OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nozim Hikmat (1901-1963)

http://ziyouz.com/rasmlar/poems/nazimhikmet.jpg

Turkiyaning Selanik vohasida tug‘ilgan. Boshlang‘ich ta’limni Go‘ztepa Toshmaktabi, Galatasaroy litseyi va Nishontoshi Namuna maktablarida olgan. Bahriya maktabida besh yil o‘qigach, sog‘lig‘i yomonlashgani tufayli ketishga majbur bo‘lgan. Ma’lum muddat Batumda qolgandan so‘ng Rossiyaga o‘tib, Moskva Sharq Universitetida iqtisod va jamiyatshunoslik sohasida o‘qigan. Yurtiga qaytishida ancha payt Hara qamoqxonasida ushlab turilgan. So‘ng Istanbulga joylashib, turli gazeta va jurnallarda, kinostudiyalarda ishlagan. Ish faoliyati davomida ilk dramalari, she’riy kitoblarini nashr ettirgan. Turli gazetalarda O’rxon Salim taxallusi bilan bosh maqolalar yoza boshladi. Turli tazyiqlar so‘ngida Turkiyadan chiqib ketishga qaror qilgan. Varshava va Moskvada yashagan. Moskvada vafot etgan.
She’r kitoblari: "835 satr" (1929), "Jakond bilan Si-Ya-U (1929), "Borgan 3" (1930), "1+1+1" (V. Noil bilan birga, 1930), "Ovozini yo‘qotgan shahar" (1931), "Benrid o‘zini nega o‘ldirdi" (1932), "Tunda kelgan telegraf" (1932*), "Taranta Babuga maktublar" (1935), "Simavna qozisining o‘g‘li Shayx Badriddin dostoni" (1936), "Qutulish jangi dostoni" (1965), "Mamlakatimdan inson manzaralari" (1966, 1967), "Soat 22-22 she’rlar" (1965), "Ruboiylar" (1966), "To‘rt qamoqxonadan" (1966), "Yangi she’rlar" (1966), "So‘ngti she’rlari" (1970), "To‘la asarlari" (1980, sakkiz jild).
Ilk asarlarida lirik va epik janrni omuxta qilgan Nozim Hikmat, "Shayx Badriddin dostoni" bilan devon (klassik) she’riyati, xalq ohanglari va modern she’r unsurlari asosida o‘ziga xos yangi bir uslubni qo‘lladi. Nozim Hikmatni "davr bilan hamnafas shoir", she’riyatini esa ma’lum ma’noda "tarix kitobi" yoxud o‘zining hayot tarixi desak yanglishmaymiz.

OCHLIK ARMIYASI KELAYOTIR

Ochlik armiyasi kelayoxir:
Kelayotir nonga to‘ymoq uchun,
go‘shtga to‘ymoq uchun,
kitobga to‘ymoq uchun,
ozodlikka to‘ymoq uchun.

Kelayotir ko‘priklardan o‘tib, qildan ingichka,
qilichdan keskin.
Kelayotir temir darvozalarni parchalab,
qal’a devorlarini yiqitib.
Kelayotir oyoqlari donga belanib.

Ochlik armiyasi kelayotir:
odimlari momaqaldiroq,
qo‘shiqlari olovdan,
bayrog‘ida umid,
umidlarning umidi bayrog‘ida.

Ochlik armiyasi kelayotir:
shaharlarni yelkalarida ko‘tarib,
tor ko‘chalari, qorong‘i uylari bilan shaharlarni,
fabrika karnaylarini
tanaffusdan keyingi paytlarning tuganmas
charchoqlarini ko‘tarib.

Ochlik armiyasi kelayotir:
ayiq ini qishloqlarning orqasidan cho‘zilib — tortilib
va yetaklagancha yersizlikdan o‘lganlarni
bu kap-katta yerda.

Ochlik armiyasi kelayotir:
kelayotir nonsizlarni nonga to‘ydirmoq uchun,
ochlik armiyasi kelayotir.
Kelayotir oyoqlari qonga belanib.

BUYUK INSONLIK

Buyuk insonlik kemada paluba yo‘lchisi,
poezdda uchinchi mavqe,
shosseda piyoda
buyuk insonlik.

Buyuk insonlik sakkizida ishga ketar,
yigirmasida uylanar,
qirqida o‘lar
buyuk insonlik.

Non buyuk insonlikdan boshqa har kimga yetar
guruch ham shunday,
shakar ham shunday,
mato ham shunday,
kntob ham shunday,
buyuk insonlikdan boshqa har kimga yetar.

Buyuk insoplikning tuprog‘ida soya yo‘q
ko‘chasida chiroq
derazasida oyna...
Ammo umidi bor buyuk insonlikning
umidsiz yashay olmas.

* * *

Yoshim oltmish
o‘n to‘qqizimdan beri tush ko‘raman
yomg‘ir, loygarchilik, yoz, qish,
uyquda uyg‘oniq
ko‘ringan tushimning ketidan yuraman.
Nimalarni olib ketmadi mendan ayriliq,
kilometr-kilometr umid, tonna-tonna qadar,
taraganim sochlar, siqqanim qo‘llar.
Faqat tushim bilan ayrilmadik.
Ovruponi, Osiyoni, Afrikani tushim bilan
birga kezib dovon oshdim,
Faqat amerikanlar viza bermadilar,
dengizlardan, tog‘lardan, cho‘llardan ko‘p odamlarni
sevdim,
odamlarga shoshdim.
Mahbusxonalarda nuri edi hurriyatimning
nonimning qaymog‘i edi surgunda
har bir tugagan tunda edi, har bir boshlangan
kunda:
ulug‘ ozodlik tushi mamlakatimning.

* * *

Dengizning ustida ola bulut.
Yuzida kumush kema,
Ichida sariqbaliq,
Tubida moviy yo‘sin.
Sohilda bir yalang‘och odam
turib o‘ylar:
Bulut bo‘lsammikin,
kemami yoki?
Baliq bo‘lsammikin,
yo‘sinmi yoki?
Na unisi, na bunisi
Dengiz bo‘lmoq kerak, o‘g‘lim,
Buluti-la, kemasi-la, balig‘i-la, yo‘sini-la.

NEKBIN ODAM

Bolalikda chivinning ham qanotini yulmadi,
Chelak boylamadi mushuklarning dumiga,
Gugurt qutilariga qamamadi pashshalarni
Chumoli uyalarini buzmadi.

Katta bo‘ldi.
Butun bu ishlarni uning boshiga soldilar.
U o‘tlarkan, men yonida edim.
Bir she’r yo‘qki,— dedi menga,—
Quyosh haqida, dengiz haqida,
Atom qozonlari ila sun’iy oylar haqida
Buyukligi haqida insonlikning.

KETISHDAN AVVAL

Ketishdan avval ishlarim bor qiladigan.
Ketishdan avval
Jayronni qochirdim ovchining qo‘lidan.
Ammo hali hushsiz yotar, uyg‘onmagan.
Uzdim po‘rtaholpi butoqdan,
Lekin po‘stlog‘i archilmagan.
Bo‘ldim yulduzlar-la do‘st-oshna,
ammo sanoqlari sanalmagan.
Quduqdan tortdim suvni,
ammo ko‘zalarga quyilmagan.
Gullar tizilgan likoplarga,
ammo toshguldan o‘yilmagan.
Sevgi-armonlarga to‘yilmagan.
Ketishdan avval ishlarim bor qiladigan,
Ketishdan avval.

* * *

Sen mening sarxushligimsan,
Na uyg‘ondim,
na uyg‘ona olurman,
na uyg‘onishni xohlayman.
Boshim og‘ir,
tizlarim pachaqlangan,
Egni-boshim loy ichida.
Yonib o‘chayotgan shu’langga qarab,
yiqilib-turib borurman.

BU ISSIQLARDA

Bu issiqlarda seni o‘ylayman:
yalang‘ochligingni,
bo‘yningni, bilaklaringni,
mindarda oq bir qush kabi yotgan oyog‘ingni,
sening so‘ylaganlaringni.
Bu issiqlarda seni o‘ylayman.
Bilmayman, xotiramda ko‘p qolgan nadir.
Ko‘zimning oldiga kelgan:
bo‘yningmi, bilaklaringmi,
yalang‘och oyog‘ingmi,
Menga meni sevarkan deganlaringmi?
Bu qizg‘in issiqlarda seni o‘ylayman.
Bu qizg‘in issiqlarda mehmonxona bo‘lmasida seni o‘ylab,
yolg‘izligimni yechayapman.
Bir qadar o‘lim benzagan yolg‘izligimni.

* * *

Dunyoni topshiraylik bolalarga, hech bo‘lmasa bir kunga,
Ol alvon bir shar kabi beraylik o‘ynasinlar.
O‘ynasinlar qo‘shiqlar kuylab yulduzlar orasida.
Dunyoni bolalarga toshpiraylik.
Ulkan bir olma kabi, topshiraylik issiq bir non kabi,
Hech bo‘lmasa bir kun to‘ysinlar.
Dunyoni bolalarga topshiraylik.
Bir kun bo‘lsa ham o‘rgansin dunyo yo‘ldoshlikni.
Bolalar dunyoni olajak qo‘llarimizdan,
O‘limsiz daraxtlar ekajaklar.

JANOZA MAROSIMI

Bizning hovlidanmi ko‘tarilar tobutim?
Kanday tushirasizlar uchinchi qabatdan?
Liftga sig‘mas tobut,
Zinalar esa juda tor.
Balki hovlida tizgacha quyosh va kaptarlar bo‘lajak.
Bolalar shovquniga to‘la qor yog‘ar balki.
Balki huzun shivalagan yomg‘ir
va hovlida axlat qutilari turar odatdagiday.
Moshinga yerlik udumga ko‘ra yuzim ochiq qo‘yilsa agar,
bir narsa tomishi mumkpn peshonamga bir kaptardan
yaxshilikka.
Musiqa dastasi kelsa-da, kelmasa-da, bolalar
kelishar qoshimga.
bolalar qiziqar o‘likka.
Qarar ortimdan oshxonamiz derazasi.
Ayvonimiz kuzatar meni dorga osilgan kirlari bilan
Men bu hovlida baxtiyor yashadim bilmaganingiz qadar,
Hovlidoshlarim, uzun umrlar tilarman hammangizga.

BAHOR YOMG‘IRLARI

Berlinda yomg‘irning ichida shafaq,
Yomg‘irning ichidan qushlar o‘tishar,
Yomg‘irning ichidan mujdalar kelar,
Yomg‘irning ichidan qatorlar kechar,
Yomg‘irning ichidan o‘choqlar uchar,
Yomg‘irning ichidan bir zum chiqaman,
Seni Moskovda ko‘rajakman
Yog‘ar dunyoga bahor yomg‘irlari.
Yog‘ar dunyoga bahor yomg‘irlari,
Yomg‘irning ichidan bir zum chiqaman,
Seni Moskvada ko‘ryapman,
Sochlaring yomg‘irli, yomg‘irpo‘shing ho‘l.
Yomg‘irning ichidan quyosh bo‘ylaydi,
Ko‘chalar, uylar, daraxtlar moviy,
Ayriliq ortdadir, ko‘p yiroqlarda.
Yuvdi ayriliqni bahor yomg‘iri.
Mendan xushbaxt odam bormi dunyoda.
Mendan xushbaxt odam bormi dunyoda,
Ayriliq ortdadir, ko‘p yiroqlarda
Yuvdi ayriliqni savr yomg‘iri.
Ko‘chalar, uylar, daraxtlar moviy,
Asfaltda yomg‘irdan qolgan ko‘zgular,
Qizil ko‘zgularda Moskov shahari.
Moskov uyim, Moskov xonam.
Moskov 19 yoshim va 60 yoshim,
Moskov muallimim, yo‘ldoshim,
Moskov seni hadya etgan menga.
Bahor yomg‘irlari yana yog‘ajak,
Yomg‘irning ichidan qushlar o‘tajak.
Nihollar, bolalar, yaxshilik, umid
Bahor yomg‘irida ko‘karib o‘sar.

* * *

Qor kesdi yo‘lni.
Sen yo‘q eding.
Tiz cho‘kdim qarshingda,
Sayr etdim yuzingni
Ko‘zlarim yumib.
Kemalar kechmaydi, uchoqlar uchmaydi,
Sen yo‘q eding.
Qarshingda devorga suyangandim,
Gapirdim, gapirdim, gapirdim
Og‘zimni ochmasdan.
Sen yo‘q eding.
Qo‘llarim-la to‘qindim senga,
Qo‘llarim yuzimda edi.

KECHKI BOKU

Kecha payti, tim qorong‘ida
Yulduzsiz, og‘ir dengizga qadar
Quyoshli bug‘doyzordir
Boku shahari.
Yuksakdaman
Hovuch-hovuch sachrar yuzimga nur donalari,
Havoda «Rost» maqomi
Bosforning suvlari kabi oqar.
Yuksakdaman
Yiroqlashar cheksiz-chegarasiz ayriliqda
Bir sol singari yuragim,
Borar xotiralarning ortiga,
Yulduzsiz, og‘ir dengizga qadar
Tim korong‘ida.

SEVGILIMNING UYQUDAN UYG‘ONISHI

Kursilar oyoq ustida yotar
Masalar ham xuddi shunday.
Chalqancha yotar gilam —
Yumib naqshlarini.
Ko‘zgu yotar,
Derazalarning ko‘zi qattiq yopilgan.
Yotar cho‘zib bo‘shliqqa oyoqlarini ayvon.
Qarshi tomda mo‘rilar yotar,
Ko‘chadagi akaslar ham.
Bulut yotar ko‘ksida yulduzi-la.
Uyning ichida, eshikda, uyquda oydinlik.
Uyg‘onadi gulim.
Kursilar uyg‘onib,
Bu burchakdan u burchakka chopdilar,
Masa ham o‘shanday.
Turib o‘tirdi gilam.
Naqshlari ochildi alvon-alvon.
Ko‘zgu sahar payti ko‘l kabi uyg‘ondi.
Ochdi yirik moviy ko‘zlarini derazalar,
Uyg‘ondi ayvon,
Yig‘ib oldi oyoqlarin bo‘shliqdan.
Tutunlari qarshi tomda mo‘rilar.
Ko‘chadagi akaslar shivirlashdi.
Bulut uyg‘ondi:
Otdi ko‘ksidagi yulduzni xonamizga,
Uyning ichida, eshikda,
Uyg‘ondi oydinlik
To‘ldi saslaringga sening
O‘raldi yalang‘och belingga, oq oyoqlaringga sening.

* * *

Insonlarning qo‘shiqlari o‘zlaridan go‘zaldir,
O‘zlaridan umidli,
O‘zlaridan kadarli
Yana-da uzun umrli o‘zlaridan.
Sevdim insonlardan ko‘ra qo‘shiqlarini.
Insonsiz yashayoldim,
Qo‘shiqsiz hech qachon.
Yorimni aldadim balki,
Qo‘shig‘ini hech qachon.
Hech qachon aldamadi meni qo‘shiqlar ham.
Qo‘shiqlarni angladim qaysi tilda aytilsa-da.
Bu dunyoda yeb-ichganlarimning,
Aylanib yurganlarimning,
Tuyganlarimning,
Bilganlarimning
Hech biri, hech biri
Meni baxtiyor etmadi qo‘shiqlar qadar...

* * *

Yetmakda navbatim,
Hozir men otaman bo‘shliqqa o‘zimni,
Na chirigan etimdan xabarim bo‘lar,
Na ko‘zlarim chuqurida aylanayotgan ko‘k pashshalardan.
Qattiq o‘ylayapman o‘limimni,
Navbatim yaqindir demak.

* * *

Chinor bo‘lsam, dam olsam ko‘lkasida.
Kitob bo‘lsam, o‘qisam uyqusiz qechalarimda yuragim siqilmasdan.
Qalam bo‘lishni istamayman o‘z ko‘limda ham.
Eshik bo‘lsam, yaxshilarga ochilsam, yomonlarga yopilsam.
Deraza bo‘lsam pardasiz, ikki qanoti ochiq bir deraza
Va shahar to‘lsa xonamga,
So‘z bo‘lsam, chaqirsam adolatga, ezgulikka, go‘zallikka.
So‘z bo‘lsam, sevgimni so‘ylasam ohista.

KEKSALIKKA KO‘NIKYAPMAN

Keksalikka ko‘nikyapman, dunyoning eng qiyin hunariga,
Eshiklarni qoqishga so‘nggi marta,
Nihoyasiz ayriliqqa.
Soatlar oqmoqdasiz, oqmoqdasiz, oqmoqdasiz...
Anglamoqqa urinyapman
Ishonishni yo‘qotish evaziga.
Bir so‘z aytmoqchi edim senga, aytolmadim.
Dunyomda subhi-sahardan och qoringa chekkan tamaki ta’mi.
O‘lim o‘zidan avval menga yolg‘izlikni yo‘lladi.
Qizg‘onyapman
Boshlaridan oshib ishlari
keksayganlarin sezmaganlarni.

RADIOAKTIV YOMG‘IRLAR

Yoping derazalarni qattiq,
Bolalarni ko‘chalarga chiqarmang.
Yomg‘irlar o‘lim tashir urug‘larga,
Zanglagan yomg‘irlar yog‘ar.
Yomg‘irlar tozalashi kerak.
Yana kumushdek yarqiratishi kerak yomg‘irlarni,
Yomg‘irlar yana faqat quyoshni tashisin urug‘larga,
Bolalar yana chopa bilsin yomg‘irlar ichida,
Derazalarni yomg‘irlarga ocha bilayin yana.

Turkchadan Rauf Parfi tarjimalari

BIR DAQIQA

Dengiz turg‘un ko‘l kabi, bora-bora kengayar,
Suvlar qoyaliklarda nurdan kashtalar tikar,
Tamom yulduzli samo cheksizlikni qoplagan…
Hozir ko‘ksimda yurak urar jadallik bilan.

Samodan bir yulduzning soyasi tushmish suvga,
Sho‘ng‘imish suv qo‘ynida bir kechalik uyquga.
Bazan uzunlashar-u, bazida u tirishar,
Turg‘un suvning tubida bir shag‘am kabi yonar.

Yaqin bo‘layin deya bu ko‘kdan tushgan izga,
Tushda egilmishmanki qoyalardan dengizga,
Oldimdan tushgan sochlar horg‘in suvlarga tegdi.
Boqdim, bepoyon ufqlar boshim ustida edi.

Bilolmam qanday bo‘ldi, keldi hayollar bir on
engilmas lazzat tuyib dengizga otilmoqdan.
Qutulmoq qanday oson foniyligimdan dedim,
Chog‘landim, otilarkan bir daqiqa titradim.

Bir daqiqa so‘ngsizlik to‘ldi, toshdi ko‘nglimdan,
Bir daqiqa boqiylik qutqarmishdi o‘limdan.

KUNLAR

O‘tib ketmish kunlar keling
raqi iching sarxush bo‘ling
hushtak-la bir kuylar chaling
bevaqt o‘lurman kadardan

Oldindagi yorug‘ kunlar
men ila yuzlashmas onlar
hech yo‘q salom yo‘llasinlar
bevaqt o‘lurman kadardan

Ko‘z ochganim bugungi kun
adoqsiz qola bilarsan
kechaga tashrifdan yohud
ko‘p buyuk bo‘la bilarsan.

RAFIQAMGA MAKTUB

Yolg‘izim mening!
So‘nggi maktubingda:
«Boshim sirqirar, yuragim sarosar!» dersan.
«Seni ossalar, yo‘qotsam seni», dersan,
«yashayolmam!»
Yasharsan, azizam,
qora bir dud kabi yoyilar yodim shamollarda;
yasharsan, qalbimning qizil sochli suluvi,
yigirmanchi asrda uzog‘i bir yil kechar
o‘limning achchiq uluvi.

O‘lim
dorda tebrangan bir murda.
Bu o‘limga bir turli rozi bo‘lmaydir ko‘nglim.
Biroq ishonki sen, sevikli,
bir faqir lo‘lining
yungli, qora bir o‘rgimchak yanglig‘ qo‘llari
solsa agar tomog‘imga arqonni,
moviy ko‘zlarida ko‘rmoq uchun qo‘rquvni
behuda ko‘z tikarlar Nozimga!
So‘nggi tongimning nim qorong‘uligida
men do‘stlarimni va seni ko‘rurman
va yolg‘iz
tugallanmay qolmish bir qo‘shiq hajrini
qabrimga olib keturman…

Rafiqam mening!
Yuragi toza, oltin rangli,
ko‘zlari boldan totli bolarim mening,
ne sababki yozdim senga qatlimni istashlarin,
sud ilk odimlarin og‘ir tashladi
va bir sholg‘om kabi uzmaslar
boshini odamning.
Tamom, bularni unut.
Bular uzoq bir ehtimol.
Puling bor bo‘lsa agar menga bir ich kiyim ol,
tutdi oyog‘imning siatik og‘rig‘i.
Yana unutmaki,
har dam yaxshilikni o‘ylashi zarur
har mahbus rafiqasi

31-MAY 1962

Charchading og‘irligim ko‘tarmoqdan
qo‘llarimdan charchading
ko‘zlarim ko‘lankamdan
lovullardi so‘zlarim
so‘zlarim quyilardi
bir kun kelajak daf’atan kelur bir kun
oyoq izlarimning og‘irligin tuyarsan ichingda
uzoqlashgan oyoq izlarimning va
baridan azoblirog‘i shu og‘irlik bo‘lajak.

YONG‘OQ DARAXTI

Boshim ko‘pik- ko‘pik bulut, ichim- tashim dengiz,
men bir yong‘oq daraxtiman Gulxona bog‘inda,
tugun- tugun, taram- taram mo‘ysafid o‘q ildiz.
Na sen buning farqindasan, na mirshab farqinda.
Men bir yong‘oq daraxtiman Gulxona bog‘inda.
Yaproqlarim suvda baliq kabi pitir- pitir.
Yaproqlarim ipak ro‘molchadek shitir- shitir,
yulavergin, ko‘zlaringning, gulim, yoshini sur.
Yaproqlarim qo‘llarimdir naq yuz ming qo‘lim bor.
Yuz ming qo‘l ila qucharman seni, Istanbulni.
Yaproqlarim ko‘zlarimdir, zavq ila boqarman.
Yuz ming ko‘z ila termulib senga, Istanbulga
Yuz ming yurak kabi sapchir- sapchir yaproqlarim.
Men bir yong‘oq daraxtiman Gulxona bog‘inda,
na sen buning farqindasan, na mirshab farqinda.

MASALLAR MASALI

Suv boshida turarmiz
chinor va men.
Suvda aksimiz namoyon,
chinor va mening.
Suv jilvasi yog‘ilar bizga,
chinor va menga.
Suv boshida turarmiz
chinor va men, yana bir mushuk.
Suvda aksimiz namoyon,
chinor va mening, bir mushukning ham.
Suv jilvasi yog‘ilar bizga,
chinor va menga, yana mushukka.
Suv boshida turarmiz
chinor, men, mushuk, yana quyosh ham.
Suvda aksimiz namoyon,
chinor, men, mushuk, yana quyoshning.

Suv jilvasi yog‘ilar bizga,
chinor, men, mushuk, yana quyoshga.
Suv boshida turarmiz
chinor, men, mushuk, quyosh, umrimiz.
Suvda aksimiz namoyon,
chinor, men, mushuk, quyosh, umrimizning ham.
Suv jilvasi yog‘ilar bizga,
chinor, men, mushuk, quyosh, ham umrimizga.
Suv boshida turarmiz.
Avval mushuk ketar,
o‘char suvdagi aksi.
So‘ngra men ketarman,
o‘char suvdagi aksim.
So‘ngra chinor ketar,
o‘char suvdagi aksi.
So‘ngra suv ketar
quyosh qolar;
so‘ngra u ham ketar…
Suv boshida turarmiz.
Suv sovuq,
Chinor ulug‘,
Men she’r yozarman.
Mushuk mudraydi,
Quyosh qaynaydi.
Yashayapmiz, ming shukur.
Suv jilvasi yog‘ilar bizga,
Chinor, men, mushuk, quyosh, ham umrimizga…

Rafiq Saydullo tarjimalari

PIROYAGA ATALGAN SHE’RLAR...
 
22.09.1945.
 
Kitob o‘qiyman:
 ichida borsan,
qo‘shiq tinglayman:
 ichida borsan,
o‘tirib non ushatsam,
 ro‘paramdasan,
ishlab o‘tirganda,
 yonginamdasan.
Sen har joyda "hoziru nozir"imsan,
 gaplasholmaymiz
 dardlasholmaymiz...
Sen mening sakkiz yillik bevamsan...
 
***
 
25.09.1945.
 
Eng go‘zal dengiz:
 ko‘rib ulgurmaganing.
 Eng go‘zal farzand:
 o‘sib ulgurmagani.
 Eng go‘zal kunlarimiz:
 yashab ulgurmaganimiz.
 Va senga aytolmagan eng go‘zal so‘zim:
 aytib ulgurmaganim.
 
***
 
6.10.1945.
 
Bulutlar karvoni suzilar:
 xabarlarni ortib ustiga.
G‘ijimlayman hali kelmagan
 maktublarni qo‘limda.
Yurak kipriklar uchida
 yo‘l qarab holsiz...
Hayqirmoq istaydi:
 "Piroya, Piroya!.." deya.
 
***
 
27.10.1945.
 
Bir olmaning yarmi biz
 yarmi bu ko‘hna dunyo.
Bir olmaning yarmi biz
 yarmi erur xaloyiq.
Bir olmaning yarmi sen
 yarmi men
 ikkovimiz...
 
***
 
8.11.1945.
 
Olisdagi shahrim tomlari ustidan
va Marmara dengizi ostidan o‘tib
Kuzgi bog‘lar, tuproqlar aro
 ulug‘vor va namli
 tuyildi sasing.
Uch daqiqagina davom etdi bu.
Keyin, telefon zulmatga cho‘mdi.

Turk tilidan Ma’rufjon Yo‘ldoshev tarjimasi

KARAM KABI

Havo qo‘rg‘oshinday og‘ir!...
Baqir
baqir
baqir
baqiryapman...
Choping qo‘rg‘oshinni bir-bir,
Eritmoqqa
Chaqiryapman...
U aytadi menga: ey sen,
O’z ovozingdan yonasan,
Kul bo‘lasan
Karam kabi,
Yonib
yonib
yonib
yonib...

"Daaard ko‘p,
hamdard yo‘q"
Yuraklarning qulog‘i kar,
Havo qo‘rg‘oshinday botar...
Men aytaman unga, xo‘p men,
Kul bo‘layin Karam kabi,
Yonib
yonib
yonib
yonib...

Men yonmasam,
Sen yenmasang,
Biz yonmasak...
Kanday ichar qaro tunlar,
Oydinlikdan qonib, qonib?!...
Havo tuproqday qorindor,
Havo qo‘rg‘oshinday og‘ir...

Vaqir
baqir
baqir
baqiryapman,
Choping,
qo‘rg‘oshinni mumday
Eritmoqqa
Chaqiryapman...

("Ovozini yo‘qotgan shahar" kitobidan, 1930, may.)

QIZGINAM

Eshiklarni qoqqan menman,
Eshiklar orti tiriklar...
Ko‘zingizga ko‘rinmasman,
Ko‘zga ko‘rinmas o‘liklar...

Xirosimaning ulimi,
O’n yilga yo yuz yil borar.
Yetti yoshdagi bir qizim,
Kattarmas o‘lgan bolalar...

Sochlarimning oqlari mo‘l,
Ko‘zimdan yoshlar tomchilar...
Bir hovuch cho‘g‘ bo‘lib so‘ndim,
Kulim havoga sochilar...

Mening axir o‘zim uchun,
Hech bir o‘tinch, istagim yo‘q.
Shakar yemay qoldi qizim,
Ko‘zin ochmas, qistagim yo‘q...

Urayapman eshigingiz,
Buvi, bobo, so‘rang izn.
Bolalar o‘ldirilmasin,
Shakarini yesin qizim!...

("Yangi she’rlar" kitobidan, 1956 yil.)

FAVQULODDA
(Hibsxonada yozilgan)

Favqulodda mamnunman, dunyoga kelganimga,
Tuprog‘ini, nurlarini, g‘avg‘osini va nonini sevaman.
To‘rt burchining o‘lchovini, qarich-qarich bilaman-u,
Bu dunyoning buyukligi, sirlaridan lol bo‘laman.

Unda kezib, ko‘rmaganim - baliqlarni, oziqlarni,
Yulduzlarni ko‘rmoq istardim...
Holbuki men...
Rasmlarda, yozuvlarda,
Ovro‘poga borar yo‘lni, o‘z-o‘zimcha chizardim...

Osiyoda markalangan, bir dona maktub olmadim...
Men va bizning baqqol - ikkimiz majhulmiz Amerikada.
Lekin Xitoydan Ispaniyagacha, Umidburnidan Alyaskagacha,
Netay do‘stlar, har qadamda ming do‘stu ming dushmanim bor.

Do‘stlarim-la ko‘rishmadik, garchi ayni nonu hurriyat deb,
Hurriyatning hasratidan dog‘ o‘lurmiz.
Va dushmanlar qonimizga juda tashna bo‘lib qoldi,
Biz ham ular kabi oxir, qoniga tashna bo‘lurmiz.

Mening kuchim bu dunyoda, yolg‘iz qolmaganligimdir,
Miyamda charx urar dunyo, inson yuragimda yashar.
Men qutqarib miyamni ishora va savollardan,
Buyuk g‘avg‘o ila ochiq va andishasiz safga kirdim.

G’avg‘olardan andishasiz, balki tili rostligimdir,
"Bu saflarni yorib o‘t" - deb, ichimda bo‘ronlar toshar.
Va tashqaridasan bu safdan, sen va tuproq
Menga kifoya bo‘lolmaysizlar...

Holbuki sen favqulodda go‘zalsan,
Tuproq ham issiq va go‘zaldir...

("To‘la asarlari", 4-tom)

TO’RTLIK

Yer yuziga urug‘day sochganman o‘liklarimni,
Biri Odessada yotar, biri Istanbulda, Pragada kimi.
Yer yuzidir Nozimning eng sevimli mamlakati,
O’lganda yerga o‘rab, yer-la yoping uning ustini.

RUBOIYLAR

O’pdi meni: "Bular koinot kabi haqiqiy dudoqlardir" dedi,
"Bu atir sening ijoding emas, sochlarimdan uchgan bahordir" dedi.
"Ista, samolarni sayr et, ista ko‘zlarimga boq,
Ko‘rlar ularni ko‘rmasa ham, yulduzlar bordir" dedi.

***

"Sharob-la to‘ldir qadahni, tuproqdan to‘lmay turib"- dedi Hayyom.
Bokdi unga hayron, chaman qoshidan o‘tgan yirtiq kiyimlik odam.
Dedi: "Men ne’matlari yulduzlardan ko‘p bu dunyoda ochman,
Sharobga emas hatto, non olishga ham yetmaski tangam" ...

***

O’limni qisqa, umringni shirin qismat deb o‘ylab,
Sharob ich, lola gulshanida ishqdan kuylab.
"Bu shirin qismat nasib etmishki bizga-
o‘tirmay qora uyda, kezaylik shaharlar, dunyo bo‘ylab..."

***

Umr kelib-ketar, vaqtni g‘animat bil, g‘ofil bo‘lmasdan,
Yoqut sharobni billur qadahga to‘ldir soqiy, quyosh kulmasdan.
Sharmu-hayosiz g‘aflat uyqusida yotma mudom sen,
Ishq sharobidan ichgil hamon, kofir bo‘lmasdan...

("To‘la asarlari", 5-tom)

BIR SHE’R KITOBINING MUQOVASIGA
QARAB YOZILGAN SHE’R


Cho‘l keladi, qumda ketgan izi bilan,
Qutb kelar, tilsiz, oppoq bo‘zi bilan,
Dengiz kelar, dengiz kelar tuzi bilan,
Vodiy kelar ingichka bel tozi bilan.

Tiniq ko‘llar bellashar ko‘k yuzi bilan,
Diyorbakir tunda chiqar qizi bilan,
Dajla suvi oqib kelar muzi bilan,
Chinor qushi, baliqlar dengizi bilan.

Kumush yulduz kemalar yulduzi bilan,
Bulbul kelar, oldinda gul nozi bilan,
Ilon kelar qip-qirmizi ko‘zi bilan,
Inson kelar: "Ey marhabo" so‘zi bilan.

Nozim derki: "Chunki Ayyub o‘g‘li Badri,
Kelayotir qalamiyu sozi bilan..."

(1947, "To‘la asarlari", 7-tom)

TUNA USTIDA YOZILGAN SHE’R

Ko‘kda bulut yo‘q, yomg‘irlar savdoli,
Tunaga qaradim - loyqali-loyqali.
Hey Hikmatning o‘g‘li, Hikmatning o‘g‘li,
Sen Tunaning suvi bo‘lsayding,
Qora o‘rmonlardan kelsayding,
Qora dengizga to‘kilsayding,
MoviYlasharding,
Moviylasharding,
MoviYlashar eding.
O’tar eding Bo‘g‘ozichidan,
Tepangda Istanbul havosi.
Urilarding Qoziqishloq gyurtiga,
Urilarding,
Urilarding,
Urilar eding.
Qayig‘iga minarkan (o‘g‘ling) Mamat bilan Onasi...

(1958, "Yangi she’rlar" kitobi)

YILBOSHI

Yog‘di, butun kecha yog‘di qor,
Yulduzlar ham nur sochdi porloq...
Bir ko‘cha, bir shahar, bir uy bor-
Taxtalik uy, uzoqdan uzoq...

Mindar da yastanar bir bola,
Kimning o‘g‘li sariq, semiriq.
Mehmoni yo‘q uy qilar nola-
Istanbul yo‘l qarar, deraza ochiq...

...Achchiq-achchiqsayraydi qushlar,
Mahbuslik kabidir yolg‘izlik.
Kitobini yopar Munavvar,
Yig‘layverar yumshoq va siniq...

Bir ko‘cha, bir shahar, bir uy bor,
Taxtalik uy, uzoqdan uzoq.
Yog‘di, butun kecha yog‘di qor,
Yulduzlar ham nur sochdi porloq...

(1956 yil, 23 mart, Moskva. "To‘la asarlari", 7-tom)

"YO AYNI, YO HABIBI"

Port Saidlik Mansurim, o‘n uch, o‘n to‘rt yoshida,
Yalang oyoq, yalang bosh, o‘tirib bo‘yoq bo‘yar.
Oynali, qo‘ng‘iroqli sandig‘ining boshida,
Umidsiz, chang, loylanib tuflicha boqib turar.

Sollanar, qanotlanar, porlar qizil hadafa ,
Kichik botinkachalar, umidlanar bu safar.
Birini kiysa Mansur, biri bo‘ladi xafa,
Ammo bari sevinib, sandiq ustidan tushar...

Mansurim qora, quruq xurmo urug‘i kabi,
Mansurim shirin kuylar: "Yo ayni, yo Habibi".
Port-Saidni yoqdilar, o‘ldirdilar Mansurni,
Tonggi gazetalarda ko‘rib qoldim rasmini.

Yotar o‘liklar ichra, Xurmo urug‘i kabi,
Dudog‘i qimirlaydi: "Yo ayni, yo Habibi!!!"

(25.11. 1956,Praga)

DON KIXOT

O’limsiz yoshlikning ritsarligi,
Ellikkacha jimib, so‘ng keldi akliga.
Bir iyul tongida fath uchun chiqdi,
Yon bosib, go‘zalga, to‘g‘ri, haqliga.

Qarshisida mag‘rur dunyo turardi,
Don Kixotcha: "Ahmoq devlari" bilan.
Ostida Rosinant mahzun borardi.
Don Kixotcha: "Sirli yollari" bilan...,

Bilaman, jang qilib, bu ko‘r hasratning,
Uchar gilamini olganing.
Hayratin oshirib hayratning,
Dunyoga qutqular solganing.

Yo‘li yo‘q, mening Don Kixotim,
Yo‘li yo‘q dunyodan qochmoqning.
Zarracha o‘zgarish bo‘lishi gumon,
Shamol tegirmonin yanchmoqdin...

Sen haqsan, Dulsiniyang dunyoning,
Eng go‘zal ayoli, bilaman,
Uni himoyalab, sen hayqirasan,
Odamlar, Siz uni masxaralamang.

Sukutning yengilmas riiari,
Sen o‘chmas olovday yonasan.
Og‘ir temirlaring qizigan sari,
Sen Ritsarligingcha qolasan.

Dulsiniya yana-da go‘zallashadi…

1947

Abdulatif Abdullayev tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.