Atoqli turk shoirlaridan biri Abdurrahim Karakoch 1932 yilning aprelida Turkiyaning Qahramonmarash viloyatiga qarashli Elbiston tumanida tug‘ildi.
Muallif ilk she’rlarini ikki kitob holida nashrga tayyorlaydi biroq she’rlari o‘ziga yoqmay kitobini yoqib yuboradi. Keyinroq yozgan she’rlarini to‘plab "Hasanga maktublar" nomi bilan 1964 yilda nashr ettirdi. Bu kitob 10 000 nusxada nashr qilindi. To‘plam tez orada qo‘lma-qo‘l bo‘lib ketgach, ikkinchi nashri ham ayni tirajda chop qilindi. Shundan keyin shoir katma-ket 12 she’r kitobini she’riyat muxlislariga tuhfa qildi.
Abdurrahim Karakoch 2012 yilning 7 iyunida Anqarada vafot etdi.
AYTMADI DEMA
Qo‘rqaman, ehtimol, erta kech bo‘lar,
Kelar bo‘lsang, bir kun avval kelgin-ey.
Dardmandlarga yo‘l qaramoq qiyindir,
Kelar bo‘lsang, bir kun avval kelgin-ey.
Qor yog‘ar, qorlarda yo‘llar yurilmas,
Sellar yog‘ar daralardan o‘tilmas.
Kafolat yo‘q umr qancha bilinmas,
Kelar bo‘lsang, bir kun avval kelgin-ey.
Jon qushi qafasda turmas, demishlar,
Qochgan qush qafasga qaytmas, demishlar.
So‘nggi pushaymonlik foydasiz, derlar,
Kelar bo‘lsang, bir kun avval kelgin-ey.
TOG‘ BILAN SUHBAT
Hech boshing og‘ridimi, charchadingmi hech?
Birovdan ranjidingmi, siqildingmi hech?
Sevdingmi, o‘pdingmi, sevildingmi hech?
Sog‘inch nimayu, nima emas, aytgin qani...
Quvonchni kim tortar, g‘amni kim o‘lchar?
Achchiq til yarosi qanchada bitar?
Kutmoq azob, ayriliq misli hanjar
G‘urbat nimayu, nima emas, aytgin qani...
O‘rmoning bor, bulog‘ing bor, toshing bor,
To‘rt faslda bulut sochli boshing bor.
Bilolmayman, qancha uzoq yoshing bor.
Muhlat nimayu, nima emas, ayt qani.
Turk tilidan Ma’rufjon Yo‘ldoshev tarjimasi