BUXOROLIK QIZ
Menga nozli boqib buxorolik qiz,
Bilinar-bilinmas sirli jilmaydi.
Yorim bo‘l,
So‘zingdan chiqmasman hargiz! —
Deya yolborsam-da, ro‘yxush bermadi
Ko‘z ostidan boqqan buxorolik qiz.
Ikki o‘rim sochi belda o‘ynaydi,
Yonog‘i lovullar qizil olmadek.
— Nozli boqishlaring meni qiynaydi! -
Desam parvo qilmay, o‘tib ketdi tik —
Ikki o‘rim sochi belda o‘ynaydi.
Qomatiga shohi ko‘ylak yarashar,
Qo‘llariga xina qo‘ygan, zeb berib.
Tilla, kumush gul husni-la talashar,
Oshiq bo‘lar olam-jahon, bir ko‘rib,
Shohi ko‘ylak qomatiga yarashar.
O‘tar bo‘lsa choyxonaning yonidan,
Yigitlarning tushar dami ichiga.
Bu qiz qayga borarkan, deb fikr etsang,
Bir ajib his, havas berar kishiga.
O‘tar bo‘lsa choyxonaning yonidan.
Aytmoqni istadim: «Mehribon, aziz...»
Ko‘ksimda tuyg‘ular jo‘shdi yana ham.
Qalbga solsa-da iz
Buxorolik qiz, —
Deyishga haqqim yo‘q: Mening azizam...
Shukur Sodiq tarjimasi.