Turg‘ut Uyar 1927 yilning 4 avgustida Anqarada tug‘ildi. Uning ilk she’rlari 1947 yilda Yenigun adabiy jurnalida nashr qilingan edi. Ilk kitobi 1949 yilda "Arzi hol" nomi bilan nashr qilindi. Shoir hayotligida nashr qilingan kitoblari quyidagilardir: "Turkiyam" (1952), "Dunyoning eng go‘zal Arabistoni" (1959), "Nam tamakilar" (1962), "Har dushanba" (1968), "Devon" (1970), "To‘plandilar" (1974), "Qoyani yorgan anjir" (1982), "Katta soat" (1984).
Turg‘ut Uyar 1985 yilning 22 avgustida Istanbulda vafot etdi.
* * *
hammasidan ozroq qoladi
deyishadi odamlar
to‘g‘ri gap
idishda bir chimdim qahva
qutida nonning uvog‘i
insonda ozgina iztirob.
* * *
yolg‘iz qolganingda
eslab sog‘insang
demak, sevmabsan.
yodingga tushsa-yu bir onda
yolg‘izlanib qolsang
demak, sevibsan.
* * *
ha bahor eshik qoqar, bilaman
nastarinlar ochiladi, bilaman
giloslar ham qizaradi yaqinda
yaxshi niyat qilmoq kerak, bilaman
azizam, bularning barini bilaman
biroq meni kechir...
* * *
shamol tegirmoni nega aylanar?
men Don Kixot bo‘lsaydim, shuni o‘ylardim.
ammo men, men bo‘lib shamol tegirmoniga aylansam,
illoki, Don Kixotni sevardim.
* * *
to‘xtab qolgan soat – yuragim,
seni ko‘rsatadi millari, doim.
* * *
balki siri shudir: asl ustalik
har doim havaskor bo‘lib qolmoqlik.
Turk tilidan Ma’rufjon Yo‘ldoshev tarjimasi