Atoqli ukrain shoiri va jamoat arbobi Maksim Faddeevich Rilskiy Kiev shahrida tug‘ildi. Kiev Davlat universitetida o‘qidi.
Maksim Rilskiyning ijodi 1910 yilda «Oq otalarda» she’rlar to‘plamini nashr ettirish bilan boshlandi.
«Yoz» (1936), «Ukraina» (1938) she’rlar to‘plamlari va «Marina» (1933) dostoni nashr etilgan.
Ikkinchi jahon urushi yillarida yaratgan «Dunyo tongi» (1942), «Yorqin qurol» (1941) to‘plamlari uchun u Davlat mukofotiga sazovor bo‘ldi.
Maksim Rilskiy «Ko‘priklar» (1948), «Birodarlik» (1950), «Bizning kuch» (1952), «Uch yuz yil» (1954), «Xalq irodasi» (1954) singari she’riy to‘plamlarni e’lon qildi.
Maksim Rilskiy ukrain adabiyotini «Yevgeniy Onegin», «Yo‘lbars terisini yopingan pahlavon», «Pan Tadeush» (A. Mitskevich) asarlari bilan boyitgan zo‘r tarjimon ham.
ONANING BAYRAMI
Qancha ko‘z yosh to‘kding katta maydonda,
Qalin o‘rmonlarda to‘kding qancha qon,
Iztirob, g‘am chekding erksizlik onda,
Va o‘lib tirilding qayta, onajon!
Gala ko‘ppak kabi uvlab behayo
Fashistlar to‘dasi qilganda hujum,
Farzandlarni jangga uzatib ma’sum,
Oq yo‘l, zafar tilab o‘qiding duo.
Ulkan qalbing — yirtqich dushman ustiga
Qahr-o‘t yog‘dirib toblandi chunon.
Sen qurbonlar berib qurbon ustiga,
G’alabaga ishonch saqlading har on.
Sening ham bayraming keldi, o ona,
Sevgan gullar bilan uyingni bezat:
Otlar kishnamoqda, eshit, mardona —
Farzandlar qaytmoqda jangdan, shod behad!
1945
Maksim Rilskiy (1895-1964)
M.Ikrom tarjimasi