* * *
Ajab emas, bir kuni
yoring qilsa xiyonat,
Yo pand bersa miltig‘ing.
otilmasdan nogahon.
Xotiraga ishongin,
xotiraga sen faqat,
Xotirani sotgan ko‘p,
u — sotmagan, hech qachon!
Aldash mumkin oynani
qiyshiq garchi basharang,
Gunoh emas o‘limga
chap berib ketsang, hatto.
Faqat yurakka ishon
rayi-ro‘yiga qara,
Yurakni sen aldashing
mumkin, yurak-chi — aslo!
Kulsang, yig‘lasang bo‘lar
Niqob tortib yuzingga,
Kimligingni bilolmas
balki teng-to‘sh, ulfating.
O‘tolmaysan yashirib
o‘zligingni o‘zingdan,
Sen bilan ular doim —
baxting yoki kulfating.
Sim-sim sanchadi yurak,
xotira turar ezib...
Yanglishar undan qochib
qutulmoqchi bo‘lganlar.
Jamiki Magellanlar
jahonni kezib-kezib,
Begona joyda emas,
yurtlarida o‘lganlar!
Ruschadan Muhammad Rahmon tarjimasi.