OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Johid Sitqi Taranji (1910-1956)

http://ziyouz.com/rasmlar/poems/cs_taranci.jpg

Shoir Johid Sitqi Taranji 1910 yil 4 oktyabrda Turkiyaning Diyorbakir viloyatida tug‘ilgan. Boshlang‘ich ta’limni Diyorbakirda, o‘rta ma’lumotni Istanbuldagi Sain Joseph va Galatasaroy litseylarida olgan. Oliy ma’lumot olish uchun Parijga bordi. Biroq Ikkinchi Jahon urushi boshlanishi munosabati bilan qaytishga majbur bo‘lgan (1940). Ma’lum vaqtgacha Istanbulga ko‘chib o‘tgan otasining yonida tijorat bilan shug‘ullangan. Shundan so‘ng Anqaraga o‘tib, Onado‘li Ajansi (Xabar markazi), Tuproq mahsullari Idorasi va Mehnat Vazirligida tarjimon bo‘lib ishlagan. Og‘ir kasallikka uchrab, gapirish qobiliyatini yo‘qotgan (1954). Turkiyada davolanish natija bermagach, 1956 yil 6 sentyabrda Avstriyaning Viyana kasalxonasiga olib borildi. Biroq Viyanada chamasi bir oycha umr ko‘rgach, vafot etgan. Anqaraga ko‘milgan.
"O’ttiz besh yosh" she’ri 1946 yilgi She’r musobaqasida birinchi o‘rinni olgach, shoirning nomi yanada mashhur bo‘lgan. Shoir shuningdek, she’r tarjimalari bilan ham shug‘ullangan. Johid Sitqi Taranji ayni paytda yaxshi hikoyanavis ham edi. 33 she’ri 1972 yilda Nejdet Adabag‘ tomonidan italyan tiliga tarjima qilinib, Milanda nashr etilgan. Hikoyalari asosan "Jumhuriyat" gazetasida chiqqan va hikoyalarida Jevad Sodiq va Irfon Qudrat taxalluslarini qo‘llagan.
She’riy to‘plamlari: "Umrimda sukut" (1933), "O’ttiz besh yosh" (1946), "Yiqilgan go‘zal" (1952). She’rlaridan namunalar o‘limidan so‘ng "Sochmalar" (1971) va "Barcha she’rlari" (1983) nomi bilan kitob holida nashr etilgan.
Shuningdek, o‘limidan keyin "Ziyoga maktublar" nomli to‘plami ham e’lon qilingan. Bu kitobda Johid Sitqining Galatasaroy litseyida birga o‘qigan do‘sti Ziyo Usmon Saboga 1930-1946 yillarda yuborgan xatlari jamlangan.


KUN EKSILMASIN

Na tuqqan kunga hukmim o‘tar!
Na holimni anglagan bordur.
Oh, aqlimdan o‘limim o‘tar,
So‘ngra bir qush, bir bog‘ va bir nur...

Va ko‘ngil Tangrisiga derki:
-Parvom yo‘q sen bergan alamdan.
Har mehnatga shayman, yetarki,
Kun eksilmasin derazamdan!


QULOQ BER

Quloq berki havosida bog‘chamizning,
Ko‘k moviyligidan, shox yashilligidan,
Bir ko‘shiq aytilmoqda o‘z menligingdan,
Qanday eshitsang shu: sho‘x yoki hazin...

Quloq berki, ruhimizni dir-dir,
Barglardagi tomirchalarni ham tiratgan...
Bir qo‘shiq aytilmoqda o‘z menligimdan,
Eshitganim sari umrim ortadir...


QO’RQQAN NARSAM

Kun chekindi derazalardan,
Oynalar ham qolishdi yakka.
Ovoz kelmas bo‘ldi bog‘lardan,
Ko‘k gumbazi do‘ndi qora bo‘yoqqa.

Suvlar uzildilar bu chashmalardan,
Qaerdan to‘ladi, hovuz qaerdan?
Axir Nargis gullar ochilgan yerdan,
Biron qush uchirmay qo‘ydi ajdarho!

Na yordan kechilar va na sirlardan,
Qo‘rqib borayapman bu kechalardan.
Bel bog‘lab chiqsamu shu tepalardan,
Shu tong quyosh chiqmay qolsa-ya?...


MAMLAKAT ISTAYMAN!

Mamlakat istayman,
Ko‘k moviy, yashil barg, dalalari bo‘lsin;
Qushlarning, gullarning diyori bo‘lsin.

Mamlakat istayman,
Na boshida dard, na dilida hasrat bo‘lsin;
Aka-uka g‘avg‘osiga unda nihoyat bo‘lsin!

Mamlakat istayman,
Na boy, na faqir, senu mendan ayri bo‘lsin,
Qishning uzun tunlari, har uyning xayri bo‘lsin.

Mamlakat istayman, 
Yashamoq, sevmoq qadar dilingdan bo‘lsin;
Bir shikoyat bo‘lsa, faqat o‘limdan bo‘lsin...


O’TTIZ BESH YOSH SHE’RI

O’ttiz besh yosh! Yo‘lni yarim etar!
Ddnte kabi umr o‘rtasidamiz,
O’spirinlik chog‘imizdagi gavhar,
Yalinish, yolvorish bugun foydasiz,
Ko‘zingning yoshiga qaramay ketar.

Chakkalarimga qor yog‘dimi qor,
Menmanmi, Allohim, bu ajinli yuz?
Shu ko‘zlar ostida turgan halqalar?
Nega bunday dushman ko‘rinayapsiz?
Yillar bo‘yi do‘st bilganim oynalar?

Vaqt bilan qandayin almashar inson?
Qaysi suratimga boqsam men emas...
Qaerda u kunlar, o‘sha hayajon?...
Bu kulib turgan yosh odam men emas,
Yolg‘ondir, qayg‘usiz bo‘lganim yolg‘on!...

Xayollardan barpo ilk muhabbatim,
Xotirasi hatto begona kelar.
Hayotni barobar boshlagan do‘stim-
Do‘stlarim yo‘llarda ayrilib qolar.
Yolg‘izlik ustimga bosib kelar jim...

Ko‘k yuzining boshqa rangi bor ekan!
Kech bildim tog‘larning sart bo‘lishini.
Suv insonni bo‘g‘ar, olov yoqarkan!
Har tuqqan kunning bir dard bo‘lishini,
Inson ushbu yoshga kelib toparkan!

Behi sariq, anor qizil kuzakda!
Har yil oz-oz o‘zlashtirib topganim-
Nega tund uchadi qushlar uzoqda?...
Bu qanday janoza, bu qanday o‘lim?
Nechanchi bog‘ ko‘rdim, jim kesilmoqda!...

Netarsan, ey o‘lim, har kim boshida?
Bir bora uxlagan boshqa uyg‘onmas.
Kim bilar qaerda, necha yoshida?
Bir namozlik saltanating yo‘qolmas,
Taxt misoli u musallo toshida.


HAYRATDA QOLDIM

Hayratda qoldim, qanday odim otay deb shoshdim,
Kun siqadi, kecha siqadi.
Bulutlar, tumanlar ichida adashdim;
Ko‘k moviyligiga yetdi hasratim...

Seni o‘ylamasdan bo‘lmaydi, Tangrim;
Kutmaslik sendan madad!
Suvning tubiga qadar bordi oyoqlarim;
Suvning tubida ham hasrat!...

Qolmadi umidning so‘lg‘in va jonsiz
Nurida harorat.
Va keldi eshikka kishnab, sabrsiz,
O’lim nihoyat!...


O’LIMDAN SO’NG

O’ldik, o‘limdan bir narsa kutib,
Buyuk bir bo‘shliqqa yiqildi hayratim;
Qanday eslolmaysan musiqiy hasratni,
Ko‘k parchasi, cho‘p to‘pi, kush pati...
Yashashga o‘rgandik o‘limni unutib...

Endi-chi, dunyodan hech bir xabar yo‘q;
Yo‘qbizni izlagan, so‘ragan kimsalar.
Chunonam qorong‘u, zulmatki kechalar,
Farqsiz, bormi yo yo‘q derazalar;
Oqqan suvda xam aksimizdan asar yo‘q...


SHUNDAY SHO’NG’IDIMKI...

Shunday sho‘ng‘idimki bu oqshom usti,
Qo‘shni hovli kabi keldi ko‘k yuzi...

Men dunyodan bexabar bir bolaman,
Yitgan g‘ildiragim izlab boraman...

Choping bolalar, choping qo‘shni qizlar,
Hovuchimga sig‘mayotir yulduzlar...


PAYDOS 

Paydos, bundan so‘ng telbaliklarga,
Qattiq gapirmoqqa boshladi oynalar.
Yetishga yugurdim "Ishq baliqlar"ga,
Meni yengib qo‘ydi bu ichki qimor...

Nega pinhon tutay, g‘ofil, osiyman!
O’zim yo‘qotibman yoshligimni ham.
Minib borajagim eng go‘zal kemam...
Olganini qaytib bermas to‘lqinlar...

Mayxonalar va tonggi qahvalari,
Jumla do‘st, shoir, rassomu sarsari.
Ortiq junbushda bo‘lmasam tunlari,
O’ylamangki "U bizga xiyonatkor..."

Yosh ketmoqda... quvvat qolmadi bizda,
Kishi uy, oila qilsin yoshlikda.
Vaqti yetib bir kun o‘lganimizda,
Janozamiz yerda qolmasin do‘stlar...


ABBOS

Qani Abbos, vaqt tamom,
Oqshom deding, keldi oqshom.
Yoz o‘rtaga suframizni,
Tinsin endi qalb og‘rig‘i.
Shu daraxt tagida bo‘lsin,
Ariqcha jildirab tursin.
Oyga ayt chiqsin bu kecha,
Ko‘rinsin u istagimcha.
Ko‘rsat hukming masofaga,
Vaqtga, zamonga, havoga...
Tuproq changitib, chopib ket,
Shunday farmon qildi Johid.

Olib kelgin sevgilimni Beshiktoshdan!
Qo‘msayapman yoshligimni qayta boshdan!...


ONAJONIM

Bir kuni yoningga kelganimda,
Bir narsa sezasan holimdan-
Hech hayron bo‘lmaysan, onajon!...

Boshimni qo‘yaman tizzalaringga,
O’ksib-o‘ksib yig‘lay boshlayman,
Butun insonlarning o‘rniga...


G’ARIB KISHI


Bu oqshom ilk bora yig‘ladim,
Huvillagan xonam derazasida;
Qani bir oilam, qani avlodim?
Nima topdim ushbu hayotning
Mayxonasida-yu, korxonasida?
Yotog‘im har kecha shunchalar sovuq,
Saodat umrning qay nuqtasida?...


XAYOL QILGAN NARSAM
(Beshiktoshli uchun)

Ko‘k moviy, moviy kulimsirardi,
Yashil barglarning orasidan.
Uning oltin sasi bir narsa so‘rardi:
"Ne xabar deb ishq yarasidan?"

Bitdi dedim, bitdi qorong‘ulik,
Visol bilan bitdi u azoblar.
Bu huzurli, shaloliy oydinlik,
Yangi, nurli chog‘ni sen bilan boshlar.

Bahor mavsumi bu yashil movutlar,
Erkalik qilardi shamollar...
Kelinlik libosi oppoq bulutlar,
Yonida kezardi oppoqxayollar...

Nihoyat baxtiyorlik boshimizni,
Bir yostiqqa qo‘yganimizda...
Ishqning hayotga bergan totini,
O’sha damlar tuyganimizda...

...Bir umr yashadik bexabar, keyin,
Kunning behudali dag‘dag‘asidan...
Ko‘k hanuz moviy, moviy kulimsirar,
Yashil barglarningorasidan!...


MUJDA

Qushlar xabar berdi, menga qushlar,
Kelajakda nimadir bo‘ladi.
Biz istagan kabi chiqar quyosh ham,
Inson yuzi samimiy kuladi...

O’shandan so‘ng dengiz qirg‘og‘ida,
Bo‘ri ini, qo‘zi o‘tlog‘ida,
Dunyo jonli, jilvali chog‘ida,
Tush va o‘ng ham barobar bo‘ladi...

Abdulatif Abdullayev tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.