O‘LIKLAR BIR-BIRINING USTIDA
Yashamak tuyg‘usidan ustun,
Yo‘q bo‘lish istagi biz bilan,
Seskanmaymiz endi,
O‘liklar-la quchoqlashib yotishdan.
O‘liklar bir-birining ustida
O‘liklar bir ombor to‘la.
O‘liklarning semizi topilmas,
O‘liklar quruq, qotgan.
Yomg‘ir yog‘ib chiritadi,
Oftob o‘tib quritadi.
Bu yerda o‘lish osonmas,
Jon o‘lishni unutadi.
Oy chiqar o‘liklarning ustiga,
Boqar och mozor qurti misol
Do‘st jon berayotgan do‘stiga.
EHROMNING TUBI
Biz ehromning tubidamiz,
Siz tepada, biz pastda.
Yashash sizniki bo‘lsin.
Malaklar-la bir joyda (qatda).
Zafar ham sog‘inganlarga yoqar
Jonni etarkan fido,
Yengilmas maslakning tugamas kuni,
Biz to‘yolmagan dunyoda.
TAMG‘A
Belimizda og‘alarping tamg‘asi.
Ismimiz mag‘aza*larning firmasi
Ularga dunyo ne’matlari,
bizga kon quduqlari,
botqoqlik bezgagi.
_________
* Magaza - magazin.
MENI OPPOQ XONIMNING YONIGA KO‘MING
Oppoq xonim menga boqdi,
Men ham boqdim,
Kel, dedi oppoq xonim,
Ketdim,
Oppoq xonim meni sevdi,
Men ham sevdim.
Buni oppoq og‘amiz ko‘rdi,
Oppoq xonimni o‘ldirdi,
Men ham oppoq og‘ani o‘ldirdim.
Endi meni osadilar,
Jonim Mog‘ona, ko‘zim Mog‘ona,
Meni oppoq xonimning yoniga ko‘mgil.
Rauf Parfi tarjimalari