OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Fayz Ahmad Fayz (1911-1984)

Fayz Ahmad Fayz – pokiston shoir va jamoat arbobi. Urdu tilida ijod qilgan.

OZODLIK TONGI

Tunning jabru zulmidan qonga botgan subhidam,
Shuncha intizor bo‘lib shu tongni kutganmidik?
Ixlos qo‘yib, ardoqlab dilda uni dam-badam,
Biz o‘zga baxt g‘amida og‘ular yutgan edik.

O‘lik osmon sahrosi, yulduzlar mozorida
Sokin, qora to‘lqinlar chayqaladi sarsari.
Unda aldanib qolgan umidlarning zorida
Turar o‘tin yo‘qotgan nochor qalb qayiqlari.

Qutlug‘ zafarga tomon do‘stlar yo‘l olgan zamon
Qancha ko‘z dalda berib chorlagandi begumon,
Qancha qo‘l yolvorsa ham etaklaridan ushlab,
Tong ishqi, kurash burchi olg‘a ketgandi boshlab,
Subhidam ma’budasi dildagi armon edi,
Charchoq halal berolmas, umidlar chaqqon edi.

Tong olamni yoritdi, zulmat yo‘qoldi, derlar,
Nimaki orzu bo‘lsa, bari ushaldi, derlar.
Derlar: endi sevgida bizga hijron begona,
Qayg‘u, hasrat chekmoq ham emish go‘yo afsona.

Ammo yurak jo‘sh urar, hali orzular qat-qat,
Hali armonlar ko‘p-u, davosi yo‘qdir faqat.
Malham shamoli esib, bir lahzada yo‘qoldi,
Uni ko‘chada turgan chiroq ham sezmay qoldi.

Tubanlik qop-qorong‘i misoli tungi dengiz,
Yurak bilan aqlning ozodlik yo‘li olis.
Maqsaddan qaytmang, do‘stlar,
Zulmat mangu emasdir.

Ma’ruf Jalil tarjimasi

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.