulog‘i.
Bilasanmi? Endi kezmoq maholdir,
Ul o‘n to‘rt yoshlikning imoni bilan,
Bu aylanma, chigal ko‘chalarda jim.
Endi ot-arava bilan hech kimni
Peshvoz olib bo‘lmas tayyoragohda.
Qo‘ndirib bo‘lmaydi lablaringga ham,
Qaytadan sigorni xo‘rozqand yanglig‘.
Chak… Chak… Chak… Tarnovdan qor tomar behol,
Tom chetidan tig‘li muz parchalari
Tushar qariyalar tishiday qulab.
Bir zog‘ qoq suyakka tumshug‘in urar.
Xastalik to‘shagi ichra bir bemor,
Tinglar ko‘chalarning shod sadosini.
Bir go‘dak archani bezatar mamnun.
Do‘st degay: Qumrilar sensiz o‘lar, qayt!
Qaytaman.

YORUG' XABAR

Tag‘in keldim, ey, do‘st,
Ko‘zim taqvimin
Faslida nigohning harorati bor.
Yuragimda hanuz bir zarrin orzu
Qo‘ng‘iroq chaladi takroru takror.
Jang ham o‘tdi, o‘shal jaholat bilan
Haqiqatlar jangi, g‘am solib jonga.
Fofil qavmu to‘da o‘z la’natining
Toshi-la meni ham oldi nishonga.
Fazablar hayqirdi, ishqning «Analhaq!»
Faryodi olamni larzaga soldi.
Jang ham o‘tdi,
Qahr-g‘azablar o‘lib,
Yana ishqning joni sog‘-omon qoldi.
Tag‘in keldim, ey, do‘st!
Yuragim ichra
Yashil g‘alayonlar bo‘lmoqda bedor.
Nigohim qa’rida hanuz bir chiroq
Hayot kechiradi, yorug‘ligi bor.
Ma’sum shavq zohiri hanuz – borlig‘im,
Imon keltiraman bahorga hanuz.
Qaqragan qoshlarim o‘shanda tag‘in
O‘sma visoliga yetar yorug‘ yuz.
O‘shanda bag‘riga qaytgan qushlarin
Tag‘in qutlar ma’yus inlar, uyalar.
O‘shanda bulbullar to‘dasiga jim
Qo‘shilgan bir karvon baxtga chulg‘anar.
Chaman qurmoq kerak behi gulidan,
Meva chirog‘idan yorishsin bog‘lar.
Yo‘qsa, bul zaharli tamakizorda
Kuy-navo nafasi siqilib o‘lar.
Tag‘in keldim, ey, do‘st!
Men hanuz – o‘sha,
Ammo, sen sen emasdirsan, benavo.
Zamonning chaqchaygan ko‘zidan qochib,
Mayning og‘ushidan axtarding panoh.
Tunda tentiragan gadolarga ham,
Tong hadya etmading oppoq, beg‘ubor.
Yengilmas jahongir, g‘olib ruhingni
Xilvat quchog‘iga aylading duchor.
Beparvolik sari yo‘l olib, o‘zni
Bir aziz xotirga etolmading baxsh.
Bahor ta’sirini yerning so‘liqqan
Bemor tomiriga etolmading naqsh.
Mo‘‘jizani ko‘rib, «Yo, tavba» deya,
Hatto, hayratga ham tushmaysan noxos.
Yig‘lolmaysan, bulut shogirdi emas,
Quyoshga, shunchaki, muridsan, xolos.
«Qah-qah» otib kula olarsan hanuz,
Tog‘lar qaltiraydi,
Ruhlar qaltirar.
Nochor xandalaring,
Yuraging ichra
Kechgan fojiaga niqobdir ular.
Xandang – ul Shedanzo cho‘qqisi uzra
Ot kishnashi,
Yolg‘iz ot sasi mudom…
Tag‘in keldim, ey, do‘st!
Aytayin deya:
Hayot tamom bo‘lmay etmoqda davom!
Behi tag‘in gullar…
Kel, o‘shal eski
Qadim bisotlarni titkilab shu payt,
Yangi, nozik so‘zlar so‘yla men uchun,
Tundan bezganlarga yorug‘ qissa ayt.

O‘TKINCHI UMID

Fursat o‘tdi. Bog‘ ham Isfand oyining
Rangsizligi uzra bosh egdi tag‘in.
Bechora daraxtlar, tanasidagi
Dag‘al po‘stlog‘idan orlanar hazin.
Ko‘ylak orzu qilar bujur tanasi,
Barglar harir libos baxsh aylar qachon.
Ammo, kel, bir lahza o‘shal bahorning
Xotirasi tomon qaytaylik bu on.
Esingdami?
Yoqut sochbog‘ilari
Shabnamni titratgan ma’sum qizaloq?
Uning o‘sha chilbir kokillarida
Soddalik barq urib ketardi u chog‘.
Guldor to‘ni ichra uyatchan tani
Yashardi o‘zini etmasdan ko‘z-ko‘z.
Nigohida ixlos surasi yangrab,
Sukutida esa – aytilmagan so‘z.
Vujudida erta kun vahimasi
Hamda iztirobi yashardi nihon.
Va sen nigohida yangragan o‘shal
Ixlos surasiga keltirding imon.
Va sen uni eltding
She’r atalgan ul
Afsonaviy yurtga, yonib, o‘rtanib.
Bir ko‘pik borlig‘in ojizligida
Daryoning isyonin olding sen tanib.
Bir billur qatraning aksida quyosh
Raqsini tomosha qilding mamnun, shod.
Ari uni yanglig‘ takror sadodan
Yangi ohang tinglab, so‘ng solding faryod:
Qanday yorug‘ sado!
Oh, haq bo‘lsayding,
Koshki, ishq ufqiday sochsaydi bir nur,
Zor dillarga, o‘shal yorug‘ ovozim,
Tiriklikka ato etsaydi surur.
Bilaman, bu so‘zga hech kim zor emas,
Havoyi qo‘shiqlar barchasi bekor.
Hech kimsa osmonning nigohi ichra
Boru yo‘qligiga qilmas e’tibor.
Fursat o‘tdi.
Xullas, ketmog‘im kerak,
Va tag‘in yo‘limda etaman davom.
Qay bir qadrdonga vidolar aytib,
Qay bir qadrdonga yo‘llayman salom.
Va sendan ham uzr so‘rayman, kechir,
Chunki, umidlarim o‘tkinchi, tushun.
Mendan to osmoniy xayoling qadar
Ming yillik yo‘l bordir uzundan-uzun.

MENI ADO AYLAMA EY, ISHQ!

Xullas, meni ado aylagin, ey, ishq,
Xullas, ey, olamim, menga ber to‘zim.
Xullas, meni ado aylagin butkul,
Ey, sen kunbotarning payti,
Ey, O‘lim!
So‘lg‘in fikrlarim shoxidan bir-bir
Kech kuzak gullari to‘kilmoqda jim.
Qanday qolay, aytgil, qaysi yo‘l bilan
Bekor borlig‘imni etdiray davom?
Netay, zulmat ichra birorta elchi
Keltirmasa najot yurtidan salom?
Yo keltirar…
Salom, ey, so‘nggi taskin!
Yana tiriklikka chorlagan sado.
So‘lg‘in nigohimni go‘zallikning keng
Bepoyon yo‘liga qaytargan nigoh.
Salom, ey, borlig‘i zulmat qa’riga
Quyoshning yog‘dusin to‘kkan ey, vujud.
Qo‘llaring jilosiz hayotimizga
To‘kib, baxsh ayladi savobu subut.
Koshki, bu salom hech bo‘lmasa tamom,
Koshki, so‘zga tashna qulog‘imizdan
Olis ketmasa bul quvonch sadosi.
Koshki, o‘z yo‘lidan ozmay ul nigoh,
Birikmasa yo‘qlik birla ul vujud.
Koshki, so‘lmasa ul ko‘kargan qo‘llar,
Koshki, koshki, koshki…
Kunduzni baxtli
Qilmoq uchun bitta quyosh kifoya.
Ey, sen quyoshdan-da yagona!
Bir zot
Quyoshligi yetar, yer aylanishin
Ma’nosi bilmaslik uchun nihoya.
Vujud harakati, qon aylanishi,
Tomir tebranishi odamlarni so‘ng
Eltar taraqqiyot avjiga qadar.
Bahorning tashrifi ushbu hayotga
Yangi mazmun ato etgay qanchalar.
Yorishar qorong‘i qalblarimizda
Nurning yaralgani – tonglardan xabar.
Qo‘shig‘in kuylaydi shod, masrur bo‘lib,
Qafas ichra mudrab yotgan qushchalar.
Xalqning tashvishlari topar osoyish,
Orif ishq samo’ga topar bir samo.
Kel, fazoni poklab,
Ochaylik o‘zni,
Xuddi, ochilmagan kitob yanglig‘ yo.
Kel, nisor etaylik bir-birimizga,
Dunyoning eng go‘zal so‘zlarin qator.
Qahraton bag‘rini etaylik bahor.
Kelgin, odamiy zot tirikligini
Eltaylik to o‘shal nur yo‘li qadar.
Fam-qayg‘uga botgan xalqning qalbiga
Shodlik kelganidan beraylik xabar.
Xullas, meni ado aylama, ey, ishq!
Ey, dunyo, sen meni aylama ado!
Ado qilma, ey, nur botgan kunbotar!
Qaytadan bor ayla, qaytadan paydo!

BULUT LIBOSIDAGI CHOL

Bulut –dag‘al yamoq
Kun ko‘ylagida.
Osmon ko‘zi to‘q, yer aylagach nazar.
Rayhon hidi ketgan yel dimog‘idan,
Ozib, suyaklari ko‘ringan shahar.
Suvlar qurib qolgan buloqda,
Qushlar
Kechasi nag‘masin unutgan bu dam.
Shaffof nigohlarni qoplagan parda,
Qoplagan ko‘zlarning qarog‘ini ham.
«Quyosh qani?..» So‘rdim bir yo‘lovchidan,
«Timsoh ketdimikan o‘g‘irlab uni?»
Nogoh hayrat bilan menga tikilib
Dedi: «Qizimisan Bobosaburning?»
To‘zg‘in sochi daryo maysalariga
O‘xshagan bir cholni esladim shu zum.
Kuzning bulutiday, tog‘ etagida
Yolg‘iz tizzasiga boshini qo‘yib,
Tinimsiz yomg‘irday yig‘lardi yum-yum.
Ehtimol, yig‘laydi, bahor umrining
Qisqaligi uchun.
Bul shahar ichra
Yagona zot o‘shal, vahshiy ko‘zining
Qa’rida bir olov asragan butun.
Beg‘araz dashnomi, allakimlarning
Nazokat, lutfidan yaxshiroq edi.
Telbaligi bilan, hushyor, sog‘lardan,
Pok yashardi, shuncha parishonligi
Bilan libos, to‘ni oq, oppoq edi.
Balki, timsoh edi – og‘zida quyosh,
Ey, voh, sensiz osmon ko‘zlari butkul
Qarog‘idan mahrum bo‘lgay, ey, quyosh.
Xayolimning qirmiz shafaqzorida
Bulut libosida bir chol boradir,
Ul, Men orasida o‘xshashlik nadir?

QOLGIM KELAR

Men yana yordirman yolg‘izligimga,
Eshiklarni ichdan tambalab yana
Tong yasayman zulmat ishxonasida.
Quyosh mug‘bachchasi bir soatdan so‘ng
Tuynukdan mo‘ralab aylaydi imo,
Uning nigohida – Zardusht manqali.
Marhabo, ey, o‘tni o‘chirguvchi o‘t!
Qorako‘z shaharda ko‘zingdan o‘zga
Hech ko‘z diydorimga zormas,
Ruhdoshlik
Sururin tuymaydi men birla hech kim.
Shaharni o‘padi azon sadosi,
Oh, tunning qulog‘i azon ohangin
Eshitib baxtiyor bo‘lgisi kelar.
Tunda gul hidini taratgan sabo
Funchalarga bo‘sa bergisi kelar.
Ayriliq nomasi ichra ko‘z yoshi
Qolgisi keladi bir nuqtasimon.
Osmon nur atridan uyg‘onmoq istar.
Assalom, ey, tong! Men rostini aytsam,
Bilgan so‘zimning eng go‘zali shudir,
Haqiqat nuri bor bu yorug‘ so‘zda.
Borligim nadir, ey, go‘zallik nuri,
Bir yor quvonchiga borligim asos
Bo‘lmasa-da, qolgim keladi tag‘in.
Yana azon sasin eshitgim kelar,
Quyosh mug‘bachchasi bilan ul xilvat
Xiyobonlar ichra sayr etgim kelar.
Yolg‘onimdan ko‘ra go‘zalroq o‘shal
Yer tarhini suygim kelmoqda tag‘in.
Ushbu shahar ichra qolgim kelmoqda,
O‘shal shohu darvish odamlar bilan,
Balki, tanholigim bilan…

O‘CHGAN RANGLAR

O‘shal ranglar butkul o‘zgacha edi,
Yoshlik ayyomining iliq ranglari,
Tonggi jilolarning tiniq ranglari.
Tong nadir?
Sarlavha – kun qissasiga.
Ul bir hikoyatdir, bila olmasman,
Qanday tamom bo‘lar uning oxiri.
Kel, biz so‘ylamaylik intihodan, kel.
So‘ylaylik ibtido, ko‘klam faslidan.
Tongda, supurgimning taronasidan
Uxlagan ko‘chalar olganda orom,
Kir arava ichra,
Xirgoyi qilib
O‘tardi bir yigit, ko‘z darchasidan
Mehribonlik salom berardi mudom.
Tong sabosi yanglig‘ muattar, mayin
Orzularim g‘avg‘o ko‘tarar edi,
Uning aravasi qarshisida lol.
O‘shanda ko‘rimsiz, loy ko‘chalardan
Yuksalardim marmar ufqlar qadar.
Kimnidir, qalbimga yaqin kimnidir
Chorlar edim,
Hech kim, Hech kim bilmasdi,
Ushoqqina, nozik bul vujud ichra
Dengizlar tug‘yoni mavjudligini.
Ushbu kun ham o‘tar bizning ko‘chadan,
O‘shanda ko‘rganim yosh yigit, ammo,
Endi u yigitmas, mag‘rur bir erkak,
Boshida – mo‘ynadan tikilgan qalpoq,
Loqaydlik g‘ubori – nigohlarida,
Yuragining bo‘m-bo‘sh olami – yaydoq,
O‘tib ketar beg‘am, dardsiz va hissiz,
O‘tar moshin bilan kuysiz, qo‘shiqsiz.
Degayman ortidan tortib oh-fig‘on:
Endi men ham emas tongga mehribon.

SHAKAR TA’MI

Jimlik – necha yillik umrimning ismi,
Butun hayotimning ismidir, balki.
Bu tun, zulmat, uxlab yotgan dev kabi
Og‘ir nafas olar,
Jim qoldim qo‘rqib.
Axir, kimni chorlay, kim bor, kim ham bor?
Qari jodugarday zamon
Hammani,
Jumladan, meni ham ayladi karaxt.
Endi men qarayman befarq va loqayd,
Shabnam hujumiga, sel hamlasiga,
Ruhim nolasiga solmasman quloq,
Havasim nigohin ul ko‘zboylog‘ich
Bahorga endi yor etmasman bu chog‘.
Shaytondan qo‘rqqanday, yilimdan qo‘rqib,
Jahon tilsimiga bo‘lmam mubtalo.
Behuda jo‘shgan g‘am, shodliklar aro.
Endi sovuq boqqum, ey, yor, ko‘zingga,
Endi men yodingdan axtarib najot,
Sen kabi kimnidir unutmoq yo‘lin
O‘rgataman (garchi, og‘ir) o‘zimga.
Og‘ir nafas olar, uxlagan devday
Bu tun zulmat…
Kimdir yo‘lladi salom.
Salom, ey, zulmatning zavoli, g‘amxo‘r,
Salom, ey, sadosi tosh niqobidan
Xaloslik haqida etgan xabardor.
Salom, ey sadosi tongdan bir darak,
Salom, ey, firoqdan bo‘zlayotgan nay,
Achchiq nolasida shakar ta’mi bor…

FARYOD TABASSUMI

Yuragim dardiga intizorlik deb
Nom qo‘ydim, ul – malol keltirgan zorlik,
Jahon kun, tunini qadim shahd bilan
Olib ketar,
Kimdir g‘ishtni g‘isht uzra
Ustma-ust tergancha uy ko‘taradi.
Kimdir yangi yilning ko‘ylagin tikar.
Kimdir bolasini olar bog‘chadan.
Kimdir yomg‘ir tekkan deraza ko‘zin
Yuvardi,
Va kimdir kelib-ketardi.
Faqat, men
Yuragim orzularini
Imkon mezonidan ortiq qo‘ygandim.
Faqat, men,
Jismimni qo‘ygandim tikib
Mudroqligim qa’rin qaerigadir.
Va juldur to‘n kiygan yupun borliqqa
Havasim rangi-la berardim pardoz.
Tunda haqiqatning nigohi edim,
Ertak to‘qirdim,
Kel, xullas, ko‘r baham
Ul ertak baxtin bul haqiqat bilan.
Kel, o‘shal parvozning vujudin ko‘rgin,
Faflat bosib ketgan bul zulmat bilan.
Ko‘r, labimda bitar yolg‘on qizillik
Tabassum,
Faryodning tabassumini.
Yuragim dardiga intizorlik deb
Nom qo‘ydim, bepoyon intizorliklar.
Bu so‘zni izohlab berishim qiyin.
Faqat, bilganim shu: To‘g‘ri, tiriklik
Chiroyli ko‘ylakdir, mening qaddimga,
Afsuski, afsuski, mos kelmaydi ul.
Xilvatda qayg‘uning hididan, ey, do‘st,
Sarxushman, yuragim to‘rvasidagi
Bir kulcha yurak-la ketgim bor tunda
Tomonsizlik sari, tomonsizlikka.

YANA OSHIQMAN

Kunbotardan, badbaxt kunbotardan so‘ng
Tiriklik zavqiga tag‘in burdim yuz.
Jon olguvchi makkor, qari kampirdan
Men jovdirab mehr kutaman hanuz.
Men – eshik ortida turgan kimsaga,
Toki, boqsin deya muhabbat bilan.

Tag‘in qanotimni qoqaman, ey, do‘st,
Isfaraning siymbol laylaklariday.
Nechog‘ fojiali, kulgili hayot,
Olti eshik, yetti ranglik saroyda.
Tag‘in necha kunlik fursatim bordir,
Qolsam bu g‘aroyib qasr bag‘rida.

Juda kech angladim, odamlar g‘amning
Yuziga tortganin kulgudan niqob.
Suv ichra baliqday baxtiyor ular,
Samandarday o‘tga sig‘inar shu tob.
Juda kech angladim, Haq qulog‘iga
Yoqar ekan shukur so‘zi behisob.

Kunbotardan, badbaxt kunbotardan so‘ng,
Yana tirik, yana oshiq bag‘irman.
Shodlik farishtasi, kulgum chirog‘i
Dilingga nur eltsin, qolgin men bilan.
Qara, bulut kiygan quyosh singari,
Janda ichidagi malikadirman.

DAVOM

Kelaman.
Ey, qalblar! Temir, qirmizi
Darvozalar, ey, siz, berk darvozalar!
Nechun barmoqlarim taqillatgan chog‘,
Ichki hayajondan qaltiramaysiz?
Nechun darvozaning ul tomonida
Yorug‘ intizorlik yo‘qdir,
Hech kimning
Qadam tovushlari kelmaydi yaqin?
Nechun bu qulflarni sindirib bo‘lmas?
Nechun ishq gavharin izlab, o‘g‘riday
Ostin-ustin qilib bo‘lmas xonani?
Yo eshik bor ko‘cha so‘ngida tag‘in,
Pinhon bog‘lar, nurli olmalar uchun,
Sof boshoqlar, qadim hamda jannatiy
Qush nag‘masi, yashil ariqlar uchun.
Mehr bersam deya, ma’yus ko‘zlari
Kimnidir axtargan bir odam uchun
Bitta ochiq eshik bordir, ehtimol.
Men degayman ko‘rib bul manzarani:
Bu qanday kun? Olam nechanchi kuni?
Kelaman.
Ko‘chani ilitar nogoh,
Maktabdan qaytguvchi bolalar sasi.
Bolalar izidan ko‘cha yuzida
Qoladi xilma-xil qand qog‘ozlari.
Ey, qanoti rangin qand qog‘ozlari!
Parvoz eting, farrosh kelgunga qadar.
Bu tun
Yuksaklikning ko‘chalarida
Yulduzlar pistasin chaqaman bir-bir,
Tong farroshi yetib kelguncha men ham.

YO‘L-YO‘LAKAY

Pardani ochaman,
Ko‘cha tomondan
Supurgining tig‘iz ovozi kelar.
Qo‘shni ayol tongni qutlamoq uchun,
Chiqdi supurgisin guldasta qilib.
Ariqdan suv olib yuvardi go‘yo,
Qo‘shni ayol, yerning beg‘ubor yuzin.
Angladim men uning buyukligini,
Ajal farishtasi yanglig‘ jang-jadal
Kirib kelganida sug‘urmoqqa jon.
To‘plar portlar edi,
Baland, kekkaygan
Chiroyli qasrlar ichra o‘shal dam.
Maktablar,
Bolalar bog‘chasi hamda
Go‘zal xiyobonu chamanzorda ham.
To‘plar portlar edi,
Yuragimizning
To‘plari – ko‘ylakning ul tomonida,
O‘liklar tobutda o‘tardi so‘ng bor,
Vahm bosgan elning kiftida ma’yus
Ravona bo‘lardi qabriston tomon…
O‘qlar qurshovida qolgan edi kuz.
Faqat, o‘sha ayol,
O‘limdan qo‘rqmay,
Ko‘cha supurardi g‘amgin holida.
Nahsni supurardi,
Hayotni yuvib,
Qaytaradi tag‘in o‘z maromiga.
Pardani ochaman,
Shoti uzra chol
Xomtok qilib bezar bahor bag‘rini.
Yaproqlar,
Uzumlar boshog‘i sirin
Anglaydi, tushunar bahor qalbini.
Ammo, men…
Bahorning siridan g‘ofil,
Bilmayman uzumlar boshog‘i sirin,
Mastlik asrori ham bo‘lmaydi nozil.
Mastlik nima o‘zi?
Pardani ochib,
Qo‘limni cho‘zaman uzgali gilos.
Yo‘q, bu gilosmas, bir qizil parranda,
Sozi jimligimga baxt berdi biroz.
Yo‘q, bu parrandamas, quyoshdir porloq,
Bir quyosh, o‘zining kengligi bilan
Nozik kaftlarimga sig‘maydi, biroq.
Yo‘q, bu quyosh emas,
Bir haqiqat bu.
Ya’ni, sening qalbing – guzal, yarqiroq!
Pardani ochaman,
Tong nurlarining
Cheksiz qudratiga qoldirmay to‘siq.
Muattar fazoda
Gul bilan bulbul
Juftligidan paydo bo‘lar bir qo‘shiq.
Qara, cheksizlikda qanot qoqqan ul
Oq parranda yolg‘iz ruhimdir mushtoq.
Kelgin, sen ham endi och pardalarni,
Hamda tiriklikning javhariga boq.
Tiriklik ne o‘zi?
Kimga – yo‘lma-yo‘l,
Ketib, yemirilib, ozaymoqdir ul.
Kimgadir tiriklik – ketib yo‘lma-yo‘l,
Kengayib, ko‘payib ketmoqdir butkul.

KELAJAK NOMASI

Oldingi ko‘rkidan asar qolmagan
Zaif sochlarimga taqaman gulbog‘.
Shundayin kulgili holatim bilan
Bormoqdaman yangi asrga bu chog‘.
Ertangi kun tomon borgum, yodida
Saqlaydi, bilmayman, kimning madhini,
Kimningdir ko‘zida mehr cho‘g‘ini,
Kimning borlig‘ida mardlikning aslin,
Qaysidir ko‘zguda poklik javharin,
Qaysidir javharda haqiqat aksin
Balqqanini ko‘rmoq umidi bilan
Ertangi kun tomon boraman tag‘in.
Yangi asr kelar. Soat o‘n ikki.
Lojuvard osmonda zar mushaklarning
Parvozi naqadar go‘zal, ming yillik
Osmon, xuddi, yangi go‘dakday boqar
Yangi ming yillikka sokin va loqayd.
Xurram yoshligini navqiron qizlar
Shahar markaziga, chirog‘istonga
Hamda jilozorga eltar bu kecha.
Ertaning sadosin eshitdingizmi?
Xasta dillar! Chiqing umidsizlikdan.
Bir arava tappak birla bir kampir
Yigirma birinchi asrga borar,
Chiqib yigirmanchi asr qa’ridan.
Tentirab qahraton ko‘chalarida,
Bir bola kun bo‘yi muzqaymoq sotar.
Gado kelar yangi asrga kirib,
Mung‘ayib, qo‘llari bo‘m-bo‘sh holida.
Balki, u shoh bo‘lar yangi asrda,
Balki, qolib ketar gadoligicha.
Bir notavon erkak uyiga shoshar,
Ul erkak, umrida ilk bor, ehtimol,
Xo‘rozqand eltmoqda bolalariga.
Shundan keyin ham ey, birodarginam!
Fikrlaring – gullar qurshovida band.
Koshki, lazzat bersa sening, dunyoning
Turmushiga o‘shal mo‘‘jaz xo‘rozqand.
Alvido, ey, eski asrda qolgan
Baxtli bolaligim,
Ey, muattar tong,
Ey, gullab-yashnagan shomlar, yosuman
Xush atriga to‘lgan yodgorim, yodim.
Madhu maqtovlarning vujudi ichra
Qolib ketgan ey, ishq, shirin titrog‘im.
Alvido, ey, poklik,
Bokiralikning
Cho‘qqisida turgan shafqat, mehribon.
Ey, siz, murg‘aklarim, qizaloqlarim,
Suvratida – ko‘klam nuridan nishon.
Keling, o‘pay sodda ko‘zlaringizdan,
Sizda go‘daklikka hurmatim haqqi,
Ona buyukligin hurmati haqqi,
Kimni suygan bo‘lsam, o‘shalar haqqi,
Ushbu tiriklikka aytaman sano.
Yana kulib, yig‘lab,
Osaman yoniq
Yuragimni sun’iy archa shoxiga.
Ya’ni, borlig‘imni ulayman o‘shal
Ertaning oqimi va ummoniga.
Alvido, muhabbat.
Yo‘q, istamayman
Sendan judolikni,
Salom, muhabbat!
Salom, ko‘zlarimga go‘zal nigohing
Armug‘on aylagan ey, aziz nigoh.
Salom, borlig‘imni, yangi asrga
Xasta vujudimni eltgan chog‘imda
Mening qo‘llarimdan tutgan, aziz qo‘l.
Salom, ertangi kun ostonasida
Turgan ey, mehribon,
Qutlug‘ saloming
Aylansin ertaning taronasiga.
Xullas, yangi asr kengliklariga
Boraman, sochimga taqqancha gulbog‘.
Qo‘lda pok tong qutlovnomasin tutib,
Xullas, eshigimning yonginasida
Bir elchi, yo‘limga turibdi mushtoq.

BAHOR QOLADI

Azizim, qaydasan, bahor o‘tmoqda.
(«Chaqmoq hamlasi» kitobidan)

Olmanig chirog‘i shoxlarda qolar,
Suv so‘zi ariqda – chohlarda qolar,
Dilim dilingga zor ohlarda qolar,
Bahor o‘tarmikan yo bahor qolar,
Bahor qoladi!

Gul umrin nahori qaytib kelmaydi,
Bulbul nola, zori qaytib kelmaydi,
Oroyishlar ori qaytib kelmaydi,
Noma ichida bir gul yodgor qolar,
Bahor o‘tarmikan yo bahor qolar,
Bahor qoladi!

Salom, yashil noma, ko‘klam davomi,
Darchani och, kirsin ko‘klam salomi,
Ko‘zing kuylar bahor o‘ch-intiqomin,
Gar nomangdan yashil g‘ubor qoladi,
Bahor qoladi!

Olmaning chirog‘i shoxlarda qolar,
Suv so‘zi ariqda – chohlarda qolar,
Dilim dilingga zor ohlarda qolar,
Hurmatimiz haqqi, bahor qoladi,
Bahor qoladi!

NOTAMOM

Ey, ishq, mening senga aytar so‘zim bor,
Ey, erta, senga ham bor mening so‘zim.
Senga so‘zim bordir, ey, sadbarg guli,
Eshigim oldida yo‘talmay burun,
Bir musofir erkak, ya’ni ul O‘lim.
Ey, aql! Ey, qari faylasuf!
Sendan
Hamda falsafangdan ko‘nglim g‘ash shu tob.
Ta’mirlash o‘rniga
Aylading xarob.
Oddiy, sodda bo‘lmoq nechog‘lik go‘zal,
Oddiy o‘ylab,
Oddiy so‘ylamoq butkul.
Oddiy kiyinmoqlik,
Oddiy va sodda
Chin yurakdan sevmoq,
Shodlik, g‘am, hijron,
Vaslni ham oddiy aylamoq qabul.
Koshki, g‘aliz o‘ydan bo‘lsaydik nari,
Otsaydik yurakni ko‘krakdan uzib.
Boraman asabiy asr oralab,
Mehribonlik izlab, mehrni kutib.
Ey, do‘st,
Qahratonning sovuq tongida,
Hovlimizda olma daraxti uzra
Chumchuqlarning nechog‘ ko‘pligin qara.
Keksa vujudida
Qanchalar g‘urur,
Mehr, iftixorning g‘unchalari bor
Bir farishta daraxt
Qo‘shiqlarga kon
Yuragida hanuz yashnaydi bahor.
Ey, ishq, mening senga aytar so‘zim bor,
Ey, erta, senga ham aytar so‘zim – shul.
Senga so‘zim bordir, ey, olma guli,
Bu dam qafasida yonib, o‘rtanib,
Ayriliq qo‘shig‘in kuylar bir bulbul.

YASHIL BAHONA

O‘tdi, dard ham o‘tdi,
O‘tdi nozlar g‘avg‘osi,
O‘tdi yonish lazzatlari, go‘zal va xurram.
Bolaligim o‘tdi,
O‘tdi yoshlik g‘o‘rligi,
O‘tib ketdi uzun-qisqa afsonalar ham.
Bir tun
Kuzak shoxlaridan g‘arq pishgan behi
Egilganda va uning xush bo‘yidan beg‘am,
Og‘zi ochiq oftobalar mast bo‘lgan tunda
Osmon sari safar qildi rahmatlik enam.
Endi esa, o‘tib ketgan yillar bag‘ridan
Qushlar yana kuzak tomon qildilar safar.
Ul ezgulik motamining ma’rakasiga
Yetib keldi mehmon bo‘lib,
Yetganda xabar.
Endi g‘amdan zada bo‘lgan qushlar ozurda,
Olib ketar mahzun bahor janozasini.
Qo‘l yetmagan kengliklarga ketarlar olib,
Kuylanmagan qo‘shig‘ini, taronasini.
O‘tib ketdi nag‘malar ham,
Parda ortining
Sadolari qartaydi va uy burchagida
Eski soat yigirma to‘rt marta urdi bong,
Nag‘maxonlik uchun bizlar kechikdik juda.
Kel, «Xayrli tun» so‘zi bilan, sadosi bilan,
O‘tayotgan kunni yakun aylaylik bekor.
O‘tdi, kun ham o‘tdi,
Yonib-kuymoq ham o‘tdi,
O‘tdi ishq ham…
Yo‘q! Ming bor yo‘q! Ishq o‘tmas zinhor.
Bahor qaytar ma’sum quvonch bilan,
Bag‘irdan
Joy beraylik, aytib unga zorligimizni.
Kelgin, yana yashillikning bahonasida
Shodlikka g‘arq etaylik o‘z borlig‘imizni.

IBTIDO

Salom, yorug‘ tongim, sahar jarangi,
Salom, haqiqiy tong, har bir zarrangda
Odamiy zot chiqar balqib har sahar.
Salom, ey, pokiza, shaffof nigohi
osmoniy chashmadan keltirgan xabar!
Salom, ey, motamdan bezgan qalbimga
Qaytib kelgan go‘zal orzular, to‘kin.
Bahorsiz umrimga, ko‘zlaring haqqi,
Qaytib kelganliging muborak bo‘lsin!
Sengacha o‘ylardim,
Taqvimim to‘lgan,
Baxtim zavolimning xutbasin o‘qir.
Tong – yodimda mangu qadimiy xayol,
Shodlik – bolaligim tilla sirg‘asi.
Sengacha o‘ylardim, qartaygan bari,
Yer, osmon, tiriklik, yoshligu bahor.
Bari nursiz – so‘zlar, kulgi, nigohlar,
Suvratlar, yuraklar ichra neki bor.
Yo‘q, yo‘q, yo‘q! Barchasi qartaygan emas,
Yog‘dudan ayromas butkul bu hayot.
Faqat, men qarigan, Bir men…
Sezardim
So‘ngim yaqinligin,
Yo‘qligin najot.
Tag‘in eshik ochib dunyoga, ko‘rdim,
Hayot – kelib-ketmoq ekan bema’ni.
Sirtdan qaraganda do‘stday hasadgo‘y,
Do‘st deb o‘ylar edim men o‘shalarni.
Latif kulgusida xusumati bor,
Chiroyli so‘zida – yolg‘on g‘ubori.
Voh, nechun yengimda ilonlar nihon!
Hammadan voz kechdim,
Men kimlargadir
Na salom yo‘lladim va na o‘shanda
Tonglar pokligiga keltirdim imon.
Sovuq borlig‘imni yangi kun bilan
Qutlab, uy supurgim kelardi,
Qay bir
Qadami qutlug‘ning hurmati uchun.
Oynalarni yuvib,
Qay bir nigohni
Quvontirgim, sado bersa telefon,
Tinmay parvoz etgim kelardi butun.
Derdim: Yo‘q! Hafsala topgandir tinim.
Guldonlar suvsizdir anchadan buyon,
Qo‘ylarga beraman, gul keltirsa kim,
Topshirgum shamolga, kim bersa salom,
Kimdandir xat kelsa, bermasman javob.
Bir kun qo‘shni ayol dedi: Singiljon!
Ber menga keraksiz gazetalarni.
Yoyaman uyimning tokchalariga.
Gazetalar? Bari sarg‘ayib ketgan.
Xayr, almisoqdan qolgan xabarlar,
Dilgir maqolalar, taqvimiy she’rlar.
Men ham gazetaman, sarg‘ayib ketgan,
Gazetaman – hech kim o‘qimaydigan,
Hamda yuraklarni aylaguvchi g‘ash,
Xalqning dardi emas,
Havoyi gaplar,
Begona o‘t kabi sovuq va dag‘al
So‘zlarga, gumrohlik, afsonalarga
To‘lgan muzofotning gazetasiman.
Ey, quyosh! Sen ham bir gazeta, ammo,
Bir ulug‘ asarsan,
Zehnim past bukun,
Seni anglamoqqa aqlim yetmaydi.
Ko‘r, suvsizlik, gazsiz, chiroqsizlikda
Mog‘or bosib ketdi masjidlarni ham.

Endi nafaslarni kim poklar yuvib,
Endi kim ma’rifat do‘konin ochar?
Javharsiz balchiqlar ichra tubanlab,
Endi kim ko‘ngilning farqiga borar?!
Insoniyat yetdi ma’rifatning ul
Baland cho‘qqisiga, va lekin, afsus,
Bir oddiy narsa yo‘q bu cho‘qqi uzra,
Ya’ni, mehr yo‘qdir, oddiygina his.
Qanchalar shirindir go‘daklik hidi,
Qarilikning hidi qanchalar g‘aliz.
Ul Odamu Havo go‘dak edilar,
Bashar go‘dak edi,
Gullar go‘dak edi,
Osmon go‘dak edi,
Ishq go‘dak edi.
Xullas, insoniyat – qari,
Ma’rifat –
Milyon yillik daraxt mevasi, chirik.
Qanchalik behuda ishim,
Olamdan
Poklik axtardim va qildim himoya
Bekorga (yo yo‘qmi?) iffatimni ham.

Kim uchun? Ul zavol uchunmi?
Hurning
Pokligi ustidan fohisha kulgan
Kelajak uchunmi?
Tong yoqasidan
Kir axtargan osiy xalq uchunmi ul?
Haqqim bormi
O‘shal fisqu fujurning
Oqimiga o‘zni uloqtirgani?
Haqqim bormi, tushsam baland cho‘qqimdan?
Xiyonat qilgani haqqim bormi, ayt,
Haq ishqiga yo o‘z haqiqatimga?
Gohida o‘ylardim, yo zahar ichib,
Etsammikin deya umrimni tamom.
Men bunda netaman,
Imon yo‘qolib,
Go‘zallik qolmagan bo‘lsa,
Yolg‘onning
Huquqi olamda bo‘lsa mukammal.
Vafodan ham baland bo‘lsa, xiyonat
Martaba, maqomi
Hamda ezgulik
Hech kimning xulqida bo‘lmasa paydo,
Netay?!..
Tag‘in derdim: Astag‘firulloh!
Tavba qildim, meni kechir, Xudojon!
Bu so‘zlarni boshqa takrorlamayman.
Sen kelding. Hayotni yuvding. Qaytadan
Famgin lahzalarga berding baxt ta’min.
Hasham cho‘qqisidan,
Ey, hayrat shohi,
Kelding, kelmasang ham
Bundan so‘ng deyman:
Salom, yorug‘ sado,
Haqiqat tongi,
Salom, ey, benazir,
Bu ruhsiz jahon
Sen bilan ruhoniy bo‘ldi, ruhga yor!
Salom, ey, saloming yuragim ichra
Ungan tiriklikka bo‘ldi ibtido.

NIGOH FURSATI

Nechun fursat topolmaymiz nigohga, nechun
Qadam bosish fursati yo‘q, quloqlar karaxt.
Mehribon so‘z aytib.
So‘lim bahor bog‘iga,
Derazani ochishga ham topolmaymiz vaqt.
Shunday ekan, nechun gullar qizarar buncha,
Qaysidir ko‘z nigohidan tortib xijolat?
Kimning yodi uchun o‘zin yoqar yulduzlar,
Qushlar qaysi xayrixohga aylar qiroat?
Nechun chigil, egri-to‘g‘ri yo‘llar chuvalib,
Fanimlarni bir-biriga aylar yuzma-yuz?
Nechun tiyrak nigoh bilan osmon,
Yerliklar
Qismatini bir-biriga bog‘laydi hanuz?
Shunday ekan, nechun dilni o‘rtab vahima,
Azob berar odamzodning yarim ahliga?
Yordam berar, g‘urur berar,
Shodlik, baxt berar,
Odamlarning saralangan, qolgan yarmiga?
Oh, bo‘y cho‘zgan vahm, dilni o‘rtagan gumon,
Dunyo bag‘rin teshib o‘tar bamisoli o‘q.
Olamda eng oliy maqom, ya’ni Go‘zallik!
Nega nigoh tashlamoqqa fursatimiz yo‘q?
Hur bog‘larda to‘kilar tut,
Ari, chumchuqqa
Hamroh bo‘lib mahallaning bolalari ham
Lazzatlanib quvonishar tut bayramida.
Hayot nima?
Kimga motam, kimgadir bayram.
Ey, do‘st!
Hali shodlik uchun bordir bahona,
Sen bahorning turfa, rangin holatiga boq.
Taralmoqda ul tongo‘par qo‘shiqlar yana,
Gulgun hayot kechirmoqda har gul, har yaproq.
Chamanlarning navqironlik pallasiga boq,
Yetilgan dasht va sahrolar aylagay xanda.
Tuyg‘ulari jo‘shib, hatto, entikadi tosh,
Yomg‘ir suvi va sururi tomchilaganda.
Ajablanmang, mingga kirgan yurak ham ilk bor
Ishq so‘zini tilga olsa, ishq desa betin.
Ey, muslimlar!
Kimki bomdod, tong namozini
Ado etsa, ma’zur tuting, peshindan keyin.
Hayot!
Nechun yo‘qdir bizda nigoh fursati?
Senga tomon ishq taratar ko‘zlarim bu dam.
Senga, senga yor, hamnafas bo‘lganlarga ham.
Senga, senga, ey, do‘stlikning cho‘qqilari tik,
Senga, senga, o‘xshashi yo‘q ,asil ezgulik!

ISHQ NORVONI

Yuksalaylik, Mavlo!
Norvon – shu yerda.
Zuhrayu Parvindan yorishgan fazo.
Yorug‘ mo‘‘jizalar burjiga tomon,
Ikki tanholikka baxt etgan ato,
Go‘zal yuksaklikka eltguvchi norvon.
Osmon, ul bir ko‘zli osmon zavqlanar,
Yalang‘och qalblarni tomosha aylab.
Yuksalaylik, Mavlo,
Tubanlik ichra
Fayirlar o‘zining aziz umrini
O‘tkazar o‘zgalar aybini sanab.
Nogoh badmast ota musht ko‘targanda,
Qo‘rquvdan titraydi bolalar, axir.
Bozorda hammollik qilar, kovushi
Yirtilgan bir go‘dak, yelkasi yag‘ir.
Bemor qichqiradi yomon tush ko‘rib,
Bir ayol soatlab qabog‘in bezar.
Ammo, yetti xil rang chaplagan bilan,
Ko‘zlari boqadi ma’nosiz va g‘ar.
Kimdir, nigohida – eski xusumat,
Zaqqum hayotini davom etdirar.
Tinchlan, qalb, ne samar ushbu sanoqdan?
Bilmaysan sen ham, baxt yo‘li qaydadir.
Bir yaraga malham emassan
Sen ham
Bilmaysan, tiriklik ma’nosi nadir.
Yuksalaylik, Mavlo!
Norvon – shu yerda.
Mohtobiy o‘rikni tatiylik bukun.
Toki, bulbullarning oshyoni ichra
Mittigina bir juft tuxumni ko‘rib,
Qaytmoq, sevmoq hamda bor bulmoq uchun
Yuksalaylik, Mavlo!

MUJDA

Kuzak o‘tib ketdi.
Qirmizi anor
Bilmaydi bu xasta dunyo ne uchun
Kamqonlik dardiga bo‘lgan mubtalo.
Ariqning bo‘yida o‘sgan yovvoyi
Beorgul o‘ziga o‘zi shivirlab
Deydi: Sarg‘g‘ayaymi, sarg‘aymaymi yo?
Sira sarg‘aymagin, jonim, yodimda
Tag‘in bir-ikki kun yashab tur gulgun.
Taqvim jadvalida tabassum qilgin,
O‘jar qadrdonim, hurmatim uchun.
Salom, dunyo!
Salom, sirlari ko‘chgan
Eski ko‘zgudagi ey, yangi tasvir,
Salom, hayot, salom, ey, nurli tongim!
Meni qutla, keldim tag‘in sen tomon.
Meni qutla, tag‘in kuylayman shodon.
Men yana tirildim, kelmas ishongim.
Chunki, men o‘ylardim, yoshli ko‘zimni
Qutlagani kelmas kulgi jamoli.
Rahmat, g‘ayb tabibi,
Ey, yorug‘ xabar,
Ey, sen go‘zallikning tengsiz kamoli!
Sen bul qadim zamon maqbarasini
Aylading nechog‘lik ko‘rkam va nafis.
Xaroba boyqushin jannat bog‘ining
Qushi deb atading, bezavol, aziz.
Ko‘zlaring ko‘zimga hamdard bo‘ldilar,
Ey, ezgulik, saxo taratgan jilo!
Kuz o‘tdi… Saodat cho‘qqisi uzra
Kimdir xastalarning ko‘tardi qaddin.
O‘z yo‘lin yo‘qotgan yuraklarni ham
Tariqat yo‘liga chorladi yana.

BAQO JILVASI

Sen, ey, beg‘am yoshligimning davomnomasi,
Sen, ey, umid lablarida balqigan xanda,
Sen, ey, foniy umrim ichra saxovat bilan
Boqiy jilva to‘kayotgan beg‘araz banda,
Porla, o‘shal muhabbatim hurmati, porla!

Kezgim kelar shamol kabi to‘zib, tentirab,
Bu sargashta, shaddod bahor bag‘rida tamom.
Ovozim ham yetib borsa tonglarga qadar,
Salom, senga, ey, kamnamo quyoshim, salom,
Xoksorlarning nimqorong‘i saroyi ichra,
Ey, osmondan bashoratim qurbati, porla!

Firog‘ing ham tutqun emas visol domiga,
Xayoling ham xayolimdan ketmaydi bu dam.
Ayt, qaerda, avjning qay bir maqomidadir,
Sening arshing, ey, payg‘ombar – muborakqadam?
Ko‘chalarning ko‘zlari ko‘r bo‘lgan bu tunda,
Hidoyatim yulduzlarin shu’lasi, porla!

Xazinabon bo‘ldi dilim roz, orzularga,
Senga ochay qaysi birin xarobasini.
Oqillikning tik yo‘liday qalqonman o‘zim,
Qo‘ygil, tortay endi junun arobasini.
Sen, ey, sen, ey, chala so‘fi, chala devona,
Junun, fitrat birligining turbati, porla!

Yurakka jon ato etay, bo‘lgin bahona,
Gar ajaldan elchi kelsa unga pand beray.
Kelib ketgil, kelib ketgil, kelib ketaver,
To intizor umrga men bir zum tan beray.
Sen, ey, munis tirikligim olis shu’lasi,
Hijratimning ming yildan so‘ng muhlati, porla!

* * *

Chaqmoq chaqqan bu osmon – singan oynadir go‘yo,
Yomg‘ir – bulut egnidan qolgan ipak porasi.
Chaqmoq ufq chinnisin bezar zarrin suv bilan,
Bulut gul varog‘idan yuvar g‘ubor nomasin.

Quyoshligim, o‘xshatding meni sovuq bulutga,
Bulut ko‘zidan sachrar osmonso‘z barq sharori.
Zohiringga nazar sol, ipakdandirman, ammo,
Yuz taroqni sindirgay kokilimning bir tori.

Ming afsus, to‘kilgaysan, asray olmasman seni,
Kiprikdagi ko‘z yoshday meva tukan g‘ubori.
Devonaligu viqor – qo‘shni, go‘yo sho‘x daryo
Famgin, xasta qirg‘oqning bo‘lganday xesh-tabori.

Ko‘zingdagi kiyikni qo‘yvor ko‘zim yeriga,
Zero, mehring giyohin ko‘zimdadir sahori.(1)
Zulayhoning uyiday sensan olti tomonim,
«Qayga qochay sendan, ey, dilimning ixtiyori».(2)
____________
1-sahro.
2-Rumiy satri.

NOAYONLIK

Barchamizning borar yo‘limiz birdir,
O‘tkinchi shitoblar ne kerak, axir?
Garchand, men bilaman bu haqiqatni,
Nafasni nafasga ulayman tag‘in.
Suv betiga quyosh muhrini o‘yar,
Duraxshon olmosdan
Yaraqlagan shom.
Ketarman yo‘llarni yoqalab dilgir,
Hech kimni kutmasman, shoshmasman tamom.
Nechog‘lik osiyman, dalli-devona,
Shamoldek devona bo‘laman beg‘am.
Nechog‘lik orifman, nechog‘lik baland,
Ma’sumroqdir ruhim tong ruhidan ham.
Ketgim kelar baqo suvin so‘roqlab,
Tag‘in o‘sha tubsiz yo‘qlikka tomon.
Sening visolingday menga intizor,
O‘shal osongina topshirmoqlik jon.
Azizim, yagonam, ma’no axtarib,
Anglamoq qiyindir holingni hanuz.
Oshno bo‘lay desam ishqingga, biroq,
Kech bo‘ldi, kech bo‘ldi, kech bo‘ldi, afsus…

SINIQCHI

Oy o‘rog‘i bilan juldur kiygan shom
O‘radi kunduzdan yog‘du bir tutam.
Ishqni supuradi cho‘ltoq supurgi,
Zulmat sadog‘iga ufq bo‘lar jam.
Nogoh titrab-qaqshab ketar daraxtzor,
Qahraton suyagi, eti misoli.
Ming yillik tuyg‘usiz, qurigan daryo
Ko‘zga o‘xshar, biroq, nigohdan xoli.
Men kimning ko‘ziga boqmayin, unda
O‘xshovsiz tirjayar shaytoni lain.
Najot yo‘llab kimdir bog‘lar olisda,
Umidimning chil-chil singan suyagin.

YARIM YO‘LDA

Ohista kezaman,
Qoldirib sokin
Shamollar uchrashgan ko‘chalarda iz.
Yovvoyi xandasi birla to‘rvamga
Chang solmoqchi bo‘lar bir devona qiz.
Bilmaydi to‘rvamning bo‘shligin, biroq,
To‘rvamda hech vaqo yo‘qdir ushbu payt.
Neki qolgan bo‘lsa, neki bor bo‘lsa,
Olis xotiralar yodi bor, faqat.
Ey, oshiq shamollar, oshiq shamollar!
Yo‘limni bog‘lagan uch ko‘zli chiroq.
Sizning yo‘llaringiz hamisha ochiq,
Har olti tomonga yelgaysiz, biroq.
Ammo, o‘z yo‘lidan ketgay adashib,
Garchi, yo‘l bosadi bilmasdan tinim.
Adashib ketadi, qayga bormasin,
Hayratning qasriga tushgan bo‘lsa kim.
Yuksakka eltuvchi, ey, uzun yo‘llar,
Ul do‘st uyi qayda? Qayda tal’ati?
Behuda yurmoqdan oyog‘im tolar,
Ey, yor, ostonangman,
Baqo sarhadi.
Och eshik, ul yorug‘ nigohing bilan
Non beray eng so‘nggi umidim uchun.
Ko‘klam qasidasin so‘ylagin menga,
Men taqdir hukmini eshitmay burun.
Ohista kezaman,
Rayhonning atri
Taralgan ko‘chada tentirab sokin.
Rustam(1) kamonidan uzilgan o‘qlar
Sindirar falakning shisha nigohin.
____________
1-«Shohnoma» qahramoni, Zolning o‘g‘li.

DAQQI YUNUS TANGASI

Tongning suvlar oqqan ko‘zida billur
Yomg‘ir nilufari ochilar bir-bir.
Garchand, kelmasa-da hech kim yo‘l bosib,
Ko‘zim yo‘l qaraydi olib xavotir.
Oynaning xira, tund basharasiga
Bundan keyin ohim tortadi parda.
Yaxshi bo‘ldi, olib keding taningni,
Uzib nigohimning tilsimlaridan.
Yaxshi bo‘ldi, mening yorug‘ yodimni
Yodingdan chiqarib qutilding birdan.
Kumush edi bizni bog‘lagan halqa,
Sindirding sen uni kipriging bilan.
Bozor shovqinidan yiroqman endi,
Qoldi Daqqi Yunus tangasiday gar.
Baliq qornidan ham qorong‘u olam,
Men gung, ko‘zi bog‘liq Yunusdan battar.
O‘zimcha bahona topaman o‘ylab,
Go‘zal deb atamoq uchun hayotni.
Kosasi oqarmay qolgan jahondan
Tatidim bu ko‘nglim tusagan totni.
Yomg‘ir tun devining xorpanjasidan
Joy olgan Sulaymon uzugi yanglig‘.
Zulmatning poyiga qular bir avlod,
Imon ko‘kragiga urilganda tig‘.

OLIS SADO

Ey, do‘stim, dugonam – yo‘llari olis,
Ogohmisan, og‘di yarmidan kun ham?
Ko‘klam ketib, keldi yozning pallasi,
Famingdan ko‘zlarim yaratdi shabnam.
Maysa, butoqlarning o‘chdi oq rangi,
Yirtildi hayosiz quyosh ko‘ylagi.
Junundan sabrga, toqatga yetdik,
«Afsus»dan boshqa so‘z aytomay labim.
Havasim to‘kildi kuzgi bog‘ kabi,
Tirik orzular ham qolmadi chog‘i.
Ya’ni, o‘tdi javlon urish fursati,
Qo‘shig‘imdan to‘ydi zamon qulog‘i.
Menda bir nur o‘ldi, muborak bir nur,
Taskin ber, taqdirga berolmasam tan.
Yozaver, yozaver kimni sog‘insang,
Olisdagi do‘stlar qadim bazmidan.

Nechun sadolaring emaslar yovuq,
Jimliging sovuqdir, sovuqdan-sovuq?..

FOL

Titrayotgan kaft kabi eng oxirgi yaproqni
Kaftimga lo‘liyona olib asta ochdim fol.
Yaproq dedi: «Ey, xira, holimga boq, ketarman,
Meni yo‘qlik qa’ridan qutqarolmaysan. Xush qol!..»

Men ham bo‘lay deb u kun bu yaproqqa hamqismat,
Chora izlab yig‘ladim taqdir bergan jafoga.
Lekin, afsus bu safar tushmadi yo‘l boshida,
Barno Yusuf nazari qartaygan Zulayhoga.

BORU YO‘Q ARO

Lahzalar yig‘ilgan lahza ne?
— Hayot!
Lahzalar suvrati, naqshi ne?
— Mamot!
Necha marta o‘shal bordan yo‘q qadar
Chodirini yoyar tong nilufari.
Necha bor qo‘nadi eshik yonida,
Olma, gilos uzra gul bulutlari.
Necha bor bujmayar darcham ortida
Yosumanning yashil, ho‘l butoqlari.
Necha bor chuchkurar,
Xonaqohidan
Shafaq, tashqariga chiqqan chog‘lari.
Bog‘ bog‘da, barg bargda, shox shoxda.
Ey, do‘st,
Eshitdingmi, quyosh chuchkurdi noxos.
Gumon qo‘rg‘onidan ketarman endi,
Quyosh, chambarakli chodiringni yoz.
Necha bor bong chalar
Minglab to‘dalar,
Chaman bayramida qator va qator.
Bahorning bulutli osmoni, hali
Ochilmagan gulni, devor ortida
Bo‘salarga ko‘mib tashlar necha bor.
Deraza ortida ismsiz qushim
Necha bor nolidi,
So‘ngimga qadar
Qancha qasidalar qolib ketdi jim.
Necha marta o‘shal bordan yo‘q qadar
Yuz burib haqiqat mehrobi tomon,
O‘zimizni yoydik joynamoz qilib,
Orzugacha tiklab chiroyli norvon,
Necha bor yuksalib ojizlikdan biz,
Necha marta tushdik undan yiqilib.
Bordan yo‘qqa qadar
Lablarimizdan
Yolg‘onlar to‘kilib ketdi necha bor.
Ko‘zgu o‘zgartirdi tasvirimizni,
Bosh kosasi ichra joduning suvin
Solib, xato ochib ta’birimizni,
Folbinlar to‘ntarib ketdi necha bor,
Ne-ne kosalarin, taqdirimizning.
Ey, yor, samoviy yor!
Boru yo‘q aro
Yetarmi salomim,
Aliging kelib?
Turibman boru yo‘q aro o‘zimni
Qabul javobingga intizor etib.
Ey, yor, samoviy yor!
Boru yo‘q aro
Kin, g‘araz olovi, ayt, nechun kerak?
Balki, ul boru yo‘q tomonida ham
Jannat, do‘zax bor,
Jang-jadal bor, demak.
Odamzod ilmu fan cho‘qqisi uzra
Ishqini tejaydi yurakdan, yordan.
O‘tganlar umrida qoldi ishq, balki,
Kimni axtaraman behudazordan?
Ey, yor, ey, yerlik, yor!
Boru yo‘q aro
Xiyobon bor, salqin, uzun xiyobon.
Ikkimiz yo‘lma-yo‘l ul xiyobonga
Gullar tikmog‘imiz kerakdir, ishon.
Ey, tiniq javhari – Xurmuzd ko‘zgusi,
Ko‘zgudan haydaylik zulmatning zangin.
Biz o‘shal boru yo‘q orasidan tez
O‘taylik, ey, do‘st, yo qolaylik g‘amgin.

BAHOR KELGUSIDIR

Qayg‘u ta’mi qanday, ey, qadrdon do‘st?
Yolg‘izlik ma’nosi nadir,
Xilvatda
Anglamak quyoshning yaktoligini?
Tasvir yolg‘izligin chorcho‘pda anglab,
Ko‘ksimizda yurak tanholigini?
Hayot bizni tortar,
Baland qorlari
Odamlar boshiga yog‘ib, yo‘lma-yo‘l,
Kulgi uyidagi ko‘zguday yuzni
Kulgili ko‘rsatgan ko‘cha tomonga.
Oyoqlar yodidan chiqardi mavzun
Qadam tovushining ohangini ham.
Qo‘llar gulgunaning zavqli kulgusin
Yashil ariqlardan topolmas bu dam.
Ko‘ngillar… Ko‘ngillar… Etolmaydi his
Ishqning qudratin,
Yo yo‘qmi? Bilmadim.
Lek, bilaman, do‘stim, qaytish yo‘li bor,
Xotira ko‘zgusin yarqiroq yo‘li.
Biz tag‘in yetamiz o‘sha yo‘llardan
Mo‘‘jizalar faslin soddaligiga.
Salom, singilginam! Deb sen ilk aytgan
Hur, harir bahorning tozaligiga.
O‘n olti yoshligim suvrati ichra
Ming yoshli go‘dakning ruhi yashardi.
Xatlaring ko‘zimni yorishtirdi so‘ng,
Xatlaring – fors nazmin cho‘ng ma’rifati.
Maskov kaptarlari sendan «Shohnoma»
Eshitib, Simurg‘ga qildi so‘ng hasad.
Maydonda saf tortgan xushqad qayinlar
Hofizning tik qaddin qutlardi, faqat.
Cherkovda yangragan qo‘ng‘iroq sasi
Sa’diy karvonining edi jarangi.
Karvon ketdi. Yutdi uni biyobon changi.
Yolg‘izlik karvonin sarboni, ey, do‘st,
Xullas, ayt, hijronning qanday ta’mi bor?
Dunyoda besh raqam bordir, yoysang gar,
Keladi kimningdir shodon sadosi:
Birodar, sabr qil,
Keladi bahor…

KIM BAXTLI?

Men ketarman
Va yetarman tong diydoriga
Va nigohim assalom der hammaga, ya’ni,
Yorug‘ tunlar otamni tush ko‘rarmikin deb
Kallaklangan tutzorga
Va keksargan tani
Bolalarga naqsh daftari bo‘lgan beminnat
Manzilimiz devorlari, g‘amgin yo‘lakka
Va mehribon supurgisin ashulasiga
Chang-g‘uborlar raqs aylagan yosh kelinchakka
Va nigohi yo‘qlikka bir ishorat bo‘lib
Darvozadan tashqarida o‘tirgan cholga
Yoki ochlik changalida sharob sotuvchi
Biroq, ko‘zi mehr-shafqat ibodatgohi
Bo‘lgan bitta qizaloqqa, farishtaholga
Va qirqyamoq xaltasida kuygan qora non
Toqligidan toqati toq bir yo‘lovchi
Va
Musiqasin shovqinidan ko‘cha yuragi
O‘ynab ketgan
Mahobatli «Mersedes» ichra
Qovog‘ini uygan boshqa bir yo‘lovchiga.
Men bilmayman, kim baxtiyor bu izdihomda?
Yo tutzormi – qirqkokilli va sohibjamol
Yo munaqqash tanin ko‘z-ko‘z aylagan devor
Yoki vido ostonasin hatlayotgan chol
Yoki xushhol kelinchakmi
Yo munglig‘ ko‘zi
Shafqatga pok ibodatgoh bo‘lgan qizaloq
Yo faqirning yamoq to‘lgan xaltasi
Yo men –
Ketib, tong visoliga yetayotgan chog‘…
Men ketarman,
Yo‘l-yo‘lakay so‘rayman beun,
Ketmoq nadir?
Yo‘l cheksiz bir nuqtasimondir.
Kim quyoshli – xandalarga shukrona aytar,
Kim bulutli – tag‘in giryon, tag‘in giryondir.

YOLG'IZLIKNING ORTIDA KIMDIR

Ko‘zimga kel, sirdan ogohim, kelgin,
Odamzod yodining yodgorligi – ul.
Men unda asradim, sen ko‘rgin deya,
Eng qadimiy tuyg‘u, hislarni butkul.
Asradim Mehrni,
Imonni,
Ishqni,
Lutfu g‘uzallikni…
Sen meni kechir.
Mo‘‘jizaning qutlug‘ kalomlarini
Oddiygina tilga oldim birma-bir.
Sen ham ishon sodda mo‘‘jizalarga,
Sen ham ishon, kimdir kelishiga chin.
Uning bitta yorug‘ tabassumi-la
Bu hayot boshidan boshlanar tag‘in.
Ko‘zimga kel, sirdan ogohim, kelgin,
Munofiq yor kabi osmonlar sendan
Yuz o‘girib, tonsa, ko‘zlarimga kel.
Odamzod yengining chang-g‘uborini
Bosh ustingdan qoqsa, ko‘zlarimga kel.
Shafaq tarovatin zavoli uchun
Ko‘zing qilsa nola, ko‘zlarimga kel.
Uyda yolg‘iz qolib, tanholigingni
Ishq bilan bezasang,
Hamda shaharlar
Sensiz g‘arib qolsa, ko‘zlarimga kel.
O‘shanda hech kimsa ishqning manzilin
Topolmasa, tolsa, ko‘zlarimga kel.
Qo‘lingni ber,
Ixlos to‘lgan ko‘zimga
Ishon ixlos bilan, ishon behadik.
Men salom yo‘llayman senga, ey, Mavlo!
Salom, salomimga olmagan alik.

ABADIYAT DARICHASI

Ey, har bir nigohi, har bir lahzani
Mangulikka payvand aylaguvchi nur!
Senga qanday aytay, Vaqt atalgan bu
Halqa qurshovida qolib bir umr.
Senga qanday aytay, bil, deb ertaning
Sovuq quchog‘ida zavol atri bor.
Tunning lol ko‘zida savol shakli bor.
Men yozning kunida,
Umidsizlikning
Cho‘lida yolg‘izman.
Chinorim qani?
Qani, to‘rt oyoqli norvonday, meni
Eltguvchi, quyosh-la suhbat qurgani?
Va shamolday yutib nafasim, baxtning
Sarkashligi ichra yashnagan chinor?
Kech bo‘ldi, quyoshga borgim kelmaydi,
Yoqamda Isoning ming ignasi bor.
Ko‘chada Hech kezar, yuzi tashvishli,
Qo‘li bo‘sh, boshida haybatli qalpoq.
Ko‘ksin qafasida kaptari o‘lik,
Salom bergani ham topolmaydi vaqt.
Boshqa minglab Xechlar shu zaylda darhol
Ko‘chalarni butkul aylagan ishg‘ol.
Ey, mudom Haq yori, ushbu hechzorda
Mangulikning so‘nggi nurisan bizga.
Qasr toqidagi soat – Musofir,
Uzun hamda qisqa oyog‘i bilan
Ketib borayotir mendan olisga.
Qasr uzra soat yuksakdan hazin
O‘lik shahar tomon boqib, his etar,
Barcha harakati behudaligin.
Zamon – Er, qadim, puch aqidasi-la
Shubha qilar ayol asilligiga.
Ammo, nigohingning daxli yo‘q hech bir
Ushbu zamonaga,
Sening nigohing –
Ishongan ul go‘zal haqiqatimga,
Abadiyat tomon bir darichadir.

SAKSOFON

Saksofonning sirli, munglig‘ ovozi kelar,
Tutqun orzu tipirchilar – qanot sasi bu.
Olis xotir aro sado bermoqda yog‘du,
Bu tun ochar nigohlarim
Yodim qatini
Va qaytadan
Ul bomdodiy sahifalarning
Ushataman ko‘z yoshim-la tahoratini.
Kiprik nayi
Ayriliqning kuyini chalar,
Bu tun, mening butun borim, borlig‘im, ey, do‘st,
Senga to‘lgan nurxonaga aylandi badar.
Bu tunda…
Bu tun haqida nima ham derdim,
To‘g‘ri, tun bu, qahratonning tuni bu, sovuq.
Rutubatli, benavo tun…
Qo‘shni uyidan
Saksofonning singragani kelmoqda yovuq.
Bu sadoga jo‘r buzlaydi
Tanholigim ham,
Hissiz devor qulog‘iga dardin to‘kib lol.
Bu nafas, bu ovoz
Qadim ohanglarimni
Qo‘msagan bir yurak hali bordir, ehtimol.
Chora topgin, ey, do‘st, eski jarohatimga,
Dardlarimga malham yubor, meni qo‘llagin.
Ya’ni, yuz yil jim-jitlikdan so‘ng qalam olib,
Bir shifobaxsh so‘z yuborgin, kalom yo‘llagin.

YANA QAYTAMAN

Daraxtlarni tug‘ilgan barg ayyomi bilan
Muborakbod aylagani chiqdim oqibat.
Ey, daraxtlar, ey, siz, mening qondosh do‘stlarim,
Meni qutlang,
Ul qorong‘i g‘am sirtmog‘idan
Jaholatu xiyonatning to‘r, ilmog‘idan,
Quyoshga ters qaragan uy dom-chirmog‘idan
Ozod bo‘ldim,
Men o‘zimni tanidim, axir.
Va angladim, men ham ishqqa arziyman,
To‘g‘ri,
Meni suygan Yaratguvchi, yaralgan haqqi.
Ya’ni, bu bog‘, bu sutbadan ariq,
Devorga
Chirmashgan bu chirmovuqlar,
Bo‘salardan mast
Bu shamol, bu quyosh – qoni qizigan bag‘ir.
Xudo haqqi, o‘zimga ham o‘zim yoqay deb,
Oqibatda men o‘zimni tanidim, axir.
Men tanidim, nafratga ham arziyman, hatto,
Nafratlaning, hasadgo‘ylar, ko‘zlari ojiz,
Baxtiyorman, gar arzisam nafratingizga.
Ey, yor! Kelgin, tag‘in ishqdan so‘ylaylik, tag‘in
Seni ushbu jinko‘chaga keltirsa zora,
Deb yomg‘irlar yog‘ishidan qildim men umid.
Ostonada porlasang va ko‘zing lutfidan
Bo‘ynim baxtli bo‘lar edi, qurshab marvarid.
Ammo, sening ko‘changmas bu, shahring bu emas,
Vataningmas,
Vataning – bir olis yulduzdir.
Sen bilmaysan, qancha og‘ir – yolg‘onga ko‘nmoq,
Fohishani mazax qilgan yanglig‘, sening ham
Borlig‘ingdan kulganlar-la kelishmoq og‘ir.
Bulg‘anganman, ey, do‘st, turgan-bitganim – zahar,
Men bilaman,
Kular mayda dardimdan olam.
Nechun baland bo‘lolmadim, bu parokanda
Olomondan olisroqqa ketmadim bu dam.
Va nihoyat, tashqariga chiqdim,
So‘rgali,
To‘p-to‘p o‘sgan daraxtlardan, shaffof ariqdan,
Devorlarga o‘rmalagan chirmovuqlardan,
Nomim unut etgan quyosh,
Va sendan hazin:
Bag‘ringizga oling, go‘zal manzilingizga
Meni chorlang, meni qabul aylangiz tag‘in.

SOYALAR ASLDIR, ASLLAR – SOYA

Olmaning chirog‘i porladi nogoh,
Taralar yoz faslin ohangi mayin.
Tong tinglar miriqib, sharsharalar ham,
Azaliy qo‘shig‘in kuylagan sayin.
O‘tar suv sepguvchi moshin, qatralar
Tekkanda titraydi chamanlar tani.
Shahar to‘lar qadam tovushlariga,
Savdo qaynar, qoplab ko‘cha, rastani.
Faqat, mening qalbim yolg‘izdir.
Osmon
Qo‘g‘irchoqday, qotgan nigohi bilan
Boqar yerdagi bu to‘da ortidan.
Ayollar noasil, ruhsiz jismini
Zarbof ko‘ylaklarning ostiga tiqar.
Erlar, balki, ruhning haqoratidan
Hijobday, haybatli shaklin, siyog‘in
Hadya yanglig‘ ko‘cha-kuyga topshirar.
Soyalar asldir, asllar – soya.
Hayot nima? Qashshoq bir tasavvur, puch,
Hech kim topolmaydi uning ma’nosin,
Men ushbu oqimga qanday keldim duch?
…Olmaning chirog‘i porladi nogoh,
Ey, Tur nabirasi, Mevag‘ul, qani,
Mo‘‘jizang chirog‘i?
Javob o‘rnida
Porladi Musoning o‘tiday quyosh.
Kimdir kelar.
Ey, do‘st, ey, birodar, ayt,
Nechun bo‘shab qolgan ko‘ksing qafasi?
Qayda qoldi o‘shal, ishqning qo‘shig‘in
Kuylagan kaklikning o‘tli nafasi?
Kel, ko‘ksim shoxida olma chirog‘i
Porladi, taratib nurini har yon.
Erta kelguvchi kun afzalligiga,
Kel, tag‘in bir marta keltiray imon.

TONG ELCHISI

Darchadan chiqardi soat qushi bosh:
KU, KU, KU. Go‘daklar kuldi. Tortdim oh.
Oh, ilk bahor, nechun uryon daraxtlar
Kuylaring qoshida turar beparvo?
Nega ular quyosh bo‘salariga
Yashnab qaytarmaydi javob ushbu dam?
Nega payqamaydi, po‘stlog‘idagi,
Hatto, o‘rmalagan chumolini ham?
Yo‘q, yo‘q, o‘xshamasman ul daraxtga men,
Beparvo emasman ul daraxt yanglig‘.
Baxtli chehram mitti lab bo‘sasidan
Bahorning ta’mini his etar aniq.
Kel, Shohona,(1) qizim, tong qandgohida,
Olma gulin mavlud ayyomi uchun
Gulqand pishiramiz, nazar sol bukun,
Farishtalar kelar, harir qanotin
Olma daraxtiga armug‘on qilib.
Ular hovlimizning shiftsiz sahnida
Qushlar qo‘shig‘ini tinglar miriqib.
Bahor bahorligin eslatar bugun,
Yer bag‘rida donlar qo‘zg‘alar bir-bir.
Bir mitti, shom-sahar, chirmovuq guli
Barcha go‘zallikning ibtidosidir.
Ta’na qilgim keldi anhorga bugun:
«Nechun beqarorsan, ey, hammadan pok,
Quyoshning barmog‘i silagan chog‘da?»
Bugun mudragan qalb soatin qushi
Qaytadan tinimsiz «ku-ku»lamoqda.
Onam der: Oshiq bo‘l «Shukur» so‘ziga,
Chin baxt – ko‘kka yetgan go‘dak kulgusi.
Shunday paydolik u, boshlansa undan
Qalbni yorishtirgan shodlik tuyg‘usi.
Onam – tong elchisi,
Nozik qo‘lida
Tong cholg‘usi kuyin taratar har yon.
Uning horg‘in, tolg‘in ko‘zlari ichra
Imon fasli gullab-yashnaydi hamon.
U hanuz ishonar hayotning ko‘rki
Nurlar salomiga, pok odatiga.
Erlar bor (otamday) uzrini so‘rab
Kelar zolim, mazlum ziyoratiga.
Ishonar, yetimga, badavlat, boylar
Ko‘z yosh gavharini aylar armug‘on.
Tilga kirar yuz yil jim turgan soqov,
Qo‘zg‘alar shol bo‘lgan chollar nogahon.
Ishonar, ishq qaytar qaldirg‘och kabi,
Tark etib ul unut yodsizlik qa’rin,
Yuraklar shiftiga in qurar tag‘in.

Onam deydi, o‘tgan kunlarni eslab:
Tanishgan kunimiz, Hayne she’rini
O‘kigandi otang, ishqimiz uchun
Fotiha surasi edi…
Men bukun…
Ul nechuk sadodir? Ko‘zlarim tinglar,
Chuchkurar olmaning g‘unchasi. Sog‘ bo‘l!
Salomat bo‘lgin, ey, bahor go‘dagi!
Ne sado? Yo quyosh nigohi tushib,
Uyatdan qizargan chaman so‘zlari.
Balki, yuragimning shaffof oynasin
Kimdir chertmoqdadir, holim so‘rgani.
Hofiz folin ochdim, bo‘ldi shul javob:
«Navbahordir, g‘animat bil, quvnoq bo‘lsang,
Yana gullar ochilgay ko‘p, tuproq bo‘lsang».
Ey, nozil bo‘lgan so‘z! Ey, g‘ayb da’vati,
Kel, ko‘rinmas oshiq, do‘st siymosida!
Elchi bo‘l, qalbimning oynasin chertib,
Men va Dunyo aro bo‘lgin vosita.
_____________
1-Shoiraning qizi

NAY CHOLGUVCHI

Mehr sotib olgim kelar qay bir nigohdan,
Qayda o‘shal nigoh,
Qayda bozor yo‘lagi?
Juda-juda istar edim, shodlikning nafis
Matosidan bo‘lsa edi ruhim ko‘ylagi.
Bordir, axir, orzularim olis yurtidan
Porloq shodlik keltiruvchi biror savdogar.
Biroq, hayhot, ushbu bozor, Xujand bozori
Tund chehralar, achchiq so‘zga ketgandir to‘lib.
Shovqinlardan, suronlardan bezgan bu ko‘nglim
Tabriz qandin tusar.
Qayda bozorning yo‘li?
Bozordagi nay chalguvchi so‘ylaydi g‘amgin:
Haqoratlar to‘lib ketgan qulog‘ingni tut,
Qorong‘ulik uzra yosin o‘qimoqda nur.
Ko‘zingni och, qabohatning g‘aliz rangidan
Boshqasini ko‘rmagan ko‘r ko‘zingni ochib,
Bir zum boqqil sen ham o‘sha Haq jamoliga.
Bozor yo‘li qayda?
Hamon nay chalguvchi, oh,
Qalbim torin chertar bunda.
To‘lib ketarman.
Bir so‘mliklar bilan to‘lgan kulohiga jim,
Ko‘z yoshining gavharini qo‘yib ketarman.

EGIZAK KO‘ZGU

Hayot nima?
Ikki tomonli ko‘zgu:
Bir tomoni yorug‘, ya’ni, tong, ya’ni,
Ranglar tarovati, shodlik muhayyo.
Boshqa yog‘i – zulmat, ya’ni, tun, ya’ni,
Vahm bosar, umid ko‘tarar g‘avg‘o.
Men egizak ko‘zgu ichra yashayman,
Ko‘zlaring bo‘lgan kun bedor,
Tasvirim
Ko‘zgudan qochadi, bo‘lmagay nigor.
Endi o‘zin sodiq nurlarini ham,
Ko‘zlarim ko‘zingga aylamas nisor.
Qo‘llaring men tomon yetib kelgan kun,
Tomirlarim sovib, sukut saqlar jim.
Ostin-ustin bo‘lmas larzaga tushib,
Ichki hayajondan titramas tanim.
Saloming qutlovi yetganda bir kun,
Javob yo‘llamaydi ovozim sasi.
Borlik, yo‘qlik aro o‘shanda tushar
Bizning oramizga vahm pardasi.
Tonglar nuriga g‘arq bo‘lgan ko‘zlarim
Bundan so‘ng quyoshdan so‘z ochmas boshqa.
Hali ham kech emas, ko‘zlarimga kel,
Shu yerda – egizak ko‘zgu,
Bor shodlik,
Bor qayg‘u, ko‘zlari to‘lgandir yoshga.
Angla rozu nozning bu tasavvurin,
Sovuq hayratining bordir yog‘dusi.
Javob top umrning muammosiga,
Ey, hayotning sodda, go‘zal orzusi.
Ko‘zimga kelgin!
Ey, suvning yuzida
Aks etib turguvchi quyoshim, shu tob.
Barcha iltijoyu o‘tinchlarimga
Yolg‘iz sen erursan osmondan javob!

NUR G'ALAYONI

Ey, yozning quyoshi,
Barcha odamlar
O‘zini soyaga olib qochgani,
Sharafli zotlarning ko‘zoynaklardan
Hamda soyabondan panoh topgani,
Manzillar pardasi, ko‘zlar pardasi,
Ko‘ngillar pardasi qator, barchasi,
Barchasi teng sening muhabbatingga.
Ozor chekma, javob bermasa gar ishq,
O‘ylama, odamlar sendan qochganin.
Qayg‘urma hislaring eskiligidan,
Sen ishon isbotsiz bul haqiqatga.
Zero, visol ishqmas, ishq, bu firoqdir,
Quyoshning aslini, bu xalq, qahraton
Chillasida tanib, anglaydi, faqat.
Men endi angadim,
Nechun buyuklar
Ixtiyor etgani ma’nosin, uzlat.
Avom ishqin oni – bir lahzadan kam,
Haq ishqin muhlati – abadiyatning
Cheksizligidan ko‘p etadi davom.
Ey, do‘st, gar nigohing ko‘k safaridan
Qaytib kelsa, senga ishongim kelar.
Shunda sirlar nihon zulmat bag‘riga
Hamroh etgim kelar seni o‘zimga.
Qilgim kelar, ey, do‘st, sen bilan birga
Notanish ruhlarning olamida sayr.
Yig‘lagim keladi oldingda.
Yoki
Sen ham boshqalarday, ko‘z yoshlarimning
Uryonligin mazax qilasanmi, ayt?
Yo sen ham qadrsiz anjumanlarda
O‘zgalar aybini sanamoqlikdan
Huzur qilasanmi?
Xuddi, bir chumchuq,
O‘zga chumchuqlardan kulgani kabi.
Sen ham boshqalarday, haqiqatimga
Savol alomatin qo‘yasanmi, do‘st,
Nigohing qaytganda ko‘k safaridan?
Go‘zallikni qabul etmoq-chun ko‘zim,
Lablarim pok so‘zni so‘ylamog‘i-chun,
Qalbimni ishq uchun ayla muhayyo!
Yuraklar g‘origa kirgin bostirib,
Ey, yoz quyoshining mujdasin sasi!
Ey, bashar cho‘qqisin anglashdan yiroq,
Ey, nur g‘alvasi!

TONG HAQIQATI

Borgim kelmoqda tong haqiqatiga,
Mehr yaprog‘idan, kimdir, chehrasin
Hozir men tasvirlay olmagan kimdir
Bezagan bir hujra eshigin borib,
Astagina chertgim kelmoqda bukun
Oh, yomg‘ir, yomg‘ir! Ey, nurning xush atri!
Ey, musofir, billur tog‘lar ortidan
Kelding, ayt, ko‘rdingmi Majnunning o‘shal
Ruhini, falakning biyobonida?
Ey, quyosh, ey, shamol, ey, yashil maysa,
Olam do‘konidan keldingiz bu tong,
Yorimning suvrati yodingizdami?
O‘ylagim kelmaydi, zang bosgan tashvish,
Ulug‘vor, kulgili majlislarni ham.
O‘ylagim kelmaydi, uyulgan, sarg‘ish
Qog‘ozidan yuz yil yodsizliklari
Qaytib kelmaydigan ishxonalarni.
O‘ylagim kelmaydi, tinmay behuda
Yugurgan bekorchi ishchi xodimlar,
Kun bo‘yi tinmasdan qizib, qaynashdan,
Qora terga botgan choynaklarni ham,
Ozodlikni tushda ko‘rib, oynalar
Bag‘riga chirmashgan pechak barglarin,
Endi o‘ylamasman, tinmay asabni
Qaqshatgan chop moshin chiq-chiqlarini.
Tinimsiz jaranglab turgan telfonlar
Ishqning tashrifidan bermaydi xabar.
Simlarning ortida o‘tirgan kimdir
So‘ylamas ko‘ngilga yaqin, yangi so‘z.
Pardaning ortida turgan quyosh ham
Qo‘l siltar ma’nosiz, tund chehralarga,
Quruq suhbat, barcha bo‘sh lahzalarni
O‘zida jamlagan, ya’ni, umrga.
Najot bergil, ey, ishq!
Darcha ortida
Bir qush bor, nolisa titraydi dilim.
Borgim kelar tongning haqiqatiga,
Go‘zallikka butkul bog‘langim kelar.
Qadam qo‘y, hamrohim, avjlarga qadar,
Qadam qo‘y nopaydo avjlargacha to,
Ey, yorug‘! Ey, qutlug‘! Ey, Mavlo!

MUROSA

Quyoshga sim qoqdim kuzak tongida,
Bir begona ovoz der edi:
Unut,
U ketgan, kelmas hech…
Go‘shak qo‘limdan
Tushib, ko‘zlarimda yig‘ladi bulut.
Dedim: To‘g‘ri, qochmoq zamoni uning,
Bu zamon – zulmatu shahvat zamoni.
Ko‘rmasman, nigohim oldini to‘sgan
Zulmat pardasidan o‘zga vaqoni.
Kimdir ul? Pardaning ortida kim bor?
Ey, shaklparastlar! Anchadan buyon
Men ham sizlar kabi puch, namoyishboz,
Behuda kulguvchi xushomadgo‘yman.
Bitta og‘machiyu maddohman, xolos.
Imonlar kuysa ham beparvo qolib,
Koqdim, qo‘l siltab zar yengimni nuqul.
Ko‘zimni qopladi qora tutunlar,
Qalbim borligin ham unutdim butkul.
Ya’ni, sizday bo‘ldim, ey, yulduzsizlar!
Faridun to‘qmog‘i yanglig‘ yo‘qlikka
Uloqqanda quyosh,
Zulmat Zahhoki
Chaldi g‘alabaning nog‘orasini.
Ey, tun, ey, gazanda zulmat, men bukun
Yulduzsizdan ko‘ra yulduzsizroqman.
Bir tutam nurim bor edi, o‘sha ham
Nasib aylamagan bir bag‘ri dog‘man.
Ya’ni, ishq tark etdi dilimni manim,
Ozor chekib, ketdi Vatandan nari.
Imon go‘ri uzra, nog‘ora qoqing,
O‘ynaylik,
Ey, shayton merosxo‘rlari!

YO SEVMOQ YO HECH

Balog‘atning osmonida uchar yoz qizi,
Yel noz qilib, balanparvoz so‘zlaydi juda.
Og‘zidan xush, muattar hid taralar edi,
Marvarid toj o‘sardi har maysa boshida.
Quyosh anhor ko‘zgusida ko‘ringan go‘zal
Yog‘dusiga tikilardi cho‘qqilar osha.
Osmon hayrat bilan boqib bog‘ yirtig‘idan,
Chumchuqlarning visolini aylar tomosha.
Xushbaxt shoxi ichra yuz, ming quyoshning aksi
Imo qilib, bazm etardi olma daraxti.
Men ko‘pchigan xamirdan shavq bilan dil shaklin
Yopardim va o‘ylardim bu dil – kimning baxti?
Koshki, bir zum o‘ylasaydi olma daraxti,
Quyosh aksi qamrab olgan dil, yaprog‘ini.
Shu’la sochgan bu yuraklar,
Yongan yuraklar
Bir kun kelib kimga nasib aylamog‘ini.
Yashil shu’la sochgan chog‘da olov yolqini,
Dillarimni yonmoq zavqi butkul chulg‘adi.
Men o‘ylardim, yuragimdan yitgan lojaram,
Suymoq qurbi, telbalarday sevmoq qudrati.
Tushunaman vaqt shitobin,
Qirchang‘i otday
Kunbotarga qarab chopgan quyosh itobin.
Masjid sari ravona chol shaxdin,
Hech kimga
Hanuz mehr ko‘rsatmagan erkak shitobin.
Oqshomlarda, to‘y bazmida
Yangroq «la-lola»
Gulxanining talvasasin, shitobin, tusin.
Tushunaman, shitob bilan o‘tar yoshlik ham,
O‘zi bilan olib ketar bir chaman husn.
Ko‘nglim – bo‘m-bo‘sh,
Uzoq muddat tomirlarida
Suv taftini his etmagan ariqday qaqroq,
Ko‘nglim – bo‘m-bo‘sh,
Orzu aylab shabnam bo‘sasin,
Nogoh shoxdan to‘kilganday bir dona yaproq.
Ko‘nglim – bo‘m-bo‘sh,
Topolmaydi ko‘nglidagini,
Go‘yo go‘zal tasavvurday izlar erta-kech.
Yuragimda yashar yaydoq sahro jimligi…
Hayot nima?
Yo telbaday sevmoqlik!
Yo Hech!!!

MEHRIBONLIK NIMA EDI?

Qahraton och, yirtqich sherday tortadi na’ra,
Temir tishlar chaqnar ochiq og‘zida katta.
Bexabarmiz, bu och bo‘ri bu ozg‘in yurtning
Etin g‘ajib ketganidan. Qoldik g‘aflatda.
Odamlar g‘am ezgan jismin yarim tunda to
Non do‘konin eshigiga tortqilar ma’yus.
Yarim tunda tag‘in o‘sha lat yegan kiftlar
Mirshablarning to‘qmog‘iga kelar yuzma-yuz.
Bozordaman. Gadolarning ochiq kaftiga
Tinim bilmay yog‘ar qorning oq tangalari.
Va ularning nolishlari rahmdillarni
Chorlar insof, himmat sari, qanoat sari.
Bu ko‘chadan o‘tmoqlik, oh, qanchalar qiyin,
Jovdiragan ko‘zlar o‘xshar badbaxtlik boqqan
Qop-qorong‘u zindonning tor panjarasiga.
Tilka-pora taqdiridan nolir jandalar,
Arzimagan sadaqaga intizor qo‘llar,
Qahraton qish osmonining chidar noziga.
Tut ostida mardikorlar qulog‘in tutib,
Nochor, peshin azonining mung ovoziga
Aytarlar: Kech bo‘ldi, kelmas biror talabgor…
Va yirtilgan eski kovush ichra beqadr
Yashayotgan, sovuq urgan oyoqlarini
Zo‘rg‘a sudrab, boshin egib ketar qaygadir.
Tun qanchalar rahmsizdir,
Bulut masihiy
Qandilini o‘g‘irladi, yarqiroq edi.
Sham bobolar ash’oridan hayotimizga
Kirib keldi. Kelmagani yaxshiroq edi.
Eshitaman haroratning nayidan sarmast
Charx aylangan suv shavqini.
Isiydi xona
Va nihoyat, bizning billur qandilimiz ham
Kulib, otar zo‘r qahqaha, yorug‘, sharqona
Va nihoyat bir mehribon «zangor oyna»dan
Sulh haqida berar nogoh kechikib xabar
Va nihoyat, bu xalq forig‘ bo‘lar o‘shanda
Suv bilan don axtarishdan, o‘lgunga qadar
Va nihoyat, bir-biridan odamlar nogoh
Nimanidir axtaradi, qolar izlanib.
Mehribonlik esga tushar oxir-oqibat,
Mehribonlik nima edi? Yodingizdami?

YAQINIM O‘ZINGSAN

Ko‘nglimda nedir bor,(1)
Oyna ortida
Bodom gullashiday,
Bahor zavqiday,
Yoqasi ochiq tong tiniqligiday,
Sirlar oshkor tunda yorlar sururi,
Mushtoqlik onida yo‘qlov singari.
Oh, qanday nafas bu?
Menday g‘ofilning
Qalbiga baxsh etgan qaynoq bir navo?
Marhabo, tong shohi, tashrif buyurgin,
Qadamingga bo‘lsin ko‘zim to‘tiyo.
Kelgil, ey, quyoshning oshiq nigohi,
Marhabo, kelgin bu xilvatxonaga.
Kelgin, kelaqolgin, aylansin bu dam,
Bu jonim sen uchun bir jononaga.
Kelgin, qaysar qushim, cho‘qiding gilos,
Gilos yanglig‘ qalbim qon buldi butkul.
Gunohkor borlig‘im majruhdir,
Chunki,
Bahor ketishidan ogoh bo‘ldi ul.
Ko‘nglimda nedir bor.
Go‘zal bir tuyg‘u,
Ammo, bilolmasman uning neligin,
Yoki men bilmagan bir qadrdondir,
Kim bo‘lsa ham, menga samimiy boqqan
Ko‘ziga ishondim, bog‘ladim unga
Ko‘nglimdagi barcha orzularimni.
U qanday zot edi? Sadosin tafti
Qulog‘im mahrami bo‘ldi, to‘kilgan
So‘zlarin simirdim,
Shohona kelib,
Keltirgan shodligim haroratida,
Sovqotgan yuraklar oldi isinib.
Nihoyat, muyassar bo‘lding, ey, ko‘ngil!
Ko‘nglimda nedir bor,
Endi ulg‘aygan
Bedor bir vujudning zavqiday, yoki
Surur shu’lasiday,
Shabnam ibosi,
Yelning nafasiday,
Gulning noziday.
Albatta, sensan bu yurakda borim,
Yaqinim o‘zingsan, o‘zing yirog‘im.
_____________
1-Suhrob Sipehriy satri

MEN HAM SIZDAY BO‘LDIM

Tashqariga chiqdim men ham, nihoyat,
Manglayidan o‘pdim ko‘chaning hazin.
Tomosha qilardi soy ko‘zgusida
Tutlar o‘zlarining notavon tanin.
Suv ovoz bermasdi,
Kuz quyoshi tong
Boshidan olardi etagin yig‘ib.
Shahar ham, go‘yoki, hafsalasizlik
Soyasi qa’riga ketgandi kirib.
Bilaman, kimdir bor ushbu shaharda,
Menga go‘zallikni etguvchi nisor.
Bilaman, kimdir ul ko‘zgu singari
Meni ham etgisi kelar baxtga yor.
Ammo, go‘zallikdan qochaman nari,
Yuragim quyoshdan,
Ishqdan ham bezar.
Ko‘chani qoplagan tamaki hidi,
Shahar ko‘kida bo‘sh qalpoqlar kezar.
Ishq bo‘g‘ilar ushbu bo‘g‘iq havodan,
Nafas ololmaydi quyosh ham oson.
Go‘zallik bo‘g‘ilar,
Zaharli havo
Bunda ishq jonini qoldirmas omon.
Kimlardir keladi. Shaharning barcha
Eshigin qoqadi: «Kim bor? Sas bering!»
Ammo, hech kim javob bermaydi.
Jimlik
Qadim odatidir bu qavm, bu elning.
Men yana qaytaman uyimga.
Agar
Eshigimni qoqsa kimdir ushbu dam,
Jim turaman,
Chunki, sizga aylandim,
Siz kabi jimlikka o‘rgandim men ham.

ERTAK TO‘QUVCHI

Hayotim darchasi,
Xudoning issiq
Nafasin dimoqqa quygan daricha,
Tonglar salom berib, suygan daricha,
Quvnoq nigohimni
Bir ishvali bog‘,
Bir tiniq soy bilan,
Bolday lazzatli
Bir bosh uzum bilan,
Yusuf jamolin
Olmasi,
Jannatning bug‘doyi bilan,
Sehru navolari meni go‘dakday
Musaffo aylagan bitta qush bilan,
Nigohim, faqat, sen uchun yaratgan,
Mahzun, yorishmagan nozimga nozi
O‘xshab ketadigan bir osmon bilan
Nigohimni bog‘lab qo‘ygan daricha.
Men ul darichadan boqib, mehribon,
Hamdam ko‘rib xalqni,
Uraman faryod:
Ey, ko‘ngil birligi mujassam hilqat,
Nima uchun sizni ko‘rmadim burun?
Hayotim darchasi,
Ey, tiniq darcha,
Barchani ko‘raman ko‘ngilga yaqin,
Nigohim ishqingdan chiqqanda o‘sib.
Chunki, u qaerga, kimga boqmasin,
O‘rtada, eng avval, seni ko‘rgaydir.
Ey, ishq darichasi! Ey, go‘zal ko‘zgu!
Men va dunyo aro qolgin doimo.
Ey, sen, yolg‘onlarga taskin, tasallo!
Qolgin sen hamisha ertaklar to‘qib,
Borliq haqiqati hamda Men aro!

O‘G'IRLIK OLMASI

Derazani qaltiratar och og‘ushida,
Qishning devi.
Nogoh tushar yodimga qaytib,
Badbashara dev, Bahmanyor qissasidagi,
Go‘zallik noz-ishvasiga yetgan toqati.
Derazani chertar qishning devi ham bu dam,
Orzu etgan ma’shuqasin topolmas, ammo.
Tag‘in qaytar manziliga xo‘rsinib og‘ir,
Tag‘in qaytar tanholigin bag‘riga tanho.
… Tuynuklarning roqiga men uraman o‘zni
Jimjitlikda, derazaga bo‘laman hamroh.
Nafasimni yutaman, oh, deraza bilan,
Erta-indin do‘stligimiz topar intiho.
Yo‘q, men jonsiz derazaga do‘st emasdim hech,
Tom chetida qo‘shnimizning mushugi nuqul
Go‘sht o‘g‘irlash uchun bizning oshxonamizdan,
Buyuk orzu-xayol bilan bo‘lgaydir mashg‘ul.
Men umrimda ilk bor olma o‘g‘irlaganman,
Besh yoshimda qo‘shni devor ortidan, durkun
Shakar olma, onasi – Oy, otasi – Quyosh,
O‘g‘irlikda nogoh qo‘lga tushganman bir kun.
Uydan chiqib tashqariga qo‘shni kelinchak,
Yaqinroq kel, dedi. Titrab ketdi qo‘llarim.
Ko‘kragimning shoxlaridan to‘kildi yurak,
Olma mazax qilib kuldi holimga manim.
Men gunohkor edim behad,
Mening gunohim,
Odam, Havo gunohidan kattaroq edi.
O‘pib mening betimdan ul beg‘am kelinchak,
— Senga tortiq ushbu atlas ro‘molcha, — dedi.
Men qanchalar baxtli bitta gunohkor edim,
Faqat, bir bor men o‘g‘irlik qilganman…
Bir kun,
Bir notanish dedi: «Ko‘ksim qafasida jim
Bitta olma yonar edi,
O‘marding nechun?»
Men qanchalar baxtli bitta gunohkor edim.
… Bukun yana keldi o‘shal sovuq qahraton,
Tikilaman oynadagi sovuq aftimga.
Oyna suvi nechun muzlab qoldi nogahon?
Quyosh, kelgin, malham bo‘lgin oyna dardiga.
Tun keladi tag‘in,
Darcha ortida bedor,
Uryon daraxt,
Ul Bahmanyor qissasidagi
Devlay o‘shal Oyparini kutar intizor.

ISHQ JOZIBASIN QONUNI

Oh, ko‘rdingmi ushbu chuqur nigohni?
Surmamas, ko‘z cho‘g‘in harakati bor.
Intiladi sening haqiqatingga,
Mening tong yigirgan nigohim yelar,
Sening quyosh yanglig‘ ko‘nglingga bedor.
Qanchalar yaqindir gilning Ka’basi,
Ko‘ngilning Ka’basi qanchalar yiroq.
Ul qanday sadodir? Tun pardasining
Nozik junbushidan taralar bu chog‘?
Ul Tur daraxtining sadosi, nahot?!
Qayga boray?
Nechuk zulmatni yuvay?
Nechuk zohir etay borlig‘imda nur?
Nechuk kuygan jonlar dardini quvay?
Gar kelsam, dilingda tug‘ilsa shodlik,
Kelaman.
«IShQ» so‘zin men bitsam qachon,
Uchta harfning nozik tani titraydi,
Uch harf yuragini qoplar hayajon.
Sokin yelayotgan samimiyatman,
Bu yorug‘ kalomning ko‘ksida bu on.
Kelinchakman, ushbu shafqatli harflar
Pardasin ortida turguvchi nihon.
Ushbu tor so‘z ichra tinim bilmasdan
Mening keng hayotim to‘lg‘anar cheksiz.
Ey, ishq! Ilohiy gul!
O‘z yuragingda
Mening titrog‘imni etyapsanmi his?
Yodimga tushadi bugun, maktabning
Dilgir saboqlari, toliba paytim.
Qo‘ng‘iroqni kutib, fikrlarimni
Darcha naryog‘iga yo‘naltirardim.
Nigohim kezardi bahor aqlida,
Tashqarida, sinf naryog‘ida jim,
Barglarning matnini o‘qigan sa’va,
Mening ozod qalbim edi, aslida.
Eslayman, bizlarga yosh bir muallim
Nyuton qonunin berardi so‘zlab.
Mavzu – yerning tortish qonuni edi…
Hayot! Ishqning tortish qonunin o‘rgat!
Bir kun so‘zlar edim bitta yig‘inda,
So‘zlarimni hech kim eshitmas edi.
Bir sehrgar «Senda joziba yo‘qdir,
Senga bir mo‘‘jiza o‘rgatgum» dedi.
Dedim: Ey, afsungar!
Olam butunlay
Hiyla, makrlarning domiga asir.
Yolg‘on, aldoqlarning tilsimgohida
Afsunsizlik o‘zi bir mo‘‘jizadir!
Xullas, topdim ishqning tortish qonunin,
Irfon ul,
Irfon ne? Yo‘qlikning yo‘g‘i.
Ishqning cho‘qqisiga intilishdir ul,
Barcha zavollardan qochmoqlik yo‘li.
Irfon – go‘zallashmoq yo‘lma-yo‘l,
Yo‘qsa,
O‘zin qing‘ir-qiyshiq yozuvi bilan,
Keksalik chehramiz sahifasini
O‘zin qora yozuv daftari aylar.
Yo‘qsa, go‘dakona o‘yinlarini
Odam vujudida ko‘radi sinab.
Nogoh eshitaman Sebil(1) sadosin,
Qafasdan keladi, o‘limni tilab:
O‘lim, kel, O‘lim, kel!
Kim tanga yormas,
U butkul ozoddir yovuz o‘limdan.
Biroq, to‘g‘ri yo‘lni ko‘ra olmayman,
Koshki, bir tiyrakko‘z tutsa qo‘limdan.
Ey, do‘st, safsataning daraxtlaridan
Mantiq mevasini termoq kerak goh.
Ko‘ryapsanmi, ushbu chuqur nigohni?
Qaygadir, qaygadir intiladi, oh.
Bu – surma yoxud bir kimyoviy unsur
Harakatimas, boq, nigoh qatiga.
U – bir qora cho‘g‘ning harakatidir,
Intilar o‘zining haqiqatiga.
____________
1-Qadimgi Rimdagi folbin ayol.

Odil Ikrom tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.