OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Du Fu (712-770)

Tan sulolasi davridagi Xitoy mumtoz shoiri. Ikkinchi ismi Szimey. 
Xitoy adabiyotida unga "shishen" unvoni berilgan.

 

* * *

Mana, mashhur arg'umoq,
Farg'ona unga vatan!

Qulog'i naq bambukning
Yaprog'idek tikkaygan.

Qara, qanday ko'rkam u,
Qanday uzun oyog'i!

Bo'ronlarni uyg'otar
Ko'tarilsa tuyog'i.

Senga yo'ldosh bo'lsa u,
Qo'rqmay yo'lga ketarsan.

Qancha uzoq bo'lmasin,
Manzilingga yetarsan.

Shunday oting bor bo'lsa,
Hamisha ko'ngling to'qdir:

Sen uchun bu dunyoda
Uzoq-yaqin yo'l yo'qdir!


TUNDA

Daryo oqar to'lqinli,
Borliq tuman qo'ynida.

Tun qo'ynida pirpirar
Xirarang shamchirog'im.

Maymunlar qichqirishar
Daryoning zax bo'yida.

Shom aro uchib o'tar
Daryoning qushlari jim.

Istayman: sovuq qilich
Mening sirdoshim bo'lsin.

O'y surib o'tiribman
Choponimga o'ranib.

Poytaxtni chulg'ab olgan
Chang-tutun misli to'sin.

Umrimning shomi yetdi -
Tugadi shamdek yonib...


OQ TULPOR

Garbi-sharq tomonlardan
Yelib keldi oq tulpor.

Egarida besanoq
Novaklarning izi bor.

Egasi halok bo'lgan
Jang-jadalda beomon -

Endi u sira qaytmas,
Qadrdon uyi tomon.

Balki,o'sha maydonda
Yotar unga yonma-yon

Bahodir sarkardamiz -
Usti-boshi qora qon?

Ajal kezib yuribdi
Har bir yo'lda,so'qmoqda -

Hali qancha ko'zyoshi
To'kiladi so'qmoqda...


OYDIN TUN

Fuchjouda bu qora tun
Ko'kdan oy nuri oqar.

Huv,yiroqda yolg'iz,dilxun
Xotinim oyga boqar.

Bolalarim sog'inganman,
G'am bo'gizimni paypaslar.

Ular hali Chan'an haqda
O'y surmoqni bilmaslar.

Xotinimning qora sochi
Yengildir bulutlardek,

Oy nurida tovlanadi
Qo'llari oq marmardek,

Qachon oyga boqarmiz jim,
Bizlar birga tunlari

Va oy nuri quritadi
Ko'zdan oqqan munglarni?

Xurshid Davron tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.