OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Zulfiya Atoyi (1954)

Zulfiya Atoyi 1954 yil 15 iyunda Sug‘d viloyatining G‘onchi nohisida tavallud topgan. Moskva shahridagi Maksim Gorkiy nomli Adabiyot Institutida tahsil olgan. «Tochikistoni Soveti» ro‘znomasida ish faoliyatini boshlagan. Ayni paytda «Feruza» ayollar jurnalining muharriri. «Sharaf» ordeni sohibi. Rossiyaning «Danko yuragi» adabiy mukofoti sovrindori. Tojikiston xalq shoiri. 1980 yildan Tojikiston yozuvchilar Ittifoqi a’zosi.

«DEVONI ZULF»DAN

ISHQ TUHFASI

Pichirlama  qulog‘imga judolikdek xatolikni,
Bilolmassan, bilolmassan Atoyidek adolikni.

Sen ishqimning xudosi bo‘l, sen ishqimning atosi bo‘l,
Istamas dil sira endi sarkashlik-bexudolikni.

Qo‘llaringni cho‘z belimga, diling bog‘lagin dilimga,
Izlamagin zulfim aro o‘zga yorga gadolikni.

G‘aflat bosib yurdik sarson, gul umrimiz topdi xazon,
Diling birla angla dildor, ovozin besadolikni.

Yuraklar tosh, yeru osmon muz qotgan bu davron ichra,
Fikring muzin erit, tashla barcha kibru havolikni.

Yuragimdan quvvat olib, nur bag‘ishla vujudimga,
Ko‘ray desang shu dunyoda ro‘shnolikni, ro‘shnolikni.

Avvalim oxirim o‘zing, ham subhim ham shomim o‘zing,
O‘zimni baxsh etib  senga  topdim haqqa oshnolikni.

03.02.2012

DASTYOR

Tovoqlarni yuvgandim
Bir tovoq ketdi uchib.
Gullarga suv quygandim
Guldon ham sindi tushib.

Moshonga xashak berdim,
Tovuqlarga berdim don.
Ancha yordamim tegdi,
Ne ish qoldi onajon?

LAYLO O‘ZIM

Dil benavo bo‘ldi bu kun mizrob qani, mizrob qani,
Tun besafo bo‘ldi bu kun, mohtob qani, mohtob qani?

Laylodan-da laylo o‘zim, o‘shal guli sahro  o‘zim,
Yo‘lida zor ikki ko‘zim, ul Majnuni oftob qani?

Ishq darsidan men bexabar, bevafoga dil bog‘labon,
Bo‘ldi mening bag‘rim kabob, Surxob qani, Xingob qani?

Dil dardidan tobim qochib, ko‘zlarimdan xobim qochib,
Bedor kechgan shablar aro tobim qani, xobim qani?

Dil kitobim qo‘limdadir, koni g‘azal ko‘nglimdadir,
Topmam g‘azalxon axtarib, ahbob qani, ahbob qani?

Ishq tori bunyod aylagan, bu tosh qafasni sindirib,
O‘zni daryoga otgali guldarai Varzob qani?

Devonayu hushyorlarim, goh zor,  goho bezorlarim,
Sirimdan boxabarlarim ul gavhari kamyob qani?

Dilda garchi hirs oz  edi, bir hasratim parvoz edi,
Ayt, besado dil toriga mizrob qani, mizrob qani?

SHOIR ME’ROJI

Loiq aslo kimsalar maqtoviga muhtoj emas,
Hech  qaysi shoir jur’ati Loiqi me’roj emas.
She’riyat dunyosida yolg‘iz u sohibtoj edi,
To bu dam ham she’riyatda hech  kim sohibtoj emas.    
    
AVF AYLA ISHTIBOHIMIZ

Ey Vatan, ey Tojikiston, avf aylagin gunohimiz.
Egri yo‘lga boqqan bo‘lsak, avf aylagin nigohimiz.

Bag‘ring bo‘ldi tilka-pora tiru to‘plar to‘fonidan
Qurolimiz kechir bizning, avf aylagin sipohimiz.

Gar toju taxt bo‘lgan bo‘lsa jangu jadallarga sabab,
Taxtimizni ma’zur tutgin, avf ayla kaj kulohimiz.

Janglar qilib, janglar ko‘rib, oqibatda yarashdik biz,
Tinchligimiz hurmatdan avf ayla ishtibohimiz.

Tojikchadan Hasanboy G‘oyib tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.